Mafkura va mafkurasizlik yoki to’rt tarzli siyosat


Sovet ittifoqi parchalangach, mustaqilligini e’lon qilgan jumhuriyatlar, kommunistik mafkura domidan qutilganlarini ko’rsatmoq uchun, o’z yo’llarini tanlashga urinsalar-da yoki o’z yo’limiz bor, deya ayuhannos solsalar-da, jamiyatning butun qatlamlarini tortanak uyasi kabi chirmab olgan eski mafkurani tark yetib, hozirgacha aniq natijaga erishganlari yo’q.

Bir qarashda bu tabiiy holga o’xshab ko’rinadi. Chunki etmish yillik asoratdan bir zumda qutilish kiyin. Buning ustiga mafkura bobida adashmoq, yanglish odim otmoq davlat uchun xam, millat uchun ham o’nglab bo’lmas inqirozlarga olib keladi. Lekin mafkurasizlik ham tom ma’nodagi fojea bo’lib, xalqni o’zligidan mahrum etadi, ya’ni mafkurasizlik mafkuraga aylanadi.

Mafkura nima? Insonlarni bir tushuncha, maqsad, hadaf, niyat atrofida birlashtiruvchi g’oya mafkuradir. Mafkura buyuk bir g’oya, ulkan bir ummon bo’lib, barcha insonlar irmoqlar singari unga intilsalar, yo’l-yo’lakay soylarga, daryolarga aylangan kabi oxirida butun bir kuchga aylanadilar. Ya’ni ummon bo’ladilar. Boshqa jumhuriyatlar singari bugun O’zbekiston ham mafkura bobida chorrahada turibdi. Qarshisida to’rtta yo’l bor: Islomchilik, Turkchilik, O’zbekchilik va Xalqchilik.

1.ISLOMCHILIK

Islom insonlar tomonidan emas, ko’kdan ingan g’oyadir. Ya’ni Ollohning irodasi bilan insonlarga ko’rsatilgan yo’ldir. Olloh bu yo’lni kursatar ekan, insoniyatni undan yurishga majburlamaydi. Insonlarga imkon qoldiradi. Bu esa Olloh tarafidan odamlarga ato etilgan aql uchun, bu aqlni ishlatish uchun tanilgan imkondir.

Mana bir ming to’rt yuz yildirki, bu g’oya dunyoda yashamoqda. Ma’lum bir davrlarda Islom yer yuzidagi davlatlardan bir qanchasida iqtidorga aylandi. Ya’ni g’oya, mafkura barcha insonlarni butunlashtirib, ularning xohish-istaklarini o’zida mujassamlashtirdi.

Oktyabr inqilobidan keyin sho’rolar asosiy diqqat-e’tiborlarini islomiy g’oyaga, umuman, diniy g’oyaga karshi kurashga qaratdilar. Buning o’rniga o’z mafkuralarini o’rnatishga urindilar. Ma’lumki, rus inqilobidan avval Turkiston hududida Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari millat asnosida emas, ummat tamalida qurilgandi. Buxoro amirligi hududlarida o’zbek, tojik, barlos, qo’ng’irot, nayman… xullas, barcha insonlar bir ummat o’laroq yashar edilar. Ayni shaklda Xiva xonligi hududida turkmanlar, qoraqalpoqlar, o’zbeklar va boshka turk qavmlari bor edilar. Qo’qon xonligi ham o’zbeklar bilan birga naymanlaru qirg’izlarga qadar, qavmlarning – musulmonlarning xonaqohi edi.

Xo’sh, mazkur tamalga qaytish mumkinmi? Movorounnahr musulmonlari idorasining sobik muftiysi, Robitai Islomiyaning a’zosi Muxammad Sodiq Muhammad Yusuf 1997 yilning 10 mayida Bi-Bi-Si radiosida o’zbek bo’limi muharriri Hamid Ismoilning “Bugun O’zbekistonda Islom davlati qurish mumkinmi?” degan savoliga “Yo’q”, deya javob berar ekan, buni quyidagicha asosladi:

“Birinchidan, bugun dunyoda tom ma’noda islomiy bo’lgan biror bir davlat yo’q, ya’ni o’rnak olinadigan, bu ishni hayotga tadbiq etishda izidan boriladigan davlatni ko’rmayapman.

Ikkinchidan, O’zbekiston etmish yil davomida ateistik bosim ostida yashadi. Bugun diniy kadrlar, Islomni mukammal bilgan donishmandlar oz. Xo’sh, Islom davlati qurilsa, bu ishni kim bilan amalga oshiramiz?”

Agar O’zbekiston hududlaridan tashqariga chiqadigan bo’lsak, ayni qarashni bundan besh yil oldin Tojikiston musulmonlarining lideri Qozi Akbarjon To’rajonzoda ham “Komsomolskaya pravda” gazetasidagi musobahasida o’rtaga qo’ygandi. Aslida har bir ulamoning, qolaversa, biz ismlarini zikr etgan ulamolarning ham ko’ngil ostidagi orzulari Islom davlatidir, ammo bunga shart-sharoit yo’qligini e’tirof etmoqdalar. Garchi islomiy davlat kurishni kelajakka qoldirayotgan bo’lsalar-da, ummatchilik g’oyasini targ’ib etishda keng faoliyat ko’rsatmokdalar. Tabiiyki, O’zbekiston hududlari ichida emas.

2. XALQCHILIK

Bu g’oyaning ham tarixi uzoq. Bu g’oya ham ba’zan iqtidorni qo’lga kechirdi. Rossiyani tark etib, Parijda va Istanbulda yashagan buyuk tarixchi olim Yusuf Akchura 1904 yilda yozgan “Uch tarzli siyosat“ maqolasida Usmonli davlatida sultonlarning aksariyati islomiy yo’lni g’oya deb tanlaganlari, ayrimlari esa turkchilikka mehr qo’yganlari va bir qismi Usmonli xalqi mafkurasini umum mafkurasiga aylantirishga harakat qilganini tahlil etadi.
Ma’lumki, Usmonli imperiyasining hududlarida turli millatlar yashabgina qolmasdan, turli dinlar ham mavjud edi. Ya’ni Kitobi bo’lgan barcha dinlarning mansublari bor edilarki, Usmonli davlati ular bilan hisoblashmasdan iloji yo’q edi. Faqat musulmon dinini yoki faqat turkchilikni g’oya qilib olsa, ahvoli og’irlashib qolishidan cho’chigan ba’zi sultonlar “Usmonli xalqi“ mafkurasini yaratishga kirishdilar.

Bu g’oya oxir oqibatda Usmonli imperiyasini inqirozga uchratdi. Lekin bu “g’oya“ning etagiga boshqa bir imperiya osildi, bu sho’rolar davlati edi. Etmish yil davomida Sovet xalqi degan mafkura “ishlandi“. Ayniksa, Brejnev, Chernenko, Suslov kabi “daholar“ zo’r berib, barcha millatlardan bir millatni, barcha g’oyalardan bir g’oyani, ya’ni sovet xalqini o’rtaga chiqarmoqchi bo’ldilar. Ular bu g’oya tantana qildi, deya dunyoga jar solishgan bir paytda, imperiyalari g’oyasizlikdan parchalanib ketdi.

O’zbekiston mustaqillikdan keyin 1992 yilning 8-dekabrida yangi Konstituttsiya qabul qildi. Kamina bu Konstituttsiyaga ovoz bermagan bir necha “o’jar“ millatvakillaridan biri. Bugun amalda bo’lgan ana shu Konstituttsiyaning birinchi bob, 8-moddasida “O’zbekiston xalqini, millatidan qat’iy nazar, O’zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi“ deyiladi. Garchi mazkur Konstituttsiyaning 12-moddasida “Hech kaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o’rnatilishi mumkin emas“ deyilsa-da, ko’rinib turibdiki, sho’rolardan me’ros qolgan xalqchilik nafakat bu Konstituttsiyaning tomir-tomiriga qadar singgan, balki davlatning ham asosiy siyosatiga aylangan. Buni O’zbekiston Prezidentining chop etilgan har bir kitobini varaqlagan kishi darrov sezishi mumkin. Aksariyat sahifalar “O’zbekiston xalqi“ deya boshlanadi va “O’zbekiston xalqi“ deya tugaydi.

Garchi bu g’oya davlat idoralarining asosiy “ish quroli”ga aylangan bo’lsa-da, millat tomonidan hazm etilmadi. Shu boisdan bu g’oyani yashayapti yoxud yo’lboshchilik qilayapti, deb aytish mumkin emas.

3. O’ZBEKCHILIK

Ba’zilar o’zbekchilik bu xalqimizning fe’lu huyidagi ayrim fitratlarni ifoda etadi, deya o’rtaga “O’zbeklik“ iddaosini ham otmoqdalar. Ayniksa, 1993 – 1994 yillarda, mafkura masalasi tortishilar ekan, ba’zi tarixchi olimlar “O’zbek millati“ g’oyasini ilgari surdilar. Ma’lumki, Turkiston hududida yuzlarcha etnik guruhlar mavjud edi. Bu mintaqaning nomi Turkiston ekanligidan ham ko’rinib turibdiki, bu yerda yashagan asosiy millat turklardan iborat edi.

Rus imperializmi tomonidan O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Tojikiston Sovet jumhuriyatlari tuzilar ekan, asosiy maqsadlardan biri avvaliga turklarni parchalab, boshqa-boshqa nomlar bilan atash va so’ngra ularni sovet xalqiga aylantirish edi. Sovet Ittifoqi tarkibida O’zbekiston Sovet Sotsialistik jumhuriyati tuzilarkan, bu geopolitik maydonda qancha o’zbek yashaganini bugungacha hech kim ayta olmaydi.

Qolaversa, bu g’oyani ilgari surayotganlar yaxshi biladilarki, o’zbeklar tarixi Oltin O’rda xonligidan va O’zbekxondan boshlanadi. Ularning iddaosiga tayangan ba’zi g’arb olimlari O’zbekiston tarixi haqida fikr yuritar ekanlar, bu tarix o’n beshinchi asrning oxiri va o’n oltinchi asrning boshida boshlanganini yozmoqdalar. Xo’sh, unday ekan, bobokalonlarimiz Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Ibn Sino, Amir Temur, Bobur Mirzo zamonlari va hatto Meloddan avvalgi oltinchi asrga qadar uzangan tariximiz nima bo’ladi?

Yana qolaversa, “O’zbekchilik“ ruslar tomonidan oramizda nifoq chiqarish uchun va o’zligimizni yo’q etish uchun o’rtaga tashlanganini hech kim rad etmaydi. Shunday ekan, bugun ruslarning orqasidan “quvib” borayotganimizni izohlash kiyin.

Keyingi paytda ba’zi yozuvchilar va shoirlar xam “O’zbekchilik“ degan iddaoni zo’r berib sug’ormoqdalar. Ularning ba’zilari “O’zbek“ degani bir millatning nomi emas, bu juda ko’p etnik guruhlarning birikimidir, ular o’zlariga bek, o’zlariga xon ekanliklarini ifodalamoq uchun bu nomni olganlar, demoqdalar. Vaholanki, ularning aksariyati O’zbekiston mustaqilligi kunlarida jumhuriyat nomini o’zgartirish, Turkiston nomiga qaytish va hatto poytaxtni azaliy boshkentimiz Samarqandga ko’chirish tarafdori edilar.

Ko’rinib turibdiki, hali bir qarorga kelganlari emas. Tug’rirog’i, ko’ngillarining ostidagi gapni aytish uchun yuqoridan esadigan shamoldan ko’rqib turibdilar.

4. TURKCHILIK

Turklarning tarixi ba’zilarga ko’ra, Ko’kturklar imperatorligiga borib taqaladi. Ba’zilar esa tarixni Xun imperatorligidan boshlab varaqlaydilar. Ammo shu narsa aniqki, turklarning tarixi bundan ham uzoqlarga borib taqaladi va turklar dunyoda o’z alifbosiga, o’z tiliga, o’z madaniyatiga sohib millatdir.

Turk imperatorliklari tarix sahifalariga aylanganidan keyin, turkchilik g’oyasi o’rtaga chiqdi, ya’ni parchalangan, bo’lingan turklar qaytadan butunlashish uchun bu g’oyani ilgari surdilar. Ba’zan uni turonchilik ham deb atadilar.

Turkchilik, ayniqsa, o’n to’qqizinchi va yigirmanchi asrda g’oya sifatida kuchlandi. G’arbda unga panturkizm nomini berdilar. Turkistonda Munavvar Qori, Behbudiylar boshlagan jadidlik harakatining zamirida ham turkchilik g’oyasi bor edi. Turkiyada Ziyo Ko’kalp, Ismoil Gaspirali, Zaki Validi To’g’on, Nihol Otsiz kabi fozilu fuzalolar haqida gap ketganda, ularni turkchilar, deyishadi. Ziyo Ko’kalpning vatani Turkiya bo’lsa, Ismoil Gaspirali qrimlik, Zaki Validi To’g’on esa Munavvar Qorining o’rinbosarlaridan biri. Ularni birlashtirgan turkchilik g’oyasidir.

Biz boshqa g’oyalar tarixiga uzoq to’xtalmaganimizdek, (Zotan, bu g’oyalarning har biri haqida yuzlarcha kitoblar yozilgan. Bizning maqsadimiz, ularning tarixini anglatish emas, balki bugungi mafkurasizlikni ko’rsatishdir), bugungi kunga kelmoqchimiz. Hozir O’zbekistonda Turkiston, Turon kalimalari sarbast, ya’ni istagan odam bu haqda gapirishi mumkin. Lekin turkchilik haqida gapirayotganlar oz.

Aslida esa, barcha olimlar va ziyolilar bizning turk ekanligimizni yaxshi biladilar. Fakat Turkiyada turklar yashamokda, tarix maydonida esa O’zbekiston degan davlat ham bor. Demak, biz turkmiz deganda, o’zimizni Turkiyaga bog’lab ko’ygan bo’lamiz, shubhasiga bormoqdalar. Vaholanki, Turkiyadagi turklar Marsdan tushganlari yo’q. Turkistondan ko’chib borganlar va o’z millatlarining nomini bugunga qadar saqlamoqdalar, davlatlarini ham shu nom bilan atamoqdalar.

Shunday ekan, biz uchun ham jiddiy tushunib ko’radigan mavzu bu. Qolaversa, turkchilik uchun eng keng maydon jug’rofiy o’laroq O’zbekistondadir. Tarixiy tamal shu qadar kuchliki, istasangiz Alisher Navoyi asarlarini, istasangiz “Devoni Lo’g’ati Turk“ni varaqlang, tafakkuringizga birinchi galda turklik shuuri yog’iladi.

XULOSA O’RNIDA

Bugun Turk-Islom g’oyasini birgalikda o’rtaga otishmoqda. Ayrim turkchilar, ya’ni turonchilar u holda asli turk bo’lgan gagauzlar, saxalar va boshka qavmlar chetda qolmaydimi, deyishadi. Mantiqan to’g’ri, chunki ba’zi bir turk qavmlari boshqa dinlarga mansubdirlar. Butun turklarni bir Turon g’oyasi atrofida birlashtirish masalasida ular haq. Bu mafkuraning bayroq tikiladigan so’ngi manzili.

Ammo bugun O’zbekistonda, Turkistonda qaysi bir g’oya millatimizni kelajakka etaklaydi? Ba’zi islomshunoslar millat tushunchasini inkor etib, fakat ummat qavramiga tayanadilar. Din ilimdoni Obidxon Qori Nazarov Bi-Bi-Si radiosida bu hakdagi savolga javob berar ekan: “Islom millatni rad etmaydi. Janobu Alloh har bir millatni o’z tili, o’z urf-odatlari bilan yaratgan. Qur’oni Karimda ham insonlar millat va qavmlarga ajratib qo’yilgani aytilgan. Shunday ekan, millatni ko’rmaslikdan kelish mumkin emas.

Aksincha, Islom millatni va milliy urf-odatlarni himoya qiladi“ deydi.
Xullas, kurinib turibdiki, O’zbekiston mafkura bobida chorrahada debsinib turibdi. Hukumat bir yo’lni tanlasa, ziyolilar boshqa yo’lni, tarixchilar esa yana boshqasini ko’rsatmokdalar. Bir qarashda hammasi parcha-parcha holda yashayotganga o’xshaydi, ammo mohiyatiga nazar solinsa, har kim har tomonga tortmoqda.

Bizni tashvishlantirgan va bu maqolani yozishga undagan yana bir asosiy narsa shuki, 1904 yilda Yusuf Akchura bu xususni qalamga olar ekan, Islomchilik, Xalqchilik va Turkchilik haqida to’xtalgan edi. Bir nechta g’oya emas, balki yagona g’oya millatni ufqqa etaklashini orzu qilgandi. Oradan yuz yilga yaqin vaqt o’tgach, bu uchlikdan yakka-yagona g’oyaga kelish o’rniga to’rtinchi g’oyani ham tortishib o’tiribmiz. Bu ketishda yana yuz yildan keyin boshqa bir qalamkash bu xususda maqola yozar ekan “Qo’ng’irotchilik“, “Naymanchilik“ kabi yangi g’oyalar haqida yozmasa bo’lgani. Taassufki, shunga qarab ketayapmiz. Voy, millatimizning holiga!
Mafkura, g’oya – siyosat usti tushunchadir. To’g’rirog’i siyosat mafkuraning zafariyati uchun ijro vositasidir. Ammo siyosatchilar mafkurani siyosatning bir parchasi sifatida ko’rib keldilar va hamon shu qolipda qolmoqdalar. Demak, hammasini boshdan boshlamoq kerak.

JAHONGIR MUHAMMAD,
“OZODLIK” radiosi, 1997 yil, 14 iyun.
HARAKAT JURNALI 2 (9) 1997

Bir Yanıt

  1. Andican’da İNYAZ’da çalıştım.dört sene.Taşkent’ten Prof Hudaberdiyev,ANdican’dan Halim Kerim gibi türkçülri tanırım .1997 yılında Azadlık radyosunun muhabirlik teklifinin Halim beye yapıldığında ben de onun evindeydim.selam ve muhabbetler.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: