Temuriylar va jahon sivilizatsiyasi


Samarqandda Amir Temur tavalludining 675 yilligi munosabati bilan «Temuriylar renessansining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni» mavzuida ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti va xalqaro Amir Temur jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan anjumanda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining tarixchi hamda adabiyotshunos olimlari, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Amir Temur shaxsi va u bilan bog‘liq tarixiy haqiqatni qaror toptirish, Sohibqironning boy madaniy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida ulkan ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

– Buyuk ajdodimiz Amir Temurning davlatchiligimiz tarixi, Movarounnahr xalqlari madaniyati va ilm-fani taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyosdir, – deydi xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Istiqlol sharofati bilan bu ulug‘ zotning buyuk davlat arbobi, fan va madaniyat homiysi sifatidagi faoliyati hamda mamlakatda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari haqqoniy, chuqur o‘rganilmoqda.

Konferensiyada Amir Temur davlati ijtimoiy-demografik siyosatining tarixiy ahamiyati, temuriylar davri bog‘-saroylari va chorbog‘larining me’moriy va landshaft yechimlari, yurtimiz va chet ellik adib hamda tarixchilar asarlarida Amir Temur obrazi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

O‘zA, Samarqand


Yorum bırakın