Qodiriyning qudrati


Abdulla Qodiriy… O’zbek nasrini yuksak rutbalarga ko‘targan, kitobiylashgan tilimizga jonli xalq ohanglarini olib kirgan qilqalam adib. Jahon adabiyotida dovruq qozongan zabardast romannavislar panjasiga dadil panja urib, o‘zbek romanchiligiga asos solgan nuktadon ijodkor, sohir san’atkor. Zulmdan qaddi dol bo‘lgan millat ma’rifatini hayotiy a’mol deb bilgan, bu yo‘lda borini nisor etgan ulug‘qalb shaxs. Umrining so‘nggi lahzalarigacha erk deya nafas olgan hurriyatsevar ziyoli…

10 aprel kuni Abdulla Qodiriy tavalludining 116 yilligi nishonlanadi. Qutlug‘ sana arafasida taniqli adabiyotshunos, akademik Baxtiyor NAZAROV bilan cevimli adibimiz shaxsi va ijodi xususida suhbatlashdik.

– Domla, axborot munosabatlari tobora tig‘izlashayotgan zamonimizda badiiy adabiyot mamlakatni dunyoga tanituvchi eng qudratli vositalardan biriga aylanmoqda. Mana shunday o‘zgarishlar davrida adabiyot ahli oldida Abdulla Qodiriy shaxsi va ijodini o‘rganish bo‘yicha qanday vazifalar turibdi?

– Milliy adabiyotimizni Abdulla Qodiriy kabi zabardast ijodkorlarimizni tanitish bilan dunyoga olib chiqish mumkin. Mumtoz adabiyotimizda Alisher Navoiy benazir bo‘lsa, XX asr nasrida Abdulla Qodiriyga tenglashadigan ijodkor yo‘q. Bugungi davrgacha qilingan tadqiqotlar qimmatini pasaytirmagan holda aytmoqchimanki, ulug‘ adib ijodini yangicha qarashda o‘rganish payti keldi. Bugun biz Qodiriy asarlarini Balzak, Shekspir, Tolstoy, Dostoevskiy kabi mana men degan yozuvchilar ijodi bilan qiyosan o‘rganishimiz kerak.

Bu borada Izzat Sulton, Matyoqub Qo‘shjonov, Habibulla Qodiriy, Sherkon Qodiriy, Sobir Mirvaliev, Nabijon Boqiy… yana ko‘p ijodkorlar asarlar yozgan. Ammo bugungi zamon o‘quvchisi butkul yangicha yondashuvdagi tadqiqotlarni talab qilayapti. Adib asarlarini talqin qilishda faqat romantika, muhabbat motivlariga urg‘u berish fursati o‘tdi. Qodiriy faqat ishq-muhabbatni emas, o‘tmish, bugun va kelajak uchun ahamiyatli bo‘lgan dolzarb mavzularni qalamga olgan. Adib asarlarining ana shu umrboqiy jihatlarini ochib berish kerak. Bu endi xorijiy tillarni puxta egallagan, Sharqu G’arb adabiyotiga oshno bo‘lgan yangi avlod adabiyotshunoslari zimmasidagi vazifadir.

Shu bilan birga, Qodiriy nomiga munosib, uning ijodkor va shaxs sifatidagi siymosini ochib beradigan badiiy asarlar, kartinalar, filmlar ham yaratish zarur. Yurtimizda milliy istiqlol g‘oyasini shakllantirish, uni yosh avlod tafakkuriga singdirish yo‘lida sa’y-harakatlar qilinayotgan bir davrda erk uchun boshini tikkan, shirin jonidan kechgan Qodiriy kabi ulug‘ siymolarimizni yoshlarimizga yaxshiroq tanitishimiz darkor.

– Sevimli adibimiz so‘z san’ati mo‘‘jizalari bo‘lmish romanlarini yozgunga qadar Sharqu G’arb adabiyotidagi romannavislik an’analari sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqan. Ilk tajribaga qo‘l urgan ijodkor avval-boshda beixtiyor taqlidga yo‘l qo‘yishi mumkin. Yozuvchi romanlarida taqlid seziladimi?

– To‘g‘ri, Qodiriy o‘z davrigacha bo‘lgan romanchilik an’analarini puxta o‘rgangan. Aksar adabiyotshunoslarimiz u arab adibi Jo‘rji Zaydon romanlarini ko‘p mutolaa qilganiga urg‘u berishadi. Qodiriy faqat Zaydon ijodi bilan emas, jahon adabiyotining, xususan, rus, frantsuz, ingliz adabiyotining zabardast vakillari asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan. “Alpomish”, “Kuntug‘mish” kabi xalq eposlarini, mumtoz adabiyotimizni juda yaxshi bilgan. Qodiriyning buyukligi shundaki, u romanchilikka ilk bor qo‘l urgan bo‘lsa-da, taqlidga berilmagan, salaflar ta’siriga tushib qolmagan, o‘xshashi yo‘q romanlar yarata olgan. Bu jihatdan, Muxtor Avezov “Abdulla Qodiriy romanlari 1920-yillarda go‘yo tekis sahroda to‘satdan Pomir tog‘lari vujudga kelgandek paydo bo‘ldi…” deb yozganida haq edi. Ammo ikkinchi jihatdan, Abdulla Qodiriy asarlari tep-tekis cho‘lda paydo bo‘ldi, deyish munozarali. Negaki, unga qadar adabiyotimizning Navoiy, Bobur kabi baland tog‘lari, XX asr boshlarida esa Cho‘lpon, Fitrat kabi yondosh tog‘chalari bor edi. O’zidagi imkoniyat va iste’dodni yuzaga chiqara olgan odam buyukdir. Qodiriy ham xudo yuqtirgan iste’dodini yuzaga chiqardi, o‘zini topa oldi.

– “O’tkan kunlar”ni mutolaa qilganlar u yoqda tursin, bu haqda so‘zlaganlar omonsiz jazolangan mash’um davrlarda ham asar haqiqiy adabiyot muhiblari orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilaverdi. Kitobxon asarning har bir satrini diliga jo qildi. Sizningcha, asarning umrboqiyligi siri nimada?

– Qodiriyni Qodiriy qilgan – uning betakror badiiyati! Vatan haqida, erk haqida, muhabbat haqida Qodiriygacha ham ko‘p ijodkorlar yozgan. Ammo zamon o‘tsa-da, chin adabiyot ixlosmandlari uni sevib o‘qimoqda, ijodidan kashfiyotlar topib charchamayotir. Sho‘ro zamonida qildan qiyiq axtargan mafkurachilar ulug‘ adibga “asarlarida sinfiy kurashni ko‘rsatmagan, yuqori tabaqa vakillarini qahramon qilib olgan, musulmonchilikni targ‘ib qilgan, dinning tegirmoniga suv quygan” kabi turli ayblovlarni ag‘darib kelgan. Yozuvchi sinfiylik kabi o‘ta jo‘n va sun’iy qoliplarga itoat etmagani ayni haqiqat. Jasoratli adib sotsialistik realizmdan boshqasi tan olinmagan davrda umumbashariy qadriyatlarga suyangan holda qalam tebratgan. Yozuvchi asarlarining qimmati va qudrati ham shunda.

– Adabiyotshunos olim sifatida shakllanishingizga Qodiriy ijodi va shaxsi qanday ta’sir qilgan?

– Kaminaning adabiyotga ixlos qo‘yishida Abdulla Qodiriyning ulug‘ xizmati bor. Otam xat-savodli, adabiyotga mehr qo‘ygan inson edi. Onamning hikoya qilib berishlaricha, ko‘hna sandig‘imizda “Kuntug‘mish” va “O’tkan kunlar” kitoblari saqlanarkan. Zamon tahlikali, o‘z davrining mumtoz asarlarini o‘qish man etilgan. O’sha paytda ham mahalladagi adabiyot shinavandalari kechasi jam bo‘lib, eshikni berkitib, xira fonus yorug‘ida “Kuntug‘mish” va “O’tkan kunlar”ni mutolaa qilgan ekan. Onamdan bu hikoyani eshitgan paytimda 10-12 yashar bola edim. Albatta, u mahallar “O’tkan kunlar”ning qanday asarligini tushunmaganman. Ammo o‘zimcha odamlar kechasi uxlamasdan, eshikka poyloqchi qo‘yib o‘qiydigan bu kitob qanday ekan-a, deb o‘ylaganman…

Talabalik paytlarim Qodiriyni so‘z san’atkori sifatida rosmona taniganman. Universitetda Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy asarlarini yoddan o‘qib beradigan domlalarimiz bor edi. Yozuvchi shaxsidagi millatparvarlik, jasorat, fidoyilik, birso‘zlilik, jismoniy mehnatga o‘chlik, halollik va xolislik menga qattiq ta’sir qilgan.

– Millatparvar adib ijodida sho‘rolarni qo‘llab-quvvatlovchi asarlar ham bor. Buni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

– Men yozuvchiga inson sifatida baho berish tarafdoriman. Inson zotiga ishonish, aldanish, umid qilish kabi tuyg‘ular xos. Sho‘ro hokimiyatining ilk yillarida yuz bergan o‘zgarishlar, savodsizlika qarshi kurash, ta’lim maskanlarining ochilishini ko‘rib, yozuvchi ko‘nglida ham umid uyg‘ongan. Sho‘ro dohiylarining millatlarga ozodlik berish haqida va’dalarini eslang. Qodiriy o‘z davri ziyolilari kabi bunday yolg‘onlarga ishongani uchun ham zamon o‘zgarishlarini yoqlab asarlar yozgandir. Ammo u mustabid tuzumning maqsadi millatlar erkini bo‘g‘ish, ularga zulm o‘tkazish ekanini tez anglab yetgan. Shu bois ham, asarlarida hurriyatni bayroq qilgan. Ulug‘ adib sho‘ro jallodlari qilich yalang‘ochlab turgan paytlarda ham imonini yo‘qotmagan, e’tiqodiga xiyonat qilmagan.

– “O’zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, deb yozadi kuyinchak adib. Abdulla Qodiriyning ona tilimiz jozibasi va qudratini ko‘rsatishdagi xizmati qanday?

– Prozamizda Abdulla Qodiriyning badiiy tiliga teng keladigan go‘zal til yo‘q! Badiiy tilni ko‘pchilik adabiy til bilan chalkashtiradi. Badiiy til har bir ijodkorning individual uslubi, o‘ziga xos tilidir. Shu ma’noda badiiy til norma bo‘lmaydi. Qodiriy o‘z badiiy tilini yarata olgan so‘z san’atkoridir.

Kumushga “harorati g‘ariza” yetib, bemor bo‘lib yurgan kunlarda ariq bo‘yiga yuzini yuvish uchun chiqqan lavhani yodga olaylik. “Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshg‘ina oqib kelar, Kumushbibining qarshisig‘a yetkanda go‘yoki, uning ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘lturgan sohiraning sihriga musaxxar bo‘lg‘an kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik ostig‘a oqib ketar edi…” Suvga nisbatan yuvosh sifati ishlatilishi boshqa ijodkorda uchramaydi. Obi hayotning “yovoshg‘ina” oqishi tasodif emas. Zotan, u ham ariq bo‘yida o‘tirgan sohibjamolning chiroyiga bir zum bo‘lsa-da to‘yish uchun atayin sekinlab oqayotgandek. Bu so‘z ayni paytda Kumushning tabiati, tiynatiga ishora. Yozuvchi suvning charx urib oqishida ham sohira qizga izhori ishqni kashf etadi. Muallif satrlarni yurak hovuchlab o‘qiyotgan kitobxonning kayfiyatini aniq-taniq tasavvur etayotgandek, holatni yanada kuchaytiradi: “Ariq suvining nihoyatsiz bu harakatini uzoq ko‘zdan kechirib o‘lturg‘ach, qo‘l uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, go‘yoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi…” Sohibjamol qizning yuzini o‘pib tushgan suvning ariqqa qaytib tushishi bilan isyon va g‘alayon ko‘tarilganida ham ramziy ma’no bor. Kumushning yuzidan bo‘sa olgan tomchilarning saodati qolgan tomchilarni hasad o‘tida yondirgan-da… Romanning har bir sahifasidan badiiy mahoratga dalil bo‘ladigan bu kabi satrlarni o‘qish va uqish mumkin. Yozuvchi asarlariga yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barcha kitobxonlar mahliyo bo‘lishi ham shundandir.

Qodiriyni o‘qib, uning so‘z boyligiga tasanno aytmaslikning iloji yo‘q. Adibning romanlarida o‘ziga xos badiiy til, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, “Kalvak mahzumning xotira daftaridan” kabi hajviy asarlarida mutlaqo boshqa badiiy tilni ko‘rasiz. Go‘yo boshqa-boshqa muallif yozgandek.

– «O’tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari rus, ozarbayjon, latish, litva, tatar, turkman, uyg‘ur, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq, arab, italyan, ingliz, nemis, turk va boshqa tillarga tarjima qilingan, qayta-qayta nashr etilgan. Mazkur tarjimalar haqida nima deysiz?

– Ochig‘i, Qodiriy asarlarini o‘zbek tili va madaniyatini yaxshi biladigan ijodkorlar tarjima qilgan, deya olmayman. Vositachi til orqali qilingan avvalgi tarjimalar o‘z davrida asqotdi, ammo zamon yangilandi, adabiyotda tarjimaga munosabat ham o‘zgardi. Bugun Qodiriyni ingliz, nemis, frantsuz yoki ispan kitobxoniga yangi talqindagi tarjimada yetkazish kerak. Buning uchun esa ham ona tilimizni, ham xorijiy tilni puxta egallagan tarjimonlar lozim. Jahon adabiyotidan o‘zbekchaga tarjimalar ham originaldan qilinishi maqsadga muvofiqdir. Balzakni rus tilidan emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri frantsuzchadan, Shekspirni inglizchadan o‘girish lozim. Agar o‘zbek tilini biladigan xorijlik tarjimonlarni kutadigan bo‘lsak, ko‘p vaqt yutqazishimiz tayin. Bugundanoq xorijiy tilni puxta o‘zlashtirgan bilimdon yoshlarimiz orasidan mahoratli tarjimonlarni tayyorlashimiz kerak. Bizlar uchun birov qayg‘urmaydi, o‘zimiz harakat qilishimiz lozim.

– Rivojlangan davlatlarda tarjima ishiga ko‘mak beradigan jamiyatlar faoliyat yuritadi. Yurtimizda ham ana shunday jamiyat tashkil etish vaqti kelmadimikin?

– Ko‘ngildagi gapni aytdingiz. Men ko‘pdan beri yurtimizda tarjimonlarga yordam beradigan, ularning boshini qovushtiradigan, katta-katta ijodiy ishlarga bosh-qosh bo‘ladigan jamiyat tuzilsa, deb orzu qilaman. Tarjima bo‘yicha iste’dodlarni kashf etish va tarbiyalash uchun bunday jamiyat muhim. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parpi, Shukur Xolmirzaev, O’tkir Hoshimov… Shukrki, xorijlik kitobsevarlarga taqdim qilsa arziydigan ijodkorlarimiz bisyor. Tuzilajak jamiyat tarjimonlarni moddiy rag‘batlantirsa, tarjima uchun yaxshi qalam haqi bersa, tanlovlar e’lon qilsa, o‘z safiga qalami o‘tkir ijodkorlarni jamlasa…

Men yurtimizdagi davlatmand, o‘ziga to‘q insonlarga adabiyot ravnaqi uchun ham o‘z mablag‘larini sarflashlari joizligini eslatib qo‘ymoqchiman. Biz adabiyot, san’at, madaniyat gullab-yashnashi uchun borini ayamagan san’atsevar, ziyoli insonlar avlodlarimiz. Tarjimonlar jamiyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun yurtimizdagi sarmoyador homiylar, tadbirkor-ishbilarmonlar o‘z hissalarini qo‘shsalar, millat kelajagi va taraqqiyoti uchun qayg‘urgan bo‘lardilar.

– Qodiriy asliyatidagi jozibani tarjimada to‘la chiqarib berish mumkinmi?

– Xorijiy tilda Qodiriyni originaldagidek chiqarish o‘ta mushkul, ammo bu tarjima kerak emas, degan ma’noni bildirmaydi. Adib asarlarini dunyo o‘quvchilariga jilla qursa asliyatga yaqin variantda taqdim eta olsak ham katta gap! Jahon adabiyotida originaldan o‘tkazib qilingan tarjimalar ham bor. Masalan, Gyote o‘zining “Faust”ini frantsuz tilida o‘qishni yoqtirishini yozgan. Asarni frantsuzchaga o‘girgan tarjimon muallifdan ham o‘zib ketgan-da. Sergey Yesenin tirik bo‘lganida va o‘zbek tilini tushunib, Erkin Vohidov tarjimalarini o‘qiganida, u ham Gyote kabi xulosaga kelishi aniq edi, deb o‘ylayman.

Yurtimizda oxirgi yillarda tarjima bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Xususan, “Jahon adabiyoti” jurnali ko‘plab asarlarni o‘zbek o‘quvchisiga yetkazdi. Paulo Koeloning “Alkimyogar”ini birdaniga uch ijodkor o‘zbek tiliga o‘girdi. Buni bemalol dunyo tarjimashunosligida noyob hodisa, deyish mumkin. Jamol Kamol mustaqillik yillarida Jaloliddin Rumiyning oltita asarini forschadan tarjima qildi. Sharqu G’arb adabiyotiga mehr qo‘ygan ijodkor Shekspirning o‘n beshta asarini asliyatdan o‘zbekchalashtirdi… Menimcha, endi tarjima gali Qodiriy kabi ulug‘ adiblarimiz asarlariga ham keldi.

– Taniqli yozuvchi Erkin A’zam suhbatlaridan biri: “Zamon bolalaridan “O’tkan kunlar”ni so‘rasangiz, faqat kinosini ko‘rgan-da, Zaynab Kumushni zaharlagan, deb syujetni aytib beradi. Holbuki, adabiyot quruq axborot emas, sezgilar, hissiyotlar ifodasi. Qodiriyni asliyatda o‘qishga ne yetsin!” degandi. Haqiqatan ham, bugun hatto ko‘zga surtgan adibimiz asarlari kam o‘qilayotir. Yoshlarni mutolaaga qaytarish masalasi sizni ham o‘ylantirayotgandir…

– Vatan tuyg‘usini majburlab singdirilmagani kabi mutolaaga ham zo‘rlik bilan o‘rgatib bo‘lmaydi. Xo‘sh, unday bo‘lsa nima qilish kerak? Menimcha, maktablarimizda, kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarida adabiyot fanini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘qituvchilar saviyani oshirish kerak. Chunonchi, muallimlar asar syujetini emas, uning badiiy jozibasi haqida gapirib bersin. Agar bolaga biror asarning jozibasini ko‘rsatib bera olsak, ko‘ngliga cho‘g‘ solib qo‘ysak, aytmasak ham uni albatta topib o‘qiydi.

Badiiy adabiyot o‘qish susayib ketgani – tabiiy jarayon, buning o‘ziga yarasha ijtimoiy sabablari bor. E’tibor bering, yozma adabiyot mavjud bo‘lmagan davrda folklor birlamchi edi. Yozma adabiyot paydo bo‘lishi bilan xalq og‘zaki ijodi namunalari keyingi planga o‘tdi. Televidenie yuzaga kelganidan keyin insoniyat tafakkurida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. So‘nggi yillarda kommunikatsiya tizimidagi inqiloblar, xususan, Internetning paydo bo‘lishi bilan adabiyotga munosabat yana o‘zgardi.

Ancha yillar bo‘ldi, rus gazetalaridan birida o‘qigandim. Pedagogika fanlari doktori 6-sinfda o‘qiydigan farzandiga bir kitob olib kelib beribdi. Ammo ota bolasiga kunda-kunora uni o‘qishni buyursa-da, aytgani kor qilmabdi. Oradan ma’lum muddat o‘tib qarasa, o‘g‘li muk tushib haligi kitobni o‘qiyotganmish. Ota surishtirib bilsa, o‘g‘lining sinfdoshlaridan biri ayni shu asarni maqtagan ekan. Ko‘rib turganingizdek, pedagogika fanlari doktori bo‘lgan otaning nasihatidan tengqur do‘stning tavsiyasi kuchliroq ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Adabiyot o‘lmaydi, chinakam kitob shinavandalari yo‘qolmaydi. Biz yoshlar badiiy adabiyotdan sovib ketdi, deb nolish o‘rniga, badiiy adabiyotni yoshlarga zamonaviy kommunikatsiya vositalari orqali yetkazish haqida o‘ylashimiz foydaliroq.

– Gap aylanib, adabiyot faniga kelib taqalyapti. Ta’lim dargohlarimizda ushbu fanning o‘qitilishidan ko‘nglingiz to‘ladimi?

– Meni ko‘pdan beri o‘ylantirib kelayotgan mavzudan gap ochdingiz. Maktablarimizda (kollej va oliy o‘quv yurtlarida ham) yozuvchi-shoirlar ijodini chuqur o‘rganish emas, ko‘p sonli ijodkorlarni o‘qitish tendentsiyasi kuzatiladi. O’rta maktabda ellik nafar, kollejda yigirma nafar, oliy o‘quv yurtida o‘ttiz nafar (bu raqam kam yoki ko‘p bo‘lishi mumkin) yozuvchi-shoirni o‘qitish shartmikin?! Buning o‘rniga ijodkorlar sanog‘ini kamaytirib, klassiklarimizni chuqurroq o‘rganish to‘g‘ri emasmi?! Qodiriy maktablarda 5-6-sinfdan boshlab o‘qitiladi, menimcha, uni boshlang‘ich dasturga kiritish kerak. Deylik, birinchi sinfda adib asarlaridan hikmatli gaplar, parchalar o‘qitilsin. Keyingi sinflarda ham bolaning yoshi, dunyoqarashiga mos saboqlar berilsin. Toki farzandlarimiz maktabni bitirgunga qadar Abdulla Qodiriy haqida faqat ma’lumot olib qolmay, ular qalbida adib asarlariga muhabbat uyg‘onsin.

– Yurtimizda 1990-yillar boshida Abdulla Qodiriy muzeyi tashkil etilib, bir necha oyga bormay, yopilib ketgan ekan…

– Ha, bundan xabarim bor. Bugungi yoshlarni mutolaaga yanada ko‘proq jalb etish, Qodiriy shaxsi bilan tanishtirishda muzeylarning o‘rni katta. Poytaxtimiz markazida Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ barpo etilganiga bir necha yil bo‘ldi, ammo u haligacha gavjumlashib ketmadi. Menimcha, ulug‘ adibimiz nomi berilgan bog‘ni yanada obod qilish uchun ham butun jamoatchilik faol ishtirok etishi kerak. Bog‘da adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan mo‘‘jaz muzey tashkil qilinsa, bu yerga tashrif buyurganlar Qodiriy asarlari, ular asosida ishlangan filmlar, kartinalar, adib shaxsiga taalluqli eksponatlar bilan tanishsa, adabiyot kechalari o‘tkazilsa, nur ustiga nur-ku! Bu nafaqat yoshlarimiz, chet ellardan kelayotgan sayyohlar uchun ham fayzli madaniy maskan bo‘lur edi.

– Domla, o‘tgan yillar mobaynida Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan qanchadan-qancha kitoblar, monografiyalar, maqolalar yozildi, ilmiy izlanishlar qilindi. Yozuvchi dahosini to‘la angladik, deya olamizmi?

– Ummon bag‘ridagi javohirlar hisobiga yetib bo‘lmagani kabi buyuk shaxslarni ham to‘la anglash amrimahol. Vaqt o‘tishi bilan ularning yangi qirralari kashf etilaveradi. Abdulla Qodiriy ham ana shunday buyuk siymolardan. Talabalarga dars berish payti ko‘plab yozuvchilarimiz qatori Qodiriy asarlarini ham tahlil qilamiz. Hali universitetda tahsil olayotgan yoshlar adib asarlarining katta adabiyotshunoslar ham payqamagan qirralarini ochishadi. Abdulla Qodiriy ijodi va shaxsi bo‘yicha aytiladigan yangi gaplar hali juda ko‘p.

Abdul Sobir suhbatlashdi / Ziyouz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: