Hamza Hakimzoda Niyoziy


Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)

Millatim nasli bashardur, vatanim kurai arz,
Ikkisin xizmati farzdur, ikkisindan jon qarz.
H. H. Niyoziy.

Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 6 martda Qo‘qonda Hakimcha ismi bilan mashhur bo‘lgan tabib oilasida tug‘ildi. Otasi Ibn Yamin Niyoz o‘g‘li o‘zbekcha va forschadan savodli edi. Hamza 1899-1906 yillarda madrasada, 1908 yilda Namanganda o‘qiydi. Usha paytda u mahalliy maorif xodimlaridan biri Abdulla To‘qmullin bilan uchrashib, «she’riy yozishmalarini» ko‘rsatadi. «Ul… yuz sahifadan ortig‘roq eski usuldagi she’riy yozishmalarimni ko‘rib, tarbiyalashga kirishdi», – deb yozgan edi Hamza tarjimai holida.

Hamza Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat va Zavqiy asarlarini qunt bilan o‘rganadi. 1899-1900 yillardan boshlab o‘zi ham she’rlar yoza boshlaydi. 1910 yilda Toshkentdagi Qashqar mahallasida birinchi marta usuli savtiya (jadid) maktabini ochadi, 1911 yili hajga yo‘l olib, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya va Arabistonning bir qancha shaharlarida ziyoratda bo‘ladi. Shoir, dramaturg, tarbiyachi, murabbiy, jamoat arbobi bo‘lgan Hamza 1914 – 1917 yillarda Marg‘ilon va Qo‘qonda yo‘qsil bolalarni o‘qitish uchun maktab ochadi, «Yengil adabiyot», «O’qish kitobi», «Qiroat kitobi» nomli darsliklar yozadi, «G’ayrat» kitobxonasini tashkil etib, xalq o‘rtasida turk-tatar jadidlarining ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarqatishga urinadi, sayyor gruppa tuzib, Qizil Arvot frontida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi, 1921 – 1924 yillarda esa Buxoro, Xorazm, Ho‘jaylida maorif muassasalarida xizmat qilgach, Farg‘onaga qaytib keladi. 1926 yilda Hamzaga adabiyot va teatr sohasidagi katta xizmatlari uchun O’zbekiston xalq yozuvchisi unvoni berildi.

U 1929 yil 18 martda Shohimardonda fojiali ravishda halok bo‘ldi. Sho‘rolar davrida Hamza «inqilob kuychisi» nomini oldi. Hamzaning adabiy ijodi she’riyat va dramaturgiyadan iborat. Shoir dastlab aruz vaznidagi she’riy shakllarda ijod qilgan, 1905 – 1914 yillarga oid she’rlarini to‘plab devon tuzgan, bu asarlarida Nihoniy taxallusini ishlatgan. Hamza 1915 – 1917 yillarda xalq kuylariga bastalagan she’rlarini jamlab, ularni «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi» degan umumiy nom ostida 8 ta «gul» to‘plamlarida nashr etdi. Hamza bir umr ijodiy izlanishda bo‘ldi, millat uchun qayg‘urdi, «darig‘ tutmang ilm uchun ketsa molu jon» deya ilm olishga undadi.

Hamzaning «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar» majmuasiga kirgan «Yor-yorlarim», «Sog‘inib», «Salom ayting» kabi she’rlari «Savti chorgoh» ohangida yozilgan.

Asarlari: «Sog‘inib» («Qattiq tegma menga muncha, yuzboshim» misralari bilan boshlanadi), «Salom ayting», «O’qi», «Yig‘la, Turkiston», «Turkiston», «Dardiga darmon istamas», (1916), «O’zbek xotin-qizlariga» (1927, g‘azal), «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari», «O’ch», «Boy ila xizmatchi» (u sovet dramaturgiyasining shoh asari deb tan olingan), «Kim to‘g‘ri?», «Tuhmatchilar jazosi» (1918), «Loshmon fojiasi», «Farg‘ona fojiasi», «Burungi saylovlar» (1926), «Burungi qozilar» (1928), «Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari» (1927), «Maysaraning ishi» (Asosiy qahramonlari: Oyxon, Cho‘pon, Mulla Ro‘zi, Hidoyatxon, Qozi kalon, Mulla Do‘st, Maysara), «Yallachilar ishi» («Paranji sirlari», qahramonlari: Xolisxon (asl ismi To‘laxon), Norboyvachcha, Mastura, Rustambek va boshq.), «Yangi saodat» (1914), «Qimorning boshi», «To‘g‘riso‘z bola», «Vatandoshlarima  xitoba», «Turkiston muxtoriyatina», «Olim bo‘laylik».

Yetib kelmagan sahna asarlari: «Mulla Normuhammad Domlaning kufr xatosi», «Loshmon fojiasi», «Farg‘ona fojeasi», «Ochlik qurbonlari», «Eshonlikda xiyonat» va boshq.

«Yangi saodat» asari haqida

Hamzaning «Oq gul» to‘plamiga ilova qilingan e’londa uning ikkita «milliy roman» yozganligi to‘g‘risida ma’lumot bor. Bulardan biri – «Yangi saodat» 1914 yilda yozilgan bo‘lib, 1915 yilda bosilib chiqqan. Ikkinchisi -«Turmush achchig‘i» asari esa 1916 yilda, «Oq gul» chop etilgan vaqtda napgrda bo‘lgan. Uning keyingi taqdiri noma’lum.

«Yangi saodat» asarining asosiy g‘oyasi ilm-ma’rifat baxt-saodat kaliti ekanligini asoslashdir. Olimjon – asarning bosh qahramoni. U Abduqahhor ismli «saodat va chin turmushlari uchun eng birinchi darajada farzu ayn o‘lgan ilm, ma’rifat» dan mahrum, «kecha va kunduz safohat (nodonlik) va qabohatlarga qadam qo‘ya boshlagan», «oxur yotadurgan joyi go‘lox, ovqat uchun topadurgan aqchasi esa qimorbozlardan tushadigan cho‘tal» bo‘lib qolgan boyning farzandi. 6 yoshli Olimjon va uning 3 yoshli singlisi Xadicha taqdiri oqila onaning – Maryamning qo‘liga o‘tadi. Olimjon jadid maktabida o‘qiydi, dastlab muallimga yordamchi bo‘lib, maktabda saboq beradi. «Millat gulshaniga yangi qo‘ngan bu andalib» (Olimjon) Abdurahmon ismli savdogarga mirza bo‘lib, uning yolg‘iz qizi Nazokatxonimga uylanadi va Abdurahmonboy vafotidan so‘ng qolgan boylikka ega bo‘ladi. Olimjon tufayli o‘qimagan inson Abduqahhorboy tubanlikdan ko‘tarilib, «do‘st-dushmanni ajratub, insof va diyonatli, shafqat va marhamatli» kishiga aylanadi. Yozuvchi Olimjon, uning onasi Maryam, buvisi Ruzvon va boshqa obrazlarni, ular o‘rtasidagi aloqani tasvirlashda kitobxonning his-tuyg‘usiga ortiq darajada ta’sir o‘tkazishga intiladi. Umuman, jadid adabiyotida sentimentalizm «Yangi saodat»dagidek balqib turgan asar bo‘lmasa kerak Hamza Olimjon tufayli Abduqahhorning ko‘zi ochilganidek, boshqa zamondoshlarining ham Olimjon izilan borishlarini istaydi.

«Yangi saodat» asari haqnda «Al-isloh» jurnali so‘z yuritib, «xalqni o‘quv va yozuv tarafiga targ‘ib qilmoq uchun hozirgacha Turkiston shevasinda buningdek ta’sirli ro‘mon nashr o‘linmamish», – deb yozgan edi.
Hamza bir she’rida:

O’ylama, o‘lguncha har kim bu razolatda ketar,
Shohlar bir kun gado, bir kun gado shahzoddir,

– deydi. Ayni shu fikr uning «Yangi saodat» asarida ham ilgari suriladi. Unda Maryam: «Shohlar bir kun gado bo‘lur, bizlarga o‘xshab. Gadolar yana bir kun shoh bo‘lub qolur, bolajonlarim»,- dsydi oilasi parokanda bo‘lgan kezlarda.

«Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» asari haqida

Bu asar 1915 yilda yozilgan bo‘lib, Hamza asar janrini «Turkiston maishatidan olingan qiz-kuyov fojiasi» deb ataydi. Muallif bu asarida Mahmudxon va Maryamxonni «ishq qurbonlari» sifatida tasvirlagan. «Zaharli hayot» fojiasida ma’rifatli insonning «jaholat va g‘aflat zindoni»dagi fojiali taqdiri ko‘rsatib berilgan. P’esa 4 pardadan iborat bo‘lib, uning 1- va 4-pardalarida asosan Mahmudxon, 2- va 3-pardalarida esa asosan Maryamxon harakat qiladi.

Asarning asosiy qahramonlari: Maryamxon (zng faol qahramon), Mahmudxon («xushmo‘ylab, soqolsiz, sochlik, ko‘zida oynak bor, butun ovrupocha kiyingan, Mirzo Hamdamboyning 18 yoshli yolg‘iz o‘g‘li». U sevgilisi o‘limidan so‘ng ishq yo‘lida o‘zini-o‘zi o‘ldirgan), Abduqodirboy, Mavsum (Mahmudxonning onasi), Mirzo Hamdamboy, Eshon, Sora, Zaynab va boshq.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: