Besh Muchal yoxud Inson Asri


Besh Muchal yoxud Inson Asri

Paradoksni qarang: muchal hisobi ommaviy madaniyatning bir bo‘lagiga aylanib, yana o‘zimizga qaytib keldi. Endi o‘n ikki hayvonli taqvim haqidagi ma’lumotlarni ruscha, inglizcha manbalardan topib o‘rganayapmiz.

Achinarlisi, «zamonaviy» o‘zbeklar chetdan kirib kelayotgan axborotni yutoqib «iste’mol» qiladi, taassurot ham shunga yarasha bo‘ladi: ularga qolsa, aslida bobomeros – o‘zimizning muchal Xitoy yoki Yaponiyaning, nari borsa, Sharq xalqlarining umumiy taqvimidir.

Yana, muchalni yangi yilboshi – 1 yanvardan yuritish odat tusiga kirdi. Aslida, turkiylar taqvimida yilboshi bahorgi teng kunlik 21 martdan boshlangan.  

Bir paytlar Markaziy Osiyo xalqlari foydalangan muchal hisobi bugunga kelib Yer yuzining barcha mintaqalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu taqvim hatto bashoratgo‘y biznesmenlar e’tiboriga ham tushdi, muchal asosida yiliga ming-ming tonnalab fol kitoblari chop etilayotir. Har yili Yangi yil arafasida bozorlarni kelgusi yil sohibi bo‘lgan hayvon ko‘rinishidagi mahsulotlar bosib ketadi. Shu o‘rinda ayrim g‘alizliklarga yo‘l qo‘yilayotganga o‘xshaydi. Birinchisi, muchal yevropacha Yangi yil – 1 yanvarda emas, balki umumturkiy Yilboshi – 21 martda kiradi. Ya’ni, 2009 yil 21 martgacha tug‘ilgan farzandingizning muchali sigir emas, balki sichqon bo‘ladi. Turli bashoratnomalarni titkilashda adashmang, biz Navro‘zgacha sichqon muchalida qolamiz. Ikkinchi anglashilmovchilik biroz bahsli va ko‘pchilikni unchalik qiziqtirmaydi. Chunki bugun odamlar «uzumini yeng-u, bog‘ini surishtirmang» qabilida kun kechirmoqda. Aksariyatimiz internet yoki turli-tuman «folchi» kitoblardan yangi yilning o‘zimiz uchun qanday kelishini bilib olishga qiziqamiz. Ammo muchal hisobining qaerdan, qanday kelib chiqqani bilan unchalik ham ishimiz yo‘q. Xo‘sh, muchal qaerda paydo bo‘ldi va bunga nima zarurat bor edi? 

Nahang va ajdar olishuvi

Muchal hisobining kelib chiqishi borasida olimlar turli farazlarni bildirganlar. Bu taqvimga turkiy xalqlar va xitoylar asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. O’n ikki hayvonli yil hisobining qadim Chindan tarqalgani haqidagi nazariyani ilgari surgan L.Bazin kalendar timsollaridan birining lu (ajdar) ekanini bosh dalil etib ko‘rsatadi. Hammamizga ma’lum, Xitoyning ramzi – afsonaviy ajdardir. Bazinning fikriga qarshi V.Eberxard ajdarning xun turklari davrida kult sifatida qabul qilinganini aytib, muchal kashfiyotchilari xunlardir, degan ilmiy qarashni o‘rtaga tashladi. Muchalning mana shu beshinchi yili ko‘pgina bahslarga sabab bo‘ladi. Koshg‘ariy uni nek – timsoh desa, xalqimiz nahang, katta baliq (kit) deb ataydi. Ba’zi xalqlarda hatto shilliqqurt deb ham nomlanadi. Ko‘pgina turkiy qavmlarda esa beshinchi yilning nomi – «ulu». Ilmiy jamoatchilik orasida mazkur so‘z xitoycha «ajdar» ma’nosini ifodalovchi «lu»dan kelib chiqqan, degan fikr hukmron. Lekin «ulu» turkiycha «ulug‘» so‘zining fonetik o‘zgargan shakli ekanligi ko‘rinib turibdi. Qolaversa, Xitoy taqvimida ajdar yili «lu» emas, «chen», koreyslarda esa «chin», vetnamlarda «txin», yaponlarda «tatsu» deyiladi. Ba’zi olimlar «ulu» turkiycha «ulu(g‘)» va «ulimoq» so‘zlarining ma’noviy uyg‘unlashuvi natijasidir, deb hisoblaydilar. Mutaxassislar fikricha, bu atama turk-mo‘g‘ul xalqlarining umumiy totemi bo‘lgan bo‘ri nomining tabu (taqiq) qilinishi sababli paydo bo‘lgan. O’zbeklarda ham yaqin-yaqingacha «bo‘ri»ni tilga olish taqiqlangan, uning o‘rindoshi sifatida «jondor», «qashqir» so‘zlari qo‘llanilgan. Yana, xalqimiz qari itlarning tunda osmonga qarab uvillashini: «Ajdodlari bo‘lmish bo‘rilarning qoni tortib uliyapti», deydi. Demak, «ulimoq» qashqirlarga xos. Turkiy madaniyatning barcha ko‘rinishi – mif va ertaklar, she’riy obrazlar, naqshu nigorlarda namoyon bo‘ladigan «ulu» aslida bo‘ridir. Garchi asoslar ko‘p bo‘lsa-da, ular beshinchi yil nomining dastlab «bo‘ri» bo‘lganini isbotlash uchun yetarli emas. Chunki yuqorida aytib o‘tilganidek, turkiy qavmlar bu yilni asosan «baliq» deb atashadi. Yana bir mulohaza: xalqimizning katta qismi «baliq yili» deyish o‘rniga «nahang yili» degan ifodani qo‘llaydi. Nahang – katta (ulug‘) baliq va bu so‘zning Koshg‘ariy tilga olgan «nek» (timsoh) bilan fonetik yaqinligi bor. Yana, ba’zi manbalarda bu yil «nehak» tarzida tilga olingan. Mazkur uch so‘z orasida o‘zaro bog‘liqlik bordek: nek – nehak – nahang. «Ulu»ning «ulug‘», «katta» ma’nosi borligi va xalqimizning «nahang»ni «katta baliq» deb tushunishini inobatga olsak, masala oydinlashgandek bo‘ladi. Navoiy asarlari lug‘atida «nahang»ning «timsoh» ma’nosi ham mavjudligi aytilgan. Bizningcha, muchalning beshinchi yilini «baliq» («nahang») deb atash to‘g‘riroq. Ilon va ajdarning birvarakayiga muchalga kiritilishida biroz mantiqsizlik ham bordek. Chunki ilonning kattasi ajdar deyiladi. Alqissa, ajdar yili xitoy taqvimida «lu» emas, «chen» deb atalishining o‘zi ham L.Bizanning da’vosini yo‘qqa chiqaradi.

Atoqli xitoyshunos olim Eduard Shavann o‘zining “Le Cycle turc des Douze Animaux” nomli tadqiqotida ko‘pgina xalqlar tomonidan keng qo‘llaniladigan o‘n ikki hayvonli taqvim qadim turkiylarga oid yil hisobi bo‘lgan, uni xitoylar turklardan o‘zlashtirgan, degan ilmiy xulosaga keladi. Olim taqvim ustida izlanish olib borarkan, uning yaratuvchilari – turkiylarning ibtidoiy tafakkuri bilan bog‘liq ko‘plab unsurlarga duch keladi. Eduard Shavannning aniqlashicha, o‘n ikki hayvonli taqvim Xitoy shimolidagi turk qabilalari orasida mil. avv. V asrda paydo bo‘lgan va mil. avv. II – I asrlarda Xitoyga yoyilgan. Frantsuz xitoyshunosining fikrini qadimgi turkiy bitiktoshlarni tadqiq etgan olim S.G.Klyashtorniy ham qo‘llab-quvvatlaydi. U o‘zining «Istoriya Sentralnoy Azii i pamyatniki runicheskogo pisma» kitobida turkiylarning vaqt birliklari haqida alohida to‘xtalib o‘tgan: «Qadimgi turk-run bitiklarida o‘n ikki yillik davriy taqvim nafaqat tilga olingan, balki faol qo‘llanilgan, voqea-hodisalarning yuz bergan oyi, hatto ba’zan kunigacha to‘liq yozilgan. VI asrda o‘n ikki yillik hayvonli tsikl Turk hoqonligining rasmiy davlat taqvimi edi. Yagona taqvimiy hisob-kitob – shamsiy yil 12 qamariy oyga bo‘linardi». «Yodgorliklarda yil ikki xil: xalq qahramonlari yashagan yillar bo‘yicha va o‘n ikki hayvonli tsikl bo‘yicha hisoblangan. Ikkinchi xoqonlik tarixidagi barcha voqealar favqulodda aniq yozib qoldirilgan. Garchi turklar muchalni xitoylardan olgan degan qarash bo‘lsa-da, ular Chin taqvimini ishlatmaganlar».

Professor Laslo Rashonining kuzatishlariga ko‘ra esa, o‘n ikki hayvonli taqvimning asosida turkiy yil hisobi tursa-da, keyinchalik turklar xitoylar tomonidan ilmiy mukammallashtirilgan taqvimni qayta qabul qilganlar.  Tan olish kerak, qadimgi Xitoyda ilm-fan, xususan, astronomiya yuksak rivojlangan edi. Shunday qilib, o‘n ikki hayvonli turkiy taqvim – muchalni o‘zlashtirgan xitoyliklar uni mukammallashtiradilar. Ularning yana bir yutug‘i shundaki, Xitoy o‘tmishi solnomalarda muntazam qayd etib kelingan, shu bois ham bu yurt tarixiy manbalarga boy. Tariximizdagi taloto‘plar tufayli muchal haqidagi ma’lumotlar ham bizgacha uzuq-yuluq yetib kelgan. Oqibatda, zamonaviy tsivilizatsiya muchal hisobini Xitoydan oldi va bugungi kunda u dunyoga xitoyliklar taqvimi sifatida taqdim etmoqda.

Turkiy talqin

O’n ikki hayvonli turk taqvimi musulmon adabiyotlarida «ta’rixi turkiy», «ta’rixi Turkiston», «soli turkon», «ahkomi soli turkon» singari nomlar bilan tilga olingan. O’n ikki hayvonli turkiy taqvimning kelib chiqishi haqida gap borganda, barcha olimlar Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘atit turk» asaridagi talqinni chetlab o‘tmaydilar. Sultonmurod Olim «Bayroq, burj, burch» nomli kitobida o‘sha rivoyatning hozirgi adabiy tilimizdagi tabdilini shunday keltirgan:  

«Turklar o‘n ikki xil hayvon ismini o‘n ikki yilga qo‘yganlar. Tug‘ilishi, jang ta’rixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk xoqonlaridan biri o‘zidan bir necha yil oldin o‘tgan urushni o‘rganmoqchi bo‘lgan, shunda u urush bo‘lib o‘tgan yilni aniqlashda yanglishgan. Bu masala yuzasidan (hoqon) qavmi bilan kengashdi va aytdi: «Biz bu ta’rixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan bo‘lsak, bizdan keyin ham shunday yanglishadilar. Shunday bo‘lgach, biz endi o‘n ikki oy va osmondagi o‘n ikki burjga asoslanib, o‘n ikki yilga nom qo‘yishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik bo‘lib qolsin», deyishdi.

Xoqon ovga chiqdi va odamlarga vahshiy hayvonlarni Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib, hayvonlarni hayday boshladilar, shunda o‘n ikki hayvon suvdan o‘tdi. O’n ikki yilni ana shu o‘n ikki hayvon ismi bilan atadilar. Eng oldin suvdan o‘tgan hayvon sichqon bo‘ldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu so‘zga yil qo‘shib, Sichqon yili deb atadilar. Undan keyin o‘tganlari quyidagi tartibda bo‘ldi:

Ud (sigir) yili,

Bars (yo‘lbars) yili,

Nek (timsoh, hozir baliq deyiladi) yili,

Yilon (ilon) yili,

Yund (ot) yili,

Qo‘y yili,

Bijin (maymun) yili,

Taqag‘u (tovuq) yili,

It yili,

To‘ng‘iz yili.

To‘ng‘izga yetgandan keyin hisob yana sichqon yilidan boshlanadi».

O’zbeklar orasida tarqalgan afsona biroz hazilga yo‘g‘rilgan. Unga ko‘ra, ho‘kiz suvdan birinchi chiqdim, endi muchal men bilan boshlanadi, deb xursand bo‘lib turganida, uning shoxidan sichqon tushib kelibdi. Shunday qilib, kuchiga ishongan ho‘kiz emas, aql bilan ish tutgan sichqon muchalni boshlab beradigan bo‘libdi.   

Kun – oy – yil – muchal

Mahmud Koshg‘ariy keltirgan rivoyat xalq og‘zaki ijodiga mansub bo‘lgani uchun masala juda oson hal etilgan. Aslida, muchal hisobi zamirida ajdodlarimizning chuqur ilmiy tafakkuri, uzoq yillik kuzatish va hayotiy tajribalari yotibdi. Ma’lum bo‘lishicha, qadimda turkiy qavmlar yerga yaqin yulduzlar – yetti sayyorani yaxshi bilishgan. Darvoqe, tep-tekis cho‘lda yashaydigan xalqlar uchun yulduzlar yo‘l ko‘rsatkich vazifasini o‘tardi. Yulduzlarga qarab, osmon jismlaridan ayrimlarining turg‘un, boshqalarining harakatlanishini, tabiatdagi ko‘p hodisalarning takrorlanib turishini, qisqasi, Vaqtni anglay boshladilar.

Bizningcha, ota-bobolarimiz o‘zlari uchun kashf etgan ilk vaqt o‘lchovlaridan biri “kun”. U quyosh (kun)ning chiqib botguniga qadar bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. «Kun» so‘zining omonimligi ham shundan. (Kun – vaqt o‘lchov birligi. Kun – quyosh). Turkiylarda «sutka» ma’nosida ham «kun» so‘zi ishlatilgan. Yangi Oy ko‘ringandan e’tiboran boshlangan birinchi kun, ya’ni sutka ertasi kun quyosh botgunicha davom etadi (Oy birinchi kuni quyosh botayotganda shafaqda ko‘rinadi). Ufqda shafaq yo‘qolgach, oyning ikkinchi kuni boshlanadi. Sutkani hisoblash shu taxlit davom etadi. Hozir ham qishloqlarimizda keksalar tushdan keyin – quyosh g‘arbga oqqach, keyingi kun kirganini aytishadi. Masalan, payshanba peshindan keyin «juma kirdi» deyiladi.

Dastlab oy (vaqt o‘lchov birligi) Yerning tabiiy yo‘ldoshiga qarab aniqlangan. Shuning uchun Yer tabiiy yo‘ldoshining nomi ham “oy”, uning bir hilol holida ko‘rinish berganidan, ikkinchi bor shu holda chiqqunigacha ketgan muddat ham “oy” deya ataladi. Bilga qoon bitigida shunday jumlalar bor: «Kanim it yil (734 y) onunch ay alti otuzka ucha bardi. Lagzin yil (735 y) bishinch ay yiti otuzka yog erturtum» – «Otam xoqon it yili o‘ninchi oyining yigirma oltisida vafot etdi. To‘ng‘iz yili beshinchi oyining yigirma yettisida janoza marosimlarini tamomladim». Demak, VIII asrda turklar oylarga qo‘shimcha nom bermay, tartib soni bilan birga ishlatgan. Bunday odat ba’zi xalqlarda, xususan, yaponlarda hanuzgacha amalda. Qadimgi turkiy manbalarda hafta kunlari tilga olinmagan. Mahmud Koshg‘ariyning guvohlik berishicha, hafta kunlarini nomlash islomdan so‘ng taomilga kirgan. Yana bir qiziq holat: qadimgi turklar sanani «alti otuzka» – «olti (yigirmadan) o‘ttizga (qarab)», «yiti yegirmeke» – «etti (o‘ndan) yigirmaga (qarab)» tarzida aytishgan ekan (birinchi holatda «yigirma oltinchi», ikkinchi holatda «o‘n yettinchi» ma’nosini beradi). Bu ruslarning soatni aytish tartibi («desyat minut dvenadtsatogo», «sem minut sedmogo»)ga o‘xshaydi…

Xalq ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlana borgani sayin uzoqroq muddatli vaqt birliklariga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy. Xullas, kichik kashfiyotlar ancha mukammal vaqt hisobi – muchalni ixtiro qilish tomon yo‘l boshlaydi.

Turkiylarning olamshumul ixtirosi

O’n ikki hayvonli turk taqvimi uchta tabiiy ko‘rsatkichga: oy – Oyning Yer atrofida aylanishi, yil – Yerning Quyosh atrofida aylanishi, muchal esa Mushtariy (Yupiter)ning Quyosh atrofida aylanishiga asoslanadi. Qadimda turk astronomlari Yerga yaqin yirik yulduzlardan biri Mushtariy planetasining («planeta» so‘zi ham «yaqin» ma’nosini anglatadi) Quyosh atrofida to‘liq aylanishi taxminan 12 yilga to‘g‘ri kelayotganini aniqlashgan. Saturn esa 30 yilda Quyosh atrofini bir marta aylanib chiqishidan ham yaxshi xabardor bo‘lishgan. Qadimgi turklar mana shu tabiiy davrlarga asoslanib o‘zlarining taqvimini yaratishdi.

O’n ikki hayvonli turkiy taqvim yil va muchal hisobi bo‘yicha shamsiy kalendar sanaladi. Lekin oylar qamariy hisob bilan yuritiladi, ya’ni bir oy 29-30 kunga teng. Bir muchalda esa 148-149 qamariy oy bor. 12 qamariy oy 354 kun bo‘lib, shamsiy yildan 11 kunga kam. Shu bois har uch yildan so‘ng o‘n uchinchi oy ham qo‘shilgan. Demak, muchal hisobi qamariy-shamsiy taqvimlar sirasiga kiradi. Manbalarda yozilishicha, Ko‘kturklar davridan boshlab (VIII asr) to‘liq shamsiy yil hisobiga o‘tilgan.   

Shunday qilib, 12 oy – bir yil, 12 yil – bir muchal, 5 muchal esa bir davr (ya’ni, Saturnning ikki aylanishi)ga teng kelardi. Muchal so‘zining ma’nosini shu o‘rinda anglash mumkin, ya’ni mucha – qismdir: 60 yilning beshdan bir qismi. Bir davrni 100 yil emas, aynan 60 yil qilib olinishida ham hikmat bor. Chunki, odatda, bir inson umri taxminan 60 yilga teng va bu «Inson asri» ham deb yuritiladi.

Muchal zamiridagi hikmat

Taqvim bu faqatgina vaqt o‘lchov birligi emas, balki unda xalqning falsafiy qarashlari, diniy e’tiqodi, tarixiy turmush tarzi, badiiy tafakkuri ham mujassamlashadi. Masalan, odam bir muchal yoshigacha – bola, ikkinchi muchal payti (13-24 yosh) – o‘smir, uchinchi va to‘rtinchi muchalda (25-36 yosh, 37-48 yosh)  o‘rta yashar, beshinchi muchal – 49-60 yoshda esa keksa bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, har bir muchal yoshida odam organizmi muayyan o‘zgarishlarga duch keladi. Muchaldan muchalga o‘tish yili inson umrining qaltis davri sanaladi. Bu vaqtda odam turli xastaliklardan kam himoyalangan bo‘ladi. Organizmdagi yashirin kasalliklar qo‘zg‘alishi, zaif muchalar pand berib qo‘yishi mumkin. Muchal yoshlari zamonaviy meditsinada odam organizmi garmon tizimining «qayta qurish» davri hisoblanadi. 12 yosh – jinsiy yetuklik davrining boshlanishi bo‘lsa, 24-25 yoshda bo‘y o‘sishdan, 48 yoshda esa organizm reproduktiv faoliyatdan to‘xtaydi. Mifologik qarashlarga ko‘ra, muchal yoshlarida o‘lim va tug‘ilish – yangilanish kuchlari to‘qnasharkan. Demak, keksalarimiz ba’zan hazil aralash: «Oltmishdan o‘tib olsam, uzoqqa ketaman. Oltmish yomon-da!» deb qo‘yishlari ham bejizga emas ekan.

Muchaldan muchalga o‘tish turkiy xalqlarda milliy an’analar bilan bog‘liq holda kechgan. Odam yangi maqomga ko‘tarilgan (masalan, qardosh qozoqlarda uchinchi muchalga o‘tgan er kishi «qorasoqol», beshinchi muchalga o‘tgan er kishi «oqsoqol» deb ataladi), ijtimoiy roli oshgan, jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarda ham unga nisbatan muomala o‘zgargan.

Bashorat va haqiqat

Markaziy Osiyoning tabiiy sharoiti muchal hisobini yaratishga sabab bo‘lgan. Ko‘chmanchi xalqlarning turmush tarzi chorvachilik bilan bog‘liq kechgani uchun ushbu soha istiqbolini belgilash, keskin-kontinental iqlim sharoitida uzoq muddatli ob-havo prognozlarini ishlab chiqish zarurati bunda asosiy omil bo‘lgan.

«Devoni lug‘atit turk»da yozilishicha, turkiylar muchal yillarining har birida nedir hikmat bor deb o‘ylaganlar. Masalan, sigir yilida urush ko‘payarmish, chunki ho‘kizlar bir-biri bilan ko‘p suzishadi. Bu yilda yomg‘ir-qor ko‘p yog‘adi, farovonlik bo‘ladi. Qish uzun keladi. Tovuq yilida ovqat ko‘p bo‘ladi. Chunki tovuqning yemishi dondir, tovuq donni topish uchun yer titadi. Timsoh (Nahang) yili kirganida ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Chunki timsoh suvda yashaydi.

Keyinchalik, ayniqsa, hozirgi kunda muchalning mana shu xususiyati ko‘pchilikka yoqib qoldi. Bugunning odami «muchal» deganda, odatda, yillik bashoratlarni tushunadi. Bu esa azaldan din namoyandalarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan va muchalning xurofot deya izohlanib, taqiqlanishiga olib kelgan. Aslida, o‘n ikki hayvonli turk taqvimining fol ko‘rish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Mazkur irimlar aslo folbinlik emas, balki xalqning asriy tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan falsafiy tafakkuridir. Inson tabiatning bir bo‘lagi, tabiatdagi o‘zgarishlar bizga ta’sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, «falon yil unday keladi, fiston yil bunday keladi» kabi bashoratnamo gaplar aslida uzoq kuzatuvlar xulosasi, ilmiy prognozlardir. Bashoratlar aynan yil sohibi bo‘lmish hayvonning muhim xislati bilan bog‘liq ekani esa muchal yillarini nomlashda yetmish o‘lchab, bir kesilganidan darak. Qolaversa, muchal hisobi boshqa madaniyatlarga o‘tishi bilan ba’zi o‘zgarishlarga uchragan. Muayyan madaniyatning o‘ziga xos ijtimoiy-tarixiy va tabiiy-jo‘g‘rofik sharoitidan kelib chiqib,  yillarning xislatlari ham bir-biridan farqlanadi. Masalan, Oltoy qozoqlari Sigir yili mo‘‘tadil kelishiga, qorachoylar esa yomon yil bo‘lishiga ishonadi.

Sichqon o‘rniga o‘rgimchak

Har bir madaniyat o‘n ikki hayvonli turk taqvimini o‘ziga moslab qabul qiladi. Qaysi hayvon ko‘proq ardoqlansa, uning nomi muchalga kiritilgan. Turkiylardagi quyon xitoylarda mushukka, sichqon esa kalamushga, baliq afsonaviy ajdahoga “aylanadi”. Misrda sichqon o‘rnini mushuk, ot o‘rnini eshak egallaydi. Hakaslarda Yo‘lbars emas, Tulki yili, Baliq emas, Kaltakesak yili, Maymun emas, Odam yili, cherkaslarda Sichqon emas, O’rgimchak yili ishlatiladi. Mo‘g‘ullar muchalni qoplon (yo‘lbars) bilan boshlaydi, tibetliklar esa quyondan.  

Muchal hisobi olimlar o‘ylagandan ancha ilgari ixtiro qilingan ko‘rinadi. Chunki qarindoshlarimiz Amerika hindulari – atsteklar ham o‘n ikki hayvonli taqvimga o‘xshash yil hisobidan foydalangan ekan. Mayalar kalendari bizni yana ham hayratga soladi. Ular kunni (har ikki ma’nosida) «k`in» deyisharkan. Oy nomlaridan biri «yashk`in» – «yangi quyosh (yosh kun)» deb ataladi. Yana, bu qabila taqvimida «it», «qoplon», «ajdarho», «sichqon», «bug‘u» kabi hayvon nomlari ham uchraydi.

Xullas, o‘n ikki hayvonli turkiy taqvim o‘rta asrlardayoq butun Sharq xalqlariga tarqaldi va faol qo‘llanila boshladi. Bugungi globallashuv davriga kelib esa “o‘zimizning” muchal “bizning” muchalga aylandi.   

Farrux Hasan o‘g‘li

Sichqon

Sigir

Yo‘lbars

Quyon

Baliq

Ilon

Ot

Qo‘y

Maymun

Tovuq

It

To‘ng‘iz

1900

1901

1902

1903

1904

1905

1906

1907

1908

1909

1910

1911

1912

1913

1914

1915

1916

1917

1918

1919

1920

1921

1922

1923

1924

1925

1926

1927

1928

1929

1930

1931

1932

1933

1934

1935

1936

1937

1938

1939

1940

1941

1942

1943

1944

1945

1946

1947

1948

1949

1950

1951

2024

1953

1954

1955

1956

1957

1958

1959

1960

1961

1962

1963

1964

2025

1966

2027

1968

1969

1970

1971

1972

1973

1974

1975

1976

1977

1978

1979

1980

1981

1982

1983

1984

1985

1986

1987

1988

1989

1990

1991

1992

1993

1994

1995

1996

1997

1998

1999

2000

2001

2002

2003

2004

2005

2006

2007

2008

2009

2010

2011

2012

2013

2014

2015

2016

2017

2018

2019

2020

2021

2022

2023

2024

2025

2026

2027

2028

2029

2030

2031

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: