Turkiston farzandi: Sayyid Mubashshir Taroziy


Turkiston farzandi: Sayyid Mubashshir Taroziy

Turkiston - Türkistan

Sayyid Mubashshir Taroziy

Mustaqillik, ozodlik va hurriyat tushunchalari bir-birini to’ldirib keluvchi narsalar bo’lib, Alloh taoloning o’z bandalariga bergan ulkan ne”mati hisoblanadi. Alloh taolo har bir bandani mustaqil-ozod va hur qilib yaratadi. Inson faqatgina o’zining yaratuvchisi haq subhanahu va taologagina bo’ysunib, unga itoat qilib yashashi darkor. Ammo, ba”zi tabiati buzuq insonlar bu qoidani buzib, o’ziga birodor bo’lgan boshqa insonlarni o’z irodasiga bo’ysundirish, ularni o’ziga qul qilish, boshqacha qilib aytganda, o’sha insonlarning mustaqilligini, ozodligi va hurriyatini poymol qilishga urinadi.
Bu maqsadga erishish yo’lida shaxslarga qarshi kuch-quvvat va zulm, davlatlarga qarshi urush va mustamlakachilik siyosati ishga solinadi. Natijada, shaxslar qulga, davlatlar mustamlakaga aylanadi. Qulga aylangan shaxslar ozodligini, mustamlakaga aylangan yurtlar mustaqilligini yo’qotadi.
SHu bilan birga, qulga aylangan shaxs va mustamlakaga aylangan yurt, o’z tushunchasi, dunyoqarashi, xassosligiga qarab qullik va mustamlakalikka turlicha qaraydilar. O’zida ozodlik tushunchasi yetishmaydigan, bu ne”matning qadrini bilmaydigan shaxslarda qullikka moyillik bo’ladi va o’zining qulligini ozodlik, deb tushunadi. Shuningdek, mustamlaka bo’lishga mayli bor yurtlar, o’zining mustamlakaligini mustaqillik, deb aytadi va mustamlakaga aylangan kunni “ilg’or xalq”qa, “katta og’asi”ga o’z ixtiyori ila qo’shilgan “baxtli” kun sifatida bayram qiladi.
Or nomuslar bo’lsinkim, asli hur bo’lgan bizning xalqimiz ichidan Leninni otam, Marksni bobom, kommunizmni dinim va e”tiqodim, deb o’zlarining ularga banda bo’lgani yetmaganday, o’z xalqini ham qul qilishga uringan kommunistlar chiqdi. Ular yetmish yildan ortiq davrda qul bo’lgan xalqqa “ozodsan” deb, mustamlaka bo’lgan yurtimizni “mustaqil”, deb kelishdi.
Allohga hamdu sanolar bo’lsinkim, xalqimizga faxr va e”tizozlar bo’lsinkim, uning farzandlari ichidan haqiqiy hurriyat va ozodlik, haqiqiy mustaqillikning ma”nosini tushinadigan, qadrini biladigan, qullik va mustamlakadan nafrat qiladigan shaxslar yetishib chiqdi. Bu aziz kishilarimiz sonlari oz bo’lsalar ham, kuchlari yo’q bo’lsa ham, Allohning ulug’ ne”mati bo’lmish ozodlikdan xalqlari, mustaqillikdan yurtlari bebahra bo’lib qolmasligi uchun harakat qildilar. O’z xalqining boshqa xalqlar qatori ozod bo’lishi, o’z yurtining boshqa yurtlar qatori mustaqil bo’lishi uchun kurashdilar.
Ammo kuchlar teng emas edi, yurtdagi barcha hukm va imkoniyatni bosib olgan kommunistlar munofiqlarcha ish tutar, o’zlari ozodlik va mustaqillik haqida jar solib, haqiqiy ozodlik va mustaqillik tarafdorlarining yostiqlarini quritar edilar. Xudosizlar tuzumi xalqimizning guli, yurtimiz mustaqilligi fidoiylari bo’lgan bu aziz kishilarimizni xalq dushmani va reaksion kuch sifatida aybladilar. Oqibatda, mustaqillik fidoyilarining ba”zilari shahid bo’ldilar, ba”zilari esa, ona vatanlaridan hijrat qilishga majbur bo’ldilar.
Afsuski, yurtimiz mustaqilligining haqiqiy fidoiylari bilan xalqimiz hozirgacha yaxshi tanish emas. Lekin, yomonlik jazosiz qolmaganidek, yaxshilik ham bekor ketmaydi. Muzkur fidoyilarimizni ham kimdir eslashi, ularning ustidagi zulmni ko’tarishi, ularga haqiqiy bahoni berishi kerak edi.
Yurtimiz mustaqilligi fidoyilaridan biri Sayyid Mubashshir Taroziydir. U kishi 1314 hijriy sananing 27 rajabida, ya”ni 1886 melodiy sana, 20 dekabrda Taroz shahrida (hozirgi Jambul, eski Avliyo ota) Turkistonda o’zining ilmi, taqvosi va obro’-e”tibori ila mashhur oilada dunyoga keldilar. Otalari Sayyid Muhammadxon ibn Sayyid Muhammad G’oziyxon ulkan olim bo’lib, hanafiy majabi fiqhi va Naqshbandiy tariqatining ko’zga ko’ringan yetakchilaridan biri edilar. Allomai Taroziyning ota tarafdan nasablari Imom Husayin roziyallohu anhuga yetib boradi. Ona tomonidan esa, Sharqiy Turkistondagi oxirgi Islom davlati amiri Sayyid Buzrukxon orqali Ofoq Xo’jamga borib yetadilar.
Allomai Taroziy hazratlari boshlang’ich ta”limni Tarozda oldilar. So’ngra Toshkentga kelib, madrasalarda o’qib, oxiri Abul Qosimxon oliy o’quv dargohini bitirdilar. Shundan so’ng Buxoroga borib, odatdan tashqari imtihon topshirib, ulug’ ustozlarning tafsir, hadis, arab adabiyoti va boshqa ilmlardan ruxsatlarini oldilar.
Mazkur ilmiy darajalarga erishganlaridan so’ng u kishini Turkistonda “alloma” deb atay boshladilar.
Allomai Taroziy talabalik vaqtlaridayoq Toshkentda chiqadigan “Al-Isloh” va Samarqandda chiqadigan “Oyna” majallalariga maqolalar yoza boshladilar. Oliy madrasada o’qib turgan chog’larida Toshkentda chiqadigan “Al-Iyzoh” nomli majallaga bosh muharrir etib tayinlandilar.
Alloma Taroziy 1917 yili Turkiston mustaqilligi uchun kurashish maqsadida “Turkiston talabalar jamiyati”ni tuzdilar. Taroz va Toshkent shaharlarida islomiy ilmlardan dars berdilar. Kerenskiy hukumati davrida davlat dumasiga noib etib saylandilar. 1926 yili xalq tomonidan diniy nazorat raisi etib saylandilar.
Kommunistlar davlatni bosib olganlaridan so’ng, o’z odatlaricha, yolg’on-yashiq va”dalarni bera boshladilar. “Sharq musulmonlariga murojaat” nomli yolg’on va nifoqdan iborat, va”dalarga to’la safsata ham e”lon qilindi. Bu yolg’onga ko’pchilik ishondi. Ammo Allomai Taroziy hazratlari ishonmadilar, din-diyonat, xalq baxti va haqiqiy mustaqillik yo’lidagi kurashlarini davom etdirdilar. Bu orada u kishi kommunistlar tomonidan uch marta qamaldilar va bir marta surgunga hukm qilindilar.
O’sha vaqtlarda kommunistlar vakili Ne”mat Hakim nomli dahriy “Muhammad ilohiy payg’ambarmi?” degan kitob yozib, din-diyonatga, payg’ambarlikka va Xudoga shak keltirgan, kishilarni xudosizlikka chaqirishga urungan edi. Allomai Taroziy hazratlari mazkur kofirning kitobiga raddiya tarzida o’zbek tilida “Qur”on va nubuvvat” nomli kitob yozganlar va uni o’zlari imomlik qilgan masjidda musulmonlarga o’qib berganlar.
Xuddi o’sha paytda, musulmon ayollarni iffatsiz qilish maqsadida, hijobga qarshi hujum boshlangan edi. Ba”zi bir o’ziga ilm nisbatini beruvchi xoinlar bu ishni shariatga to’g’ri keladi, deb qo’llashiga qaramay, Allamoi Taroziy hazratlari bu ishga ham qarshi chiqib, musulmonlarni dinni mahkam tutishga da”vat qiladilar.
Allomai Mubashshir Taroziy hayotlarini chuqur o’rgangan tarixchilardan, mashhur al-Ajar dorulfununi ulamolaridan doktor Husayin Muxiyb Misriy o’sha paytdagi holatni tasvirlab, shunday deydilar: “Mazkur voqealardan keyin kommunistlar Taroziyni o’zlarining eng kuchli muxoliflaridan biri, deb bildilar. Uning xalq orasida turishini o’zlari uchun xavf-xatar deb angladilar va Taroziyni o’ldirishga amr qildilar. Lekin hukmni ijro eta olmadilar, chunki, Allomani minglab muxlis dindorlar o’rab turishardi. Allomai Taroziyning ham, musulmonlarning ham iymondan boshqa qurollari yo’q edi”.
1930 yili Allomai Taroziy Buxoro orqali Afg’onistonga hijrat qilishga majbur bo’ldilar. U zotni Afg’oniston podshosi Muhammad Nodirshoh katta hurmat bilan kutib olib, odatdan tashqari Afg’oniston fuqarosi, podshohlik devoni bosh mudiri, deb e”lon qildi. SHuningdek, Afg’oniston adabiyot akademiyasi a”zosi va Afg’on qomusi hay”ati tahririga a”zo etib tayinlandilar. 
1931-1932 sanada Afg’on rasmiy hay”ati ila Saudiya Arabistoniga safar qilib, podshoh Abdulaziz bilan do’stlik shartnomasini tuzib qaytdilar.
1936 yili Hindistonga safar qilgan Alloma Taroziy u yurtning ko’zga ko’ringan ulamolari, musulmon rahbarlari bilan uchrashib, muhim masalalarni muhokama qildilar. “Islom himoyasi jamiyati” raisi mashhur shoir va faylasuf Muhammad Iqbolning takliflariga binoan, shu jamiyatning yillik yig’ilishida, “Islom birligi vojibligi” nomli mashhur maru”zalarini qildilar. Keyinchalik bu maruza turli tillarga tarjima qilindi va hamma yoqda nashr etildi. SHuningdek, u kishi boshqa shaharlarda ham maruzalar qilib, Hindiston musulmonlarini birlashtirib, mustamlakachilarga qarshi kurashga da”vat qildilar.

Sayyid Mubashshir Taroziy o’z hammaslaklari bilan birga mujohid vatandoshlardan Turkistonni ozod qilish jabhasini tuzishda ishtirok etdilar. Harbiy tayyorgarlik olib bordilar. Odamlarni kommunistik bosqinchilarga qarshi kurashga, mustaqil Turkiston uchun harakat qilishga chorladilar. Lekin natija kutilganidek bo’lib chiqmadi. Olmoniyadan qo’li ustun kela boshlagan Stalin Afg’on hukumatiga tazyiq o’tkazib, turkistonlik mujohidlarni qamashga majbur qildi. SHunday qilib, yurt mustaqilligi uchun kurashgan Sayyid Mubashshir Taroziy o’z safdoshlari bilan 1943 yil aprel oyidan boshlab siyosiy mahbus sifatida qamoq jazosini o’tay boshladi. Lekin qamoq ham ulug’ mujohidning irodasini buka olmadi. Taroziy hazratlarining kichik o’g’illari doktor Abdulloh Mubashshir Taroziy o’z otalarining kuchli shaxsiyat egasi ekanliklarining dalili sifatida quyidagilarni eslaydilar. “Afg’on ichki ishlar vazirligi siyosiy mahbuslar bo’lim boshlig’i o’zining qattiqqo’lligi va berahmligi bilan mashhur odam edi. Uning nomini eshitganda nafaqat mahbuslar, balki mas”ullar ham o’zini yo’qotib, titroqqa tushib qolar edilar. SHu darajadagi shakkok odam ham Sayyid Mubashshir Taroziyning huzurlariga o’zini o’nglab kirar, qarshilarida tiz cho’kib o’tirar va gaplashib bo’lganidan so’ng, qo’lini ko’ksiga qo’yib, odobla orqasi bilan yurganicha chiqib ketar edi. Siyosiy mahbuslarga o’qish-yozish mutlaqo man” etilgan bo’lishiga qaramay, Taroziy hazratlari xohlagan narsalarini o’qib, yozar edilar. U kishiga birov bu haqda hech narsa deyishga botina olmas edi”.
SHunday qilib, Alloma Taroziy o’zlarining buyuk hayotlarining besh yilu, bir oy, uch kunini afg’on siyosiy qamog’ida o’tkazdilar. Qamoqdan chiqqan mujohid Taroziyni suiqasd uyushtirib, o’ldirish uchun KGB o’z josuslarini Afg’onistonga yubordi. Ammo ular o’z niyatlariga erisha olmadilar. Afg’oniston podshosi Taroziy hazratlarini yana saroyga kelishga taklif qildi. Ammo u kishi bu taklifni qabul qilmay, oilalari bilan Misrga ko’chib ketdilar.
Misrda yashagan paytlarida turli yig’ilish va jamiyatlar ishida faol ishtirok etdilar. Turli islomiy masalalarni hal etishda qatnashdilar. Bu faoliyatlarning barchasida bosh masala Turkistonni kommunistlar qo’lidan ozod qilish edi. U kishi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga o’z xalqiga kommunistlar tomonidan qilinayotgan jabr va zulmlarni bayon etib, bunga qarshi chora ko’rishga da”vat etdilar. Ko’pchilik erkparvarlar bilan birga “Musulmon xalqlarni ozod qilish uchun kurash” jamiyatida hay”at a”zosi bo’lib harakat qildilar. “Minbarul Islom” va boshqa majalla va ro’znomalarda o’z maqolalarini nashr ettirdilar. Misrdagi obro’li ulamolar, xususan, Ajari sharif shayxlari bilan doimo aloqada va hamkorlikda bo’ldilar.
Allomai Taroziy hazratlari o’zlarining jihodga to’la muborak hayotlari davomida sermahsul ijod qildilar. U kishi 46ta majalla va ro’znomalarda o’z maqolalarini nashr ettirdilar. Afg’onistonda yashab turgan vaqtlarida, eng sermahsul yozuvchi sifatida maxsus mukofotga sazovor bo’ldilar.
Alloma Abu Nasr Mubashshir Taroziyning maqola, nutq, ma”ruzalaridan tashqari talif qilgan kitoblari qirq yettitaga yetgan. U kishi o’z kitoblarini o’zbek, fors va arab tillarida yozganlar.
Mashhur kitoblaridan ba”zilarini tilga oladigan bo’lsak, “Oynai jahon” masnaviylari, “Askariyat dar Islom”, “Huqiqi zan dar Islom”, “SHarob meno’sh”, “Adab va insho”, “Koshful-lisom ar ruboiyyat Umarul Hayyom”, “Nubzatun minassiyran Nabaviya”, “al-Jihod val Jundiya fii taoliymil Islom”, “Ilad Diynil Fitriyyil Abadiy” va boshqa ko’plab kitoblardir.
Muhojirlik va mujohidlikda o’tgan bu ulkan hayot 1397h. sana, robiul avval oyi uchinchisi, dushanba kuni, ya”ni 1977m. sana 21 fevralda oxiriga yetdi. O’sha kuni Alloma Mubashshir Taroziy hazratlari Qohirada sakson uch yoshlarida vafot etdilar. (Alloh o’z rahmatiga olsin). U zotning dafn marosimlari ilm, irfon, hijrat va jihodni taqdirlash marosimiga aylandi. Buyuk olimning janozasini Ajari sharif shayxlari Imomul akbar Abdulhaliym Mahmud hazratlari o’qidilar.
O’z yurtida kommunistlar quvg’iniga uchragan, iymoni uchun o’limga hukm qilingan insonni din qardoshlari, musulmonlar, aziz islomiy Vatanning boshqa mintaqalarida ulug’ladilar, ezozladilar.
Allomai Taroziyning vafotlaridan so’ng Qohiradagi “Aynish Shams” dorulfununida u kishini yodlab katta xalqaro anjuman o’tkazildi. Anjumanda ishtirok etgan atoqli ulamolar Allomai Taroziy hayoti, ijod va jihodlari haqida maruzalar qildilar, ilmiy bahslarini taqdim etdilar. Mazkur maruza va bahslar alohida kitob shaklida chop etildi.
Kindik qoni to’kilgan ona Vatanida kommunistlar joriy qilgan temir parda va hur fikrlikning qatag’oni samarasi tufayli hozirda hech kimga tanilmagan ulug’ olimning hayoti, ijodi, jihodi, ilmiy ishlari, kitoblari haqida Saudiya, Misr, Suriya, Afg’oniston, Pokiston, Turkiya, Indoneziya, Hindiston, Yaponiya kabi yurtlarda olim va tarixchilar izlanish olib borib, kitob va bahslar, ilmiy maqolalar yozdilar. 
Hozirgi kunda bir necha dorulfununlarda Allomai Mubashshir Taroziy haqida fan nomzodi va fan doktori unvoni olish uchun olib borilayotgan bahslar ro’yxatdan o’tgan.
1993 yili Qohirada bo’lib o’tgan “O’rta Osiyo va Qafqoz musulmonlari” nomli ilmiy anjumanda ham Alloma Taroziy va u kishining ilmiy asarlari haqida bir necha maruzalar qilindi.
Ulug’ vatandoshimiz, Turkiston mustaqilligi uchun tolmas kurashchi, buyuk olim Alloma Abu Nasr Mubashshir Taroziy hazratlari o’zlaridan so’ng buyuk ilmiy meros bilan birga, ahli solih olim farzandlarni ham qoldirdilar. Ular o’z otalarining ishlarini sharaf bilan davom etdirmoqdalar. Katta o’g’illari Nasrulloh Taroziy Misrda istiqomat qiladilar. Kichik o’g’illari doktor Abdulloh Taroziy Jidda shahrida istiqomat qiladilar. Ularning bir qancha kitoblari chop etilgan.
Alloh taolo Alloma Abu Nasr Mubashshir Taroziyni rahmat aylab, joylarini jannatdan qilsin! 
Vaqt e”tiboridan sizlarga dengizdan bir tomchi taqdim eta oldik, xolos. Shu bilan xalqimiz oldidagi bir manaviy burchni ado etmoqchi bo’ldik. Inshaalloh, kelgusida ulug’ olim va mujohid Allomai Taroziy hazratlarining hayotlari va ilmiy meroslari to’liq o’rganilib, xalqimizga taqdim etilishidan umidvormiz.
Alloh taolo o’zi bunday xayrli ishlarga muyassar qilsin!

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: