Bobur shinoslik: Yutuqlar va Dolzarb Masalalar


Bobur shinoslik: Yutuqlar va Dolzarb Masalalar

Nafaqat o‘zbek xalqi madaniyati va davlatchiligi tarixida, balki jahon tsivilizatsiyasi tarixida ham muhim o‘rin tutgan buyuk davlat arbobi,

tolmas sarkarda, atoqli adib va mumtoz shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 525 yilligi O’zbekistonda bu yil munosib nishonlandi.

Ulug’ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi, she’riyati, o’lmas “Boburnoma”si yurtimizda o’tgan asrning 40-yillaridan keng tanila boshladi, asarlarini nashr etishga kirishildi, tadqiqotlar yaratildi.
Lekin, shubhasizki, mustaqillikka erishganimizdan so’ng bu borada katta imkoniyat eshiklari ochildi. Xususan, istiqlolga deyarli tengdosh – 1992 yili fevral oyida tashkil topgan Xalqaro Bobur fondi jamoasi O’zbekistonda Zahiriddin Muhammad Bobur abadiyatini yaratishda tahsinga loyiq ishlar qildi. obur xalqaro fondining “Bobur izidan” ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi o’zining o’n ikki safarida jahonning o’ttizdan ortiq mamlakatida bo’lib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga uch yuzdan ortiq Bobur va boburiylarga oid noyob kitoblar, qo’lyozmalar, rasm va bosh qa madaniy ashyo keltirdilar.Ekspeditsiya safarlari yigirma ikkita video va badiiy film da, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma”, Qamchibek Kenjaning “Hind sorig’a”, “Buyuklar izidan”, “Boburiylardan biri”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bog’dodgacha” safarnoma romanlarida aks etdi.
Bobur fondining moddiy homiyligida yigirmadan ortiq ilmiy tadqiqotlar yozildi, badiiy asarlar ingliz, fors, hind tillaridan tarjima qilindi, Bobur va boburiylar adabiy-ilmiy merosi ommabop va ilmiy-tanqidiy matnlar tarzida nashrga tayyorlandi, chop etildi. Ular O’zbekistondagi boburshunoslikka katta hissa bo’lib qo’shildi. Ayniqsa, fond homiyligida “Bobur entsiklopediyasi” ustida olib borilayotgan jadal ilmiy ishlar Bobur xalqaro fondining boburshunoslikka, uning keng qamrovli va teran tadqiq yo’nalishga tushib olishiga imkon yaratmoqda. Bu ishga chet el va O’zbekistondagi taniqli olimlar jalb qilingan.
Ilm bor joyda, tadqiqot manbalari bilan shug’ullanishda tabiiyki talay muammolar yuzaga keladi. Va ularning ayrimlari tezkorlikda hal qilinsa, ayrimlari o’z yechimini yarim asrlab kutishi mumkin.Shu yilning 15-16 avgust kunlari Andijonda, Bobur nomidagi milliy bog’da bo’lib o’tgan “Bobur va boburiylarning jahon madaniyati tarixida tutgan o’rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman Bobur fondining navbatdagi ezgu ishlaridan biri bo’ldi.
Ushbu nufuzli konferentsiyaga jahonning o’ndan ortiq mamlakatlaridan boburshunos olimlar tashrif buyurdilar. Jumladan, professorlar – Eyji Mano (Yaponiya), Sirtautas Ilza (AQSh), Hurmatjon Abdurahmon (Xitoy), Magda Salah Maxluf (Misr), Tanju Seyhan, Gulshen Seyhan Alishik (Turkiya), Abdulboriy Rashid, Shafiqa Yorqin, Halim Yorqin (Afg’oniston), Hasan Beg, Irshod Usmoniy (Buyuk Britaniya) Jumamurod Gurbangeldiev, K.Bayramov (Turkmaniston), Islom Jemeney (Qozog’iston)…
Anjumanda o’qilgan ma’ruzalar Boburning hayoti va ijodi hamda boburiylar faoliyati haqida yangi-yangi ohorli tadqiqotlar sifatida tinglovchilarni mamnun etdi.
Xalqaro Bobur fondi an’anasiga ko’ra har besh yilda bir marotaba ilm-fan, san’at va adabiyotda boburshunoslikka hissa qo’shgan olim va san’atkorlar Xalqaro “Bobur mukofoti laureati” unvoniga sazovor bo’ladilar. Bu anjumanda Misr Arab Respublikasidan kelgan olima Magda Salah Maxluf “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilgani uchun, o’zbekistonlik haykaltarosh R.Sulaymonov Bobur timsolini bronzada yaratgani uchun, adabiyot shunos Hasanjon Qudratillaev “Bobur armoni” nomli ilmiy tad qiqoti va boshqa asarlari uchun, boburshunos Vahob Rahmonov Bobur asarlarini nashrga tayyorlagani va “Boburnoma”ni hozirgi o’zbek adabiy tiliga tabdil qilgani uchun va Zokirjon Mashrabov Bobur merosini o’rganish yo’lidagi xizmatlari uchun taqdirlandi.
Katta ilmiy anjumandan so’ng boburshunoslikdagi ayrim muammolarni o’rtaga tashlab, olimlar diqqat-e’tiborini kelgusi faoliyatlarida quyidagi masalalarga ham jalb etmoqchimiz.Bu muammolar tasnifi quyidagicha:
Birinchidan, Bobur asarlarining nomlari muammosi:
A) Bobur aruzga doir fundamental tadqiqot yaratgan. Aruz risolasining nomlanishi xususida “Boburnoma”dan o’qiymiz, “va ul podshoh (Bobur – R.V.) aruz va qofiyag’a ham risolalari bor va ul jumladin “Mufassal” degankim, ushbu fan sharhi bo’lg’ay, ko’pdin-ko’p yaxshi tasnif qilibturlar”. (“Boburnoma”. “Sharq” 2002 yil, 267-bet).
Olimlarga sir emaski, bu “Mufassal” (to’la, mukammal) nomli aruz risolasi 1971 yili “Muxtasar” (qisqa, ixcham) nomida “Fan” nashriyotida foto-faksimil nusxa va kirillda nashrga tayyorlanib, chop etilgan.
Shuning uchun maktab adabiyot darsliklarida ham, jumladan, professorlar Begali Qosimov va Nusratullo Jumaxo’ja muallifligidagi “O’zbek adabiyoti” (10-sinf darsligi) kitobida yozilganki: “1523-1525 yillarda aruz vazni haqida risola tuzdi. “Muxtasar” (Qisqa qo’llanma) nomi bilan shuhrat topgan bu asar Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon”idan keyin aruz ilmiga bag’ishlangan ikkinchi asar edi” (Begali
Qosimov, Nusratullo Jumaxo’ja. “O’zbek adabiyoti” uchinchi nashr, G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent-2001, 169-bet).
Xulosa, ilmdagi nuqson darslikka o’tdi va yana bir nuqson bilan boyidi: darslik mualliflari ilmda ma’lum bo’lgan Ahmad Xudoydod Taroziyning “Funun al-balog’a” asaridan xabarsizliklarini bildirib qo’yganlar va Bobur aruzini turkiy tildagi ikkinchi asar deb talqin qilganlar.
Bobur asari bejiz “Mufassal” deb nomlanmagan. Chunki “Funun al-balog’a” (adabiyotshunoslik fanlari) kitobidagi to’rt fandan biri – aruz haqidagi birinchi turkiy risola bo’lib, unda aruz vaznlaridan yuzga yaqin xili tadqiq etilgan. Alisher Navoiy  Samarqandda to’rt yil yashagan bo’lsa-da, Ulug’bekka bag’ishlab yozilgan va 1438 yili unga tortiq qilingan “Funun al-balog’a”dan xabardor bo’lmay, “Mezon ul-avzon”da 144 vaznni tadqiq etgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ana shu ikki kitob bilan yaxshi tanish bo’lgan holda amaliy va nazariy aruz ilmi bilan qoniqmay aruz yuzasidan fundamental
tadqiqotyaratib, 536 vazn ni o’rgangan va o’z asarini shuning uchun ham “Mufassal” deb atagan.
Bizdagi ilmiy nashr esa Bobur xizmatlarini nomidayoq kamsitgan. Buni zudlik bilan tuzatish lozimdir.
B) Bobur she’riyatining ruscha tarjimasida mumtoz shoirimizning ushbu ruboyisi:
Bu olam aro ajab alamlar ko’rdum,Olam elidin turfa sitamlar ko’rdum.Har kim bu “Vaqoe'”ni o’qur, bilgaykim,Ne ranju ne mehnatu g’amlar ko’rdumquyidagicha nashr etilgan:Kakix stradaniy ne terpel i tyajkix bed Babur?Kakix ne znal izmen, obid, kakix klevet Babur?No kto prochtet “Baburname”, uvidit, skolko muk,I skolko gorya perenes tsar i poet Babur!
Bu matnni o’qigan kitobxon Bobur o’z asarini “Boburnoma” deb atagan va buni ruboyisida muhrlagan ekan, degan xato tasavvurga ega bo’ladi. Sir emaski, Bobur “Boburnoma” degan asar tugul, bunday so’zni umuman eshitmagan ham ehtimol. Demak, tarjimada “Vaqoe'” (voqealar) so’zini ruscha tarjimada berish va tegishli izoh bilan ta’minlash lozim edi.
“Boburnoma”ning jahon tillari tarjimalaridagi jiddiy nuqsonlarni tezroq bartaraf etish muammosi ham muhimdir. Chunonchi, biz atoqli tarjimon, tarjima ishining mumtozi, arab, fors va turkiy tillardan eng nodir asarlarni tarjima qilgan Mixail Aleksandrovich Saleni “Boburnoma”ning mohir rus tarjimoni sifatida taniymiz.’tirof etish joizki, O’zbekistonda 1940-2000 yillarda “Boburnoma”ni ruschaga o’girish uchun M.A.Saledan munosibroq nomzod yo’q edi. U qomusiy asarni qoyilmaqom qilib tarjima qilgan. Boburona uslubni rus tilida yaxshi tiklagan. Rus tilida “Boburnoma”ni o’qigan kishi asliyatni o’qiganday to’g’ri va mukammal tasavvurga ega bo’ladi.
Biroq kitobning mas’ul muharriri tarjimon bilan so’zma-so’z qiyoslash jarayonida qatnashmagan. Yuzaki o’qishda sezgan kamchiliklarini tuzatib, so’zboshida qilgan mehnatining mufassal bayonini bergan.
Taassufki, boburshunoslikni o’sha paytdagi holati yoki mutaxassislarimizning lug’atdagi oqsashlari tufayli nashrda yuzlab jiddiy tarjima xatolari sodir etilgan.
Achinarlisi o’zbek matnchilarimizning xatolari ruscha tarjima nuqsonlarini yanada boyitgan. Sale asarning Haydarobod nusxasidan foydalanganini qayd etgan. Biroq uning qayta-qayta kirilchadagi o’zbekcha “Boburnoma”ga murojaat etgani bilinib qolaveradi. Masalan, Porso Shamsiev va Sodiq Mirzaevlar nashrga tayyorlagan “Boburnoma”dan misol olaylik: matnda so’z Farg’ona viloyatining hukmdori Umarshayx mirzo ustida bormoqda: “Adolati shu martabada ediki, Xitoy karvoni keladurganda Andijonning sharqiy tarafidag’i tog’larning tubida ming o’yluk karvonni andog’ qor bostikim, ikki kishi qutuldi. Xabar topib, muhassillar yiborib, karvonning jami’ jihotini zabt qildi. Har chandiki vorisi hozir yo’q erdi, bovujudi ehtiyoj saxlab, bir yil, ikki yildin so’ngra Samarqand va Xurosondin vorislarini tilab kelturub, mollarini solim topshurdi”. (“Boburnoma”. 1960, 64-bet).
Endi shu matnning ruschasiga – M.A.Sale tarjimasiga nazar solaylik: “Spravedlivost yego dostigla vыsokoy stepeni. Odnajdы, kogda iz Kitaya shel karavan, to u podoshvы gor k vostoku ot Andijana karavan iz tыsyachi lyudey tak zasipalo snegom, chto spaslis tolko dva cheloveka. Omar Sheyx Mirza poslal sborщikov i zaderjal vse tovarы karavana. Xotya naslednikov nalitso ne bыlo, Omarsheyx
Mirza sbereg tovarы nesmotrya na to, chto sam nujdalsya. God ili dva spustya on vыzval naslednikov iz Samarkanda i Xorasana i vruchil im ix tovarы v tselosti”.
Ana shu parchaning qiyosi biz tarjimashunoslarga uchta jiddiy xato sodir etilganini ko’rsatadi. Tarjimonning birinchi aybi eski o’zbek tilidagi “o’y” so’zini tushunmaganidir. “O’y” qoramol demakdir. “Tishi o’y” – sigir bo’ladi.
Ruscha talqinda ming kishilik karvon Xitoydan yo’lga chiqib, Andijon yaqinidagi qor ko’chkisida qolib, 998 kishi fojiali halok bo’lgan. Aslida esa, mutlaqo boshqa gap. Xitoydan mingta qoramol olib kelayotgan karvon odamlarini (bular o’ntadir, o’n besh kishidir ehtimol) qor bosib, ikki kishi omon qoladi. Qor bosib qolgan qoramollar hisobi esa aytilmagan. Demak, bu fojiada 8-10 kishi qurbon bo’lgan.Ziyrak tarjimon “mollar” so’zidan gap qoramol haqida ketayotganini sezsa bo’lardi… Bu ikkinchi xatodir.
Uchinchi nuqson xuddi avvalgisiday o’ta qo’pol bo’lib, buning aybdori avvalo o’zbek matnchilarimiz, qolaversa, Salening bu nusxaga ishongani, “ehtiyoj” so’zini asarning Haydarobod nusxasiga solishtirib ko’rmagani oqibatidir. “Boburnoma”ning eski yozuvdagi barcha nusxalarida, jumladan, Haydarobod nusxasida ham bu so’z “ehtiyot” edi…
Birgina shu nuqson tufayli Farg’ona viloyatining hukmdori Umarshayx Mirzo savdogarlar moliga muhtoj notavon tarzida talqin qilingan.
Bunday jiddiy xatolar “Boburnoma”ning ruscha matnida yuzlab uchraydi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Shuning uchun ushbu satrlar muallifi M.A.Sale mehnatiga kamoli ehtirom yuzasidan tuzatishlarni batafsil bajardim-u, kitobda “mas’ul muharrirdan” deb o’zgartirishlarimni birma-bir aytmadim. (Bu kitob “Sharq” nashriyotida “Baburname” nomida kuni kecha bosmadan chiqdi – V.R.)
Boburshunoslikdagi eng yirik muammo matnshunoslik sohasiga tegishlidir. To’g’ri, 60-70-yillarda Boburning ijodiy shaxsiga soya tashlaydigan xato o’qishlar, ochiqcha aytsak, rusumda edi. Agar rusumda bo’lmasa, Boburning “Fan” nashriyotida bosilgan kitoblarida quyidagidek baytlar uchrarmidi:
Tama’ tunma falakdin komkim xanjar qilur shom,Yangi oy shaklidin har shom ul lo’li yor magar.(“Muxtasar”, 127-bet)Epaqadagisi:
Tama’ tutma falakdin komkim xanjar qilur oshom,Yangi oy shaklidin har shom ul lo’lii bozingar.Bosilgani:To sirishkim chekib dard qaddim qildi ham,Aylaki el hullani tortib etar… ? ko’r.(“Muxtasar”, 114-bet)
Baytning tuzukkina nusxasi:Tori sirishkim chekib dard qadim qildi xam,
O’ylaki el hullani tortib etar poyko’b.
Biz, olimlar matnchilikda ko’pincha idrok va she’riyat mazmun-mantig’idan ko’ra to’g’rimi-noto’g’rimi nusxa yozuvga yopishib olamiz. Buning natijasi shu bo’ladiki, “Hararu Bobur” (Bobur muharrir, Bobur yozgan) degan nusxadan olingani ro’kach qilinib, ellik yildan beri mazmun va mantiqdan mahrum bo’lgan quyidagi baytni mumtoz shoir Boburga nisbat berishdan iymanmaymiz:
Ne yerda bo’lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G’aribingg’a tarahhum aylagilkim, anda jonidur.
Bunday talqinni ommalashtirib, Boburga xizmat qildim deb yuramiz. Holbuki, bu matn haqiqati 1976 yil kashf etilgan, “O’qituvchi” nashriyoti chop etgan Boburning “Tanlangan asarlar”ida (1976, 1983 yilgi bosmalari) e’lon qilingan edi:Ne yerda bo’lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,G’aribingg’a tarahhum aylagilkim, andijoniydur.
Nashr nusxalarini solishtirib matn haqiqatiga yaqinlashish ham matnshunoslik usullaridan hisoblanadi-ku? Nega endi qiyoslab, “Kim haq? Qaysi so’z to’g’ri?” deb olimona fikr yuritishdan erinamiz.
Bu e’tiborsizligimiz bilan mumtoz shoir Bobur ijodiy yuziga soya tushiramiz-ku?
Yoki deyarli bir asr davomida Boburning bir ruboiysi o’z tarjimai hollik xususiyatidan mahrum etilib, barcha nashrlarda shunday tarzda bosildi:Hijronda, sabo, yetti falakka ohim,Gar ul sori borsang, bu durur dilxohim -Kim, arzi duo niyoz ila qilg’aysen,1. Gar so’rsa men xastani gulrux mohim.
Biz Bobur hayotini asosliroq o’rganishga harakat qilib, ruboiyning to’rtinchi misrasida iyhomi zulvujuh – ko’p ma’noli iyhom san’ati qo’llanilganini aniqladik. Natijada o’sha birgina misra to’rt mazmunda ekanligi ma’lum bo’ldi:2. Gar so’rsa men xastani Gulrux mohim.3. Gar so’rsa men xastani gulrux Mohim.4. Gar so’rsa men xastani Gulrux, Mohim.
Demak, Bobur badiiy mahorati ko’p qirraliligiga ham alohida ahamiyat berish lozim ekan. Boburshunoslikda yo’q joydan muammo keltirib chiqaruvchilar ham topiladi. Chunonchi Namangan davlat universitetining dotsenti Alixon Xalilbekov “Namangan adabiy gulshani” nomli yirik tadqiqotida Bobur ijodini o’rganishga 16 sahifa ajratgan, bu bilan u Bobur tavallud bayramiga o’ziga xos ilmiy hadya bilan kelgan. Biroq u olim Bobur “Axsida tug’ilgan, Axsida taxtga chiqqan”, degan yangi muammoli ma’lumotni e’lon qilgan. Holbuki, barcha O’zbekiston va jahon boburshunoslari o’z asarlarida Bobur Andijonda tug’ilganini qayd etganlar.
Biz bu yerda boburshunoslik muammolarining daryodan tomchisiga to’xtab o’tdik, xolos. Bunday muammolarni jahon boburshunoslari har qadamda hal qilib borishga mas’uldirlar.
Chunki olimlar Shahanshoh Bobur, mumtoz Bobur asarlari bilan ish ko’rayotganliklari mas’uliyatini zinhor unutmasliklari lozim.
Vahob RAHMONOV

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: