Anvar Posho kim edi?


Anvar Posho 1881 yilning iyun oyida Istanbulda tavallud topdi. Harbiy bilim yurtida, keyinroq Istanbul Bosh Shtab akademiyasida tahsil olgan. 1909 — 1911 yillarda Berlinda Harbiy attashe lavozimida xizmat kilgan. Turkiya, Makedoniya, Kavkaz, Germaniya, Rossiya hamda hayotining so‘ngida Turkistondagi siyosiy jarayonlarda qatnashgan.
Yosh turklar inqilobiy uyushmasi tashkilotchilaridan biri, “Ittohod va Taraqqiy” partiyasi asoschisi va rahbarlaridan biri sifatida mashhur. 1908 yilda Turkiyada davlat to‘ntarilishiga rahbarlik qilib, Sulton Abdulhamid II hokimiyatini ag‘dargan hamda mamlakatda konstitutsion monarxiya tuzumini o‘rnatgan. Yosh turklar hokimiyatni qo‘lga olgach, Anvar Poshoning nufuzi, obro‘si, ta’sir doirasi o‘sib boradi. Chet el imperializmi tomonidan puxta rejalashtirilgan, Turkiyani tiz cho‘ktirish va bo‘lib yuborishga qaratilgan harakatini barbod etgan buyuk shaxslardan biri sifatida tarixga kirdi. 1913 yildagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Anvar Posho Harbiy ministr lavozimini egallaydi.

Birinchi jahon urushida Germaniya bilan ittifoq tuzib, urushda Turk qurolli kuchlariga qo‘mondonlik qiladi. Urushda Germaniya va Turkiya yengilgach, Yosh turklar hokimiyatiga chek qo‘yiladi. Anvar Posho Jamol Posho, Tal’at Posho va boshqa safdoshlari bilan Germaniyaga ketadi.
Anvar Posho siymosida monarxiyaga qarshi otashin kurashchini ko‘rgan Rossiya hukumati undan Turkistonda inqilobiy xarakatlarni kuchaytirish hamda aksilsho‘roviy kuchlarni bostirish yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lib, unga siyosiy boshpana beradi.

Bolshevoylar undan qanday razil maqsadlar yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lganligini Anvar Posho tez fursatdayoq tushunib yetadi. Zero u ruslarning Turkistondagi qilguliklarini, xalqni, dini islomni oyoqosti qilayotganlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Hamda ota yurtni, o‘z qardoshlarini muhofaza qilishdek og‘ir, shu bilan birga, sharafli ishga o‘z hayotini baxshida etadi.
1920 yil sentyabrda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlari qurultoyida ishtirok etadi va o‘z Bayonotini e’lon qiladi. 1921 yil fevralda esa Moskvada “Musulmonlarning inqilobiy jamiyati Ittifoqi” qurultoyini o‘tkazadi.
Turkistondagi ahvolning o‘ta og‘irligini sezgan Anvar Posho o‘zining Xoji Somiybek, Nabibek, Hamibek va boshqa safdoshlari bilan Buxoroga kelib, Turkistondagi milliy-ozodlik harakati bilan yaqindan tanishadi.

Anvar Posho butun Turkiston xalqiga Murojaatnoma e’lon qilib, uni quyidagi so‘zlar bilan boshlaydi:
“Orqadoshlar! Turkistonning muqaddas da’vosi yo‘lida olib borilayotgan kurashga men ham qo‘shilgani keldim…”
Ha, u buyuk kurashchi edi. U sho‘rolar bilan to‘qnashuvlarda buyuklik isbot etgan zotdir. Bir qancha janglarda strategik salohiyati bilan g‘alaba qozondi. Jumladan, 1922 yil 22 yanvarda Dushanbada sakkiz ming nafarlik sho‘ro armiyasiga qarshi bir ming besh yuz yigiti bilan jang qilib, g‘alaba qozonganining o‘ziyoq uning naqadar buyuk salohiyatga ega ekanligidan nishonadir.
1922 yil 28 mart kuni Amir Olimxondan barcha qo‘shinlarga Bosh qo‘mondon etib tayinlangani haqida inoyatnoma oladi. 15-aprelda esa qo‘rboshilar Anvar Poshoni qo‘rboshilarga siyosiy rahbar va qo‘mon etib saylaydilar. Afg‘oniston hukmdori Omonulloxon ham uch yuz kishilik sarbozlar hamrohligida yarog‘ sovg‘a etib yuboradi.
Shundan so‘ng Anvar Posho Bosh qo‘mondon sifatida Rossiya bolshevoylar hukumatiga Sho‘ro qo‘shinlarini Turkistondan olib chiqib ketish to‘g‘risida ultimatum yuboradi. Bolshevoylar Anvar Poshoni bu talabiga qarama-qarshi har xil tashviqot targ‘ibot ishlarini olib borishni asosiy vazifa qilib qo‘yadi. RKB (b) Markaziy komiteti Buxoro va Farg‘ona bo‘yicha I.V.Stalin, Chicherin, Kuybishev va Fayzulla Xo‘jaevlar tomonidan ishlab chiqqan qarorni qabul qiladi. Bu qarorga ko‘ra Buxoro va Farg‘onada istiqlolchilarga qarshi kurashayotgan frontlar birlashtirilib, musulmon aholisi orasida siyosiy ish olib borish, mahalliy aholiga yon berish, tavba qilgan “Bosmachilik harakati” yigitlarini ozod etish, qo‘rboshilar orasida nifoq chiqarish, turli ig‘volar tarqatib istiqlolchilar sa-fini bo‘lib tashlash kabi masalalarni asosiy vazifa qilib oldilar. Bunga erishdilar ham.
Ibrohimbek bilan Anvar Posho o‘rtasidagi taranglashgan murakkab vaziyat buning isbotidir. Qi-zil armiya katta kuch bilan qilgan hujumi paytida Ibrohimbek qariyb 10 minglik saralangan qo‘shinini Boysundan olib chiqib ketishi hamda Anvar Poshoga bo‘ysunmasligini bildirib, isyon ko‘tarishi izoh talab etmaydigan haqiqatdir.

Anvar Posho istiqlolchilar kurashiga rahbarlik qilar ekan-u diplomatiya vositalaridan to‘liq foydalanar, bolshevoy rahbarlar bilan muzokara olib borish, qizil askarlarni Turkistondan olib chiqib ketishga butun vujudi bilan harakat qilardi. Bu Fayzulla Xo‘jaevning tanlangan asarida aynan quyidagicha keltiradi: Ibrohimbek va boshqa qo‘rboshilar nomidan Anvar Posho qizil askar rahbarlari nomiga jo‘natilgan maktubida shunday deyilgan; “Haqiqiy mustaqil Buxoro tuprog‘idagi aholi vakillari bo‘lgan bizlar sizlarga ma’lum qilamizki, sizlar mamlakatimizdan chiqib ketmaguningizcha jangni davom ettiraveramiz” – deb bir qarorga keldik. Hozirgi vaqtda behuda qon to‘kilmasin deb va odamgarchilik qilib sizlarga mamlakatimizdan chiqib ketishni taklif qilayotirmiz. Shunday qilsangiz, sizning do‘stlaringiz bo‘lib qolamiz va o‘zimiz yordam berib sizlarni ochlikdan saqlab qolamiz, aks holda sizlar Vataningizda ocharchilikdan o‘layotgan oilalaringiz kabi mahv etilasiz. Hozir biz gunohkor bo‘lmaylik deb odam qoni to‘kishni istamayotirmiz. Lekin, xalqimizning istagiga xilof ravishda Vatanimizga bostirib kirgan sizlar bilan jang qilishni muqaddas burchimiz deb bilamiz. Bizlar xursandlik bilan bu yo‘lda qonimizni to‘kib, shahid bo‘lishdan qaytmaymiz”. Bundan ko‘rinib turibdiki bunday talab va uning siyosat, harbiy sohasidagi g‘alabalari bolsheviklar hukumatini sarosimaga solib qo‘ydi. Sho‘ro hukumati 19 aprelda sulh tuzishni taklif etadi. Rossiyani Tashqi ishlar Xalq Komissarligini 10 kishidan iborat delegatsiyasi Boysunga keladilar. Agar Anvar Posho sulhga rozi bo‘lsa, “Darvoz, Qorategin, Ko‘lob, Dushanbe va Hisor kabi viloyatlarni birlashtirib, mustaqil bir davlat tuzib olishi mumkinligi ta’kidlangan edi. Ular buning evaziga Turkiston ishlariga aralashmaslik masalasini qo‘ydilar.
Anvar Posho esa ruslarga “Sulh bitimi faqat Turkiston tuproqlaridan butun rus askarlarini olib chiqib ketilgandan keyingina gap mavzu bo‘lishi mumkin”, deb keskin javob berdi.
1922 yil 18 mayda RKP (b) MK “Turkiston-Buxoro ishlari haqida” maxsus qaror qabul qildi. Mazkur qarorda istiqlolchilarga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirish, shuningdek, “Anvar Poshoning Sharq xalqlari dushmani, inglizlar josusi sifatida xalq ongida fosh etish lozim”ligi qayd etilgan edi.

Kurash qizigan 1922 yilda Leninning topshirig‘i, hukumatning maxsus qarori bilan Rossiya Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni S.S.Kamenev, qizil armiyaning otliq kuchlari qo‘mondoni S.M.Budyoniy, A.N.Todorovskiy, V.V.Kuybishevlar katta mikdorda qo‘shin, qo‘shimcha qurol-yarog‘ bilan Turkistonga safarbar etiladi. Anvar Posho bilan shug‘ullanish uchun Sho‘ro razvedkasi Sharq bo‘limi boshlig‘i arman millatiga mansub Agabekov maxsus guruh bilan yuboriladi. Bu paytlarda Turkistonning barcha hududlarida, ayniqsa, Farg‘ona va Sharqiy Buxoroda janglar qizib ketdi. 1922 yil 24 iyunga o‘tar kechasi Anvar Poshoning uch ming yigiti qo‘mondon Kakurinning sakkiz yarim ming nafarlik tish-tirnog‘igacha qurollangan qo‘shinini yer tishlatdi. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, butun boshli bir diviziyani yo‘q qilib tashladi. Xullas, Anvar Posho undan keyin ham ko‘p marta qizil askarlarga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib bordi. Biror marta pand yemadi. Rus qo‘mondonligi uning strategiyasi, taktikasi oldida gandiraklab qoldi. Rus razvedkasi esa sarosimada.

Biroq razillik o‘z ishini ado etishga shoshar edi. 1922 yil 4 avgust juma, Qurbon hayiti kuni edi. Qurbon hayiti nomozi o‘qilgandan so‘ng, Anvar Posho o‘zining sodiq safdoshlariga qisqacha quyidagi va’zni qildi “Men sizlarga hozir hayitlik tarqata olmayman. Agar bizlarning qardoshligimiz haqida bir necha og‘iz so‘zlar bitilsa, men unga o‘z muhrimni qo‘yib, bajonidil imzo chekardim. Men o‘ylaymanki, bu so‘zlar bizning ozodlik uchun olib borayotgan milliy kurashimizdagi harbiy qardoshlik haqida bir ajoyib xotira bo‘lib qolardi”. Bu uning istiqlol kurashchilariga karata qilgan oxirgi siyosiy vasiyati bo‘lib qoldi. Anvar Posho o‘z orqadoshlari bilan Baljuvon tepaligida suhbatlashib o‘tirar edilar. Kutilmaganda qizillarning 3 ta otliq polki, 3 ta eskadroni hujumga o‘tib qoladilar. O’rtada qilichbozlik janggi qizib ketadi. Orqaga chekinish imkoniyati bo‘lsada, Anvar Posho chekinishni o‘ziga or biladi. Bir o‘zi o‘n bir dushmanni chopib tashlaydi. Qizil askarlarni arxivlarida saqlangan bir ma’lumotda Anvar Posho o‘zining, 100 ta saralangan jangchisi bilan 18 chi otliqlar polkining, 1 eskadroni ustiga tashlanib, yanchib tashlaydi.

Kutilmaganda orqadan urilgan qilich zarbi mohir qo‘mondonni qulatadi. Qilich urgan kimsa Anvar Posho qo‘lida Muhammad G’oziy nomi bilan xizmat qilib yurgan qizil josus Georgiy Kasparyan edi.
Anvar Poshoning shahodat suvi bilan yo‘g‘rilgan jasadi Dushanbadan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Baljuvon kentining Chetan degan joyiga dafn etildi. Anvar Posho Turkiston mustaqilligi uchun kurashda shahid ketdi. Anvar Posho o‘limidan bir necha kun oldin qizil askarlarning boshlig‘i O.Akchuringa yozgan maktubida Turkiston unga begona emasligini, uning ajdodlari Turkistondan borib, Turkiyada saltanat kurganliklarini, aksincha, boshqalar uchun bu yurt begona ekanligini quyidagicha ta’kidlagan edi:
“Bu insonlarning tomirida oqayotgan qon xuddi meniki kabi sof turkiy qondur. Bu yer ruslarniki emas, balki turkiy xalqlarning asl yurtidir”.
1996 yil 3 avgustda Turkiya hukumatining qarori bilan Anvar Posho xoki solingan tobut Istanbulga olib ketildi.
Ha, Anvar Posho o‘zining ota yurti uchun kurashgan, Turkistonni oyoqosti qildirmaslik, uning mustaqilligi va ozodligini ko‘rish yo‘lida o‘z jonini tikkan buyuk zot edi.

Anvar Posho nafaqat turk millatining, balki, ayni paytda Turkiston, O’rta Osiyo o‘lkalarining ham mard farzandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shahobiddin Yassaviy unga o‘zining “Turkistonning achchiq haqiqatlari” kitobida “Anvar Posho G’oziy – Buyuk qo‘mondon” deb baho beradi.
Abdulhamid Cho‘lpon Anvar Poshoning shahid ketganligini eshitib, quyidagi she’rni bitgan edi:

Eng so‘nggi umidni qonga bo‘yagan,
Ox, qanday xayrsiz zamonlar kelgan.
Faryodim dunyoni bo‘g‘ib o‘ldirsin,
Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsin.

Uning siyosiy faoliyati o‘ta bir buyuk ilohiy maqsadlar yo‘liga qaratilganligini sevikli xotini – Sultonning go‘zal qizi Najibaxonimga yozgan oxirgi maktubidan bilsa ham bo‘ladi. Biz uni muhtaram kitobxonlarimizga ham ilindik:
“Sen maktubingda qilich va jangni sevganim qadar hech narsani sevmasligimni yozibsan. Ammo biror-bir narsa to‘g‘risida “faqat ishni sevaman” deb ham ayta olmayman (aytsam yolg‘on bo‘ladi). Sen bilursankim, manim haqimda tuhmat tashviqotlar yurgan badbaxt kimsalarning iddao etganlaridek, men bu olis diyorlarga mol-dunyo axtarib boy bo‘lmoq, yoki o‘z hokimiyatimni qurmoq uchun kelganim yo‘q.
Meni sendan uzoqlashtirib, bu joylarga keltirgan Janobi Haqning zimmamga yuklangan muqaddas bir vazifasidir. Bu jihod vazifasi erur.
“Jihod” – islomda g‘ayridinlarga qarshi “muqaddas urush”. Qur’oni karimda jangga qobiliyatli har bir musulmon muqaddas urushda ishtirok etishi shart deb ko‘rsatilgan. U shunday ulug‘ ishdurki, uni hatto sidq ila niyat qilganlar ilohiy jannatga kirmoq huquqini olurlar. Har qadar Sendan ayru qilmoq, Sening sevgingla masrur qalbimni vayron etmakda esa hamki, ushbu yo‘lda buyuk bir imtihon bermakdan ko‘p baxtiyorman….”
Ha, Anvar Posho Janobi Xaq yo‘lida Buyuk imtihondan shak-shubhasiz a’lo darajada o‘tdi.

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. “Shermuhammad qo‘rboshi” kitobidan

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: