Turkistonning xonliklarga bo‘linib ketishi, uning sabablari va oqibatlari


1.XV asr ikkinchi yarmi va XVI asr boshlarida Movarounnahrdagi vaziyat.

Markaziy Osiyo ayniqsa o‘zbek xalqi tarixida –xonliklar davri alohida o‘rin tutadi. Ko‘p ming yillik o‘zbek xalqi tarixida bu davr o‘zining muddati bilangina emas, balki, shu davrda xalqimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz bergan juda katta voqealar bilan  ham ajralib turadi.

Temur vafotidan so‘ng Temuriy shahzodalar o‘rtasida boshlanib ketgan to‘xtovsiz urushlar sohibqiron ne mashaqqatlar bilan bunyod etgan qudratli davlatni parchalanib ketishiga sabab bo‘ldi. Asta-sekin bu  qudratli davlat  tarkibidan  qator davlatlar va mulklar ajralib chiqib ketdi. Xorazmdan Astrobodgacha keng hududda joylashgan turkmanlar birinchilardan bo‘lib temuriylar davlatidan ajralib chiqdilar. Xuddi shu vaqtda Farg‘ona vodiysi ham ajralib mustaqil bo‘lib oldi. Shuningdek, Hisor va Badaxshon ham mustaqil davlatga aylandi. Natijada O‘rta Osiyodagina emas balki, Xuroson va Eron hududlarida ham temuriylar davlati yiqilgan edi.

Temuriylar davrida buyuk Temur davlatining bunday parchalanib ketishi G‘arbda Qora dengiz qirg‘oqlaridan boshlanib,  Sharqda Irtish daryosi va Balxash ko‘liga qadar, janubda esa Sirdaryoning quyi oqimlarigacha cho‘zilgan. Qipchoq dashtlarida yashovchi O‘zbeklar deb atalmish turkiy tilda so‘zlashuvchi ko‘chmanchilarni Movaraunnahr erlariga hujum qilib uni zabt etishlari uchun qulay sharoit yaratib berdi.

O‘z vaqtida mug‘ullar istilosi ostida qolgan  hududi zabt etilib, Jo‘ji ulusiga kiritilgan Dashti Qipchoq aholisi Jo‘ji o‘limidan keyin uning o‘g‘illaridan biri Shaybonquli ostida o‘zining mustaqil ulusini tashkil etish uchun kurash olib boradi. Natijada Yoyiq daryosining Sharqidan Sirdaryo buylarigacha bo‘lgan erlarda bunday ulus bapro etiladi. XV asrda ana shu Shaybon boshchiligidagi ulusda yashagan ko‘chmanchilar o‘zbek nomi bilan atalganlar.

XVI asr Xiva tarixchisi Abdulg‘oziyning yozishicha (1603-1664) asosan chorvachilik va ko‘chmanchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘zbeklarning ko‘pchiligi yozni Yoyiq daryosining yuqori oqimida, qishni esa Sirdaryoning quyi oqimida o‘tkazadilar. Bu erda o‘zbeklardan tashqari qipchoqlar qo‘ng‘irotlar uyshun, nayman va boshqa qabilalar ham yashagan bo‘lib, ular o‘sha o‘zbeklar tarkibiga kirar edi.

2.Movarounnahrda Shayboniylar xukmronligining o‘rnatilishi. Davlatni boshqarish tizimi, solih siyosati, er-mulk munosabatlari.

XV asrning 20 yillariga kelib  Dashti Qipchoq urug‘lari  ichida Shayboniylar urug‘i (o‘zbeklar) oldinga chiqdi. Bu urug‘ning eng ko‘ga ko‘ringan vakili, ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatining asoschisi Abdulxayrxon bo‘lib, u o‘zidan oldin bu erda hukmronlik qilgan Baroqxondan farqli o‘laroq,  taxtni o‘zgalar yordamida emas, balki bir qator o‘zbek qabilalari, chunonchi Nayman, Qo‘ng‘irot, Qiyot, Durman, Uyg‘ur, Uyshun va boshqa qabilalarning yordamida egalladi. U juda qisqa  vaqt ichida yirik davlatni vujudga keltirdi va bu davlatni uning o‘zi 1428 yildan 1468 yilgacha boshqardi.

Biz yuqorida ta’kidlaganimizdek, Abdulhayrhon boshliq o‘zbeklar asosan ko‘chmanchi xalq bo‘lib chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. Shu bois ularga  chorvachilik mahsulotlarini hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga almashadigan xalqlar va hududlar kerak edi.

Bundang tashqari bu davrga kelganda ko‘chmanchi o‘zbeklarning katta qismi feodal munosabatlarining rivojlanishi natijasida o‘z o‘tloq va podalaridan ajragan bo‘lib, ularning o‘troq hayot kechirishi uchun Movaraunnahr erlari kerak edi.

Shu va boshqa bir qator sabablarga ko‘ra hali Abdulxayrxon davridanoq o‘zbeklar Sirdaryoning quyi oqimidagi Sig‘noq, Oqqo‘rg‘on, Suzoq, Uzgan va boshqa erlarga hujum qilib, u erlarni bosib oldi.

Ko‘chmanchi o‘zbeklar tomonidan Movaraunnahr hududlarini egallash uchun kurash Abdulxayrxonning nabirasi Muhammad Shohbaht Shayboniy davrida (1451-1510) kuchaydi.

XV asrning ikkinchi yarmida Movaraunnahrdagi o‘zaro kurashlar bilan band bo‘lgan temuriylarning asosiy raqibi shimoldagi mo‘g‘ullar edi. Ularning Movaraunnahr erlariga to‘xtovsiz talonchilik hujumlaridan bezor bo‘lgan temuriy shahzodalar mo‘g‘ullarga qarshi kurashda Shayboniyxondan foydalanish maqsadida u bilan ittifoq tuzdilar. Biroq Shayboniyxon bu ittifoqqa tez-tez xiyonat qilib, goh temuriylar, goh mo‘g‘ullar tomonida turib harakat qilar edi.

Shayboniyxon bobosi Abdulxayrxon Dashti Qipchoqda tashkil etgan davlatni bir tomonlama kuchaytirib, o‘z oldiga hali o‘sha bobosi rejalashtirgan Movaraunnahr erlarini bosib olish ishini hal etishni maqsad qilib qo‘ydi va uni amalga oshirishga kirishdi. Bu ishga kirishar ekan, Shayboniyxon eng avvalo 1480 yilda Qozoq xoni Burunduqxonga katta zarba berdi. Shundan so‘ng Shayboniyxon 1488-1500 yillar ichida O‘tror, Yassi, Sig‘anoq, Shaxrisabz.Turkiston  shaharlarini egallaydi. Shundan so‘ng Temuriylar poytaxti Samarqandni egallashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Shayboniyxon 1499 yilda dastlab Samarqandni qamal qilganda bu erda Sulton Ahmad Mirzoning o‘g‘illaridan biri, Sulton Ali Mirzo hukmronlik qilardi. Uning qobiliyatsiz, har tomonlama ojizligidan xabar topgan Shayboniyxon Samarqand shahriga kirmay Shahrisabz va Qarshi shaharlarini talab Qipchoq dashtiga qaytib ketadi. Ozroq vaqt o‘tgach Shayboniyxon Toshkent hokimi Mahmudxondan ozroq yordam olib, Samarqandga yangidan hujum boshlaydi. Xuddi shu payt Buxoro hokimi Muhammad-Boqi tarxon qo‘shinlari Samarqand hukmdori Sulton Ali Mirzoga yordamga kelayotganligini haqida Shayboniyxon xabar topadi. Shundan so‘ng u Samarqand qamalini to‘xtatib, asosiy kuchlarini Buxoro qo‘shinlariga qarshi qaratadi natijada Dabusiya qal’asida (hozigi Ziyovuddin stantsiyasi yaqinida) bo‘lgan jangda (1500) Shayboniyxon qo‘shinlari g‘alaba qozonadilar. Shundan so‘ng Shayboniyxon Buxoroga tomon shiddat bilan harakat qiladi va shaharni uch kun qamaldan so‘ng qo‘lga kiritadi. Shayboniyxon tomonidan Buxoroni qo‘lga kiritilgani haqidagi xabar Samarqandning hukmron doiralari orasida sarosima keltirib chiqaradi Samarqand hukmdori Sulton Ali Mirzodan norozi bo‘lgan amirlarning bir guruhi Andijonda  hukmronlik qilayotgan temuriy Bobur ixtiyoriga, ikkinchi guruhi, Sulton Ali Mirzoning Toshkentda hukmronlik qilayotgan akasi Uvays Mirzo yoniga ravona bo‘ldilar.

Voqealar rivojini sinchiklab kuzatib turgan Samarqand hokimi Sulton Ali Mirzo bu vaziyatda Shayboniyxon bilan muzokaralar olib borishni lozim topib, bir guruh o‘ziga yaqin kishilar bilan uning huzuriga tashrif buyuradi.

Shu tariqa Shayboniyxon 1500 yilda jangsiz Samarqandni birinchi marta egallaydi. Sulton Ali Mirzoni qatl etib, shaharni ayovsiz tarzda talaydi..

Biroq, Samarqand  ruhoniylarining ko‘zga ko‘ringan namoyondalaridan biri xo‘ja Abdulmakarim yordamida Bobur tez orada Samarqandni egallab, shayboniylarning shaharda qoldirilgan qo‘shinlarini va ularni tarafdorlarini qirib tashlaydi. Shundan so‘ng Bobur Shayboniyxon qo‘shinlarini ta’qib etishga kirishadi. Lekin 1501 yil aprelida Zarafshon daryosi bo‘yida Sariko‘l degan dashtdagi jangda talofat ko‘rib Samarqandga chekinadi. Bu erda 4 oy qamalda bo‘lib, oxiri 1501 yilning ikkinchi yarmida Samarqandni tashlab chiqadi va Toshkent hokimi Mahmudxon huzuriga ketadi. Shayboniyxon ikkinchi marta Samarqandni qo‘lga kiritib, uni ayovsiz taladiyu

Shayboniyxon Samarqandni qo‘lga kiritgach, 1503 yilda Sirdaryoning yuqori qismiga qarab yurish qildi. Bu erda (Toshkent hokimi) Mahmudxon, Bobir boshliq birlashgan kuchlarga duch keldi. Arxiyon yonidagi shiddatli jangda ular ustidan g‘alabaga erishib. Toshkent, Shoxruhiya, Farg‘ona shaharlarini qo‘lga kiritdi(1504).

Shayboniyxon 1505 yilda Xorazmni, Movaraunnahrning asosiy shaharlarini egallagach, Xurosonni va unga qarashli erlarni bosib olishni maqsad qildi.

Xuroson sultoni Husayn Boyqaro (Sulton Husayn) (1489-1506) o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Balx hokimi Badiuzzamon bilan birga Shayboniyxonga qarshi kurashmoqchi bo‘ladi. Lekin bu ko‘zlangan natijani bermaydi. Muhammad Shayboniyxon Hirotga qarshi yurish arafasida Husayn Boyqaroning ikki o‘g‘li  Badiuzzamon bilan Muzaffar Mirzo o‘rtasida taxt kurashi boshlanadi. Natijada Hirot taxtiga ular bir vaqtda podsho bo‘lib ko‘tariladilar. Bu Shayboniyxonga qo‘l keladi. Shayboniyxon qo‘shinlari 1504 yilda Xisravshoh hukmronlik qilgan Qunduz shahrini egalladi. 1507 yilda esa Shayboniyxon Xuroson poytaxti Hirotni egalladi, so‘ngra Astrabodni egalladi. Taxt talashgan aka-uka temuriylar esa biri G‘arbga, biri Sharqqa qochdi. Qisqa vaqt ichida Shayboniyxon Temuriylar erlari bo‘lgan Buxoro, Samarqand, Balh Mahshad, Nishopur, Kaba shaharlarini egalladi. U Sirdaryodan Afg‘onistongacha bo‘lgan erlarning hukmdori bo‘lib oldi. Faqatgina Sirdaryo  bo‘yidagi erlar Toshkent hukmronligida bo‘lsada, bular ham Shayboniyxonga yarim qaram edi. Xullas Shayboniyxon 8 yil ichida Timuriylar davlati hududlarini butunlay istilo qildi. Shayboniyxonning birin-ketin bergan harbiy zarbalari tufayli Temuriylar davlatining qulashiga olib kelgan asosiy sabablar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tish zarur bo‘ladi.

Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo Shayboniyxon hujumi arafasida o‘lkadagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yomonligi, mehnatkash xalq ommasining qashshoq hayoti ko‘chmanchi o‘zbeklar-g‘alabasining asosiy omillarida biri bo‘lganligini ko‘rsatib o‘tish zarurdir.

Ahvol shunga borib etgan ediki, Farg‘onadek eri serunum, dehqoni mirishkor yurtda o‘zbeklar hujumi kunlarida 3-4 ming askarni boqish uchun mablag‘ yo‘q edi.

Temuriylar o‘sha davrdagi og‘ir iqtisodiy ahvolini ular saroyida xizmat qilgan o‘z davrining zabardast shoirlaridan biri Binoiy  shunday hikoya bilan ifodalaydi: “Na egulik g‘allam bor va ne kiyimga g‘amlangan baxmalim bor. Eyadigani, kiyadigani bo‘lmagan kishi ilm va hunarga qanday urina olsin.”

Ana shunday og‘ir iqtisodiy ahvol sabab mamlakatda ko‘p ruhoniylar va ziyolilar Shayboniyxon tarafiga o‘tib ketgan edilar.

Tinib-tinchimagan Shayboniyxon 1508-1509 yillarda qozoq erlari ustiga yurish qildi va  erlarni egalladi. Natijada Shayboniyxon bir tomondan Kaspiy dengizi qirg‘oqlaridan Xitoygacha, ikkinchi tomondan Sirdaryo qirg‘oqlaridan Markaziy Afg‘onistongacha cho‘zilgan erga ega bo‘lgan yirik feodal davlatga ega bo‘ldi.

Bu bilan ham kifoyalanmagan Shayboniyxon 1510 yildan boshlab qolgan Xuroson erlarini bosib olishga kirishdi. Xuddi shu vaqtda. Ya’ni XV asrning oxirlarida Erondagi o‘zaro foodal urushlar natijasida xokimiyat tepasiga safafiylar sulolasining ko‘zga ko‘ringan vakili Ismoil Safaviy kelgan edi. Ismoil Safaviy Xurosonni Shayboniyxondan tortib olmoqchi bo‘ldi. Shayboniyxon bunga ko‘nmadi. Natijada Ismoil Safaviy Shayboniyxonga qarshi qo‘shin tortdi va 1510 y. dekabrda Marv yonidagi jangda Shayboniyxonning 17 minglik armiyasi qirib tashlandi. Shayboniy asirga  olinib kallasi kesildi va uni kallasidan shox Ismoil sharob ichadigan idish yasatdi.

Ismoil Safaviy butun Xurosonga ega bo‘lib chegaralari Ozarbayjondan Bog‘dodgacha cho‘zilgan Eron davlati xududlarini yanada kengaytirdi.

Shayboniyxon o‘ldirilgach, Xorazm xam Eron shoxi Ismoil qo‘li ostiga o‘tadi va Xorazmda Eronlik “qizilboshlar” xukmronligi boshlandi.

3.Buxoro amirligi. Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot

Buxoro iqtisodiy va madaniy markaz sifatida Shayboniylar  davridan boshlab kuchaya boshlagan edi. Shayboniylar sulolasining ko‘zga ko‘ringan namoyondalaridan biri bo‘lgan Ubaydullo Sulton 1533 yilda Shayboniylar sulolasining oliy hukmdori etib ko‘tarildi. 1512 yildan boshlab Buxoroning noibi bo‘lib turgan Ubaydulla Samarqandni boshqarib turgan Ko‘chkinchixon avlodlari bilan orasi yomonligi tufayli hokimiyatni Buxorodan turib boshqardi. Buxoro mamlakatning siyosiy-ma’muriy markaziga aylandi. Buxoro rasman xonlik sifatida Shayboniylardan bo‘lgan Abdullaxon II davrida 1557 yilda vujudga keldi. Abdullaxon 1557-1598 yilda hukmronlik qildi. Abdullaxon II o‘z oldiga ilgari, ya’ni Muhammad Shayboniy  davridagi Shayboniylar davlatining kuchli mavqeini tiklash niyatida Toshkent hokimlari, Xisor amirlari, Samarqand sultonlari bilan to‘xtovsiz urushlar olib bordi. Bu qonli urushlar sababli o‘lkada bo‘lib o‘tgan dahshatli voqealar Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asarida bayon etilgan.  Abdullaxon II o‘z hukmronligi davrida  olib borgan tinimsiz urushlar natijasida 1573 yilda Farg‘ona, 1574 yilda Shahrisabz, Qarshi, Hisor, 1578 yilda Samarqandni o‘ziga qaratgach, 1582 yili Dashti Qipchoq hukmdori Baroqxonning o‘g‘li Boboxonni ustiga ham yurish qildi va uning ustidan g‘alaba qozonib, Shohruxiya, Sayram, Ohangaron shaharlarini egalladi. Shundan so‘ng sal vaqt o‘tmay 1583 yilda Balx shahrini 1584 yilda esa Badaxshonni egalladi. Nihoyat 1595 yilda Xorazm ham. Abdullaxon II tomonidan bosib olindi. Shunday qilib,  Abdullaxon II  XVI asrning 90 yillarining boshlarigacha butun Markaziy Osiyo erlarini o‘z qo‘liga kiritishga muyassar bo‘ldi. Abdullaxon II Buxoroni o‘z  davlatining poytaxti sifatida ma’muriy, iqtisodiy hamda madaniy jihatdan har tomonlama rivojlantirdi. Uning davlati o‘zining iqtisodiy, harbiy va  madaniy qudrati jihatidan  o‘z davrining eng kuchli davlatiga aylandi. Shu bois bir qator dunyo mamlakatlarining  . Abdullaxon II davlatiga bo‘lgan e’tibori va qiziqishi ortib bordi. Bu o‘z navbatida . Abdullaxon II ning boshqa mamlakatlar bilan turli sohalardagi aloqalar o‘rnatilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berdi. Xususan, 1558  yilda Moskva knyazi Ivan Grozniy Antoniy Jenkinson boshchiligidagi o‘z elchilarini Buxoroga jo‘natadi. O‘z  navbatida . Abdullaxon II ham o‘z elchilarini Moskva knyazlari Ivan Grozniy va uning o‘g‘li Fedorlar huzuriga yuborgan. Bundan tashqari, . Abdullaxon II 1572, 1576  yillarda o‘z elchilarini Hindiston podshosi Akbarshoh huzuriga yuborib, bu  bilan Akbarshohni Eron shohi shoh Abbosga qarshi birgalikda kurashga tortishga harakat qiladi. O‘z navbatida Hindiston podshosi Akbar ham sovg‘a-salomlar bilan . Abdullaxon II ga o‘z sovg‘a-salomlarini yuborib turgan. Biroq,  Abdullaxon II hukmronligining so‘ng yillarida Buxoro uchun og‘ir kunlar boshlandi. Qozoq xoni Tavakkalxon Moskva podshosi Fedor Ivanovich vasalligiga o‘tib, uning yordamida Abdullaxon II ga qarshi kurash boshladi va tez orada Toshkent, Turkiston, Samarqand va Andijon shaharlarini egalladi.

1598 yilda o‘z o‘g‘li Abdumo‘min tomonidan, Abdullaxon II ni o‘ldirilishi Shayboniylar davlati inqtirozini yanada tezlashtirdi. Ammo, Abdullaxon II o‘lgach, xonlik taxtiga  1601 yilga kelib, uni 1753 yilgacha ya’ni 150 yildan ortiq boshqargan Ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasi vakillari Boqimuhammadxondan (1601-1605) tortib to Abulfayzxongacha (1711-1747) davrida Buxoro xonligida ijtimoiy-siyosiy ahvol yomonlashib, mamlakat yanada zaiflashdi. Natijada Eron shohi Nodirshoh 1740 yilda Buxoroni katta qismini bosib oldi va Buxoro taxtiga o‘z tarafdori Muhammad Hakim Otaliqni o‘tkazdi. Lekin, 1747 yilda Nodirshoh o‘lgach, otasining o‘rniga otaliq etib ko‘tarilgan Muhammad Rahim Ashtarxoniylar sulolasining oxirgi vakili Abulfayzxonni qatl ettirib, Buxoro taxtini egallaydi va 1753 yilda o‘zini amir deb e’lon qiladi. Xonlik esa shu vaqtdan boshlab amirlik deb atala boshlaydi.

Buxoro xonligida iqtisodiy hayot o‘ta og‘ir bo‘lgan. Bunga to‘xtovsiz urushlar va taxtda o‘tirgan xonu amirlarning ko‘pchiligining tuturuqsiz siyosati sabab bo‘lgan. XVII-XVIII  asrlarda  moliya tizimini asosini Buxoroda arablar istilosidan beri saqlanib kelayotgan xiroj(hosilni 5G‘1 dan 3G‘1 qismigacha bo‘lgan miqdorda er solig‘i va ushr (daromadning o‘ndan biri) tashkil etgan. Buxoro xonligida ham Xiva xonliklaridagi singari erlarning ko‘pchilik qismi davlat qo‘lida bo‘lgan. Buxoroda davlat erlari “Amloki podshohi” yoki “Amloki sultoni” deyilgan. Bunday erlar tarixda “Mulki devoni” nomi bilan atalib Buxoro va Xorazm xonliklarida to oktyabr to‘ntarishigacha saqlanib keldi. Xonlikda erning ikkinchi turi “Mulk erlari” va uchinchisi “Vafq” erlari bo‘lgan. Barcha xonliklardagidek Buxoro xonligida ham sud hukmron sinflar-boy feodal sinflari qo‘lida zulm va ekspluatatsiya quroli edi. Hamma qozilar tepasida oliy qozi (qozi kalon) turgan. U amir tomonidan tayinlanib, davlatdagi hamma qozilar ishi ustidan nazorat qilgan.

Sud jarayoni islom shariati asosida olib borilgan. Sudning chiqargan hukmi o‘zgarmas bo‘lgan. Chunki uning hukmini boshqadan ko‘rib chiqadigan tashkilot bo‘lmagan. Qizig‘i shundaki, sud jarayonida ikkita ayolning sudga bergan ko‘rsatmasi bir erkakning ko‘rsatmasiga teng bo‘lgan. Jazolar turlicha bo‘lgan faqat chiqarilgan o‘lim jazosi ijrochi uchun qozilar amirdan ruxsat olishlari zarur bo‘lgan.

Xonlikda davlat daromadining ko‘p qismi savdodan olinadigan to‘lovlar hisobiga yaratilar edi.

Buxoro xonligida qo‘shinlar muntazam bo‘lmay, lozim bo‘lganda xonning maxsus farmoniga asosan to‘planadigan o‘z shaxsiy gvardiyasiga ega bo‘lgan. Ular ko‘proq o‘zga davlat qullaridan (ruslar va qolmiqlardan) tashkil topgan. Buxoro amirligida qo‘shinlar soni XIX asrning 60 yillariga 10-11 ming kishi bo‘lgan.

XIX asr boshlarida Buxoro xonligida 36000 ming navkari bo‘lgan. Ularning bir qismi Buxoroda,  qolganlar xonlikning boshqa erlarida yashab amirdan “tanho” sifatida olgan er va dehqonlariga ega bo‘lganlar.

Buxoroda artilleriya deyarli yo‘q bo‘lsa, 13 ta stanoksiz mis to‘pi bo‘lgan. Shulardan bittasidan bayramlarda otilgan.

Buxoro xonligida bu davrdagi madaniyat haqida gapirilganda shuni aytish kerakki, o‘zaro urushlar madaniyatni ham og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Xonlikda aqidaparastlik avj oldi. Bu erda 300 masjid 50 dan ortiq madrasalar bo‘lsa, ular maorifni rivojlantirishga etarlicha hissa qo‘sholmadi.

Xonlikda ana shu davrda matematika, astronomik sohalarida yirik olim Mullo Tursun Faroziy, musiqachi Kavkabiy, yirik falsafashunos olim mullo Yusuf Qorabog‘iy (1644-1648) va boshqalar yashab ijod etgan.

Tarix sohasida hali qator ishlar qilingan. Ashtarxoniylar inqirozi haqida ularning so‘ngi vakillaridan bir nechalarini ayanchli o‘limi haqida kuylovchi “Muqimxon tarixi”, “Ubaydulloxon tarixi” kabi tarixiy asarlar yozilgan. Xonlikda ayniqsa, Subhonqulixon davrida (1680-170  ) maxsus madrasa-shifoxona tashkil etilgan, uning o‘zi Nishoniy taxallusi bilan she’rlar yozgan, ko‘p olim fuzololarni, shoirlarni to‘plagani haqida ma’lumot bor.

Subhonqulixon davrida Turdi va Maxmur kabi shoirlar ijod etgan. 1682 yilda Muhammad Vali Samarqandiy degan shoir “Muzakkirul ashob” majmuasini tuzib unda shu davrda yashab ijod etgan 200 dan ortiq adabiyot arboblarining tarjimai holini bergan.

Muhammad Balxiy “Subhonqulixon” asarini, Mirmuhammad Amin “Ubaydulloxon” asarini yozdi. Shu davrda XVII asr shoirlaridan Sayido Nasafiy G‘ofir Samarqandiy (attor), Masiho (temirchi),  Manzur Samarqandiy (etikdo‘z), Mulla Sarafroz, Fitrat kabi demokratik shoirlar yashab o‘tgan.

Shoir Turdi Subhonqulixonni xalqqa qarshi siyosatini fosh etuvchi she’rlar yozgan. Xalqni xon hokimiyatiga qarshi kurashga chaqirgan. Bu davrda So‘fi Olloyor va Mashrab yashab sufiylik g‘oyalarini ilgari suradi. Sufiylar tasavvufning 4 qoidasi: Shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqatga amal qilishni ilgari suradilar. Ular tangriga bo‘lgan muhabbatlarini,  she’rlarda izhor etadilar. Shuningdek, ular inson, mahbub,  moddiy dunyo  noz ne’matlaridan bahramand bo‘lish haqida kuylaydilar.

Me’morchilik ohasida ham ancha ish qilinadi. Samarqanddagi Registon atalmish bosh maydon shu davrda shakllanadi. Shu davrning eng boy kishilaridan bo‘lgan Yalangto‘shbiy, Sherdor va Tillaqori madrasalarini qurdirdi. Xo‘ja Ahror qabri oldida madrasa va nomozgoh qurildi. Abdulazizxon davrida(1645-1680) bir qancha madrasalar qurildi.  Hali XVI asrdayoq Buxoro o‘zining ajoyib rassomlari, husnihatchilari bilan shuhrat qozongan edi. Qulyozmalarni husnihat qilib ko‘chirish, miniatyuralar yozish, avjiga chiqqan edi. Bu davrda Buxoroda yashab ijod etgan rassom Shayxzoda Mahmud, Abdullolar  o‘z davrining atoqli husnihatchilari edi.

Muhammad Rahimdan keyin Buxoro taxtida mang‘itlar sulolasidan Shohmurod, Haydar, Nasrullo, Muzaffar, Abdulahad, Olimxonlar o‘tirishdi. Ularning har biri hukmronlik qilgan yillar o‘ziga xos  murakkab ziddiyatli xususiyatlarga ega. Buxoro xonligi 1920 yil 2 sentyabrda bolshevoylar tomonidan ag‘darildi.

4.Xiva xonligi.

Xorazmda 1511 yilda Eronlik “qizilboshlarga” qarshi fitna uyushtirildi. O‘z vaqtida Abdulxayrxonga qarshi chiqqan Xorazmdagi o‘zbek urug‘lari o‘sha Qipchoq Dashtida Shayboniylar bilan yonma-yon yashagan va ular bilan nodo‘stona munosabatda bo‘lgan Berka sultonning ikki o‘g‘li Elьbarsxon bilan Bilьbarsxonni Xiva taxtiga yashirincha taklif qiladilar. Aka-ukalar bu takliflarga ko‘ra Xivaga keladilar. Xiva xalqi “qizilboshlarni”  g‘darib Elьbarsxonni xon etib ko‘tardilar. Bu voqea 1511 yilda sodir bo‘ladi. Xonlik tasarrufiga Xorazm-Amudaryo etaklaridagi qadimiy dehqonchilik vohasi, Mang‘itqishloqning Abulxon tog‘lari Mashhadi Mirsiyon va O‘zboy atrofidagi hududlar kirgan. Elьbarsxon tez orada Xorazm erlarini shimoliy Xurosonning kattagina erlari, Amudaryoning o‘ng sohilidagi erlar va Turkistonning janubiy erlarigacha bo‘lgan erlar hisobiga kengaytirildi. Va ana shu hududda Xiva xonligiga asos soldi. Xonlikning  poytaxti  dastlab Vazir shahri, keyin Ko‘hna Urganch va Xiva bo‘lgan.

Biroq, 1511 yilda Elьbarsni Xiva xonligiga asos solgan bo‘lsada, uning o‘zining davridayoq xonlik bir necha feodal egaliklarga bo‘lingan bo‘lib, ularni boshqarayotgan shahzodalar o‘rtasida uzluksiz feodal urushlar bo‘lib turdi. Ayniqsa, bu urushlar 1538 yilda Elьbarsxon o‘lgach (Elьbarsxon 1511-1538 yilda hukmronlik qilgan) uning vorislari davrida kuchayib ketadi. Buning ustiga Xiva xonligiga qarshi Shayboniylardan Ubaydullaxon (1538)  yurish qildi va Xiva xoni Avaneshni o‘ldirib, o‘rniga o‘z o‘g‘li Abdulazizni o‘tkazadi. Uning davrida yana feodal urushlar ko‘payadi. Buni ayniqsa Xiva taxtida Arab Muhammad (1602-1643) o‘tirgan  davrda yaqqol ko‘rish mumkin edi. Qisqasi XVI  asr 40-yillaridan boshlab Xiva xonligida o‘zaro kurashlar, ayniqsa xonlikdagi o‘zbeklar bilan turkman urug‘lari o‘rtasidagi ziddiyatlar, qolaversa atrofdagi  qozoq va qalmiqlarni hujumlari xonlikni   zaiflashtirdi. Xonlikdagi bunday og‘ir ahvoldan foydalangan Buxoro xonlari Subhonqulixon (1680-1702) va Eron shohi Nodirshohlar (1740) Xiva taxtini o‘z qo‘llariga kiritadilar. Biroq Xiva xonligida bundan keyin ham tinchlik bo‘lmadi. Bu erda Eron hukmdorlariga qarshi tez-tez g‘alayonlar ko‘tarilib turdi. Bundan foydalangan o‘zbek qabilalaridan biri-Qo‘ng‘irot urug‘ining boshlig‘i Muhammad Amin Inoq xonlik taxtini egallab, xonlikda yangi-qo‘ng‘irot  sulolasiga asos soldi.

Xiva xonligida (XVI asr ) boshqaruv tizimi juda murakkab bo‘lib, urug‘chilikka asoslangan byurokratik tizim mavjud edi. Xivada boshqa xonliklardan farqli o‘laroq inoq degan lavozim bo‘lib, bu lavozimni egallagan odam xondan keyingi odam hisoblanib, amir-ul-umaro, ya’ni hukmdorlar hukmdori deb atalardi. Xonlikda devonbegi ham bo‘lib, u xonning o‘zidan keyingi amaldor hisoblanardi. Yana qo‘shbegi degan lavozim bo‘lib, unga xonlikning janubiy qismidagi o‘troq aholi buysunardi. Bu erda xon, vazir va qushbegidan tashqari yana 5 kishidan iborat xon maslahatchilari (ular urug‘  boshliqlaridan tuzilardi) bo‘lgan har urug‘ boshliqlaridan (inoqlar va otaliqlar) 2 kishi davlat boshqaruviga kirgan.

Xiva xonlik boshqaruvida yasovullar shtati bo‘lgan. Yana yuzboshi, mingboshi kabi amaldorlar bo‘lgan. Yana joylardagi amaldorlar o‘zlarining quyi boshqaruv tizmlariga ega bo‘lib, o‘z erlarini mustaqil boshqarishgan. Xonlik o‘z navbatida okruglarga bo‘lingan bo‘lib, ularni hokimlar va qozilar boshqargan. Xonlikda yashovchi turkman, qozoq va qoraqalpoqlar hokimlarga buyso‘nmay, faqat o‘zlarining urug‘ boshliqlariga itoat qilganlar. Turkmanlarda ular bek hamda vakillar deyilsa, qoraqalpoq va qozoqlarda biy deb atalganlar. Xonlikda din ahllari: so‘filar, shayxlar katta hurmat e’tiborga ega bo‘lganlar.

Xonlikda XIX asr  1 yarmida ham feodal munosabatlarning rivojlanib borishiga qaramay, o‘tmish patriarxal hayot qoldiqlari saqlanib qolayotgan edi. Er hamda suv xon, yirik feodallar qo‘lida edi. Ayrim  feodallar qo‘li ostidagi erlar 15 ming tanobni tashkil qilganda,  oddiy jamoa a’zosi bo‘lgan dehqonning eri 1-2 tanobdan oshmas edi.

Rus elchisi ((Moskva) Ivan Xoxlov ma’lumotiga ko‘ra XVII asrda xon qo‘shinlari soni 15 mingdan 30 minggacha bo‘lgan.

Xiva xonligi iqtisodini bu davrda og‘ir soliqlardan tushgan pullar tashkil qilgan. Iqtisodiy hayot xonlikda juda og‘ir bo‘lgan.  Xiva xonligida erning bir qismi hukmronlik qildayotgan sulola a’zolariga (to‘ralarga),  shuningdek harbiy boshliqlarga (sarkardalarga) hamda vaqf erlari sifatida masjid-madrasalarga berilgan. Bu erlarda ishlovchi ijarachilar “bevatanlar”, “yarimchilar” deb atalganlar. Oddiy  mehnatkash xonga “salgut” deb atalgan og‘ir er solig‘ini to‘lagan. Yana “begar”deb atalgan  majburiyat bo‘lib, bunga asosan har bir xonadondan bir kishi 12 kun davomida xonga ishlab bergan. Aholining dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan qismi suvni etishmasligidan azob chekkan. Boylarning erlarida qullar ishlab zilgan. Shahardagi hayot bu davrda og‘ir bo‘lgan. Shahar aholisi hunarmandchilik, ayrimlari dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Bug‘doy, arpa ekkan, qurt boqishgan. Savdo kam rivojlangan. Chunki qaroqchilar hujum qilib turgan. Savdoni og‘ir ahvolga tushishi shahar aholisi hayotini yomon ahvolga tushirib qo‘yganini 1558 yilda xivani kuzatgan Jenkinson yozadi.

1573-1575 yilda Amudaryo o‘z izini o‘zgartiradi natijada eski izi atrofidagi joylashgan qishloq va shaharlarda hayot to‘xtaydi. Odamlar eski Urganchdan, yangi Urganch janubroqqa o‘tib yashaydigan bo‘ladi.

Amudaryo eski o‘zanini qurishi xonlik markazini Xivaga ko‘chishiga sabab bo‘ladi.

Amudaryo o‘zanini o‘zgarishi mamlakat iqtisodiy hayotiga katta ta’sir qildi. Xonlik xazinasi bo‘shab, hatto amaldorlarga ham yillab oylik to‘lanmay qoldi.

Qishloq xo‘jaligida asosan qo‘l mehnatidan foydalanilgan. Mehnat qurollari qoloq bo‘lgan. Bu o‘z navbatida xonlikda iqtisodiy ahvolni yomonligiga sabab bo‘lgan Har uch xonlikda, jumladan Xiva xonligida ham o‘z puli bo‘lgan. Bu pullar oltin, kumush tangalar va mis puldan iborat bo‘lgan.

XVIII  asr boshlariga kelganda iqtisodiy tushkunlik vujudga keldi. Bunga sabab shu davrda o‘zbeklar bilan turkmanlar o‘rtasidagi to‘xtovsiz urushlar, Buxoro xonlarining Xiva xonlari ichki ishlariga aralashuvi,  Qozoq qolmiqlarini to‘xtovsiz hujumlari, Eron shohi Nodirshohni Xorazmni 1740 yilda bosib olishi (Elbarsxon davrida) bo‘ldi.

Bundan foydalangan Petr 1 1714-1717 Xorazmga Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasini yubordi. Bu vaqtda Xiva taxtida Sherg‘ozi xon o‘tirgan edi. (1715-1718 yillar)

Xiva xonligida aholi XIX asr I yarmida 350000-500000 ni tashkil qilgan. Asosiy qismi o‘troq aholi edi. Bir qismi chorvachilik bilan shug‘ullangan.

Buxoro amirligida sotsial-iqtisod va madaniy hayot haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, shuni alohida ta’kidlash zarurki, davlat tuzumi

1804 yilda Qo‘ng‘irot inoqlari yirik vakillaridan biri Muhammad Rahimxon Xiva taxtini egallab, 1806-1825 yillar davomida xonlik qiladi. Uning davrida xonlik har taraflama kuchayadi va markaziy hukumat mustahkamlanadi. Lekin uning vorislari Muhammad Eminxon, Qutlimurod, Olaqullilar davrida Xiva xonligidagi ahvol yana murakkablashdi. Xiva xonligi 1920 yil fevralida bolьshevoylar tomonidan ag‘darildi.

5.Qo‘qon xonligi. Ijtimoiy-siyosiy va madaniy xayot.

O‘rta Osiyoda eng keyin vujudga kelgan xonlik bu Qo‘qon xonligi edi. Xonlikka 1710 yilda ming qabilasidan chiqqan Shohruhbiy asos soldi. Bu erda shuni alohida qayd etish zarurki, Shayboniylardan so‘ng Buxoro taxtiga o‘tirgan Ashtarxoniylar sulolasi davrida shu sulola vakillarining taxt uchun o‘zaro kurashlar tufayli Buxoro xonligi iqtisodiy va siyosiy jihatdan ancha nochor ahvolga tushib qolgan edi. Bundan foydalangan Farg‘ona XVIII asr boshlaridayoq Buxorodan mustaqil bo‘lib ajralib chiqdi. Bu erda dastlab hokimiyatni Chodak qishlog‘i xo‘jalari qo‘lga kiritdi. 1710 yilda esa xo‘jalardan hokimiyatni o‘zini Chingizxon avlodidan deb hisoblagan, o‘zbeklarning ming urug‘idan bo‘lgan Shohruhbiy oladi. Qo‘qonning birinchi xoni Shohruhbiy 1710-1721 hukmronlik qiladi.

Minglar tez orada o‘z qo‘llariga Sirdaryo bo‘yidagi erlarni hamda Ettisuvning bir qismini kiritadilar va ana shu hududda Buxorodan mustaqil yangi davlatga ya’ni xonlikka asos soladilar. Shohruhbiy o‘z davlatining poytaxti etib, Qo‘qon shahrini tanlaydi. Bu shahar arab sayyohlarning xabariga ko‘ra juda go‘zal va bahavo shahar bo‘lib,  Huqand yoki Havoqand qishlog‘i o‘rnida qurilgan.

Qator tarixiy ma’lumotlar jumdladan tarixchi Abdulkarim Buxoriyning qoldirgan ma’lumotlariga ko‘ra  “Farg‘ona” deb atalgan bu mulk ayniqsa Shohruhbiyning o‘g‘illari Muhammad Rahimbiy (1721-1740) va Abdukarimbiy (1740-1760) hukmronligi davrida iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan ancha rivojlanadi. Bu davrda uning hududlari kengayib, Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon kabi shaharlarda savdo-sotiq va hunarmandchilik rivojlanadi.

Norbutabiy (1769-1800), Olimbek (1800-1809) Umarxon (1809-1822) hukmronligi davrida esa xonlikka atrofdagi  erlarni qo‘shib olish shuningdek, markaziy hokimiyatni kuchaytirish maqsadida joylardagi  feodallar va beklarning o‘zboshimchalik hatti-harakatlarini bostirishga qaratilgan ishlar olib borildi.

Masalan, Norbo‘tabiy o‘z hukmronligining dastlabki yillaridayoq Chust va Namangan hokimlarining markaziy davlatga buysunmay o‘zboshimchalik bilan siyosat olib borishlariga qarshi shiddatli kurash boshladi va uni g‘alaba bilan yakunladi. Shundan so‘ng yana bir o‘zboshimcha hukmron-Xo‘jand hokimi ustiga yurish uyushtirilib, uning ustidan ham g‘alaba ta’min etilib, ancha yillar davomida Buxoro amirligiga buysunib kelgan bu shahar Qo‘qon xonligiga uzil-kesil qo‘shib olindi.

O‘zining to‘xtovsiz urushlari va qattiqqo‘llik bilan olib borgan siyosati tufayli Qo‘qon xonligining ham hududiy ham siyosiy jihatdan qudratini yuksaltirgan Olimxon 1809 yilda fitna yo‘li bilan o‘ldirilgach,  shu fitnada faol  qatnashgan uning ukasi Umarxon xonlik taxtiga o‘tiradi. Umarxon o‘zining xonlik yillarida Buxoro amirligiga qarashli Turkiston erlarini bosib olish uchun urush olib bordi. U bu bilan chegaralanib qolmay, Sirdaryoning yuqori qismida yashovchi qozoqlar ustiga ham yurish qilib, ularni ham o‘z hududiga qo‘shib oladi. Toshkent, Buxoro, Xiva yo‘llari kesishgan joyda Oqmachit qal’asini qurdirdi. Uning davrida xonlik har taraflama yanada kuchaydi. Buni sezgan Umarxon o‘ziga “Amir al-Muslimin” unvonini  berilishini talab qildi va bunga erishdi. Natijada u o‘z nomini juma nomozda xutbaga qo‘shib o‘qitish hukmiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari uning nomi bilan tanga pul ham zabt etildi.

Umarxon o‘lgach xonlik taxtini uning 12 yashar o‘g‘li Muhammad Ali (1822-1842) egalladi. Uning davrida xonlikda bir qator mavhum voqealar sodir bo‘ldiki, bular xonlikni uning aholisini keyingi hayotiga har taraflama salbiy ta’sir qilmay qolmadi. Gap shundaki, Muhammad Alixon 1829 yillar davomida Sharqiy Turkiston va Qoshg‘arga, hamda Qorategin tojiklari ustiga muvaffaqiyatli har-xil yurishlarni amalga oshirdi va  o‘ziga “G‘oziy” ya’ni din yo‘lida kurashuvchi degan nomni oldi. Biroq, shunga qaramasdan mamlakatdagi din peshvolari ichida uning dushmanlari ham ko‘p edi. O‘sha din peshvolari Muhammad Alini shakkok, xudodan qaytgan deb e’lon qilishdi va  uning ustidan Buxoro amiri Nasrulloga arz qilishdi. Buxoro amiri tomonidan 1840  yilda Qo‘qonga yuborilgan elchi Muhammad Alixonni o‘gay onasiga uylangani sababli kofir deb e’lon qilingan degan gapni olib keldi. Shundan keyin xonligi va Buxoro amirligi o‘rtasida urush kelib chiqadi. Urushda Qo‘qon xoni engilib, Xo‘jand shahrini Buxoroga topshirishga majbur bo‘ladi.

1842 yilda Qo‘qonda Muhammad Alixon uning zulmiga qarshi xalq qo‘g‘oloni boshlanadi. Buxoro amiri Nasrullo bundan foydalanib, Qo‘qonga lashkar tortib boradi, Qo‘qonni qo‘lga kiritib, 3 kun talon taroj qiladi va Qo‘qon xoni Muhammad Alixonni, uning onasi o‘z zamonasining ajoyib shoirasi Nodirabegimni yosh o‘g‘li  Muhammad Aminni  bir qancha saroy xizmatchilari bilan birgalikda xalq ko‘zi oldida qatl ettiradi, Qo‘qon Buxoroga qo‘shib olinadi. Biroq 3 oy o‘tgach 1842 yilning yozida Qo‘qonda Nasrulloga qarshi qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilib, uning hokimiyati ag‘darilib tashlanadi.

Shundan keyin, Qo‘qon taxtiga sobiq Qo‘qon xoni Olimxonni Talasda yashayotgan jiyani Sherali taklif etildi va u 1842-1845 yillar davomida xonlik qildi.

Biroq, 1845 yilda Sheralixon bilan uni taxtga ko‘tarilishiga sababchi bo‘lgan qipchoqlar o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat tufayli Sheralixon o‘ldiriladi. Taxtga uning 13 yashar o‘g‘li Xudoyorxon qo‘yiladi. Xudoyorxon 1868 yili Chor Rossiyasi bilan sulh tuzib, amalda uning vassaliga aylandi. Xudoyorxonni Chor Rossiyasi bilan yaqinlashishiga qaratilgan sotqinlik siyosati va uning xonlikdagi zulmi xalqning g‘azabini uyg‘otadi. Natijada unga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari boshlanadi. Ana shunday qo‘zg‘olonlardan eng kattasi 1872 yildan to 1878 yilgacha davom etgan Po‘latxon va Abdurahmonxon Oftobachi boshchiligidagi qo‘zg‘olon boshladi. Bu qo‘zg‘olonlardan qochib Xudoyorxon Toshkentga chor generallari oldiga yordam so‘rab keladi. Chor generallari oq podshoning farmoni bilan 1876 yil  19 fevralda ja’mi taxtida 16 ta xon hukmronlik qilgan Qo‘qon xonligi tugatilib, Farg‘ona general-gubernatorligiga qo‘shib yubordilar.

Qo‘qon xonligidagi ijtimoiy-siyosiy ahvol va madaniy hayot ham o‘ziga xos bo‘lgan. Xonlik hududidagi bir tomondan Sirdaryo bilan Qorategin o‘rtasida joylashgan Farg‘ona viloyatidan torib to Turkistongacha, ikkinchi tomondan Qoshg‘ardan to Balxash ko‘llarigacha bo‘lgan katta erlar kirgan. Xonlik aholisi o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, yahudiylar, afg‘onlar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, uyg‘urlardan tashkil topgan. Xonlik tashkil etilgan vaqtda unda yashovchi aholining umumiy soni 1,5 2 mln kishini tashkil etadi. Qoraqalpoqlar gilam to‘qish bilan tanilgan. O‘zbeklar, tojiklar asosan dehqonchilik, shuningdek kosibchilik bilan shug‘ullansalar,  qirg‘iz va qozoqlar chorvachilik, qoraqalpoqlar gilam to‘qish bilan band edilar. Yahudiylar, hindi, afg‘on va boshqa xalqning vakillari esa savdo bilan shug‘ullanganlar. Yahudiylar yana musallas tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Qo‘qon xonligida dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi suvdan foydalanishni mukammal egallaganliklari bilan ajralib turar edilar. Bu erda sun’iy sug‘orish ishlari  keng ko‘lamda olib borilgan.

Dehqonchilikda bug‘doy, arpa, tariq, jo‘xori, sholi, mosh, loviya, paxta va boshqa ekinlar ekilib, ulardan yaxshi hosil olingan. Er egaligining asosan 4 turi mavjud bo‘lgan: Birinchisi, xiroj erlari (zamini xirojiy) asosiy er egalarining erlari. Ikkinchisi, davlat yoki amlok erlari (zamini davlat, zamini amlok) bu xon ixtiyoridagi erlar bo‘lgan. Uchinchisi xususiy erlar bo‘lgan, erlar ichida o‘rtachasi hisoblangan ya’ni, xon erlaridan keyingi o‘rinda turgan,  (mening fikrimcha), bu erlar xonning maxsus farmoyishi bilan berilar edi. To‘rtinchi, vaqf erlari, bu erlar diniy muassasalarga qarashli edi, unda asosan ruhoniylar foydalanar edilar.

Xiroj erlari er egalari, xususiy erlar bo‘lib, undan olingan soliq xiroj deb atalar va hosilning 1G‘5 qismidan to 1G‘8 qismigacha tashkil qilar edi. Xorijning bir qismi hamma xonliklardagi kabi bu erda ish bilan olingan.

Amlok erlaridan xon xon ba’zan ayrim kishilarga taqdim etar, bunday erlar tanho deb yuritilar edi. Bu erlardan soliq yig‘ish huquqi tanhodorlarga berilar edi. Tanhodorlar o‘z erlarini boshqalarga ijaraga berishga yoki o‘zlari bevosita soliq yig‘ish huquqiga ega edilar.

Xususiy erlar xon tomonidan  ayrim kishilarga u yoki bu xizmati uchun maxsus yorliq bilan berilar va bunday erga ega bo‘lgan shaxslar hamda jamoalarning bari soliqdan ozod qilinar edi. Bunday erlarni “mulki hur” deb atalar edi. Undan tashqari, “zamini ushri” deb yuritiladigan erlar ham bo‘lgan. Ulardan hosilning 1G‘10  qismi barobarida soliq olinar edi. Rasmiy soliqlardan tashqari  yana turli xil favqulodda soliqlar bo‘lgan, bunga misol qilib kumush solig‘ini olishimiz mumkin.

Rasmiy soliqlardan tashqari yana boshqacha qilib aytganda, markaziy soliqlardan tashqari dehqonlar yana rayon boshlig‘i uchun kafson dorug‘a, amir uchun,  qishloq oqsoqoli uchun, mushtak degan soliqlar to‘lar edilar. Amlokdorlar kelguncha dehqonlar hosilni yig‘ishtirib, o‘rib olishga haqlari yo‘q bo‘lgan, hamda soliq yig‘uvchilar kelib hosilni taxminiy hisoblab chiqar edilar va shunga qarab olinadigan soliq miqdorini belgilab chiqar edilar. Ular dehqonlarni hohlagancha talash huquqiga ega bo‘lganlar.

Uy hayvonlari uchun yaksara solig‘i ham dehqonlar buynida edi. Bu soliq misol uchun bir juft ho‘kiz yoki ot uchun bir botmon bug‘doy barobarida olinar edi. Bu soliq misol uchun bir juft ho‘kiz yoki ot uchun bir botmon bug‘doy barobarida olinar edi. Beda ekiladigan maydonlardan alaf puli solig‘i olinganligi haqida ma’lumot bor. Ko‘chmanchi qirg‘izlar 40 bosh qo‘ydan 1 qo‘y soliq to‘lashgan.

Bunday soliqlardan tashqari, yana urush vaqtlarida xon sayohatga chiqqanda, xonga sovg‘a berish vaqtlarida aholidan juda ko‘plab soliqlar olinar edi. Shahar aholisi uchun soliq uylar, ishxonalar va do‘konlar miqdoriga qarab belgilangan.

Hunarmandlar ikki tabaqadan iborat bo‘lib,  yuqori tabaqani ustalar, quyi tabaqani shogirdlar, hammollar, kunbay ishlovchi ustalar tashkil qilar edilar.

Asosiy hunar xillari ip va ipak matolar tayyorlash, temirchilik, egar-jabduq yasash. Buyoqchilik, misgarlik, zargarlik, duradgorlik, arava va omoch yasash, mum ishlash, pista ko‘mir tayyorlash, qamish tomlar yasashdan iborat bo‘lgan. Qo‘qonda xonga qarashli porox ishlash va qog‘oz tayyorlash korxonalari bo‘lgan.

Qo‘qon xonligi hududida er osti boyliklari ham ko‘p bo‘lgan va shular jumlasidan, Namanganda oltin, Andijonda kumush va qo‘rg‘oshin, Tyan’-Shanning Shimoliy tarafida, Qoratog‘da biroz mis va temir rudalari olingan. Selitra Chakkiso‘z, O‘ratepa,  Xo‘jandda, oltingugurt La’likon, O‘ratepada uchrar edi. O‘sh va Namanganda toshko‘mir olinar edi. XIX asrda Qo‘qon shahrida ip gazlama to‘qish markazlashdi, jun ishlash Toshkentda, temir asboblar Namanganda markazlasha bordi. Soliq, asosan naturada bo‘ldi va shu bilan birga pul bilan ham soliq to‘lanadigan bo‘lib qoldi.

Rossiya bilan savdo aloqalari rivojlandi. Rossiya O‘rta Osiyo o‘z navbatida, paxta, jun, chorvachilik, bog‘dorchilik mahsulotlari etkazib bergan.

Qo‘qon xonligi o‘zining atrofdagi boshqa  xonliklar bilan o‘zaro savdo munosabatlari olib borardilar. Qo‘qon xonligi Buxoroga meva, ipak chiqarar edi. (Xitoy mollari ham shu jumladan), Buxoro esa o‘z navbatida paxta, jun, yupqa matolar, rus chiti  kabi mollarni berardi.

Qo‘qon xonligida davlatni boshqarishda ham boshqa xonliklarga qaraganda ayrim o‘ziga xos xususiyatlar bo‘lgan.

Xonlikda xondan keyingi asosiy amaldor mingboshi bo‘lganki, u huquq va vazifasi jihatdan Buxoro xonligidagi Qushbegiga teng bo‘lgan. Qo‘qon xonligining ma’muriy-siyosiy sohasida  bevosita xon tomonidan Toshkentni idora etish uchun saylanadigan beklar begini ahamiyati katta bo‘lgan.

Qo‘qon xonligida muhtasib lavozimi ham bo‘lib, u Xiva va Buxoro xonliklaridagi rais vazifasini bajargan.Qo‘qon xonligida muhtasib zimmasiga yana aholining xulq-atvori, yurish turishi hamda shariat, savdo-sotiq, talablarini bajarish ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Xonlikda mirshablar, ya’ni, qo‘rboshilar bo‘lib, ular kechqurun bozorlar va osoyishtalikni saqlash bilan band bo‘lganlar.

Qo‘qon xonligi viloyatlarga bo‘linar. Viloyatlar bekliklarga bo‘linar, bekliklar esa o‘z navbatida aminlik va oqsoqollikka bo‘linar edi. Viloyatlar ustidan hokimliklar, bekliklar ustidan beklar, oqsoqolliklar ustidan oqsoqolllar, aminliklar ustidan aminlar hukmronlik qilar edi. Xon mamlakat ustidan asosiy boshliq hisoblanar, biroq mamlakatning davlat ishlarini olib borish uchun davlat kengashi tashkil qilinar edi. Xon kengashiga har turli unvonga ega amaldorlar kirar (shu jumladan ruhoniylar ham). Xon kengashining ba’zi a’zolari ba’zi bir viloyatlarning hokimi hisoblanar edi. Biroq, ular o‘z viloyatlarida bo‘lmasdilar. Boshqa hokimlar viloyatlarda, ya’ni o‘z erlarida yashardilar. Xon oldiga faqat sovg‘alar topshirish va ayrim xizmat ishlari uchun kelardilar. Qishloqlardagi aminlar va oqsoqollar viloyat hokimlari tomonidan tayinlanar, aholini ba’zi sudga doir ishlarini qarash huquqiga ega edilar.

Asosiy sud organi qozi hisoblanib, ularni xonning o‘zi tayinlar edi. Qozilar ham diniy, ham fuqarolik ishlarini ko‘rar edilar. Qozilar hatto o‘lim hukmini chiqarishga ham huquqli edilar.

Xonlikda mingboshidan keyin qushbegi, dodhoh, ponsodboshi va parvonachi deb atalgan amaldorlar turganlar. Ular viloyatlar ustidan hukmronlik qilganlar, urush vaqtlarida  qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilganlar, tinchlik vaqtlarida  xon kengashida qatnashib, davlat ishlarini hal qilganlar. Xonlikda armiya asosan otliqlardan iborat bo‘lib, ular faqat urush holatlaridagina chaqirilgan. Ularda na qattiq harbiy intizom,  na bir xil harbiy kiyim bo‘lgan.

Harbiy qismlar asosan viloyat hokimlarining qo‘lidagi qo‘shinlardan tashkil topgan. Harbiy qismlar asosan viloyat hokimlarining qo‘lidagi qo‘shinlardan tashkil topgan. Harbiy qimlar 3 ga bo‘linar edi: Sipoh (kavaleriya), Sarboz (piyoda askarlar), To‘pchi (artilleriya). Sipohlar otliq askar bo‘lib, xon gvardiyasi yoki viloyat hokimlar qoshidagi harbiy qismlar sostaviga kirar edi. 1830 yilda Qo‘qon xonligining eng yirik harbiy qismi Toshkent otryadida 15 ming sarboz bo‘lgan. Qo‘qon xonligi qo‘shinlarining qurollanish darajasi Buxoro xonligiga qaraganda yomonroq bo‘lgan. XIX asrning  50-yillarida xonlik qo‘shinlarining 1G‘7 qismigina pilikli miltiqlar bilan qurollangan bo‘lib, butun xonlikda 100 ga yaqin misdan quyilgan zambaraklar bo‘lgan xolos. Boshqa xonliklardagi kabi erlar asosan boylar, amaldorlar, o‘ziga to‘q mehnatkashlar, diniy xodimlarning qo‘lida edi. Erga ega bo‘lmagan dehqonlar boylar va katta er egalarining qo‘lida og‘ir sharoitlarda ishlar edilar. Ana shunday dehqonlarni chorakorlar der edilar.  Chorakorlar hosilni yiqqanlaridan keyin 1G‘5 qismini  xirojga va yollangan ishchi kuchiga to‘lagandan so‘ng ¼ qismini o‘ziga olib qolar edi. Agar paxta yoki juxori  ishlab chiqarilgan bo‘lsa, haligi to‘lovlardan so‘ng, 1G‘3 qismi unga qolar edi.  Qo‘qon xonligida yashovchi Nalivkin va Nalivkinalar u erdagi aholini hayoti haqida gapira turib shunday deyishgan. “Ular ochlikka (har doim och yashashga) o‘rganib ketganlari uchun, yilning ma’lum fasllaridagi ochlik ular uchun qishdagi sovuq va yozdagi issiq kabi tabiiydir”.

Kambag‘al aholining uylari guvaladan yasalgan, kapa, erto‘la ko‘rinishidagi uylar bo‘lganligini aytib o‘tish kerak. Bunday uylarga erto‘la bo‘lsa, eshik bilan mo‘ri yagona nur tushib turadigan joy bo‘lgan. Havo qattiq sovuq bo‘lganida eshik mahkam yopilar, mo‘ri kigiz bilan to‘silar edi, sassiq qora chiroq yoqib o‘tirilar edi.

Maorif tizimi asosan islom dini asosida tuzilgan edi,  ya’ni 2 bosqichga bo‘lingan bo‘lib, 1 – bosqichda bilan o‘quvchilarga (kaltaklash usuli bilan) Qur’on va ba’zi boshqa kitoblarni mexanik yodlattirar edi. Bu bosqichning muddati 2-5 yil edi. 2-bosqichda oliy darajada ma’lumot olinar edi. Muddati 20 yilgacha edi.

Yuqorida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy shart-sharoitlar Qo‘qon xonligida san’atga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bu ta’sir natijasida bu erda ham adabiyotning 2-qismi ya’ni demokratik va feodal-klerikal oqimidir. Demokratik adabiyot namoyondalari sifatida G‘oziy, Hoziq, Nodira, Mahzuna, Uvaysiy kabi zamonasining ajoyib shoiru-shoiralarini ko‘rsatish mumkin. Biroq, shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, taqdir taqozosi bilan mamlakatimiz hududida vujudga kelgan sulola vakillarining aybi bilan boylik, er, yurt va taxt talashib doimiy ravishda bir-birlari bilan to‘xtovsiz urushlar olib bordi. Bu o‘z navbatida mamlakat xalq boshiga son-sanoqsiz kulfatlar keltirdi.

Shunday qilib, Markaziy Osiyoda tarix taqozosi bilan vujudga kelgan uch xonlikdagi ijtimoiy iqtisodiy va madaniy hayot haqida gapirar ekanmiz, shu narsaga e’tiborni qaratishimiz kerakki, eng avvalo har uchchala xonlik ham o‘sha davrdagi hukmron sinflar manfaatini himoya qilishga to‘la bo‘ysundirilgan ediki, bu navbatida o‘lkada iqtisodiy, madaniy va harbiy sohada nochorlikni keltirib chiqardi. Bundan foydalangan Chor Rossiyasi o‘lkani bosib olib,  o‘z mustamlakasiga aylantirdi.

e-tarix.uz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: