Munshaot – xazina


 Til, tarix, madaniyat bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda turli davrlarda yaratilgan yozma yodgorliklar, buyuk mutafakkirlarning asarlari tilini o‘rganish doimo dolzarbdir.

Har qanday til hodisasini tarixiy jihatdan o‘rganishning yagona ilmiy yo‘li, avvalo, dastlabki manbaga asoslanish, yetuk asarlar tilini qiyoslash, ular o‘rtasidagi farq va umumiyliklarni aniqlashdan iboratdir. Alisher Navoiy asarlari tili ana shunday bebaho manbalar sarasiga kiradi. Navoiyning adabiy til ravnaqi uchun olib borgan kurashi madaniyatimiz tarixida muhim o‘rin tutadi. Shoir o‘zbek tilining lug‘at boyliklarini faqat nazmda emas, balki nasrda ham o‘ziga xos uslubda qo‘llay oldi. Uning nasriy asarlari adabiyotshunoslik, tilshunoslik, falsafa, axloq va tarixga oid ilmiy ishlardan iboratdir. Navoiy badiiy va ilmiy asarlar bilan bir qatorda davlat hujjatlari va xatlarni ham fors tilidan qolishmaydigan darajada turkiy(o‘zbek) tilida yozish mumkin, deb hisoblaydi va «Munshaot», «Vaqfiya» kabi asarlarini ona tilida yozib namuna ko‘rsatadi.

Alisher Navoiyning «Munshaot» asari mutafakkirning so‘nggi 20 jildlik asarlari 14-jildiga kiritilgan. Asar muqaddima va 103 qismdan iborat. «Munshaot» mazmuni Navoiyning ko‘pqirrali amaliy faoliyatida xalqparvarlik va tinchliksevarlik printsiplariga asoslangani, mamlakat va xalq manfaatlarini himoya qilganini ko‘rsatib beradi. Asarda Navoiy biografiyasiga oid ma’lumotlar, badiiy ijodi yuzasidan qaydlar, axloqiy qarashlariga aloqador fikr lar mavjud.

Alisher Navoiy «Munshaot» asarini yozishda jonli xalq tili, o‘z davri kundalik turmushida faol qo‘llanadigan barchaga tushunarli so‘zlashuv nut qi leksikasidan unumli foydalandi. Asar leksikasiga e’tibor berilsa, Navoiy maktubot uslubining o‘ziga xos namunalarini yaratdi. Navoiy imkoniyat boricha, turkiy(o‘zbek) leksikaning xalq orasida so‘zlashuv nutqiga xos ko‘rinishlarini ko‘proq ishlatishga harakat qilgan. Har bir yozilajak maktubning mazmun-mohiyati, uning asosiy maqsadi, fikr-mulohaza nimadan iboratligiga qarab, soha tili unsurlaridan foydalangan.

«Va lekin ul bahori hayot suhbatidin ayru lola ahbob jonig‘a dog‘ o‘rtag‘ali shu’lae va har qatra ashob hayoti sham’ini o‘churgali…».

Ushbu matnga e’tibor berilsa, barcha uchun barobar, faol iste’molda bo‘lgan so‘zlar ko‘pchilikni tashkil etgan: va, lekin, ul, bahor, hayot, suhbat, ayru, lola, jonig‘a, dog‘, o‘rtag‘ali, har, qatra, hayot kabilar.

Navoiy «turk alfozi»da nomalar bitar ekan, ularning tili va uslubining sodda, ravonligiga e’tibor beradi. Maktublarning aksariyatida jumla va gaplar so‘zlashuv nutqi tarzida tuzilgan. Hozirgi o‘zbek tilida maktublar ko‘pincha tartib sonli gaplar bilan boshlansa, Navoiy maktublarida kirish iboralar ko‘p ishlatiladi: «G‘araz bu kalimotdin va maqsad bu muqaddimotdin ulkim, bu faqiri xokisor va bu xokivashi bee’tiborkim, bu davlatlig‘ eshik ostonasig‘a tufrog‘dek tushub erdim…». Navoiy turkiy tilda maktubot yozish an’anasini boshlab berar ekan, arzadosht, ya’ni arz qiluvchi har tomonlama zarur, yoqimli, kishini o‘ziga rom etuvchi, mushkulni hal qiluvchining ko‘ngliga muvofiq so‘zlar topib, asosiy maqsadga o‘tishdan avval yuqoridagi jumlalardagi singari uzundan-uzun kirish so‘z va so‘z birikmalarini qo‘llagan. Bu esa maktublar yozish an’anasining o‘ziga xos bir tartibi va qoidasi sifatida muayyan bir qolipga tushganligidan dalolatdir.

Ifodalanayotgan fikrga turlicha modal munosabatlarni bildirish uchun kirish so‘z va birikmalar aslida qadimgi turkiy tosh davridayoq kam bo‘lsa-da, qo‘llana boshlagan. Eski turkiy tosh davriga kelib bu xil konstruktsiyalar keng uchramasa-da, asta-sekin ajratilib ko‘rsatila boshlandi. Eski o‘zbek tilida, xususan, Alisher Navoiyning nasriy asarlarida turli ko‘rinishlari uchraydi. Masalan: «Qulluq duodin so‘ngra arzadosht ulkim, bandanavozliq qilib yiborgan noma yetishti».

«Munshaot»ning ba’zi maktublarida kirish so‘z, kirish iboralar har bir bosh jumla avvalida tez-tez takrorlanib ishlatilgan, fikrni qayta-qayta ta’kidlash maqsadida asosiy masalaga urg‘u berilgan.

«Munshaot» matnida aksariyat hollarda fe’lning buyruq-istak mayli ko‘rinishi asosiy o‘rinni egallaydi. Chunki asarda keltirilgan har bir maktub mazmuni, albatta, buyruq-istak, xohish o‘ziga xos tarzda bayon etilgan. Eski o‘zbek tilidagi singari Navoiy asarlarida, xususan «Munshaot»da, buyruq-istak maylining har uchala shaxs birlik va ko‘plikda kelgan qo‘shimcha shakllari uchraydi. Masalan, buyruq-istak maylining birinchi shaxs birlik formasi (a)yin – borayin, (e)yin – keltireyin, (arz) eteyin kabi. Ikkinchi shaxs birlik va ko‘plik formalaridan – g‘ыl, -gil, -qыl-kil; -g‘ыn, -gin, -qыn, -kin; –ыngыz, -ingiz, -ungiz, -nglar, ngler; uchinchi shaxs birlik va ko‘plik formalari -sunы, -barsunыtarzida qo‘llangan.

«Munshaot»da fe’lning shart mayli shaklining yasalishida, uning ba’zi fonetik variantlarini hisobga olmaganda, Navoiyning barcha asarlaridagi kabi eski o‘zbek, hozirgi zamon o‘zbek tili, umuman turkiy tillarda qo‘llanilishi bilan umumiylik bor…

XV asr adabiy asarlari tilida arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar aralash holda qo‘llanib kelayotganligi o‘z davri tili leksikasida sezilarli darajadadir. Navoiy asarlarida o‘sha davr­dayoq arabcha so‘zlar eski o‘zbek jonli xalq tilida sezilarli darajada o‘zgarishga uchrab, fonetik jihatdan moslashtirilib qo‘llana boshlagan. Arabcha so‘zlarning qorishiq holda grammatik jihatdan moslashishi, eski o‘zbek tiliga bo‘ysundirilishi «Munshaot» tili leksikasida ham o‘ziga xosdir. Asarda o‘zgarishsiz, o‘z holatini saqlab qolgan arabcha so‘zlar ko‘p bo‘lishi bilan birga, asar matnida arabcha so‘zlarning morfologik jihatdan moslashishida, o‘zbekcha grammatik qo‘shimchalarni qabul qila olishida ayon bo‘ladi. Asarda arabcha so‘z negizida o‘zbekcha qo‘shimchalar yordamida yangi so‘zlar yasalgan. Bu esa o‘zbek tili tarixi leksikasining o‘z ichki resurslari hisobiga boyishiga xizmat qiladi. Masalan: «Niyoz raf’idin so‘ngra e’lom ulkim, bu uchurda ul soridin kelganlarning kalomlari fahvosidin va payomlari adosidin andoq ma’lum bo‘ldikim, tab’ingizda davron havodisidin juz’iy za’f va ozore, mizojingiz g‘a zamon navoyibidin adno g‘am va iztirore voqe’ erkin bo‘lg‘ay».

(Mazmuni: O‘tinch va iltijodin so‘ngra ma’lum qilinadikim, bu vaqtda u tomondan kelganlarning so‘zlari mazmunidan va xabarlari bayonidan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tabiatingizda davron hodisalaridin bir oz behollik va ozor paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, tashvish bo‘lmagay va biron taraddud yuzlanmagay.)

Yuqorida keltirilgan matnda raf’+i+din(iltijodan), kalom+lar+i(so‘zlari), fahvo+si+din(mazmunidan), mizoj+ing+in+g‘a(tanangizda), navoyib+i+din (hodisalaridan) kabi arabcha so‘zlar eski o‘zbek tilidagi -lar ko‘plik, -i egalik, -din chiqish kelishigi, -ingizko‘plik ikkinchi shaxs-son qo‘shimchalari, -g‘a jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi kabilar bilan birga kelib, Navoiy maktubi mazmun-mohiyatini o‘quvchiga sodda xalq tilida tushuntiradi.

Xullas, Alisher Navoiy ona tili rivojiga xalq orasida yurib, xalq bilan yuzma-yuz, bevosita maktublar orqali muloqotda bo‘lib, so‘zlashuv tili boyliklarini adabiy til leksikasi normasiga kiritdi.

Ziyodulla Hamidov “Ma’rifat” gazetasi

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: