Turk Tili To’g’risida Umumiy Tushunchalar


TURK TILI TO’G’RISIDA UMUMIY TUSHUNCHALAR

Turk tili Turkiya Jumhuriyatining davlat tilidir. Turkcha lahjalar Turkiyadan tashqari Bolqon, Kipr, Iroq turklari orasida ham tarqalgan.

Turk tili – turkiy tillar oilasiga kiruvchi tillardan biri. Turkiy tillar oilasi deganda kelib chiqishi bir, hozirgi chog‘da bizning tilimiz qolipida (ya’ni fonetik, leksik, grammatik qurilishi o‘zbek tiliga yaqin bir tilda) so‘zlashuvchi tillarni tushunamiz. Turkiy xalqlar bir yog‘i uzoq Sibirdan boshlab Mo‘g‘uliston, Sharqiy Turkistondan tortib Afg‘oniston, O‘rta Osiyo, Eron, Kavkazortidan Uralga qadar kengliklarga bo‘ylab Kichik Osiyo orqali Yevropaga qadar hududlarda yashaydi.

Turkiy tillar oilasini quyidagi tillar tashkil qiladi:

  1. Qipchoq guruhi: qirg‘iz, qoraqalpoq, qozoq, qozon- tatar, tatar, no‘g‘ay, qrim-tatar, qaraim, boshqirt, tavli (qorachay-cherkes), qumuq.
  2. Qarluq guruhi: o‘zbek, uyg‘ur, sariq uyg‘ur, salar, tillari.
  3. O‘g‘uz guruhi: turk (Turkiya, Bolqon, Kipr, Iroqdagi turk lahjalari), ozarbayjon, turkman, gagauz, xalach tillari.
  4. Sibir guruhi: oltoy, sho‘r, tuva, teleut, karagas, cho‘lim, telengit, baraba, qo‘ybal, do‘lg‘an, qumandi, so‘yan, to‘fa, xakas, urankxay tillari.
  5. Saxa (yoqut) tili.
  6. Chuvash tili.

Bu tillarning barini bir tilning turli lahjalari deb qarovchi tilshunoslar ham bor. Lekin bu fikr turkshunoslikda ilmiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Mazkur tillarning har biri hozirgi paytda ichki taraqqiyot natijasida shunday darajaga yetganki, ularni bir tilning turli lahjalari deb qaramoq xato. Hozir bu tillar (garchi ularning bari turkiy tillar qonuniyati doirasida rivojlanayotgan bo‘lishiga qaramay) o‘z yo‘lini belgilab, har birining o‘ziga xos yozma adabiy til an’anasi shakllangan. Hatto o‘zbek, uyg‘ur, turk, ozarbayjon, tatar tillarining yozma adabiy til an’anasi uzoq asrli tarixga ega. Ayrim til gu-ruhlari o‘rtasida juda katta farq bor. Ba’zan o‘zaro uzoq bo‘lgan til guruhlarining vakillari bir-birlarini tushunishga ham qiynaladilar. Bu farqni o‘zbek tili bilan Sibirdagi sho‘r yoki chuvash tillari orasidagi uzoqlikda kuzatish qiyin emas. Lahja deganda bir til doirasida, lekin o‘zaro uzoq bo‘lgan shevalar gu-ruhi tushuniladi. Masalan, hozirgi o‘zbek tili uch yirik lah-jadan tashkil topgan. Bular qarluq, qipchoq, o‘g‘uz lahjalaridir. Ular birgalikda o‘zbek umumxalq tilini tashkil etadi.

Umumxalq tili va adabiy til

Tilshunoslikda umumxalq tili va adabiy til tushunchalari o‘zaro farqlanadi. Umumxalq tili shevalar tilidir. Shevalar ham ma’lum qonuniyatlar asosida taraqqiy etadi.

 Tilning muayyan qolipga solingan, ma’lum qoidalarga bo‘ysundirilgan ko‘rinishi adabiy tildir. Adabiy til qoida va me’yorlarining muhim ijtimoiy ahamiyati bor. Bu qoida va mezonlar barcha sheva vakillari uchun umumiy bo‘lib, aloqa va fikrlashuv jarayonini osonlashtiradi. Davlat hujjatlari, matbuot, radio-televidenie, rasmiy va ilmiy ishlar, ta’lim adabiy tilda yuritiladi.

Ta’kidlash joizki, adabiy til bilan shevalar tili bir-biridan uzilgan holda rivojlana olmaydi ham. Adabiy tilning asosiy taraqqiyot manbalaridan biri shevalardir. Shevalar adabiy tilni muntazam holda oziqlantirib turadi. Shu ta’sir bo‘lmasa, adabiy til o‘z yo‘lini yo‘qotadi. O‘z navbatida, adabiy til me’yorlari, matbuot, ta’lim tili ham shevalarga ta’sir etib boradi. Tilning har ikki shakliga xos o‘zaro munosabat va uyg‘unlikni turkiy tillarda aniq va ravshan kuzatish mumkin.

Umumxalq tilining ham, adabiy tilning ham o‘z tarixi bor. Adabiy til tarixi yozuv tarixi bilan bog‘liq. Yozuv paydo bo‘lgandan keyin adabiy til shakllangan. Adabiy til, odatda, uzoq asrlar davomida xalqning ijtimoiy-siyosiy, madaniy yuksalishi, davlatchilik tarixi bilan bog‘liq holda shakllanib, taraqqiy etadi.

Hozirgi zamon turk tili ham ikki xil ko‘rinishda amal qilmoqda: turk adabiy tili va umumxalq tili.

Umumxalq turk tilining tarixi qadimda oltoy tillari uchun umumiy bo‘lgan oltoy davridan boshlanadi. Turk adabiy tilining tarixi esa ilk turkiy yozma yodgorliklar ma’lum bo‘lgan qadimgi turk davridan boshlanadi.

Turk tilining tarixiy bosqichlari

Turk tili uzoq asrli yozma adabiy til an’anasiga ega. Hozirgi ko‘rinishiga erishgunga qadar u juda katta tarixiy takomil bosqichini o‘tgan.

Turk tili tarixini quyidagi davrlarga bo‘lib o‘rganish mumkin:

1.                              Eng qadimgi turkiy til (En eski Türkçe). Bu bosqich eng qadimgi davrlardan to melodning V yuzyilliklariga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrdan yozma yodgorliklar saqlanib qolmagan. Lekin keyingi asrlardan qolgan yozma obidalar tiliga asoslaniladigan bo‘lsa, ular uzoq tarixiy taraqqiyot natijasida shakllanganligining guvohi bo‘lamiz. Shunga ko‘ra, melodning V asrlarigacha bo‘lgan davrni til taraqqiyotining alohida bosqichi sifatida tan olganimiz ma’qul.

2.                              Qadimgi turkiy adabiy til (En eski Türk Yazı Dili). Bu bosqich VI-X asrlarni o‘z ichiga oladi. VI-VIII asrlarda tarix sahnasiga kelgan Birinchi va Ikkinchi turk (ko‘k turk) xoqon-liqlari davridagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot turkiy xalqlar adabiyoti va tilining yangi bir bosqichga ko‘tarilishi uchun zamin hozirladi. Yozuv madaniyati gurkirab rivojlandi, yozma adabiyotning ilk namunalari ham ayni kezlar yaratildi. Yozma adabiy til, matn tuzish an’anasi shakllanib, butun bir saltanaga yoyildi. Ko‘k turk xoqonliqlarida yuzaga kelgan yozma adabiyot, adabiy til va matn tuzish an’analarining davomini uyg‘ur xoqonlig‘i davri manbalarida ham kuzatamiz. Ko‘k turk, uyg‘ur xoqonliqlari davrida yaratilgan yozma obidalar qadimgi turkiy adabiy tilning manbalaridir. Ular ko‘k turk (urxun-enisey), uyg‘ur, moniy, brahma, sug‘d, suryoniy yozuvlarida bitilgan. Muhimi, bulardan brahma xatidan boshqa barchasi alifbo tizimiga ega bo‘lgan fonetik yozuvlar bo‘lib, ularning imlo prinsiplari puxta ishlangan va qadimgi turkiy tilning fonetik-fonologik xususiyatlariga yaxshigina moslashgan edi.

3.                              Eski turkiy adabiy til (Eski Türk Yazı Dili). Bu bosqich XI asrdan XIII yuzyillikning o‘rtalarigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” asarida keltirilgan turkiy parchalar, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Adib Ahmad Yugnakiyning “Hibatu-l-haqoyiq” dostonlari, “O‘g‘uznoma” dostoni, Turkiy tafsir shu davrlarga oiddir. Muhimi shundaki, bu davrlarda yaratilgan asarlar hozirgi turkiy tillarning barchasi uchun mushtarak yodgorliklar bo‘lib, ular til tarixini o‘rganishda muhim manbalar sanaladi.

4.                              Eski Anado‘li turkchasi (Eski Anadolu Türkçesi). Bu yozma adabiy til XIII asr o‘rtalari-yu XV asrlarni o‘z ichiga oladi. Ulug‘ ijodkor Yunus Emrening asarlari bu davr tilining ajoyib namunalaridandir.

5.                              Usmonli turkchasi (Osmanlı Türkçesi). Turk tilining ushbu tarixiy bosqichi XVI asrdan XX asr boshlariga qadar bo‘lgan davrni qamraydi. Bu davr yozma adabiy tilining lug‘at tarkibida arab va fors tillaridan o‘zlashgan so‘zlar miqdori nihoyatda ko‘p. Usmonli turkchasi usmonlilar saltanatining oxiriga qadar saltanatning yozma adabiy tili sifatida amal qilgan.

6.                              Hozirgi zamon turk adabiy tili (Çağdaş Türk Yazı Dili). XX asrning 10- yillaridan turk adabiy tilining yangi (hozirgi zamon) davri boshlanadi.

O‘zbek va turk tillarining o‘zaro farqli xususiyatlari

Ma’lumki, o‘zbek tili ham, turk tili ham o‘z asosini qadimgi turkiy tildan oladi. Biroq, ikkovining keyingi takomili o‘zicha kechgan. Hozirgi o‘zbek tili tarixan eski o‘zbek tili (temuriylar zamonida Movarounnahr hamda Xurosonda amal qilgan “chig‘atoy turkiysi” va undan keyingi davrlar yozma tili) asosida paydo bo‘lgan. Turk tili esa Anado‘lida amal qilgan o‘g‘uz guruhiga tayanuvchi usmonli turkchasi asosida shakllangan.

O‘zbek va turk tili o‘rtasidagi muhim farq shundaki, o‘zbek adabiy tili turkiy tillarning qarluq (qarluq-chigil) guruhiga mansub, turk adabiy tili esa o‘g‘uz guruhiga kiradi. O‘zbek tilining Xorazm shevalari ham o‘g‘uz lahjasiga mansub. Shuning uchun qarluq, qipchoq lahjasini tashkil qiluvchi o‘zbek shevalari (masalan, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand shevalari) vakillariga qaraganda xorazmliklar turkchani oson tushunadilar.

O‘zbek va turk tili orasidagi bunday farqlarning ba’zilari tilning ichki taraqqiyoti tufayli keyingi davrlarda yuz bergan bo‘lsa, ayrimlari azaldan mavjud. O‘g‘uzlar va boshqa turkiy lahjalar orasidagi fonetik, morfologik, leksik-semantik va stilistik farqlarni XI asrda yashab o‘tgan ulug‘ tilshunos Mah-mud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘atit turk” asarida ko‘rsatib o‘tgan edi.

O‘zbek va turk tillari orasidagi fonetik farqlar, asosan, quyidagilardan iborat:

Tilshunosligimizda o‘zbek adabiy tilida olti unli fonema amal qiladi, deb qabul qilingan. Turk adabiy tilida esa unli fonemalar soni sakkizta. Shuni unutmaslik joizki, o‘zbek shevalarida ham unlilar ko‘p, ba’zi shevalarda ularning soni o‘n-dan ortiq. Hozirgi o‘zbek alifbosida unlilar uchun oltita harf qabul qilingani bilan talaffuzda qolgan unlilarning o‘rni ham sezilib turadi. Masalan, qara, qari, qattiq kabi so‘zlarda [a] tovushi orqa qator unli sifatida talaffuz etiladi: qara, qarı, qattıq. Tilak, bilak kabi so‘zlarda esa [a] tovushi yumshoq, old qator unli sifatida (tiläk, biläk) talaffuz etiladi. Yoki qo‘l, qo‘r so‘zlaridagi [o‘] bilan ko‘l, ko‘r so‘zlaridagi [o‘] ham o‘zaro farq qiladi: birinchi juftlikdagisi orqa qator qattiq (qol, qor), keyingi so‘zlardagisi old qator yumshoq (köl, kör) unlilardir. Lekin ba’zan bu so‘zlar qo‘shimcha olganda, qo‘shimcha ta’sirida tovushlarning asl xususiyati kuchsizlashadi: qo‘lga, qo‘rga.

O‘zbek adabiy tilida singarmonizm qonuni ko‘p o‘rinda buziladi. Turk tilida esa singarmonizm yetakchi o‘rinda.

Yana bir jihati, hozirgi o‘zbek imlosida morfologik prinsip bosh o‘ringa olingan, turk imlosida esa fonetik prinsip yetakchidir. Ya’ni, talaffuzda bordi, keldi, aytti, qochti deganimiz bilan o‘zbek tili imlo qoidasiga ko‘ra bu so‘zlardagi qo‘shimchalarni bir ko‘rinishga keltirib, bordi, keldi, aytdi, qochdi shakllarida yozamiz. Turk adabiy tilida esa, eski o‘zbek tilida bo‘lgani singari, talaffuzi qanday bo‘lsa, yozuvda ham shu ko‘rinishda yoziladi.

Bulardan tashqari har ikki til orasida quyidagi fonetik farqlar ham bor:

so‘z boshida jarangsiz [k] undoshi [g] ga aylanadi: ko‘k – gök, ko‘z – göz, kuz – güz, kun – gün, ketdi – gitti, keldi – geldi;

jarangsiz [t] tovushi [d] ga aylanadi: til – dil, tog‘ – dağ, tor – dar, tish- diş, tuzdi – düzdü, to‘g‘ri – doğru, to‘qqiz – dokuz;

so‘z boshidagi [m] o‘rnida turkchada [b] keladi: men – ben, ming – bin, minmoq – binmek.

o‘zbek tilidagi sonor [ng] tovushi o‘rnida turk adabiy tilida [n] keladi: ko‘ngil – gönül, ming – bin, dengiz – deniz, uning – onun, sening – senin, kelsangiz – gelseniz. Biroq, sonor [ng] tovushi ayrim turk shevalarida saqlangan;

o‘zbek tilidagi bo‘lmoq fe’li turkchada [b] tovushi tushirilib olmak shaklida talaffuz etiladi;

o‘zbek tilida qo‘sh undosh bilan aytiladigan ayrim sonlar turkchada bir undosh bilan keladi: ikki – iki, yetti – yedi, sakkiz – sekiz, to‘qqiz -dokuz, o‘ttiz – otuz;

turk tilida so‘z oxirida ayrim undoshlar tushib qoladi: kapı (asli qadimgi turkiy tilda: kapık), sariq – sarı, qattiq -katı, achchiq – acı;

Har ikkala tilning o‘ziga xos xususiyatlarini quyidagi misollarda aniq kuzatish mumkin:

Qadimgi turkiy tilda Hozirgi turk adabiy tilida Hozirgi o‘zbek adabiy tilida
eb~ewedgüadığeδärquduğ~quδuğtewey

qon~qoy

qatun

terin~derin

öküz

awuç

yağmur

ögrät

köläkä

ikiz

ev [ew]iyiayıeğerkuyudeve [dewe]

koyun

kadın

derin

öküz

avuç [awuç]

Yağmur[ya:mur]

öğret [öyret]

gölge

ikiz

uy [üy]ezgu [ezgü]ayiq [ayıq]egar [egär]quduq [quduq]tuya [tüyä]

qo‘y [qoy]

xotin [xātın]

teran [terän]

ho‘kiz [hökiz]

hovuch [hāwuç]

yomg‘ir [yāmğır]

o‘rgat [örgät]

ko‘lanka [kölänkä]

egiz [egiz, egizäk]

O‘zbek va turk tillari o‘rtasida morfologik farqlar ham bor.

Turk tilida singarmonizm qonuni qat’iy amal qilgani bois har bir qo‘shimcha o‘zak-negizning tabiatiga bog‘liq holda fonetik variantlardan iborat bo‘ladi. Masalan, turk tilida ko‘plik ko‘rsatkichi – lar, -ler; egalik qo‘shimchasi -ım, -im, -um, -üm kabi fonetik variantlarga ega va boshqalar.

Otlardagi kelishik kategoriyasi ikki tilda quyidagi shakllarda amal qiladi:

Kelishiklar

Turk adabiy tilida

O‘zbek adabiy tilida

B.k.Q.k.T.k.J.k.O‘.-p.k.Ch.k. -in, -ın, -ün, -un; -nin, -nın, -nün, -nun-i, -ı, -ü, -u; -yi, -yı, -yü, yu; -ni, -nı, -nu, -nü-e, -a, -ye, -ya; -ne, -na-de, -da, -te, -ta-den, -dan, -ten, -tan -ning [-nıng, -ning]-ni [-nı, -ni]-ga (-ka, qa) [-gä, -kä, -qa]-da [-da, -dä; -ta, -tä]-dan [-dan, dän; -tan, tän]

Turk tilida istak maylining ko‘pligi -alı, -eli qo‘shimchasiga shaxs-son affiksi qo‘shib yasaladi: yapalım (qilaylik), yıkayalım (yuvaylik), gidelim (ketaylik, boraylik), gezelim (yuraylik, sayr etaylik).

Muhimi shundaki, turk tiliga xos bo‘lgan qo‘shimchalar hozirgi o‘zbek adabiy tilida saqlanmagan, biroq ular eski o‘zbek tilida (“chig‘atoy turkiysi”da) keng amal qilgan. Ushbu o‘rinda mumtoz shoirlarimizdan Mavlono Lutfiy she’rlaridan misol keltiraylik:

Men köngül berdim yangaqıng alına,

Bolmadım vāqif bu makr-u alına.

Emdi lābud, çara yoq körmäk keräk

Har ne tengri salmış olsa alına.

Keltirilgan tuyuqning birinchi misrasidagi al – “qizil” ma’nosida (al-ı-na), ikkinchisi “makr, hiyla” (al-ı-na), oxirgi misradagi alın esa “peshona” ma’nosida kelgan (alın-a). Jo‘nalish kelishigi -na, -a qo‘shimchasi bilan yasalgan.

Yana bir bayt:

Kel egri olturalı, dağı egri soralı,

Ki sarv üçün qāmatıng ne balā qıldı jānıma.

Olturalı, soralı so‘zlaridagi -alı affiksi istak ma’nosini anglatadi.

Shuningdek, bu qo‘shimchalar o‘g‘uz guruhiga kiruvchi hozirgi xorazm shevalarida ham uchraydi. Masalan: alalı (olaylik), oynalı (o‘ynaylik), baralı (boraylik), gäläli (kelaylik) kabi.

Har ikki tilni qiyoslar ekanmiz, ularning leksik tarkibidagi o‘ziga xoslikni ham kuzatamiz.

Turk tilining lug‘at tarkibida alın (peshona), kuğu (oqqush), kılavuz (yetakchi), öksüz (yetim) kabi so‘zlar ham bor. Bu so‘zlar qadimgi turkiy tilda keng qo‘llanilgan, biroq hozirgi o‘zbek adabiy tilida saqlanmagan. Xuddi shuning singari, o‘zbek tilidagi ayrim qadimiy so‘zlar turk tilida yo‘q. Ularning o‘rnida boshqa so‘zlarni ishlatadilar.

Yangi so‘zlar yasash borasida ham turk tilida farqli jihatlar bor. Masalan, o‘zbek tilidagi oshpaz so‘zi turkiy+forsiy komponentlardan tashkil topgan. Turk tilida buni aşçı yoki ahçı deyiladi. Yoki: o‘zbekcha etikdo‘z, yamoqchi – turkchada ayakkabıcı, dehqon – çiftçi (çiftlik -“ekinzor, dala” so‘zidan) yoki köylü (köy – “qishloq” so‘zidan), vakil -temsilci, sözcü, vekil, elchixona – elçilik, büyükelçilik, ko‘zoynak – gözlük va boshqalar.

Turk tili lug‘at tarkibida G‘arbiy Yevropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlar ham salmoqli o‘rinni egallaydi. O‘zbek tiliga bunday so‘zlar rus tili orqali o‘zlashgan, shu bois ular ruscha talaffuzga ega. Turk tiliga esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha tillardan o‘tgan va ularning talaffuzi ham o‘ziga xos: otel, oto, dans, demokrasi, diplomasi, ekoloji va boshqalar.

Turk tilining lug‘at tarkibida keyingi davrlarda yasalgan so‘zlar ham anchagina: uçak (samolyot), durak (bekat), çevirmen (tarjimon), yazım (orfografiya), gelir (foyda, daromad) kabi.

Ikkala tilni o‘zaro qiyoslar ekanmiz, ayniqsa, turg‘un iboralarning qurilishi e’tiborni o‘ziga tortadi. Turk tilida o‘zbek tilidagi iboralarga juda yaqin turuvchi iboralar ham ko‘p. Gözden kaçırmak, iki ayağını bir pabuca sokmak, işi suya düşmek, kabına sığmamak, saçını süpürge etmek shular jumlasiga kiradi. Shuningdek, turk tilining o‘z qolipi asosida yasalgan iboralar ham oz emas. Masalan: sakalı ele vermek – o‘z ixtiyorini birovga bermoq, şeytana uymak – shaytonning gapiga kirmoq, ekmeğine yağ sürmek – birovning noniga yog‘ surmoq, göz altına almak – hibsga olmoq, hayal kırıklığına uğramak – xayoldagi narsa chilparchin bo‘lmoq, köşeye dönmek – omadi kelib, ishlari yurushib ketmoq, umutsuzluğa kapılmak – umidsizlikka tushmoq, tam üstüne basmak – taxmindagi to‘ppa-to‘g‘ri chiqmoq. Turkcha iboralardagi bunday farqli jihatlar turkiy tillar uslubiy imkoniyatlarining nihoyatda kengligi, ularning boyligidan dalolat beradi.

Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: