Haqsizlikning achchiq qismati


 Fuqarolar urushida erishgan g‘alabalaridan mag‘rurlanib, jahon inqilobi vasvasasiga tushgan sovet Rusiyasi qonli tig‘ini Sharqqa qaratdi. Dastlab, xalqaro me’yorlarga zid ravishda, 1920 yil fevralida Xiva xonligi tugatildi va sovetlashtirildi. Sharqqa eltadigan muhim strategik makondagi Buxoroning mustaqil yashashi ham sovet Rusiyasiga yoqmadi.

Natijada, Turkiston fronti qo‘shinlarining qo‘mondoni Mixail Frunze Buxoroga qarshi harbiy harakatlarni tezlashtirishni so‘rab, 1920 yil 31 iyulda Leninga quyidagi mazmunda telegramma jo‘natdi:

“…Buxoro amiri bizga qarshi zo‘r berib urushga tayyorlanmoqda. U Afg‘oniston bilan harbiy ittifoq tuzdi. Amirlik shu tariqa yashab tursa, bizning Sharqdagi siyosatimiz qo‘l-oyoqsiz qoladi. Turkiston fronti Harbiy-revolyutsion kengashi, Turkkomissiya va o‘lkadagi boshqa hukumat tashkilotlari amirlik masalasini yaqin kunlarda hal qilishga kelishib oldi. Bu sohada quyidagi tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi:

– 1200 kishilik Buxoro qizil armiyasini tashkil etish ishlari oxiriga yetkazildi;

– hukumat tarkibi tuzib chiqildi. Barcha organlar va idoralarga loyiq kishilar tanlandi.

Amirlikni tugatishda qizil qo‘shinlar asosiy vazifalarni bajarishga tayyor. Buxoroning xalqaro vaziyati ham yaxshi emas. Jamol posho bilan suhbatdan shu narsa aniqlandiki, Turkiya tomoni amirlikni tugatishga qarshi emas. Omonullaxon esa Afg‘onistondagi ichki kurash bilan band bo‘lgani uchun Buxoroga hech qanday yordam bera olmaydi. Eron masalasiga kelsak, u yerdagi ishlarni bizning diplomatlarimiz hal qiladi. Shularni hisobga olib, qulay fursatdan foydalanish uchun, markaz ruxsat bersa, 20 avgustlarda hal qiluvchi harakatlarni boshlaymiz” (P.A.Shevotsukov. “Stranitsy istorii Grajdanskoy voyny”. M., 1992, str. 180-181). Turkfront qo‘mondoni M.Frunze, a’zolari V.Kuybishev, Yu.Ibragimov”.

Shuni kutib turgandek, RSFSR Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni S.Kamenev va Bosh shtab boshlig‘i tomonidan “ruxsat berilsin” degan javob keladi. Bundan ruhlangan Mixail Frunze 1920 yil 12 avgustda amirlikka barham berish maqsadida to‘rt guruhdan iborat harbiy korpus tuzishga buyruq beradi. Bu Chorjo‘y, Kogon, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand guruhlari bo‘lib, barchasi yagona Samarqand-Buxoro frontiga bo‘ysundiriladi. Mazkur frontning shaxsiy tarkibi quyidagicha edi: 7 ming piyoda, 2,5 ming otliq askar, 5 ta og‘ir to‘p, 35 ta yengil to‘p, 206 zambarak, 5 bronepoezd, 5 broneavtomobil va 11 aeroplan (Voenno-istoricheskiy jurnal, №10, 1940; str. 72).

Amir armiyasida 16 ming sarboz bo‘lib, safarbarlik e’lon qilinsa, 27 ming sarboz to‘plash mumkin edi. Bu qo‘shinda 55 ta eskirgan to‘p va 12 pulemyot bor edi (X.Sh.Inoyatov. Narodi Sredney Azii v borbe protiv interventov i vnutrenney kontrrevolyutsii. M., 1984, str. 345). Kuchlar nisbatiga qaraganda amir qo‘shini son jihatdan ko‘proq bo‘lsa-da, texnik va harbiy mahorat bobida Qizil armiya ustunligi ayon edi. Chunki Buxoro sarbozlariga mutlaqo notanish zirhlangan avtomashinalar, poezdlar va aeroplanlar feodal amir armiyasiga qarshi turar edi.

Shu tariqa mustaqil Buxoro amirligi taqdirini qurolli yo‘l bilan hal qilishga kirishildi. Bu orada – 16-18 avgustda Chorjo‘yda BKPning IV s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda 110 delegat ishtirok etdi va mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan s’ezd burjua partiyalari tarqatib yuborilgani hamda amirga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bolsheviklarning ustalik bilan o‘ylab topgan rejalari amalga osha bordi. Tarixda “yalpi qo‘zg‘olon” deb nom olgan harakat 23 avgust kuni boshlandi. Beshim Sardov boshchiligidagi yollangan turkman otliqlari yordamida eski Chorjo‘y ishg‘ol qilindi. 100 dan ortiq bek amaldorlari asir olindi. Beklik xazinasi qo‘lga kiritilib, bu boyliklar darhol Chorjo‘y revkomi va yangi hokimiyati qo‘liga o‘tdi. Bek esa qochib ketdi. Kelishilganidek, shu kuni Chorjo‘y revkomi “butun Buxoro xalqi” nomidan yordam so‘rab Turkiston frontiga murojaat qildi. Oldindan tayyorlangan reja bo‘yicha Turkiston fronti qo‘mondoni Frunzega shunday “oqlovchi” hujjat zarur edi.

Chorjo‘y revkomining murojaatini olgan qo‘mondon 1920 yil 25 avgustda 3667-raqamli mutlaqo maxfiy buyruqni e’lon qildi: “Buxoro xalqiga inqilobiy yordam berish maqsadida Samarqand-Buxoro fronti 28 avgust kechgacha harbiy harakatlarni boshlasin. Asosiy kuchlar Eski Buxoro atrofiga to‘plansin…

Buyuraman: Eski Buxoro egallansin. Dushman kuchlari shimoli-sharqqa uloqtirib tashlansin. So‘ng Chorjo‘y, Kogon, Kattaqo‘rg‘on guruhlari hamkorligida dushmanning Vobkent, G’ijduvon, Vang‘oze va Bahouddindagi kuchlari tor-mor etilsin. Turkfront qo‘mondoni M.V.Frunze”.

Buyruqqa asosan tuzilgan 4 guruhning har biriga alohida-alohida harbiy vazifa yuklatilgan edi.

1. Samarqand guruhi – 29-30 avgustda tarkibida Z-Turkiston o‘qchi polki, 1-Turkiston otliq diviziyasi, alohida Turkiston otliq brigadasi, injenerlar rotasi yordamida Shahrisabz-Kitob yo‘nalishida harakat qilib, Qashqadaryo vohasiga chiqishi, Qarshi va G’uzorni egallashi kerak.

2. Kattaqo‘rg‘on guruhi – shu kunlari ikkinchi internatsional kavaleriya polki bilan Xatirchi va Ziyovuddin shaharlarini ishg‘ol etishi lozim.

3. Chorjo‘y guruhi – tarkibida 4-o‘qchi polk, 8-o‘qchi polkning bir bataloni, artdiviziya, otliq diviziya va turkmanlar otryadi yordamida 29 avgust kuni ertalab soat 4.00 da Chorjo‘yni egallagandan so‘ng Buxoro-Termiz va Amudaryo chizig‘ini kuzatib, Afg‘oniston chegarasini nazorat qilishi zarur.

4. Asosiy vazifa Kogon guruhi zimmasiga tushdi. Uning tarkibida Yangi Buxoro (Kogon) va Qarshi garnizoni, 4-otliq polk, 1-sharqiy musulmon polki va 7-o‘qchi polk bo‘lib, guruhga Eski Buxoro qal’asini egallash vazifasi yuklangan edi.

Operatsiyaning o‘ta maxfiyligini ta’minlash maqsadida 27 avgustda Mixail Frunzening 017-raqamli yana bir buyrug‘i e’lon qilindi. Uning mazmuni quyidagicha edi: “Kattaqo‘rg‘ondan Kogongacha bo‘lgan masofada yurayotgan eshelonlarning barcha oynalariga g‘ilof tortilib, faqat tomdagi tuynuklar ochilsin. Vagonlarga RKP(b) vakillaridan boshqa hech kim yaqin kelmasligi haqida ogohlantirilsin”.

29 avgustda 23-bronepoezd Kogondan 14 km janubi-g‘arbdagi Mang‘it qishlog‘iga kelib to‘xtadi. Soat beshlarda vagonlardagi askarlar tushib, yuklarni mo‘ljallangan omborlarga joylashtira boshladi. Askarlarning aksariyati qaerga kelganini ham bilmas edi. Shu kundan e’tiboran Kogonga kirish yo‘llari ochiq bo‘lsa-da, u yerdan hech kim chiqarilmadi”, deb xotirlaydi shu voqealar boshida bo‘lgan diviziya qo‘mondoni V.Klementev(Voprosy istorii, №7, 1993; str. 4).

Eski Buxoroni qo‘lga kiritish uchun asosiy zarbani Kogon guruhining chap qanoti Shayx Jalol va Qorako‘l darvozalari orqali berishi kerak edi. 29 avgust soat 9.50 da bronepoezddan tushirilgan desant Obshor qishlog‘ini egallab, Shayx Jalol darvozasiga yaqinlashdi. 31 avgust kuni 10-, 5- va 12- Turkiston o‘qchi polklari, 4-polk, 28-bronepoezd, 53-avtobroneotryad va og‘ir artilleriya batareyasi Qarshi darvozasiga kelib to‘xtadi.

Qarshi darvozasi yaqinidagi temir yo‘lda turgan 28-bronepoezd shaharni shafqatsizlik bilan o‘qqa tutdi. Shahar o‘t ichida qoldi. Faqat avgustning oxiri – sentyabr boshlarida Buxoro shahriga 12 ming snaryad va bir necha million patron sarflandi (Voyna v peskax. Pod.red. M.Gorkogo, I.Mintsa i F.Kolesova. M., 1935, str. 292). Bu kuchlar bilangina belgilangan vaqtda shaharni olish mushkul bo‘lgani sababli uni havodan turib bombardimon qilish qaroriga kelindi va 31 avgust kuni Chorjo‘ydan 25 aviaotryad yordamga chaqirildi. Ular kelguncha 43-aviaotryad bombardimonni boshlab yubordi. Uchuvchi Fausekning xotirlashicha, “Kogon yaqinidagi aerodrom Turkiston tarixida misli ko‘rilmagan bir tomoshani eslatar edi. Bu yerda samolyotlarning “Farman”, “Farsel”, “Sopvich”, “Nyupor”, “Bauzen” va “Albatros” kabi turlarini ko‘rish mumkin edi”.

Qadimiy Buxoro ana shu tariqa ham yerdan, ham havodan bombardimon qilindi. Shaharning Qarshi, Samarqand darvozalari ostiga porox (dinamit) ko‘mib, portlatib yuborildi. Qizil armiya qo‘shinlari vayron bo‘lgan devorlar orqali shaharga kirdi va ko‘cha janglari boshlanib ketdi. Shahar aholisi ayniqsa aeroplanlar hujumidan vahimaga tushdi. Amir Olimxon Buxoroni butunlay vayron bo‘lishdan saqlab qolish uchun 31 avgustdan 1 sentyabrga o‘tar kechasi Mohi Xosa orqali G’ijduvon tomonga chekindi. Bundan xabar topgan aksar buxoroliklar ham ona shahrini tashlab amir orqasidan ketishga majbur bo‘ldi.

http://ziyouz.com/images/buxoro_bomba.jpg

1 sentyabr kuni qizil armiya qismlari shaharga kirdi. Ark egallanib, undagi boyliklar qo‘lga kiritildi. Amirning qochishga ulgurmagan onasi, singlisi, xotini, uch o‘g‘li, qarindoshlari va amaldorlari asir olindi.

Ammo Buxoro fojiasi shu bilan tugamadi. Shaharni bombardimon qilish va aholini talash davom etdi.

Shahar qamalining boshida turgan N.Zinovev bunday xotirlaydi: “Shahar asosan yong‘indan yomon zarar ko‘rdi. Ko‘chalarda o‘lik shunchalik ko‘p ediki, ularni yig‘ishtirishga ulgurib bo‘lmasdi” (A.G’afurov, U.Rashidov. Buxoro Xalq sovetlar jumhuriyati tarixidan lavhalar /1920-1924/. T, 1992, 10-bet).

“Buxoro xalq inqilobi” niqobidagi bu bosqinchilik natijasida shahar uch kun mobaynida 11 aeroplandan bombardimon qilindi. Uning beshdan bir qismi vayron etildi (Voprosy istorii, №7, 1993; str. 42). Qurolsiz keksalar, ayollar va bolalar ustidan “8 marotaba uchib o‘tib bombardimon qilgan uchuvchi Laskin Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlandi” (Istoriya grajdanskoy voyny v Uzbekistane, Tom II. T., “Fan”, 1970, str. 153).

Sovet aeroplanlari 1-2 sentyabr kunlari amirni qidirib topish bahonasida Buxoro atrofidagi qishloqlarni va ajoyib obida – amirning yozgi saroyi Sitorai Mohi Xosani ham bombardimon qildi. Bu jarayonning faol ishtirokchisi uchuvchi Fausek aerodromga qo‘ngach, bunday deb maqtangan ekan: “Biz Buxoroni bombardimon qildik. Qadimiy amirlikni vayron etdik. Xususan, mashhur “Ajal minorasi”ga tushgan bomba mohiyatan mutlaqo befoyda bo‘lsa-da, menga alohida zavq-shavq bag‘ishladi (Voyna v peskax. Pod red. M.Gorkogo, I.Mintsa i F.Kolesova. M., 1935, str. 303). Ikkinchi bir uchuvchi o‘z vahshiyligini quyidagicha xotirlagan edi: “Qo‘limda bombani ushlab pastga qarayman, hashamatli masjid… uning gumbazini mo‘ljallab bomba tashlayman, gumburlab yakson bo‘ladi… Keyinchalik menga “kum-pol” deb laqab qo‘ydilar”. Ana shu guvohlar e’tirofiyoq Buxoro xalqiga “yordam”ga kelgan armiyaning haqiqiy basharasi va niyatini anglash uchun kifoya qiladi.

Yana bir misol. Buxorodagi qizil askarlar zo‘ravonligi va talovini ozmi-ko‘pmi ochib berishga uringan Turkiston inqilobiy-harbiy byuro “uchligi”ning a’zosi A.Mashitskiy 1920 yil sentyabrining boshida Buxoroda ko‘rganlarini Vladimir Leninga bunday bayon etadi: “Shahar markazi yakson qilingan, Registon yondirilgan… Buxoro olingandan so‘ng shiddatli yong‘in, misli ko‘rilmagan talov va kafando‘zlik boshlandi. Registon yerto‘lalari va omborlaridagi barcha boyliklar talangan, yonmaydigan kattakon sandiqlar buzilgan… Talovda qizil armiya ishtirok etib, mol-mulk ortilgan ikki eshelon Toshkentga jo‘natildi”. Bu muhim hujjat Rusiya davlat arxivlaridan yaqinda topildi.

Yana taajjublanarli bir hol: Buxoroni yer bilan yakson qilishga buyruq berib, boyliklarini talashga va tinch aholi ustiga bombalar yog‘dirishga bosh-qosh bo‘lgan Turkfront qo‘mondoni Mixail Frunze hamda revvoensovet a’zosi Yu.Ibragimov “Buxoro inqilobida faol ishtirok etgani uchun” oltin qilich bilan mukofotlanadi.

Xullas, o‘zi tang ahvolda qolgan, yordamga muhtoj sovet Rusiyasi ana shunday yordam ko‘rsatish niqobida “bor-budi”ni Buxoroga tashladi. Aslida esa, “…ularga Buxoroning pillasi, tillasi, kumushi, paxtasi, ipak va qorako‘l terisi kerak edi” (F.Qilichev. Mustaqillikning fojiali yo‘li. “Sharq yulduzi”, 1992, 7-son, 151-bet).

Bolsheviklar Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng chor Rusiyasidan meros qolgan 1 milliard 64 million 300 ming oltin so‘mga ega edi. Bu mablag‘dan Brest sulhi bo‘yicha Germaniyaga 812,5 million oltin so‘m to‘landi. Xazinaning 235,5 million so‘mi admiral Kolchak qo‘shinlari tomonidan o‘lja olindi. Qolgan 575,5 million so‘m pul inqilobni qutqarib qolishga urvoq ham bo‘lmas edi. Buxoro xazinalariga intilishning bosh sababi shu bo‘lsa ajab emas. Osiyo va butun jahondagi mashhur shahar – Buxoroi sharif bunday shafqatsiz bombardimon qilinishi, minora, madrasa va maqbaralarining vayron etilishi Moskvadagi rahbarlar tomonidan har taraflama rag‘batlantirib turildi. Turkfront qo‘mondoni Mixail Frunzening 1920 yil 3 sentyabrdagi buyrug‘i ham fikrimizni tasdiqlaydi: “Barcha oziq-ovqat zaxiralari (non, g‘alla, guruch, yem-xashak), amir armiyasini ta’minlovchi beklarning harbiy va oziq-ovqat omborlari tezda Turkiston fronti hisobiga o‘tkazilsin. Egallangan qurol-aslaha va binolar Turkfront mulki deb e’lon qilinsin… Qo‘lga kiritilgan Arkdagi barcha boyliklar qattiq nazorat etilsin. Birorta temir sandiq va xaltalar (qoplar) ochilmasin. Barcha oltin va qimmatbaho buyumlar ro‘yxatga olinib, muhrlangan holda tezda Samarqand bankiga topshirilsin”(O’zRMDA, 46-f., 1-ro‘yxat, 81-ish, 1-bet).

Buxoroda qariyb 15 sentyabrgacha davom etgan talovlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Turkkomissiya vakili G.Safarov e’tiroficha, “Buxoroga kelgan rus qo‘shinlari va qizil gvardiyachilar eng avvalo talonchilik va zo‘ravonlik bilan shug‘ullandi. Ular duch kelgan hamma narsani taladi” (G.Safarov. Kolonialnaya revolyutsiya (Opyt Turkestana). M., 1921, str. 80).

Bu voqealarning bevosita guvohi bo‘lgan Buxoro bosqini rahbarlaridan G. Zinovev qizil armiyaning ochko‘zligi haqida Moskvaga quyidagicha hisobot yuborgan edi: “Uch kunlik talovdan so‘ng Eski Buxoro katta zarar ko‘rdi, amir qal’asi o‘marildi, ko‘p oltin o‘g‘irlandi”(“Navqiron Buxoro”. 1992 yil, 14 avgust).

“Inqilob”ning dastlabki kunlaridagi talon-taroj natijasida qo‘lga kiritilgan boylik: oltin, kumush, qimmatbaho buyumlar va qorako‘lteri kiplari 14 vagonga joylanib, to‘g‘ri Moskvaga jo‘natildi.

Bu boyliklar-ku sanoqli shaxslarga tegishli edi. Keksalarning hikoya qilishicha, Buxoro shahri va bekliklardagi ming-minglab badavlat kishilarning ota-meros mulki ham shu tariqa haqsiz tortib olingan. Bundan tashqari, Buxoro amiri, beklari va boylarining mulki maxsus farmon hamda buyruqlar asosida musodara qilingan.

Guvohlar ma’lumotiga ko‘ra, “Amir xazinasini talash jarayonida qizil askar va komandirlar oltinu kumushlar ustida yurib, qadimgi qimmatbaho san’at buyumlarini o‘g‘irlagan” (“Voprosy istorii”, №7, 1993, str. 51).

VChKning Turkistondagi vakili Yan Peters 1920 yil sentyabrda Vladimir Leninga quyidagicha yozma axborot yuborgan edi: “Bir necha kun oldin men Buxoro gruppasining sobiq qo‘mondonini qamoqqa oldim. Chunki tintuv chog‘ida undan bu yerda talab olingan bir qop oltin quymasi, tilla buyumlar, pul va kumush topildi. Nazarimda, Buxoro yurishi yuzasidan alohida tekshiruv komissiyasi tashkil etib, bu tartibsizliklarni aniqlab chiqish lozim”.

“Buxoro inqilobi”dan bir necha kun o‘tgach Moskvaga jo‘nagan Turkiston fronti qo‘mondoni poezdining VChK xodimlari tomonidan tintuv qilinishi ana shu axborot samarasi bo‘lgan deyish mumkin. Bu masala 1920 yil 25 sentyabrida Turkiston Respublikasi hukumati doiralarida ham muhokama qilingan. 1920 yil 7 sentyabrda Buxoro Respublikasi mulkini hisobga olish va qo‘riqlash komissiyasi tuziladi. Komissiya sentyabrning boshlarida o‘z vakillarini Chorjo‘y, Karmana, Ziyovuddin, Xatirchi, Shahrisabz, Kitob, Termiz, G’uzor va Chiroqchiga yuborib, qochib ketgan beklarning mulkini musodara qiladi (O’zRMDA, 46-f., 1-ro‘yxat, 7-ish, 6-bet).

Shahrisabzni egallagan qizil askarlar u yerda katta miqdordagi oltinni qo‘lga kiritgan(Boevoy put Turkestanskogo voennogo okruga. M., 1959, str. 133). Bundan tashqari, paxta zaxiralari, jun, ipak, qorako‘lteri, quritilgan mevalar ham musodara qilingan. Buxoro chegaralari to‘liq Rusiya qo‘shinlari bilan qo‘riqlanishi belgilangan. Hatto maxsus buyruqda “Hozirgi kunlarda Buxoroning o‘z qo‘shinlari bo‘lmagani sababli respublika chegaralarini Rusiya armiyasi qo‘riqlab turadi”, deya ta’kidlangan (UzRMDA, 1-ro‘yxat, 2-ish, 32-bet). Bu, albatta, siyosiy nayrang, boshqacha aytganda, mustamlakachilikning yangi ko‘rinishidan bo‘lak narsa emas edi.

Shu tariqa Buxoro jahondan ajralib, bolsheviklar iskanjasiga tushdi. Ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bu “inqilob” Buxoro xalqiga katta moddiy ziyon yetkazdi. Buxoro ma’naviy jihatdan ham benihoya zarar ko‘rdi. Ayniqsa, masjid-madrasalarning vayron etilishi, buzilmay qolganlarining esa qizil qo‘shin otxonalariga aylantirilishi, muqaddas kitoblarning oyoqosti qilinishi sovetlar siyosati avval-boshdanoq adolatsizlik asosiga qurilganidan dalolat beradi. Bu tuzumning bor-yo‘g‘i yetmish yilda chok-chokidan so‘kilib ketgani ham haqsizlikning umri qisqa ekani xususidagi achchiq, lekin haqqoniy xulosaga olib keladi.

Umar Rashidov,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 4-sonidan olindi.

ziyouz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: