Yurakdagi Buxoro


Ilgarilari Buxoroni ermakka — tomosha uchun tomosha qilardik. Kun o‘tdi, yil o‘tdi, nomim shu ulug‘ zaminning nomiga tutashligini his etgan onimdan boshlab vujudimni dahshatli bir qo‘rquv egalladi: Buxoroni tomosha qilish mumkin emas! Farzand tomoshabin, yurt esa hech qachon saylgoh bo‘lmas ekan…

Har gal Buxoro ko‘chalariga yo‘lim tushsa, shahodat kalimasini takrorlab, tangri ato etgan yurtimda gunohlarimdan kechishini, g‘ofil farzandiga g‘oyibdan kuch-quvvat, mehr, sodiqlik, muruvvat baxsh etishini so‘rayman. Ilinj bilan kutganim — ishonganim Buxoro tuprog‘ida, nuragan naqshlar qatida pinhon. Bilaman, u sir-asrorini, shon-shavkatini, bor haqiqatu yuzini qachondir, kimgadir ochadi, ishonaman…

Shaharlarning raqibi yo‘q, ammo ularning bag‘rida qo‘rqoq va sotqin, manfaat gadolari bo‘lmish xushomadga moyil, qullikka tashna egri qadlar hamisha davru davron surib yashagan. Imon-e’tiqod shahri, nur shahri bo‘lmish Buxoro ham bundaylardan xoli emas edi. Sir emas, tafakkur, aqlu-hush, ko‘z, qo‘l va oyoq nasib etgan biz farzandlar FAXRdan tonib, qo‘limizga tosh tushsa, birinchi bo‘lib moziyga, moziyning yoqut ko‘zi Buxoroga otdik. Tosh otish uzoq davom etdi.

Buxoro to‘ntarishi, zo‘ravonlik, qizil qo‘shinning bosqini, amir Sayyid Olimxonning shaxsi, xazinasi, uning Moskovda bir umr tutqunlikda ushlangan uch o‘g‘li taqdiri — bular bari taqiqlangan mavzu edi. Dunyoda o‘z tarixingni bilmaslikdan og‘irroq jazo bormi? Buning ustiga avlodu ajdodlaring, yaqin kechmish senga dushman qiyofasida tasvirlansa, o‘rgatilsa…

Har gal xalqimiz tarixining og‘irkarvon, qudratli, ilm-ma’rifatli musulmon dunyosining toji Buxoro poyiga sig‘inib boraman. U esa jim — gapirmaydi. Uning yaralangan yuragiga tosh osilgan, botmon-botmon tosh! Nuragan, sho‘r bosgan nomozgohlar, madrasayu xonqohlar, darvozayu devorlar, saroylar og‘ir judolik, yo‘qotishlardan xuddi gung bo‘lib qolgandek. Tushunaman: odam chidolmagan achchiq qismatga Buxoro chidadi.

… 1924-yilning 1-avgustida Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatining Moskvadagi vakolatxonasida muxtor vakil Abdurahim Yusufzoda bilan professor M.Y. Ginzburg o‘rtasida Buxoroning tarixiy va madaniy yodgorliklaringni ko‘rikdan o‘tkazish, ilmiy ro‘yxatga olish, qulayotgan yodgorliklariga nisbatan kechiktirib bo‘lmas ta’mirlash tadbirlari rejasini ishlab chiqish va qator loyihalar tuzish haqida shartnoma tuzilib, imzolangan edi. Ha EDI! EDI bu, bir paytlar — o‘tgan zamon va o‘tgan va’dalarning syrati, shakli. Biz ba’dalar beraverdik, ertaklar to‘qiyverdik, charchamadik. Chunki va’daga, aldovga, sabrga o‘rgangan, ko‘nikkan ei edik. Bizni xiyonat — sotdi, zo‘ravonlik — qul qildi, ayriliq, umid, ozodlikka tashnalik — ko‘kartirdi, bor qildi.

Nihoyat, nihoyat biz kutgan Ozodlik yurtimizga qanot qoqib, uchib keldi. Bugun minoralar uzra, gumbazlar uzra va’da emas, Ozodlik quyoshi porlamoqda. Bugun senga kimdir qo‘l, kimdir ko‘z bo‘lgisi keladi. Hammasiga imkon otlig‘ mezon borki, vatandin o‘zga yor o‘lmas!

Ollohga ming shukrlarkim, endi biz Buxoro to‘ntarishini Buxoro inqilobi deb yozmaymiz, yolg‘on shakl, yolg‘on mazmun bilan farzandlarimizni aldamaymiz. Qismatning og‘ir yukini yelkalab xorijga ketgan farzandlaringni Vatan xoini deb nomlamaymiz. Seni men emas, Istiqlol topdi. Uzilgan qadamlar, yurakda qotgan armonlar o‘z go‘shasini tark etib, sen tomon oqmoqda. Ey, bobo yurtim, ota yurtim Buxoro! Eshit! Bugun  seni qutlash niyatida farzandlaring  sen tomon shamoldek yelmoqda.

Sobiq Buxoro amiri Sayyid Olimxon avlodlari hamda u kishining farzandlari — Sayyid Ibrohim Olimxon o‘gli, Sayyidrahim Rahimxon Olimxon o‘gli, Sayyid Xodixon Olimxon o‘gli, Sayyid Ibod Olimxon o‘gli, Sayyid Kabir Olimxon o‘gli, Sayyid Mansur Olimxon o‘gli, Sayyid Hoji Olimxon o‘gli, Sayyid Rauf Olimxon o‘gli  nomidan Turkiyaning  G‘oziantep shahridan yozilgan maktubda, xususan, shunday deyiladi:

“…Bundan 73 yil muqaddam, 1920-yilning 1-sentabrida taqdir bizning otamiz Buxoro amiri Sayyid Olimxonni Vatanni tark etishga, din va ilm diyorini bosqinchilar qo‘liga qoldirib ketishga majbur qilgan edi. Shundan keyin padari buzrukvorimiz ham, xonadonimiz a’zolari ham, bizga hamroh bo‘lgan vatandoshlarimiz ham bir orzu bilan yashadik: Vatan ozodligini ko‘rish. Bu orzu yo‘lida jismimiz, tilimiz, dilimiz kurashi bir on ham to‘xtagan emas. Ko‘plab qurbonlar berildi. Bu kunlarga yetmaganlar intig‘u ilhaqlikda foniy dunyodan ravona bo‘ldilar. Bugungu O‘zbekiston ahli qatori ana shu  davrni ko‘rish bizga nasib ettikim, yaratganga hamdu sanolar aytamiz.

Ilohim, Vatan uzra erk quyoshi muqim porlagay!”

Otani boladan, bolani otadan ayirgan tuzum – davrning kulfatini chekish nechog‘li og‘ir. Xorijda tavallud topib, Vatan sog‘inchida yashagan, yashayotgan vatandoshlar, Vatan ozodligidek buyuk baxtni intiqlik bilan kutgan avlodlar uchun Vatan tomondan ham samimiy chorlov yangradi.

Ana shular bois Buxoro amiri Olimxonning uch o‘g‘li — Sayyid Umarxon, Sayyid Kabirxon va Sayyidmuhammad Ibrohim ota yurtga tashrif buyurdilar. Ular Karmanada bobolari Abdulahadxon qabrini ziyorat qilishdi. Buxoroni tavof qilib, Toshkentga qaytishdi.

“Oy-kunlar suvday o‘tadi”, deydilar. To‘g‘ri, kimningdir nazdida shundaydir. Lekin… Amir Olimxonning xorijda tug‘ilgan farzandlari uchun  ota qismatidek murakkab, chalkash, oxiri umidsizlik bilan tugaydigan imkonsiz yo‘llar taxlanib yotadi. Ushbu oila fojeasini dunyodagi hech bir oila bilan qiyoslash mumkin emas. Farzandlar yurtdan zo‘rlik bilan quvilishdek qismatni ko‘tarib o‘tgan ota armonlarini juda erta angladilar. Ular amirzoda bo‘lsalarda, bolalikdanoq aldov va qizil imperiyaning nohaq zulmini tortdilar. Qator mahrumliklar iskanjasida ulg‘aydilar. Ularning ham yurti — Vatani bor edi. Xeshu aqrabo, yaqinlar, muhimi, ozodlikdek eng buyuk imkonning bag‘rida yashashi mumkin edi, ular. Lekin, o‘tgan va o‘tayotgan yillar — vaqt guvohlik beradiki, bunday bo‘lmadi, yo‘q…

Qizil qo‘shinning zulmi, uning asoratini ang­lash uchun hatto Vatanda yashayotgan bizdek farzandlarga ham uzoq vaqt kerak bo‘ldi. Aslida qismatu qismatdoshlik — Vatanni boy berish kabi og‘ir judolik hammamizga tegishli edi. Faqat bu judolikni kim qanday tushundi — hamma gap shunda. Birovlar xorijda, birovlar vatanda…

Bolaligimdanoq Buxoroning g‘aroyib bozorlari, turli-tuman saylgohlari emas, vayrona shaharning xayoliy mahobati o‘ziga chorlar. Ark, Katta minora, Taxt joyi, Namozgoh kabi qadim bobomeros o‘zlik, qiyofa, davlatchiligimiz tarixi aks etgan muqaddas joylar qarshisida  soatlab xayol surib, ulardan ajralmasdim. So‘nggi — mang‘itlar sulolasiga mansub amirlar tarixini ham deyarli bilmay, o‘qiyolmay shu yoshga yetdik. Aldov va xiyonatga o‘ralgan “Buxoro xalq inqilobi” bois shakllanib kelayotgan avlodlar qirildi, yo‘qotildi’ qolganlari xorijga tariqdek sochilib ketishdi. Biz tengi avlodga yolg‘on guvohliklar, soxtalashtirilgan, to‘qilgan tarix, “bosmachi”yu “zulmkor’, “mustabid”, “o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan” amirlar xotirasigina qoldi. Shulardan biri — Amir Sayyid Olimxon.

Buxoro, ayniqsa, nisbatan bizga yaqinroq 1918-1920-yillardagi voqealar mustaqilligimiz tarixi bilan chambarchas bog‘liq muhim sana­lardir. Men shu niyatda ko‘pdan muhojir hamyurtlar bilan suhbatlashish, ularning xotiralarini yozib, o‘rganishni niyat qilar edim. Tarixiy asar yozish ucun uzuq-yuluq hujjatlaru tasavvurning o‘ziyoq yetarli bo‘lishi ham mumkin. Lekin men qiziqqan, bilishni istagan mavzu — tarix shundoq yonginamizda, hali tirik tarix bo‘lib yashayotgan hamyurtlar edi…

1993-yilning oxirida Amir Olimxonning uch o‘g‘li bilan ko‘rishib, suhbatlashdim. Ushbu suhbatda o‘shal uchrashuvning ayrim lavhalarini xotirlashga urindim. Suhbatda Olimxonning uch o‘g‘li — Sayyid Umarxon, Sayyid Kabirxon, Say­yid Ibrohimlar hozir edilar.

— Sizlarga bir ro‘yo yoki tushday tuyulmayaptimi, men bilan suhbatlashish? Mana, Sizlar ota yurtda Vatanning oddiy bir farzandi — qalamkash savollariga xotirjam, hadiksiz, tinchgina, xullas, o‘z istagingizga zid bormay — ixtiyoriy bir tarzda javob berib turibsizlar. Axir, oradan oz emas, ko‘p emas, 70 yildan ziyod vaqt o‘tdi. Sizlar Afg‘on tuprog‘ida tug‘ildingizlar. Vatan surati sizlar­ning yuragingizga, ko‘zingizga asosan ota xotirasi tufayligina o‘rnashgan, shunday emasmi?

Sayyid Umarxon: — Bale, to‘g‘ri  so‘yladingiz. Sahroyining aqli ko‘zida, degan ma’ni bor. (Bu hikmatni otam rahmatlidan eshitganman). Chunki, u ko‘rmasa, ishonmaydi. Bizning ayni fursatdagi holimizni o‘sha sahroyiga qiyoslash mumkin.. Eshitish boshqa gap… Vatan ozodligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, bizning tasavvurimizda ozodlik ushalmaydigan, vaqt yetib, ushalgan taqdirda ham bizlar ko‘rolmaydigan armon edi. Axir, bu hazil gapmi, hazil hayratmi, xayoldagi, orzudagi, duolarimizdagi niyat vojib bo‘ldi-ya!

Sayyid Ibrohim: — Hazrat otamizning qadamlari tekkan poyi ostonani ko‘zlarimizga surdik. Axir, bu kunni ko‘rmay ketish ham mumkin ediku.

Armonu sog‘inchlarimni ko‘pincha she’rlarimda aytganman. Bu dunyoda eng sodiq, ishonganim, farzandimdek suyganim — she’r. U meni aldamaydi, sotmaydi, u menga panoh…

— Qullik-qaramlik davrining Sizlarga, ayniqsa, padaringiz Sayyid Olimxonga munosabati dushmanlarcha edi. Yaqingacha otangizni  “Tillo kamarli qochoq“ deb yozishdi…

Sayyid Umarxon: — Otam 23 yil Afg‘on tuprog‘ida umrguzaronlik qildilar. Garchi biz ul muhtaram padarimizni taftish qilish huquqidan mahrum bolsak-da, biz tutqunlikda, muhojirlikda bilishimiz mumkin sanalgan oilaviy munosabatlarda erkin edik. O‘sha davr nuqtai nazari bilan qarasangiz, Amir otamizning ham yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, sustkashliklari bo‘lishi, tabiiy. Beayb — Parvardigor. Atroflaridagi jaholatparastlarning kaltabinliklari tufayli “Yosh buxoroliklar” bilan o‘rtalarida nizo chiqqani rost gap. Lekin biz farzandlar o‘z otamizni xuddi sizlar yozgandek, hech qachon sotqinlikda, qo‘rqoqlikda, xalqning qonini zulukdek so‘rishda ayblamaymiz. Otamiz to ko‘zlari yumulgunga qadar Vatan ozodligi uchun kurashdilar, desam lof emas. Mana, biz o‘g‘illar bunga guvohmiz, kafilmiz. Taqdir otamni ko‘p sinovlarga soldi. Uch akam Moskovda, zulmkor bolshovoylar qo‘lida qolib ketdi. Ularni yonlariga chorlash uchun qilingan harakatlar… Baribir ul muhtaram zot qizillarning nayrangiga uchmadilar, qayta aldanishni istamadilar.

Otam tutqinlikdagi akalarim haqida: “Agar ular mening farzandlarim bo‘lsa, dushmanga egilmaydi, ular qizil bo‘lolmaydi, ularning bobolari amir o‘tgan, yurt so‘ragan…”, deya pichirlab, ba’zan g‘azabga to‘lib aytganlarini ko‘p bora eshit­ganmiz.  Umuman, og‘ir taqdir nafaqat otamni, bizni-da ayamadi. Yurtdan, toju taxtdan, uch o‘g‘il va yana imkondagi jamiki afzalliklardan bira to‘la ayrilish azobini his eta olasizmi? Buning ustiga muhojirlik, o‘zga hukmdor, o‘zga yurt marhamatiga, kamsitishiga chidash… Umr bo‘yi ta’qibda yashadik, bizning qadamimizni poylab kun o‘tkazganlar, oila boqqanlar bo‘ldi.

— Bizni otangiz haqidagi aynan Sizning xotiralaringiz, kuzatishlaringiz qiziqtiradi.

Otam a’lo darajada mergan edilar. Otgan o‘qlari nishonga bexato tegardi. Afg‘on shohi Omonullaxon bilan ovda birga tushgan suratlari bor. Har kim o‘zi otgan o‘ljasini  yoniga to‘plab, namoyishkorona turibdi. Otamning oyoqlari ostida quyon, qirg‘ovul, g‘oz va yana talay qushlar chosh, yana ul zotning egnilarida milliy libos, Afg‘on shohi esa inglizlarning kitelida. Aytishlaricha, Omonullaxon ov boshlanishi oldidan otamizga: “Bu ro‘dapo sarpolaringiz bilan ov qilolmaysiz, choponingizning bari shox-shabbaga ilinib, o‘zingizni otib qo‘ymang”, deb kesatgan ekan.

Hazrat otamiz qattiq iztirobga tushgan chog‘larida yonlariga hofizlarini chorlab, qo‘shiq, nolali kuylar tinglardilar. Oxirida hofizlarni chiqarib yuborib, o‘zlari tanbur chalardilar. Tunlari Bedilni o‘qib, uzluksiz alamni bir dam unutishga harakat qilardilar. Otamga tegishli har bir buyumga biz qo‘l urmasdik. Vafotlaridan so‘ng qarasak, uch sandiq kitob… Umuman, yillar o‘z ta’sirini o‘tkazdi, hamisha qaddi tik Amir otamiz bora-bora o‘ta ziyoli, g‘amgin, ezilgan qiyofaga kirdilar.

Sayyid Ibrohim:— Biz ikki marta xorlikka uchradik. Birinchisi, otamni zo‘rlik bilan Vatandan chiqib ketishga majbur etishdi. Ik­kinchisi, biz farzandlar Afg‘ondan chiqib ketdik. Afg‘ondan piyoda, kechalari masjidlarda tunab, Pokistonga keldik. Yo‘l azoblari…

— Aytishlaricha, Amir Olimxonning qiyofadoshlari ham bo‘lgan, deyishadi, shu gap rostmi?

Sayyid Umarxon: — Rost. Otamizga ko‘p bora suyiqasdlar uyushtirishdi. Allohning marhamati bilan har gal omon qoldilar. O‘zim shohidi bo‘lgan bir voqea: ba’zan ko‘chaga foytunda chiqardilar. Bir ertalab ul zot foytunni tayyorlashni buyurdilar. Amakim Sayyid Siddiqxon To‘ra: “Shu bugun siz chiqmang, tush ko‘rdim, falokat sodir bo‘ladi”, deb aytdilar. Otam ko‘nmadilar. Foytunga o‘tirishlari bilan foytun portladi, qo‘llari sindi, o‘zlari omon qoldilar…

— Boya Siz hofizlarni tilga oldingiz, ular kim, taqdirlari qanday kechdi?

Sayyid Umarxon: — Uchala hofiz ham Vatandan borgan kishilar edi. Hazratqul, Hoji Ismoil, Elmurod ismli bu san’atkorlar to so‘nggi damgacha otamning yonlaridan jilmadi. Ular­ning ham taqdiri bir kitob bo‘lgulik. Hazratqulning vafotiga uch yil bo‘ldi. Ha, hofizlar ota qadrdon edi.

— Yosh o‘tgan sayin kishi o‘ziga hisob beradi, ma’lum xulosalar chiqaradi…

Sayyid Umarxon: — Xulosa shuki, biz hech qachon qo‘limizni birovga ta’na bilan uzatmadik. Yoshlikdan o‘z kunimizni o‘zimiz ko‘rishga, kasb-hunar o‘rganishga bel bog‘ladik. Har qanday sinovlar oldida Amir Olimxonning o‘g‘li, degan rutbamizga sodiq qoldik. Taqdir bizni dunyo­ning tyrli burchaklariga — Amerika, Olmoniya, Turkiyaga sochib yubordi. Biz Vatan ozodligini o‘zga ellarda yashab, eshitdik, quvondik, ko‘z yoshi to‘kdik. Sizlardan bir o‘tinchim bor: ahil bo‘linglar, Vatan bitta. Uni ichida yashab turib ham yo‘qotish mumkin…

Rajabboy RAUP

Rajabboy RAUPOV —  taniqli yozuvchi va jurnalist. O‘zbekistonda o‘nlab ki­toblari chop etilgan. “Yurakdagi Buxoro” uning Vatan va uning taqdiri haqidagi yodnomasidir. Biz ham uni ba’zi bir juz’iy qisqartishlar bilan gazetxonlari­mizga ilindik.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: