Turkistonda milliy-ozodlik kurashi


Rusiyaning Sharqqa hamlasi Oltin O’rda parchalanib, rus knyazliklari yagona markazlashgan davlatga birlashgan XVI asrdayoq boshlandi. Hijriy 911 (melodiy 1505) yilda Moskva knyazligi Oq O’rdaga hujum boshladi. Oq O’rda xoni bu hujumni qaytarib, dushmanni Moskva Kremligacha quvib bordi. Mazkur kitob uchun ma’lumot to‘plab yurganimda Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyi xodimlari Shayboniylar davlati asoschisi Muhammad Shayboniyxonning Oq O’rda xoni Muhammad Aminxonga ushbu g‘alaba munosabati bilan yuborilgan muboraknomasidan bir parcha topib berishdi. Bu Shayboniyxon qalamiga mansub quyidagi to‘rtlik edi:

Islom boshingga toji-torak bo‘lsun,

Yoring tun va kun Tangri taborak bo‘lsun.

O’rus kofirini qirmishsan o‘g‘lum,

Senga g‘oziylik muborak bo‘lsun.

Keyinchalik esa, o‘ruslarning tolei baland kelib, bir necha asr mobaynida Qozon, Qrim, Edil bo‘ylari, O’rol, Sibiriya va Uzoq Sharq, qozoq dashtlarini istilo qildilar va O’rta Osiyo xonliklariga jiddiy xavf sola boshladilar. Qo‘qon xonligini bosib olish 1853 yildan boshlandi. Xalq vatan mudofaasiga ko‘tarildi. Yovning tahdidi hatto bu dunyo ishlaridan qo‘l siltagan qalandarlarni ham oyoqqa turg‘azdi. Qalandarlar jaxr aytib jangga kirar ekanlar. O’sha paytdagi muarrixlar bu jaxrlardan ayrimlarini yozib qoldirgan ekanlar. Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligini ma’naviyat ishlari bo‘yicha mutasaddisi Yahyoxon Dadaboev shulardan bir necha namuna topib keldi:

Ayo do‘stlar, yurtimizga raqib keldi,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Qilich-xanjar, miltig‘ini taqib keldi,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Shaharlarni, qal’alarni bir-bir oldi,

Oq masjidu Turkistonga yo‘lin soldi.

Yo‘llarida xaroba-yu lahad qoldi,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Saroylaru kulbalarni ayladi xok,

Bu ishlarni ko‘zim ko‘rib, yuragim chok.

Ey yoronlar, garchi bilsang o‘zingni pok,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Yodingda tut, sen xoh qari, xohi sabiy,

Xubbil vatan minal iymon debdur nabiy.

Shahidlarning shafoatin bergay rabbiy,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Vatan uchun jang qilmoq ulkan savob,

Ag‘yor o‘qiga o‘q ila bergil javob.

Ozodlikning tug‘-bayrog‘in qilgil tavob,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Sen o‘zingni el-yurtga chin farzand desang,

Yurt qo‘rishga tayyorman harchand desang.

Xoja Asror so‘zini gar pand desang,

Jangga kirgil, sen jannati bo‘lay desang.

Biroq, harbiy ishda, texnikada, qurol-yarog‘da Ovrupo mamlakatlaridan ancha orqada bo‘lgan, dushmanga qarshi birlasha olmagan xonliklar Rusiya imperiyasi zarbasiga tob berolmay, ularning asoratiga tushib qoldilar. Yuqoridagi jaxr matnining muallifi, Dukchi Eshonning safdoshi Xoja Asror xalifa xalqni milliy-ozodlik kurashiga chorlar ekanlar, xonliklarning yengilishi sabablarini ham ko‘rsatib o‘tadilar:

Ayo do‘stlar, so‘zim tinglab, fikr qiling,

Sizga arzim aytib nido qildim mano.

Gar so‘zlarim ma’qul bo‘lsa zikr qiling,

Haq ishiga jonim fido qildim mano.

Vo darig‘o, Turkistonim mag‘lub bo‘ldi,

Hukamolar yurt qurolmay taslim bo‘ldi.

Bul saboqlar barchamizga ta’lim bo‘ldi,

Bul ta’limdan sizni ogoh qildim mano.

Xon-amirlar boshi birda qovushmadi,

Yovga qarshi bir anjuman qurishmadi.

Donolarning so‘zlariga kirishmadi,

Shul boisdin eldin ajrab qoldim mano.

Hukamolar el dardidan forig‘ bo‘ldi,

Ma’rifatdin uzoq ketib johil bo‘ldi.

Yo‘l ko‘rsatgan alar uchun botil bo‘ldi,

Oqibatda yov ilkiga tushdim mano.

Yo alhazar, yurtimizni o‘rus oldi,

Jismimizga, ruhimizga kishan soldi.

Diyda qilib, ko‘zlarimiz yoshdin qoldi,

Yaratgandan madad tilab qoldim mano.

Obi-diyda qilgan bilan ma’vo topmadim,

Baloni daf etarga da’vo topmadim.

Tek turmoqni o‘zimga ravo topmadim.

Ma’rakai maydon bo‘lib chiqdim mano.

Vatan uchun shahid bo‘lmoq qutlug‘ o‘lim,

Kurashmoqdin o‘zga hech bir yo‘qdir yo‘lim.

Ozodlikning yarog‘ini tutdi qo‘lim,

Shahodatni taqdirimga ko‘rdim mano.

O’zlarini sher bilgan erlar, yoronlar,

Najot yo‘lin topmagan gumroh-sarsonlar.

Qo‘lingga yaroq ol, do‘stlar, yoronlar,

Hurlik uchun jangga da’vat etdim mano.

Tarixiy adabiyotlarni ko‘zdan kechirsangiz, Rusiya imperiyasi Qo‘qon xonligini osongina qo‘lga kiritganday taassurot paydo bo‘ladi. Yo‘q, xonlik osonlikcha taslim bo‘lgan emas, o‘z qudrati, salohiyati, darajasida jang qilgan, qarshilik ko‘rsatgan. Taassufki, yuqorida ta’kidlaganimizdek, kuchlar, harbiy salohiyat, qurollanish texnikasi jihatidan tomonlar teng emas edi. Shunday bo‘lsada, bu ozodlik kurashining o‘z qahramonlari yetishib chiqdi. Ular zamonaviy o‘t ochar qurollarga ega bo‘lgan dushmanga qarshi o‘q-yoy, qilich va pilta miltiq bilan jang qilib, qahramonlik namunalarini ko‘rsatdilar. Ularning ichida eng fidokori, so‘zsiz, Alimquli Mingboshi (Muhammad Yunus Toyyibning asarida “Aliquli” shaklida keladi) edi. U vatan mudofaasini tashkil eta oldi, dushmanga nisbatan murosasizligi bilan mashhur bo‘ldi. Toyyib o‘zining “Aliquli amir lashkar jangnomasi” asarida bu haqda shunday yozadi: “Amir lashkar shunday dedilar: — Agar bu musolahani qilsak (sulh tuzsak — M.X) hamma odamlar amir lashkar va shig‘ovul degan ikki mal’un o‘z oroyishi va aysh-ishratlarini ko‘zlab, bu qadar musulmonlarni olovga tashlab sulh tuzdilar. Agar bular g‘ayrat va himmat qilsalar, hammamiz g‘azotga otlanib, bul tarafi O’runburg‘, ul tarafi Sibiriyog‘acha olar erduk deb, tirik bormiz o‘zimizg‘a va o‘lg‘animizdan so‘ngra farzand va nabiralarimizg‘a la’natini yuborsalar kerak.”

Shuningdek, dushmanga qarshi Qanoatshoh Otaliq, Yoqubbek (keyinchalik Sharqiy Turkiston hukmdori), Otabek Noib, Sherali Mingboshi, Niyozaliboy, Jomador To‘qsoba, Muhammad Ali, Mulla Isxoq (Po‘latxon), Iso Avliyo, Abdurahmon Oftobachi, Abdullabek va boshqa sarkardalar fidokorona jang qildilar. Qo‘qon xonligining mashhur davlat arboblaridan bo‘lmish Shohi Qo‘shbegining nabirasi, Shodi Mingboshining jiyani Muhammad Ali Oqmasjid qal’asi dorug‘asi (komendanti) edi.1856 yilda ruslar shaharni qamal qilgan paytda u o‘z qo‘l ostidagi sarbozlari bilan bir necha kun o‘q-dorisi tugagunicha qahramonona jang qilgan. Ruslar uni sarbozlari bilan qal’a ichida portlatib yuborganlar.

Rusiyaning mo‘ljali, Ovro‘po mamlakatlari, xususan Buyuk Britaniya tomonidan kutilishi mumkin bo‘lgan norozilikni e’tiborga olgan holda, O’rta Osiyo xonliklarini bo‘ysundirgach, ularni yarim mustamlaka nufuzida ushlab turish edi. Biroq Qo‘qon xonligi fuqarolari tomonidan ko‘rsatilgan qattiq qarshilik, uni yarim mustamlaka holida tutib turish mumkin emasligini ayon qilib qo‘ydi. Rusiya hukumati shu bahonada xonlikni tugatib, uning hududini Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga qo‘shib oldi, illo, milliy-ozodlik harakatini endilikda “isyonchilik”, “qaroqchilik” tarzida baholab, uni bostirish uchun “huquqiy” asosga ega bo‘ldi.

Shunday bo‘lsada, milliy-ozodlik harakati to‘xtamadi. Bu harakat, ayniqsa, Rusiya hukumatining “Yangi qo‘shib olingan yerlarni o‘zlashtirish” dasturi asosida hamda hukumatga tayanch sifatida vodiyga kazaklar va mujiklarni ko‘chirib kelib, eng unumdor yerlarga joylashtirilishidan so‘ng yanada avj oldi. Bu kurashga “Dukchi Eshon” degan nom bilan mashhur bo‘lgan Muhammad Ali Xalifa, Xoja Asror Xalifa, Darveshxon, Yetimxon, Qamchibek Olimbek o‘g‘li, “Qorasoch Eshon” laqabli Muhammad Qosim Avliyo, Shokirjon, Azlar Eshon va boshqalar rahbarlik qildilar. Xoja Asror Xalifa milliy-ozodlik kurashini muvofiqlashtirish, markazlashtirishga harakat qilgan bo‘lsada, ayrim yo‘lboshchilarning ortiqcha g‘ururi, ongsizligi bunga yo‘l bermadi. Oqibatda bu alohida-alohida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarning tez fursatda bostirilishiga olib keldi. Biroq to‘xtatib qo‘ya olmadi. Tarqoq harakatlar o‘chib-yonib, nihoyat, 1916 yilgi ommaviy xalq qo‘zg‘oloniga ulanib ketdi.

Sovetlar davrida “bosmachilik harakati” deb nom olgan milliy-ozodlik harakati sardorlari: Katta va Kichik Ergash, Raxmonqul, Islom Polvon, Madaminbek, Shermuhammadbek, Xolxo‘ja va boshqalar bu kurashning 1916 yilgacha bo‘lgan bosqichi doshqozonida pishib yetildilar va maydonga tushdilar. Ularning aksariyati “o‘g‘ri”, “talonchi”, va shunga o‘xshash tavqi la’nat bilan ayblanib, hibsga olindilar va Sibiriyaga surgun qilindilar. Ular rus ishchisi Petrovdan emas, balki hayotdan, bir-birlaridan saboq olib, 1917 yil fevral inqilobi munosabati bilan vatanga qaytib, kurashni davom ettirdilar.

TURKISTON MUXTORIYATI

1917 yil fevral inqilobidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan vaqtli hukumat Rusiyaning rus bo‘lmagan xalq va mamlakatlariga katta huquqlar bergan bo‘ldi. Chekka o‘lkalarda jonlanish yuz berdi. Turli milliy tashkilot, uyushma, firqalar tashkil topa boshladi. “Shuroyi Ulamo”, “Shuroyi Islomiya”, “Ittihod va taraqqiy”, Turon adami markaziyat firqasi (Federalchilar firqasi), Yosh buxoroliklar, Yosh xivaliklar hamda bolsheviklar ta’siridagi “Musulmon mexnatkashlari soyuzi” shular jumlasidandir.

Shu yil yoz oylarida Davlat dumasiga saylov oldidan nomzodlar ko‘rsatish uchun ro‘yxatlar tuzildi, bolsheviklar ta’siridagi nomzodlar 4-ro‘yxatga, mustaqillik tarafdorlari esa 8-ro‘yxatga qayd etildilar. Ro‘yxatlar tuzilgach, saylovchilar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Qo‘qon Jome’ masjidida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda har ikki ro‘yxat tarafdorlari o‘rtasidagi munozara qon to‘kilish bilan yakunlandi. Shu kundan e’tiboran xalq og‘zida bolsheviklar tarafdorlari “to‘rtinchilar”, mustaqillik tarafdorlari esa “sakkizinchi” deb nom oldilar. Qismat va vaqt to‘lqinlari “sakkizinchi” degan nomni oqizib ketdi, biroq, “to‘rtinchi” degan nom ulkan xarsangdek daryo o‘zanida, ya’ni odamlar xotirasida hali-hali saqlanib qolgan.

Turkistonni mustaqil, juda bo‘lmaganda muxtoriyatli davlatga aylantirish fikri XX asr boshlaridayoq jadidlar va ma’rifatparvarlarning “gap“ ziyofatlarida asosiy mavzuga aylangan edi. Biroq, podsho oxrankasi (siyosiy politsiyasi) dan cho‘chib, bu fikrlarni qog‘ozga tushirmagan edilar. Fevral inqilobidan so‘ng bu haqda jiddiy bosh qotira boshladilar. “Turk adami markaziyat (federalchilar) firqasining maromnoma (dastur)ida bo‘lajak muxtoriyatli hukumatning tuzilishi, faoliyati aniq belgilab berildi. Bu dastur zamonasining eng xalqchil, demokratik dasturlaridan biri ekanligi tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etildi. Dasturni tuzishda Qo‘qondan Kamoliddin qozi Rahmonberdi o‘g‘li, Obidjon Mahmud o‘g‘li, Andijondan Mullo Nuriddin a’lam, Mirzo Abduqodirbek, Iskobildan Mirodil Mirzo Ahmad o‘g‘li, Toshkentdan Munavvar qori Abdurashid o‘g‘li, Samarqanddan mulla Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa ko‘zga ko‘ringan jadidlar ishtirok etdilar. Maskov bilan aloqador savdogarlar va jadidlar muxtoriyatli hukumat tuzish borasida muvaqqat hukumatning fikrini olishga harakat qildilar. Ularning hukumatdagi tanishlari bu masalani yaqin orada o‘tkazilishi kutilayotgan, Rossiya taqdirini hal etishga vakolati bo‘lgan Ta’sis majlisiga qo‘yishni maslahat berdilar. Agar Ta’sis majlisi bo‘lib o‘tsa, Rossiya Ovro‘poning ilg‘or mamlakatlari izidan borib, ularning idora usulini qabul qilar, “proletariat diktaturasi” haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas edi. Buni tushunib yetgan Lenin boshliq bolsheviklar va sotsial revolyutsiyachilar (eserlar) firqalari Ta’sis yig‘ilishi chaqirilguncha hokimiyatni qo‘lga olishga harakat boshladilar va 1917 yil 25 oktyabr (7 noyabr)da bunga erishdilar ham. Ishchi-dehqon hukumatining eng dastlabki yuridik hujjatlari sulh va yer xaqidagi dekretlar edi. Bir necha kun o‘tib, 15 noyabrda esa Rossiya Xalq Komissarlar Soveti raisi Lenin va Millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari Stalin imzo chekkan “Rossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasi” e’lon qilindi. Unda jumladan, shunday satrlar bor:

1. “Xalq komissarlari Soveti Rossiya millatlari haqidagi masala bo‘yicha o‘z faoliyatiga quyidagilarni asos qilib olishga qaror qildi:

2. Rossiya xalqlarining ajralib chiqish va mustaqil davlat tashkil etishgacha bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi.

3. Barcha milliy va milliy-diniy imtiyozlar va cheklanishlarni man etish huquqi…”

Inqilob (to‘ntarish) rahbarlari, jahon afkor ommasi e’tiborini chalg‘itish maqsadida ushbu bayonnomani e’lon qilib qo‘yib, uning asosida millatlarning ajralib chiqib ketishidan qo‘rqib, bir necha kun o‘tgach ajralmaslikni so‘rab “Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga murojatnoma”sini e’lon qilishga shoshildilar. Ular shu tariqa murojaat qiladilar:

Rus ishchilarining yagona orzu-umidi tinchlik (sulh) haqidagi bitim tuzilganidan so‘ng butun dunyodagi mahkum millatlarga yordam berish va ularni hurriyatga erishtirishdan iboratdur…

Rossiya musulmonlari: Volga tatarlari, qirg‘izlar, Sibir va Turkiston sartlari, Kavkaz turklari va tatarlari, chechenlar, Shimoliy Kavkaz xalqlari hamda rus podsholari, zolimlari tomonidan butun masjidlari va minbarlari buzilib tashlangan, din va urf odatlari oyoqosti qilingan xalq va millatlar, biz sizlarga murojaat qilamiz. Sizlarning diningiz, urf-odatlaringiz, milliy va madaniy muassasalaringiz bunday buyon har qanday tajovuzdan himoya qilinadi. O’z milliy xayotingizni tom ma’noda emin-erkin tashkil etishingiz mumkin, bu sizning haq-huquqingizdir. Shuni bilingki, sizlarning va butun Rossiyada yashaydigan millatlarning haq-huquqlarini inqilob va Sho‘rolar himoya va mudofaa qiladi. Bu inqilob va uning hukumatiga yordam etingiz. Do‘stlar! Biz ko‘targan bayrog‘imiz bilan har bir mahkum millatga hurriyat olib kelamiz. Musulmonlar! Biz sizlardan moddiy va ma’naviy yordam kutib qolamiz”.

Bu hujjatlarga ishonganlar ham bo‘ldi, ishonmaganlar ham ko‘proq bo‘ldi. Biroq, qonun kuchiga ega bo‘lgan bu hujjatdan foydalanib qolish kerak. Bunday imkoniyat keyin yana bo‘ladimi-yo‘qmi? Bu masalaga oydinlik kiritish uchun “Sho‘roi Ulamo” firqasi peshqadamlaridan bo‘lmish Shoahmedov Petrogradga yuboriladi. U “Musulmonlar o‘z mustaqil davlatini tuzishi mumkin” degan xabar topib keladi. 12 noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan turli musulmon guruhlarining birlashgan maslahat qurultoyi shu asosda “Hokimiyatning askar, ishchi va dehqon deputatlari Soveti qo‘liga o‘tishi munosabati bilan Turkiston o‘lka musulmonlari s’ezdi butun Turkistonning 98 foizini tashkil qiluvchi 10 million jon musulmonlar Rusiya inqilobi va’da etgan ozodlik, tenglik va birodarlik asosida milliy-madaniy o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega deb topadi” mazmunida qaror chiqardi. Shu tariqa Turkistonda muxtoriyatli hukumat ta’sis etish harakati boshlanadi.

Biroq, Markaziy Ijroiya qo‘mitasida, hukumatda birorta mahalliy millat vakili bo‘lmagan Toshkentda bolsheviklarning ta’siri kuchli edi. Shu tufayli erksevar kuchlarning nigohi Qo‘qonga, bir vaqtlar xonlik poytaxti bo‘lib turgan, 300 dan ortiq masjid, ellikka yaqin madrasa, oltita markaziy bozor, o‘nlab tarmoq bozorlari, o‘ttizdan ziyod sanoat korxonasi, 11 bank, o‘nlab savdo uylari, shirkatlarga ega bo‘lgan, adabiyot, san’atda muhit va maktablar yaratgan yetmish besh ming aholiga ega Xo‘qandi Latif tomon intildi.

1917 yil 26 noyabrda Qo‘qonning paxta birjasi binosida (eski teatr binosi o‘rnida) 4-o‘lka musulmonlari favqulodda s’ezdi bo‘lib o‘tdi. S’ezdda poytaxti Qo‘qon bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatli hukumati tashkil topganligi e’lon qilindi. Muxtoriyat boshqaruvi organi Turkiston xalq boshqaruvi (54 kishi), Turkiston vaqtli kengashi (32 kishi) va hukumatdan iborat edi.

Hukumat raisligiga “Alash O’rda” firqasining rahbari, muhandis Muhammadjon Tinishboev saylandi. Ko‘p o‘tmay, hukumat ichidagi ayrim kelishmovchiliklar tufayli Tinishboev iste’fo beradi va uning o‘rnini huquqshunos Mustafo Cho‘qay egallaydi. Chor hukumatining ofitseri Shomilbek uning o‘rinbosari, Islom Shoahmad o‘g‘li adliya vaziri, Potelyaxov – oziq-ovqat vaziri, Ubaydullaxo‘ja – harbiy vazir, Chanishev – bosh qo‘mondon, Said Nosir Mirjalil o‘g‘li – xazinachi etib saylandilar. Muxtor jumhuriyatning yangi hukumati ommaviy safarbarlik e’lon qilib, milliy armiya tuzishga kirishdi. Hukumat tarkibidagi 54 kishidan 36 nafari yerli tub aholi vakillari, qolganlari ovro‘paliklar edi. Demak, chinakam baynalmilal hukumat tuzildi, mahalliy xalq vakillari V.I.Leninning ko‘rgazmalariga qat’iy amal qilib, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashga kirishdilar. 26 dekabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan musulmon ishchi va askar vakillarining I favqulodda s’ezdi, bolsheviklarning qattiq qarshilik ko‘rsatishlariga qaramay, Qo‘qon Muxtor hukumatini yoqladi va V.I.Leninga quyidagi matndagi telegrammani jo‘natdi: “Turkiston musulmonlari ishchi va askar deputatlari I favqulodda s’ezdi qabul qilgan qarorni Sizga ma’lum qilib, Turkistonni halokat yoqasiga keltirib qo‘yuvchi tartibsizlik, qo‘sh hokimiyatchilikning oldini olish maqsadida o‘lkada hokimiyatni Vaqtli Turkiston muxtor hukumatiga topshirish to‘g‘risida Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga Rossiya demokratik respublikasining Oliy hokimiyati nomidan ko‘rsatma berishingizni so‘raymiz”.

Muxtoriyatli hukumat “El bayrog‘i” gazetasini nashr etadi, moliya ishini muvofiqlashtirish uchun 30 million so‘mlik zayom chiqaradi, o‘z milliy armiyasini yaratishga kirishadi, xalq militsiyasini tashkil etadi. Militsiya boshlig‘i lavozimiga Ergash Qo‘rboshi tayinlanadi. Shu o‘rinda Ergash Qo‘rboshi nomi bilan bog‘liq bir masalaga munosabat bildirib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi: tarixdan ma’lumki, tinchlik, ozodlik harakati jabhasida Ergash nomli ikki shaxs faoliyat ko‘rsatgan. Ularning har ikkisi xam Qo‘qonning Bachqir deparasidan. Biri Katta Ergash, ikkinchisi Kichik Ergash degan nom bilan mashhur. Bizga tanishish nasib etgan barcha manbalarda militsiya boshlig‘i lavozimiga Katta Ergash tayinlanganligi ta’kidlangan holda, turk jurnalisti Ali Bodomchi qalamiga oid “1917—1934 yillarda Turkistonda milliy-istiqlol harakatlari va Anvar Poshsho” asarida, hukumat e’lon qilingandan bir necha kun keyin Qo‘qon qo‘rboshisi Kichkina Ergashbek Ijroiya qo‘mitasining qarori bilan poytaxt “Qo‘qon” jandarmi qo‘mondoni va militsiya mudiri etib tayinlanadi”, degan yozuvni uchratamiz. Bu ma’lumotni uchratgach, manbalarni yana bir bora ko‘zdan kechirib chiqishga to‘g‘ri keldi. Va nihoyat, mahalliy manbalarga suyanib, Ali Bodomchi bir oz yanglishgan deb hisoblayman, hamda otam Muhammad Said shuningdek, bugunda yuz yoshni qarshilagan Jo‘raxon To‘ra otalarning guvohlik berishlariga qaraganda ham yuqoridagi fikrimizning to‘g‘riligiga yana bir bor amin bo‘lamiz.

Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi va boshqaruv tizimi turli adabiyotlarda turlicha yoritiladi.

Muxtoriyat tashkil topgan kunlardan boshlaboq sovetlar unga qarshi shiddatli hujum boshladi. Hujum moliya jabhasida boshlandi: Turkiston Xalq Komissarlari Soveti Turkiston muxtoriyatiga aloqador va unga hayrixoh bo‘lgan boylarning mol-mulklarini musodara etish haqida topshiriq berdi. Qo‘qon soveti raisi Babushkin muxtoriyatni beshigidayoq bo‘g‘ib tashlash maqsadida Farg‘ona va Toshkentga murojaat qilib, “shaharni himoya qilish” uchun harbiy yordam so‘radi. Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahri hokimi Doriomedovning qarshiligiga qaramay, Farg‘ona soveti qarori bilan shahar harbiy drujinasi boshlig‘i K.Osipov 120 askar, 4 zambarak, 4 pulemyot bilan Qo‘qonga yetib keldi. Ko‘p o‘tmay Samarqand, Qizilqiya drujinalari shaharga kirib keldi. Shahar ichida muxtoriyatchilar bilan bolsheviklar o‘rtasida jang boshlangach, 18 fevralda Turkiston o‘lkasi harbiy komissari 26 yoshli Ye.Per’filev shahar temir yo‘liga 11 eshelon piyoda, otliq va artileriya qismlari bilan kirib keldi. Konibodom bekatida ularga arman dashnoqlari otryadi qo‘shildi. O’zlarini Dashnoqlar deb atashgan, 1915 yilda turk-arman qirg‘ini sababchilaridan biri, Dashnaktsutyun millatchi partiyasining bir qismi Turkistonga kelib o‘rnashadi. 1918—1920 yillarda Armanistonda hokimiyatni egalladi. Karaks va Erivanda musulmonlarni qirg‘in qildi. Bolshavoylar 1918 yilda shulardan foydalanib, birgalikda Qo‘qonda, umuman vodiyda qirg‘in o‘tkazdi. Natijada istiqlolchilarga qarshi kurash niqobi ostida tinch aholidan 35.000 kishi qirib tashlandi, mol-mulki esa talon taroj qilindi. Turor Risqulov, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jaev, Nizomiddin Xo‘jaev kabi rahbarlarning talabi bilan 1919 yil 16 iyulda Turkiston MIK buyrug‘i bilan bu partiya tarqatib yuboriladi va qurolsizlantiriladi. Armanistonda ham bu partiya 1921 yilda taqiqlangan.

19 fevral kuni Ergash Qo‘rboshiga ultimatum yuborilib, uch soat ichida qurol-yarog‘ni tashlab, taslim bo‘lish talab etiladi. Ergash qo‘rboshi bu talabni bajarmasligini bildirib, rad javobi yubordi. Ye.Per’filev barcha zambaraklardan Qo‘qon aholisi ustiga o‘t ochishni, shu jumladan, yondiradigan snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Eski shahar tamomila vayron bo‘lib, o‘t ichida qoldi. Uning buyrug‘i bilan ro‘para kelgan odamni otib tashladilar, koshonayu obidalar vayron qilindi. Do‘konu banklar talon-taroj qilindi. Ayniqsa, arman dashnoqlari xonadonlarga bostirib kirib, cholu kampir, bolalarni ham ayamadilar, bolalarni joduga solib qirqdilar. Turkiston xalqining ashaddiy dushmani deb nom olgan A.T.Karavaytsev o‘z esdaliklarida “arman dashnoqlari qirg‘inni haddan oshirib yuboribdi”, deb yozishdan boshqa iloji topolmaydi.

20 fevral kuni vayron bo‘lgan shaharga piyoda qo‘shinlar va dashnoq jangarilar kirib keldilar. Xalqning o‘sha kungi ahvolini tasvirlashga til ojizlik qiladi. Xonadonlar talandi, ayollar zo‘rlandi, erkaklar o‘ldirildi. Dashnoqlar miltiq o‘qini “ayab”, odamlarni qilich bilan chopib, pichoq bilan bo‘g‘izlab tashlar edilar. Yaxshisi, ushbu mudhish voqealar guvohlariga so‘z beraylik. O’sha paytdagi dahshatli voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan muxbir Boris Olginskiy shahar ichida yurib, “Qo‘qon voqealari” nomli reportaj tayyorlagan va “Znamiya svobodы” gazetasining 23 fevral sonida chop ettirgan. Quyida undan ayrim parchalarni keltiramiz:

RUS MUALLIMINING HIKOYASI

Rus-tuzem maktabining muallimi, urush davomida o‘z oilasi bilan eski shaharda yashab turgan kishi urushayotgan musulmonlarning tinch rus aholisiga munosabatlari haqida shunday hiqoya qiladi:

“Bizning uy, ya’ni, mening oilam va muallimalar yashab turgan uy eski shaxar hududida edi. Sartlar bizning xonadonimizga uch marta kirdilar va bu yerda rus soldatlari yoki armanilar bor-yo‘qligini tekshirdilar. Bizning betaraf ekanligimizga ishonch hosil qilgach, sartlar bizni bezovta qilmay qo‘ydilar, bizda yegulik qolmaganligini bilganlaridan so‘ng bizga sut va obinonlar keltirib berdilar”.

DOKTOR DOMOGAROVNING FOJIALI O’LIMI

5 fevral (eski hisob bilan M.X) tush paytida eski shaharga rus “qizil xoch ekspeditsiyasi” tashkil etildi. Uning tarkibiga vrachlar, sanitarlar va shafqat hamshiralari kirar edi. Ushbu dasta harbiy-inqilobiy qo‘mitadan ruxsatnoma oldi va vaqtincha yarash paytidan foydalanib, eski shaharga kirib bordi hamda uning chetida ko‘p sonli yarador sartlarga yordam ko‘rsatishni boshladi. Bu dasta kelguncha yarador sartlar tibbiy yordam yo‘qligidan ayanchli holga tushgan edilar. Bu sanitar dastasining ish faoliyati vaqtida ular joylashgan bino eski shahar tomon hujumga o‘tgan rus soldatlari tomonidan shiddatli o‘qqa tutildi. Ba’zi sartlar yaralangandilar. Doktor Domogarov bir qo‘lida Qizil xoch bayrog‘ini, ikkinchi qo‘lida ruxsatnomani baland ko‘targan holda soldatlar qarshisiga chiqdi va shu ondayoq o‘ldirildi.

TO’S-TO’POLON

7 fevral (eski hisob bilan – M.X.) — Qo‘qon tarixida eng dahshatli kun. Bo‘ysunmay qo‘ygan soldatlar va qizilgvardiyachilar, avboshlar va mayda burjuaziya nimani olib ketish mumkin bo‘lsa, talon-taroj qilishga otildilar. Talonchilikda, ayniqsa, arman dashnoqlari alohida jonbozlik ko‘rsatdilar. Eski shaharda barcha do‘konlar, savdo firmalari, rastalar, banklar, uylar talandi. Banklar va savdo firmalaridagi temir sandiqlar buzilib, pullar o‘g‘irlandi. Talonchilar narsalarni aravalarga yuklab, qal’aga va vokzalga yuborar edilar…

FOJIA MANZARALARI

Qo‘qonda dahshatli manzara namoyon. Eski shaharning uchdan bir qismi tom ma’noda yakson etilgan. Barcha yerda to‘p-to‘p murdalar. Ularning ko‘pchiligi kuyib ketgan. Qo‘qonning ruslar yashaydigan qismi ham anchayin vayron bo‘lgan.

Keltirilgan barcha zararlarning umumiy miqdorini aniqlash, albatta qiyin. Qo‘qonda bir necha o‘n ming odam boshpanasiz, kiyim-kechaksiz qolgan. Shaharning yarmidan ko‘pi yonib kulga aylangan.

9—10 fevral’ kunlari murdalarni yig‘ishtirish boshlandi, biroq tugallangani yo‘q. Eski shahardan arava-arava murdalar olib chiqib ketildi. Qurbonlar sonini hisoblab chiqish imkoni bo‘lgani yo‘q. Xomcho‘tga ko‘ra ruslardan yuztagacha kishi o‘lgan, yuzdan ortiq kishi yarador bo‘lgan. Sartlardan bir necha ming kishi halok bo‘lgan…

AHOLI O’RTASIDAGI XAVOTIRLIK

Urush tamom bo‘ldi. G’oliblar jo‘nab ketdilar. Mag‘lublar esa shahar ko‘chalari yoki qishloq bo‘ylab daydib yuribdilar, yoki xarobalar va kul tepalar uzra ma’yus izg‘ib yuribdilar. Rus aholisi xotirjam bo‘lishi mumkin edi, ammo ular tahlika va xavotirlik ostidalar.

Qo‘qonda istiqomat qiluvchi ruslar bu yerda qolish xavfli ekanini his etmoqdalar. Qo‘qondan jo‘nagan dastlabki poezdlar to‘lib-toshib ketgan, keyingi poezdlar ham shu ahvolda jo‘naydilar.

Qo‘qon endi murdalar shahridir. U xuddi mog‘or va murda hidi anqib turgan lahadga o‘xshab qolgan…

SULH

Urushlar tarixidan ma’lumki, ba’zi fotih va sarkardalar o‘zga bir mamlakatga urush boshlashdan oldin tuzilajak sulh bitimining loyihasini tayyorlab qo‘yar ekanlar. Shu jumladan, Qo‘qon urushi yakuniga yetgach, sulh tuzish ishiga kirishildi. Bunday sulh to‘g‘rirog‘i, sulh bitimi bitilgan qog‘oz sovetlarga kerak edi. Bu urushda sovetlar to‘liq g‘alaba qozondilar. Sirasini aytganda ular bilan sulh tuzadigan tomonning o‘zi yo‘q edi, illo, muxtoriyat hukumati a’zolarining ba’zilari qochib ulgurgan, ko‘pchiligi Skobelevda qatl etib bo‘lingan edi. Musulmon aholining salomat qolgan aksariyati qishloqlarga qochib chiqib ketgan edi.

Sulh muzokaralari aslida 9 fevralda boshlangan bo‘lib, bolsheviklarga katta madad kuchi yetib kelgach, to‘xtatib qo‘yildi. Mana endi sulh zarur bo‘lgan paytda ular qochib ketishga ulgurmagan ayrim qo‘qonlik va atrof qishloqlik, boshqa shaharlik oqsoqollarni zo‘rlab olib kelib, sulh tuzishga kirishib ketdilar. Ular oqsoqollarni oldindan tayyorlab qo‘yilgan sulh bitimini imzolashga majbur etdilar.

SULH MUOHADASI ( AHDNOMASI ),

1918 YIL (9) 22 FEVRAL

To‘qnashuvlardan so‘ng Turkiston muxtoriyati vaqtli hukumatining qurolli kuchlari inqilobiy qo‘shinlar tomonidan yanchib, tarqatib yuborilganligi, tinch aholi esa ishchi-soldat va dehqon deputatlari Sovetiga itoatgo‘ylik izhor etganligi ma’lum bo‘ldi. Rozenbax ko‘chasidagi Rus-Osiyo banki (hozirgi paxta bank) binosida sulh konferentsiyasi boshlandi. 1918 yil (9) 22 fevralda Qo‘qon harbiy-inqilobiy qo‘mitasi raisi Mesxi, Qo‘qon shahar boshqaruv idorasi delegatlari Nekora va Yurevskiy, ishchi-soldat va dehqon deputatlari Skobelev soveti va Skobelev davlat dumasi delegatlari Antonov va Doriomedov, ishchi-soldat va dehqon deputatlari Andijon sovetidan Salaev va Danishevskiy, sotsialist-revolyutsionerlar firqasi O’lka soveti delegati Tolovan; Qo‘qon shahrining musulmon aholisi vakillari: Sarmozor dahasidan — Muhamadamin Normuhammedov, Qobiljon Muhammadg‘oziev, Eshonbobo Oxunjonov, Katag‘on dahasidan – Fayzimuhammad Do‘stmuhammedov, Qurbonxo‘ja Yodgorxo‘jaev, Teshaboy Yunusboev; Marg‘ilon dahasidan Karomiddin G’iyosiddinov, Mirobiddin Mirhamzaev, Eshonxonboy Xo‘jaev; Xo‘jand dahasidan— Mulla Abduqodir, Mulla Ahmadmirzaev, Abdurahmon Hamroqulboev, Rahmonali Yusufalimirzaevlar ishtirokida, Yurevskiy raisligi, B.D.Doriomedov kotibligida quyidagi sulh muohadasi tuzildi;

1. Aholi O’lka Xalq Komissarlari Soveti va barcha mahalliy sovet muassasalarini tan oladi.

2. Sovet hokimiyatining yozma ruxsatnomasi bo‘lmagan barcha aholi: musulmonlar ham, ruslar ham qurolsizlantiriladilar.

3. Tortib olingan qurollar Farg‘ona viloyatining qo‘shinlari qo‘mondoni belgilagan muddatda va belgilagan joyga topshiriladi.

4. Aholi qonli voqealarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan barcha tashkilotchilari, shuningdek, qurollangan to‘dalarning boshliqlari va a’zolarini hukumatga ushlab berish majburiyatini oladi.

5. O’lkaga maxfiy ravishda qurol olib kelish va tarqatish, qurolli qo‘zg‘olonga tayyorlanish sifatida baholanadi va inqilobiy qonunlar asosida qattiq jazolanadi.

6. Aholi, harbiy va sovet hokimiyati talablariga muvofiq, butun imkoniyati bilan hayotni izga tushirishga ko‘maklashadilar.

7. O’lka Xalq Komissarlari Soveti fuqarolar urushi paytida xonavayron bo‘lgan eng qashshoq aholiga yordam ko‘rsatadi.

8. Mazkur muohadaning amaliyoti Turkiston o‘lkasining barcha yeriga daxldordir.

Ushbu muohadani imzolash bilan sulh konferentsiyasining faoliyati to‘xtamaydi.

Uning barcha hujjatlari ishchi-dehqon deputatlari Qo‘qon sovetiga beriladi.”

Yevropaliklar ichida ham muxtoriyatga, yerli xalqqa xayrixohlar yo‘q emas, biroq ozchilikni tashkil qilardi. Chunonchi, mazkur sulh konferentsiyasiga kotiblik qilishga majbur bo‘lgan Skobelev dumasi boshlig‘i V.D.Doriomedov “Znamya Svobodы” gazetasi orqali shunday deydi: “Rus bolsheviklari hech qanday muxtoriyatni tan olmadi va mazlum xalqlar o‘z huquqlari va taqdirlarini haqiqatdan o‘zlari belgilamoqchi bo‘lganlarida bunga yo‘l qo‘ymadi…”

Har holda Turkiston muxtoriyati izsiz ketmadi, jahon jamoatchiligida muhokamaga sabab bo‘ldi. Sovet rahbarlari Turkistonga muxtoriyat berish zarurligini his etdilar, biroq, haqiqiy emas, qo‘g‘irchoq muxtoriyat berish harakatiga tushdilar. I.V. Stalin Turkistonning o‘sha davrdagi rahbarlaridan bo‘lmish I.Tobolinga xabar qilib, musulmonlar orasida ish olib borishni kuchaytirish, musulmon proletariatini musulmon burjuaziyasidan ajratib olish va musulmon sovetlari tuzishni topshirdi.

1918 yil aprel oyida Turkiston O’lka Sovetlarining beshinchi s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiston muxtoriyati masalasi ko‘rib chiqildi. V.Lenin va I.Stalin s’ezdga quyidagicha telegramma yuboradi: “Sovetlar asosidagi sizning o‘lka muxtoriyatingizni Xalq Komissarlar Soveti qullab-quvvatlaydi.”

30 aprel kuni Moskvaning favqulodda komissari P.Kobozev tomonidan taklif etilgan, RSFSR tarkibida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etish haqidagi deklaratsiya deputatlar tomonidan qabul qilinadi.

Ha, Turkiston xalqlari tomonidan muxtoriyat olish uchun boshlangan harakat sovetlarning qattiq qarshiligiga duch keldi. Olamshumul voqea bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan beshigidayoq bo‘g‘ib tashlandi va uning o‘rniga sovet avtonomiyasi o‘rnatildi, xalqdan ayovsiz o‘ch olindi. Bu esa milliy-ozodlik kurashi yong‘inini keltirib chiqargan uchqun bo‘ldi.

Mansurxo’ja Xo’jayevning «Shermuhammadbek qo’rboshi» asaridan. Ziyouz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: