O‘zbek Adabiyoti Xorijiy Tillarda


XX asrning birinchi yarmida sho‘ro totalitar siyosati milliy fi krsizlikni kuchaytirish maqsadida bir necha avlodning eng salohiyatli farzandlarini yo‘q qildi. Natijada, tarixni harakatga keltiruvchi ulug‘ shaxslardan xoli ommaviy jarayon milliy tafakkurdagi qo‘rquv va tobelik asosiga qurildi. Biroq, o‘sha suronli yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymonqul o‘g‘li Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ma’rifatparvar jadidlarning ma’naviy qiyofasi, dunyoqarashi muayyan darajada ijtimoiy muhitga nisbatan isyon tarzida shakllandi, milliy mentalitetni asrashga bo‘lgan kuchli intilishlar sifatida sinovdan o‘tdi. Ikkinchi jahon urushining suronli yillari, shuningdek o‘tgan asrning 50-yillari ikkinchi yarmi va 80-yillari ijtimoiy hayotdagi nisbiy “iliqlik”, “qayta qurish va oshkoralik” kabi davrlar badiiy-estetik tafakkur rivojiga sezilarli darajada ta’sir etgan bo‘lsa-da, o‘zbek adabiyoti hali ham sinfi ylikning tor qoliplaridan butkul xalos bo‘lmagan, mahalliy xalqning asriy intilishlari hamda gegemon tuzumning mafkuraviy–siyosiy talablari o‘rtasidagi nomutanosiblik hanuz davom etayotgan edi. Adabiyot esa milliy ozodlik harakatlarining eng muhim quroli sifatida ichki va tashqi kurashlarning markazida bo‘ldi. Mustamlaka siyosatga goh oshkora gohida ramziy-majoziy, metaforik obrazlilik asosida munosabat bildirildi. Ayniqsa, XX asrning birinchi choragiga oid ijtimoiy-estetik fi kr-qarash va tuyg‘u-kechinmalar aks etgan badiiy ijod namunalarida tsenzura, tahdid, shafqatsiz qatag‘onlar sabab xalq va millat taqdiri muammolarini ikki fi krlilik, niqoblash vositasida tahlil qilish yozuvchilarning muhim ijodiy printsipga aylandi. Aytish mumkinki, o‘tkan asrning 90 – yillarigacha yaratilgan eng sara badiiy asarlar milliy tiklanish g‘oyasining badiiy ifodasi sifatida millatning o‘z taqdirini belgilashida muhim rol o‘ynagan. Shunisi e’tiborga loyiqki, XX asrning birinchi choragi va 90 – yillarga oid ijtimoiy-estetik fi krqarash va tuyg‘u-kechinmalar aks etgan badiiy ijod namunalari, o‘zbek olimlari qatorida xorijlik tadqiqotchilarni ham o‘ziga jalb etdi. Edvort Olvort, David Montgomeri, Ilza Sirtautas, Villiyam Fierman, Eden Nabi, Adib Xolid, Xristofor Myurfi , Roberta (Mariya) Maykllef, Shon Lions, Ag‘ir Ahmet, Reychel Harrel, Inderbog Baldauf, Zigrid Klaymixel, Masimo Baldasi, Xarlod Battersbi, Akiner Shirin, Nik Megoran, Mark Ris, Stefan Dudoignon, I. Sergeev, Boymirza Hayit, Xisao Komatsu, Temur Xo‘ja o‘g‘li, Xalim Kara va yana ko‘plab Amerika, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Shvetsariya, Rossiya, Yaponiya, Turkiya olimlari mazkur jarayonda faol ishtirok etib, Turkiston xalqlari tarixi, adabiyoti va adabiy siyosati talqiniga bag‘ishlangan tadqiqotlar yaratdi. O‘zbek adabiyoti namunalari ushbu tadqiqotchilar tomonidan ingliz, frantsuz, nemis, rus, yapon va turk tillariga tarjima qilindi. XX asr o‘zbek adabiyotining xorijdagi tadqiqiga bag‘ishlangan manbalarni o‘rganish jarayonida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston xalqlari hayoti, tarixi, madaniyati va adabiyotiga bo‘lgan qiziqish, uni targ‘ib qilish, mazkur tadqiqotlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlash, universitetlarda “Markaziy Osiyoni o‘rganish” bo‘limlarini yanada ko‘paytirishga hayrixohlik holatlari Amerikada keng tarqalganligi va ushbu jarayon boshqa g‘arb mamlakatlariga nisbatan izchil sur’atda davom etib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Amerika o‘zbekshunoslarining 50 -70- yillar oralig‘ida olib borgan izlanishlarida asosiy e’tibor Turkistondagi ijtimoiy¬ – siyosiy ¬ jarayonlarni tadqiq etishga qaratilgan bo‘lib, bu tadqiqotlarda o‘rganiladigan mavzuga sub’ektiv munosabat, siyosiy yondashish tendentsiyasi yetakchilik qilgan. Keyingi davr (70-90-yillar) da yaratilgan tadqiqotlarda esa badiiy asardagi ijtimoiy ¬– g‘oyaviy, badiiy jihatlar sinkretizm nuqtai nazaridan o‘rganilganligi kuzatiladi. Ayni yillarda yaratilgan ilmiy asarlarda adabiyotning spetsifi kasiga har tomonlama yondashish bilan birga ta’lim – tarbiyaning rivojlanishida madaniy an’analarning o‘rni masalalari atrofl icha tadqiq qilindi. Ilmiy mezonlar nisbatan chuqurlashganligi, badiiy asarlardagi qahramonlarga obraz va xarakter sifatida yondashish kuchayganligini alohida ta’kidlash lozim. Mustaqillikdan keyin yaratilgan tadqiqotlarda nisbatan ob’ektiv fi krlash qaror topdi. Oldingi davrdagi kabi fi kriy qaytariqlar deyarli uchramaydi. Bitta tadqiqot ob’ektini atrofl icha, har jihatdan tadqiq etish an’anasi yetakchi o‘rinni egallagan holda qo‘yilgan masalaga analitik yondashish kuzatiladi. O‘zbek so‘z san’ati namunalarini adabiyotshunosligimizda nisbatan kam o‘rganilgan nazariyalar asosida tadqiq qilinishi xorij, xususan amerika oimlari tadqiqotlaridagi individual konseptsiyalar qiymatini belgilaydi. Xususan, amerikalik olimlardan biri Edvort Olvort o‘zining 60 yildan ortiq umrini o‘zbek so‘z san’atini dunyoga targ‘ib qilish uchun safarbar etdi. Olim “Padarkush” -“The Patricide”(M. Behbudiy), “Qiyomat”- “The Judgment Day”, “Bedil. Bir majlisda”-“Bedil. In one Session”, “Shaytonning tangriga isyoni” -“Satan’s Mutiny against the Lord” (Fitrat) asarlarini tahlil va birlamchi manbalar asosida tarjima qilish orqali muallifl arning XX asr boshlaridagi ijtimoiy – siyosiy – madaniy muhitdagi intellektual salohiyati, o‘zbek adabiyoti tarixining rivojlanishidagi o‘rnini o‘ziga xos tadqiq metodlari vositasida nafaqat xorij balki o‘zbek kitobxonlariga ham namoyish etdi. Xristofor Myurfi , Adib Xolid, Roberta M. Maykellef, Shon Lions, Reychel Harrel kabi keyingi avlod vakillari qarashlarida ham o‘zbek jadid asarlaridagi maqsadlar, uning estetik ideali masalalari to‘g‘ri ochib beriladi. Roberta Mariya Oybek, Oydin Sobirova, Hamid Olimjon, Zulfi – ya, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov she’rlaridan namunalarni ingliz tiliga tarjima qilib, mazkur o‘girmalardagi ko‘p ma’noli voqelik asosida O‘zbekistonda milliy uyg‘onish va ma’naviyruhiy tiklanish jarayonlari tadrijiy tarzda kechganligini isbotlashga harakat qilgan. Zamonaviy o‘zbek adabiyotining amerikadagi eng yosh arg‘ibotchilaridan biri, Reychel Harrel Bilisining o‘zbek adabiyoti, she’riyatiga muhabbati uning tarjimalari va tahlillarida aks etgan. Reychel tadqiqotining bir qismi o‘zbek modern she’riyati va uning tarjimalari muammolariga bag‘ishlanadi. Olima modernistlar Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Go‘zalbegim ijodidan namunalarni inglizchalashtirib, milliy she’riyatimizdagi yangicha yo‘nalishlar va uning ingliz tilidagi talqini muammolari xususida qiziqarli fi krlarni bildirgan. O‘zbek adabiyotining frantsiyalik muxlisi, olim Stefan Dudoignon ilk marotaba Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini o‘z ona tiliga to‘liq tarjima qilib, Turkistonning suronli yillarida yaratilgan o‘zbek romanini Frantsiyada targ‘ib etilishiga munosib hissa qo‘shdi. Germaniya, Italiya, Shvetsariya, Yaponiya va Turkiya olimlarining bu yo‘nalishdagi tadqiqotlari esa o‘zbek adabiyoti yaxlit jahon adabiyotining bir qismi ekanligini ko‘rsatadi. Bularning barchasi amalga oshirilgan ulkan ishlar qatorida sanalmoqqa haqlidir. O‘zbek so‘z san’atini dunyo mehvariga olib chiqayotgan xorijlik olim- tarjimonlarning barcha ishlarini ushbu kichik maqolada aks ettirish, tahlil va tadqiq etish imkondan xorij masala. Biz o‘zbek madaniyati, mentaliteti va urf odatlarini boshqa bir millat vakillariga tanitayotgan, o‘z umrlarini mana shu zahmatli ishlarga safarbar etgan xorijlik hamkasabalarning bu yo‘ldagi mashaqqatli xizmatlarini qadrlaymiz. Zero tarjima xalqlar o‘rtasidagi umumbashariy g‘oyalarning tarqalishiga xizmat qilishi bilan birga millatning badiiy san’at durdonalarini dunyoga namoyon qiladi. Millatlar, xalqlar, elatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Jahon madaniyati, ayniqsa so‘z san’ati yuksalishiga xizmat qiladi. Xorij olimlarining mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlari avvalo madaniyatimiz va adabiyotimizning xalqaro maydonda o‘ziga xos mavqei borligini isbot etsa ikkinchi jihatdan, ajdodlardan qolgan betakror meros xorijlik olimlarni ham e’tiborsiz qodirmayotanligi ko‘nglingda sharaf va g‘urur uyg‘otadi.

Zulxumor MIRZAYEVA, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti doktoranti

Vatandosh

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: