Turkiston va tashqi dunyo


Sobiq ittifoqdagi barcha jumhuriyatlar tomonidan davlat mustaqilligi e’lon qilinishi ularga tutash bo‘lgan mintaqalarda siyosiy vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Bu ahvol ayniqsa beshta mustaqil davlatni o‘z ichiga olgan Turkistonga taalluqlidir. 1991 yil oxiriga kelib, bu yerda odatdagidek bo‘lmagan siyosiy muvozanat sezila boshladi.

Turkiston jo‘g‘rofiy jihatdan ulkan qit’a o‘rtasidagi o‘lka sanaladi. Bundan tashqari bu yer dunyodagi uchta yirik madaniyat: shimoldagi xristian, sharqdagi budda, janubdagi islom madaniyati tutashgan joydir. Bu siyosiy muvozanat 1865 yilda Rossiya Turkistonni bosib olishi bilan buzilgan edi. Shundan beri mintaqada muntazam tanglik holati kuzatilib kelindi. Endilikda insoniyat tarixidagi eng so‘nggi imperiya tugaganidan keyin bu odatdagidek bo‘lmagan siyosiy muvozanat sobiq, lekin tag-tugi bilan yo‘q bo‘lib ulgurmagan imperiyaning ma’lum doiralarida tashvish tug‘dira boshladi. Bu birinchi navbatda Rossiya bilan ittifoqni uzmaslik kerakligi haqidagi da’vatlarda o‘z ifodasini topyapti. Bu esa o‘z navbatida xalq ommasining keng qatlamlari orasida mustaqilligimizga shubha bilan qarash kayfiyatini tug‘dirdi. Faqat O’zbekiston mustaqilligini jahonning yuzdan ortiq davlati tan olib, u Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilingandan keyingina bunday shubha-gumonlarga o‘rin qolmadi.

Xalq orasida paydo bo‘lgan shubha-gumonlarning boshqa sababi ham bor. Odatda har bir davlat mustaqilligini e’lon qilishi bilan tashqi siyosat yo‘lini bayon etishi kerak. Bizda esa bunday qilinmadi.

Xo‘sh, 135 yildan so‘ng o‘z mustaqilligiga erishgan Turkiston davlatlarining tashqi siyosati qanday bo‘lishi kerak? Bugungi kunda bu masalaning mazkur o‘lkada yashayotgan xalqlar uchun nechogli katta ahamiyatga ega ekanligini baholash qiyin.

1648 yildagi Vestfal yarash bitimini eslaylik. U Ovro‘padagi uzoq davom etgan va ko‘p qon to‘kilgan, dunyo tarixiga o‘ttiz yillik urush degan nom bilan kirgan urushning yakuni bo‘lgan edi. Diniy va siyosiy tusda bo‘lgan bu urushga Ovro‘paning barcha davlatlari jalb etilgan edi. Qit’ada tinchlikni barqaror qilgan Vestfal shartnomasi insoniyat tafakkurining mo‘‘jizasi va hozirgi xalqaro huquqning chinakam poydevori bo‘lgan edi. Vestfaldagi yarash bitimi ikki diniy sohaga — protestantlar va katoliklarga bo‘linib ketgan Ovro‘pada islohotlar jarayonini barqaror qildi. Juda janjalli bir vaziyatda mustahkam tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘lindi. Vestfal shartnomasi uning barcha qatnashchilarining «hududga egalik qilish huquqini va ustunligini» tan olibgina qolmay, balki diniy e’tiqodi va davlat tuzumi shaklidan qat’iy nazar barcha Ovro‘pa davlatlarining teng huquqligini qayd etdi.

Endilikda sobiq Ittifoq jumhuriyatlari o‘rtasidagi har qanday bitim ular tashqi siyosatiga dahldor bo‘ladi. Agar 1991 yilda noyabr o‘rtalarida ko‘pchilik jumhuriyatlar u yoki bu darajada ravshan va qat’iy qilib, o‘z tashqi siyosat yo‘llarini belgilab olgan bo‘lsalar, Turkiston mintaqasidagi davlatlarning tashqi siyosati hozircha muallaq bo‘lib turibdi, deyish mumkin. Darhaqiqat, Turkiston hozir o‘z tarixining eng mas’uliyatli davrini boshdan kechiryapti. U o‘z mustaqil tashqi siyosatini belgilab olishi kerak.

Bizningcha, agar Turkiston tashqi siyosatida Shimol bilan siyosiy ittifoq yo‘li davom etkaziladigan bo‘lsa, yana siyosiy muvozanat buziladi m 6u mintaqada ishonchsizlik muhiti humkron bo‘ladi. Bu muvozanat buzilishining Turkiston uchun oqibatlari esa quvonarli bo‘lmaydi. Sababi, xalqaro munosabatlarda bir guruh davlatlarning siyosiy ittifoqi ikkinchi bir guruh davlatga qarshi turishni bildiradi. «… Shu boisdan agar ma’lum miqdordagi davlat bir oila bo‘lib birlashsa, u holda bu ittifoq individ sifatida qarshi tomonni yaratishi va o‘ziga dushmanni yuzaga keltirish kerak», deb yozadi Gegel «Huquq falsafasi» asarida. Boshqacha aytganda, Turkiston bundan buyon shimoldan janubga tomon bo‘ladigan harbiy yurishlarda ko‘prik vazifasini o‘tamasligi kerak. Bunday harbiy yurishlar qanday natijalar bilan tugashi esa Afg‘onistonda o‘n yildan ortiq davom etgan, millionlab begunoh kishilarning umrini hazon qilgan qonli urush yaqqol ko‘rsatdi.

Har bir davlat tashqi siyosatining shakllanishida iqtisodning ahamiyati katta. Tashqi siyosatning miqyosi davlatning iqtisodiy qudratiga mutaiosib bo‘ladi. Turkiston kita ichidagi mintaqa sanaladi, bu esa uning iqtisodiyotidagi g‘oyat zaif tomondir. Shu boisdan bu jo‘g‘rofiy cheklanganlik uning tashqi siyosatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Turkiston tashqi siyosatida jahon savdosida faol ishtirok etish muhim qoida bo‘lishi kerak. Xalqaro savdoda esa 80 foizdan ortiq yuk okeanlar orqali tashiladi. Turkiston uchun okeanga chiqishning eng qisqa yo‘li — janubdagi qo‘shni mamlakatlar hududidan o‘tadi. Shunday ekan, bizningcha, tashqi siyosatimizni shimoldagi qo‘shnimizning xohish-irodasiga moslashtirishga intilsak, bugun bo‘lmasa, ertaga biz uchun janubdagi savdo yo‘llari berkilib, jahon iqtisodiy kengliklaridan uzilib qolishimiz, osmondan tushganday berilgan mustaqilligimizdan ayrilib, yana Rossiyaning xom ashyo manbaiga aylanib qolishimiz mumkin. Ma’lum hudud bilan cheklangan va o‘zida dunyo bozori nafasini sezmaydigan iqtisodiyot esa qech qachon rivojlanmaydi.

Xalqaro munosabatlarning mohiyati shundan iboratki, u mutlaq mustaqil davlatlarning irodasi bilan belgilanadi va bu demak, tashqi siyosatda xaafsizlik masalasi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Biz bugungi mustaqilligimiz sharoitida nigohimizni shimolga o‘girsak va Rossiyaning harbiy qudratiga tayangan holda ish tutsak, nisbatan oson yo‘lni tanlagan bo‘lamiz. Bu oson yo‘l esa ertaga bizni chinakam milliy taraqqiyotdan mahrum qilib qo‘yishi mumkin.

Rossiya zamonaviy qurollarni boshqa jumhuriyatlar hududidan o‘z hududiga ko‘chirib olib ketib, o‘z xavfsizligini ta’minladi va bir paytning o‘zida qo‘shni davlatlarga nisbatan harbiy ustunlikka ega bo‘lib oldi. Boshqacha aytganda, Rossiya sobiq ittifoqdosh jumhuriyatlarga nisbatan ustamonlik qildi, bunda unga Sovet Armiyasi ofitserlarining to‘qson foizi rossiyaliklar bo‘lgani qo‘l keldi. Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan bu va yana boshqa zo‘ravonlik xatti-harakatlari uning tashqi siyosatiga hamon imperiyachilik kayfiyatida yurgan shaxslar ta’sir ko‘rsatayotganligini bildiradi, mustaqil davlatlar uyushmasi istiqboliga bo‘lgan shubhani kuchaytiradi. Ammo munosabatlardagi mavjud adolatsizliklarga qaramasdan, mustaqillik — Turkiston uchun buyuk hodisadir.

Sof iqtisodiy jihatdan qaraganda ham Rossiya bilan ittifoq foydali, deb bo‘lmaydi. Sababi, mazkur mamlakat hududi aholisiga nisbatan nihoyatda katta, noo‘rin xarajatlari ko‘p. Bu vaziyat mamlakat aholisini muntazam tang holatda tutib turadi. Qisqasi, Rossiya og‘ir karvon, u bilan iqtisodiy munosabatlarni kuchaytirishning foydasidan zarari ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu mamlakat bilan ittifoq bo‘lib qo‘lga kiritadigan xavfsizligimiz esa bizni chinakam taraqqiyot yo‘lidan mahrum etishi mumkin bo‘lgan shubhali bir narsadir.

Taniqli rus faylasufi Nikolay Berdyaev «Rossiya taqdiri» asarida shunday deb yozadi: «Rus xalqi ulkan kengliklarga juda oson ega bo‘lib oldi, lekin dunyodagi eng ulkan davlatga bu kengliklarni tashkiliy jihatdan qovushtirish, unda tartibni saqlash va muhofaza qilish oson bo‘lmadi. Bunga rus xalqi kuchining katta qismi ketdi. Rus davlatining hajmi rus xalqi oldiga chog‘i kelmaydigan vazifalarni qo‘yib, uni beqiyos tang ahvolda tutib turdi. O’z davlatini tuzish va muhofaza qilishdek ulkan ish rus xalqi kuch-quvvatini quritdi. Ehtiyojlari ortiqcha erkin kuchni juda oz qoldirar edi. Rus kishisining butun tashqi faoliyati davlatga xizmat qilishga baxshida bo‘lar edi. Bu esa rus kishisi hayotida noxush iz qoldirdi. Ruslar quvonish nima ekanligini qariyb bilmaydilar, deyish mumkin. (O’zi oson bosib olgan yerlardagi xalqlarga ishonchsizliq unga xos milliy fe’l-atvor bo‘lib qoldi.) Bu tabiiy, chunki rus xalqi muntazam mustamlaka xalqlar tomonidan qarshi zarba berilishini kutib yashadi».

Bundan tashqari islom mamlakati sifatida mustaqil Turkiston oldida tarixan qiyin davlat qurilishi vazifasi turibdi. Gap shundaki, sof islom tipidagi davlat jahon taraqqiyotining zamonaviy talablariga javob bermaydi. Umuman jahondagi davlat tuzilishi shakllari orasida islom davlatini istisno tariqasidagi o‘ziga xos favqulodda davlat shakli deyish mumkin. Bu demak, ushbu masalalar turkumini hal qilishda ham hali ikkilanishlar bo‘lishi mumkin. Biroq bu yerda shu narsa aniqki, tashqaridan zo‘ravonlik bilan olib kelib tiqishtirilgan, shu paytgacha mavjud bo‘lgan sovet davlat tuzumi Turkiston jamiyatining ruhiy ma’naviyatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Erkin jamiyatning har qanday davlat tuzumi o‘z axloqiga munosib bo‘lishga intiladi. Mabodo davlat tuzumi tashqaridan keltirilgan bo‘lsa, demak, xalqqa begona bo‘lsa, u hech qachon uning ravnaqiga va kamolotiga xizmat qilmaydi va ertami-kechmi xalq milliy ruhini qanoatlantiradigan holatga keladi. Ana shundagina davlat tuzumi zamini dinida bo‘lgan jamiyat axloqiga muvofiq bo‘ladi va xalqi o‘z vijdoniga muvofiq yashay boshlaydi.

Har qanday jamiyat dunyoviy huquqiy davlatga intilishi kerak, lekin uni ielom jamiyatida qaror toptirish oson ish emas. Har holda xalq davlat tuzumi o‘z faoliyati natijasi ekanligini his qilishi kerak. Bu xalqiga manzur bo‘lishni istaydigan har qanday davlat oldiga qo‘yiladigan oddiy talabdir.

Aslida davlat ham ahloqdir, faqat u alohida shaklda — qonunlar shaklida ifodalanadi. Xo‘sh, Turkiston hozirgi mavjud davlat tuzumi masalalarini oqilona hal etish uchun qaysi xalqlar bilan yaqindan hamkorlik qilishi kerak? O’z-o‘zidan shunday javob paydo bo‘ladi: Turkiya bilan yaqindan hamkorlik qilish kerak. Shu ma’noda hozirgi paytda O’rta Osiyodagi ko‘pchilik davlatlar, birinchi navbatda O’zbekiston, taraqqiyotning Turkiya modelini tanlab, bu mamlakat bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni kuchaytirayotganliklari g‘oyat tahsinga loyiq hodisadir.

Turkiya islom dunyosida o‘zida g‘arb namunasidagi dunyoviy huquqiy davlatni barqaror qilgan va jahondagi taraqqiy etgan mamlakatlar safiga qo‘shilgan yagona mamlakatdir. Bu jarayon chinakam ijtimoiy-siyosiy harakat bo‘ldi va Turkiya tarixida butun bir asrni egalladiki, mana shuning o‘zi muammoning qiyinligi va jiddiyligini ko‘rsatadi. Xullas, bundan buyon bu davlat bilan munosabat Turkiston uchun ustun darajada ahamiyatga ega bo‘lishi kerak.

Turkiston tashqi siyosati uchun uning ichki holati bilan bog‘liq muammolar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda biz tashqi siyosat haqidagi mulohazalarimizda Turkiston tarkibiga kirgan mustaqil davlatlardan biri — Qozog‘iston, O’zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston yoki Turkmanistonni emas, balki yagona sub’ekt — Turkistonni nazarda tutayotganligimiz tasodifiy emas. Turkiston, inqirozga uchragan marksizm-leninizm nazariyasida aytilganidek, o‘lka tarixan qoloq bo‘lganligi, ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaning qandaydir noaniq bosqichida turganligi va aholisiiing asosiy ko‘pchiligi bir sinfga mansubligi uchun yagona bo‘lgan emas, aksincha, bu ollohning irodasi bo‘lgan. Boshqacha aytganda, suv ancha taqchil bo‘lgan ekologik sistema shuni taqozo etgan. Mustamlakachilar bu vaziyatni tushungan holda, bo‘lib tashlab, hukmronlik qil, shioriga binoan, o‘lkani hududlarga va millatlarga ajratib tashladilar. O’lkadagi ikki katta daryo — Amudaryo va Sirdaryo suvini tala-tala qilish ham aslida ana shundan keyin boshlandi. Shuning uchun ham biz o‘lkani tarixiy nomi bilan Turkiston deb atayapmiz.

Ha, Rossiya bundan 125 yil avval o‘lkani mustamlaka qilib olgach, uning ijtimoiy va tabiiy birligini yo‘qotish uchun hamma ishni qilishga ulgurdi. Biroq endilikda bu vaziyat tarix bo‘lib qolayotganga o‘xshaydi. Bugungi kunda Turkiston xalqlarining tarixiy, milliy, diniy birligi qay ahvolda bo‘lmasin, mustaqil davlatlarning paydo bo‘lganligi mavjud voqelikdir, u o‘zgarmas bo‘lib qolishi kerak. Bu yerda boshqa narsa muhim. Tashqi kuchlar vositasida amalga oshirilib kelingan bo‘lib tashlash va oraga nizo solish jarayoni tobora keng miqyos olib ketmasligi va kelgusida bu yer tanglik o‘chog‘iga aylanmasligi uchun, o‘lkaning hayotiy zarurat bo‘lgan birligini tiklash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Turkistondagi mustaqil davlatlarning tashqi siyosati, avvalo o‘zaro aloqalarda, undan keyin esa keng mintaqa miqyosida bosh yo‘nalishlar bo‘yicha bir xil bo‘lishi kerak. Buni aniq qanday amalga oshirish mumkin? Yoki tashqi siyosat yo‘lini belgilashda nima eng muhim bo‘lishi kerak? Shubhasiz, eng muhimi milliy taraqqiyot g‘oyasi bo‘lishi kerak.

Davlat, millat, inson — bular birinchi navbatda ruhdirlar, ularning maqsadi esa erkdir. Ruh ushbu maqsadni o‘z faoliyati orqali amalga oshiradi. Sovet hokimiyati yillarida biz ruh so‘zini insonning haqiqiy mohiyatini ifodalovchi ibora sifatida qo‘llashni unutib yubordik, endilikda hamma narsa o‘rniga qo‘yilyapti. Millatning kamoloti uzoq davom etadigan tarixiy jarayondir va bu jarayonning nihoyasi shundan iborat bo‘ladiki, u o‘zini kamolga yetgan ruh sifatida tan oladi. O’zini ana shunday ruh sifatida tan olishgina milliy madaniyatning cho‘qqisi sanaladi va cheksiz borliqni chinakamiga egallashga yo‘lni ochib beradi. Biroq milliy taraqqiyot butun jahon tarixida ro‘y beradi va hech bir davlat o‘z taraqqiyot g‘oyasini boshqa davlatlar bilan munosabatlarsiz amalga oshira olmaydi. Sababi, har qanday ajralish millat uchun halokatli bo‘lib, uning umuminsoniy taraqqiyotini to‘xtatib qo‘yadi. Tashqi siyosat nimaga amal qilishi kerak: xavfsizlik manfaatlarigami yoki taraqqiyot g‘oyalarigami?

Gap shundaki, bular bir medalning ikki tomonidir, birisiz ikkinchisini tasavvur etib bo‘lmaydi. Taraqqiyotsiz xavfsizlik xayoliy bir narsadir. Sirtdan vaqtinchalik, tez o‘zgaradigan vaziyatga bog‘liqday va faqat tasodifiy voqealardan iborat bulib ko‘rinadigan tashqi siyosat, aslida favqulodda barqaror bir narsadir. U g‘oyat tashkiliy yo‘sinda bo‘lib, o‘zi uchun mutlaq maqsadga — milliy manfaatlarga xizmat qiladi. O’zbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatida ham tashqi ishlar vazirligi bor edi. Lekin aslida bu vazirlikning sayohatlar byurosidan farqi kam edi — xodimlari asosan Moskvadan yuborilgan chet ellik yuqori martabali mehmonlarga jumhuriyatning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanishardi.

1991 yil sentyabrdan boshlab tashqi ishlar vazirligi mustaqil O’zbekiston jumhuriyati hukumat idoralark orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydigan bo‘lib qoldi. Tashqi siyosat davlatning alohida sohasida — hukumatda ijod qilinadi, Tashqi siyosatniig yashirin mantiqidan, uning ichki zaruriyatidan jamoatchilik ko‘pincha xabarsiz bo‘ladi va u munozara mavzuiga aylanadi. Xalqaro munosabatlarning oddiy hayotda yengil muhokama qilinishi shuning uchun ham to‘g‘ri asosda bo‘ladiki, bu muhokamalar davlatlarning mutlaq mustaqillngi fikriga asoslanadi. Biroq bu fikr olg‘a bormaydi va davlat g‘oyasiga singdirchlmaydi, Bu esa jamoatchilik o‘rtasida aniq siyosiy hodisa atrofida turli xil mish-mishlarning mavjud bo‘lishining asosiy sababidir. Siyosat tushunchasi davlatga dahldor hodisalarga qo‘llanilib, bunda qonun va davlat konstitutsiyasi orqali ifodalangan umumiy g‘oyalarning amaldagi kundalik ijrosi ko‘zda tutiladi. Tashqi siyosatga kandaydir ikkinchi darajali ish deb qaramaslik kerak. Tashqi siyosat ichki siyosat bilan mustahkam bog‘langan va jamiyatning ravnaqiga xizmat qilishga da’vat etilgandir. Hozirgi davrda jahondagi taraqqiyot sur’atlari jadallashayotganligi munosabati bilan bu ikki soha tobora qo‘shilishib ketayapti.

Odatda munozaralarda dvvlat faoliyatini odamlar o‘rtasidagi munosabatga o‘xshatishadi. Bu o‘xshatishdan foydalanganda davlatlararo munosabatlarning haqiqiy tabiatini anglash mumkin. Davlat va insoi irodaga, tafakkurga, ehtiyojga, ega. Farqi shundaki, inson iroda egasi sifatida sub’ektiv, tasodifiy, o‘tkinchidir va xatti-harakatlari u yashab turgan davlat qonunlari bilan ma’lum darajada belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Ayni paytda davlat esa tugal bir hosiladir, o‘z bilimlarini qonunlarning barqaror shakllarida ifodalaydi va shu boisdan iroda sifatida mutlaq mustaqildir. «Davlat ustidan sud bo‘lmaydi, ularning munosabatlari nari borganda hakamlar sudyaligi va vositachilar tomonidan, bu ham bo‘lsa onda-sonda, ya’ni o‘ziga xos iroda bilan boshqarib boriladi», deb yozadi Gegel «Huquq falsafasi» asarida.

Bundan davlatlar o‘rtasidagi munosabatda mutlaq zo‘ravonlik bo‘lishi mumkin, degach xulosa chiqadiki, bu ancha keng tarqalgan fikrdir. Biroq teshqi siyosat to‘g‘risida bunday tasavvurga oddiy kishilar egalar va ular tahminan shunday fikr yuritadilar: davlat mutlaq mustaqil irodadan iborat, davlatlar o‘rtasidagi tashqi munosabatlar ularning alohida irodasi asosida quriladi; davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning qay yo‘sinda bo‘lishi asosan kuch bilan belgilanadi; butun jahon tarixi bahslar, mojarolar, urushlar, diplomatik nayranglarning behisob manzarasidan iboratdir.

Tashqi siyosatni chuqurroq tushunish uchun esa davlatning mohiyatini bilish lozim bo‘ladi. Davlatning tabiati insoniyatning butun tarixi mobaynida jumboq bo‘lib qoldi. Darhaqiqat, tabiatning ajoyib ijodi bo‘lmish insonni hayratomuz bir yo‘sinda birlashtirgan davlat yagona bir tirik narsadir. Insonning adashishlari natijasida yuzaga keladigan har xil g‘ovlarga qaramasdan, asrlar osha harakat qilib, o‘zining ichki qurilishidagi o‘zgarmas printsiplarni saqlab kelayapti. Davlatning aynan shu printsiplari vositasida avloddan avlodga inson mohiyatining ro‘yobga chiqarilishi ta’minlanib kelinayapti.

Davlat odamlarning mexanik birlashuvidan iborat emas. Bunday sodda tushuncha uning chinakam mohiyatini buzib, tushunarsiz qilib qo‘yadi. Gegel shunday yozadi: «Xudoning tabiatda ifodalanadigan donoligi haqida ko‘p gapiriladi. Biroq tabiatning fizik dunyosi ruhiy dunyosidan ustun deb o‘ylamaslik kerak, nainki, ruh jismoniy hayotdan beistisno ustundir. Shu boisdan davlatni yer yuzidagi ilohiy bir narsa, deb qarash kerak va shuni anglash kerakki, tabiatni tushunish qiyin bo‘lganidek, davlatni tushunish ham beadad qiyindir. Shu narsa yuksak darajada muhimki, yangi davrda umuman davlatga nisbatan ma’lum nuqtai nazar paydo bo‘ldi va konstitutsiyani muhokamasiga va uni anglashga ham shundai e’tibor berilyapti». Davlat singari ruhiy narsaga sodda, qo‘pol yondoshuv ijtimoiy tarixda tuzatib bo‘lmas xatoliklarga va o‘zgarishlarga olib keladi. Buni bizning yetmish besh yillik tariximiz yaxshi isbotlab berdi.

Davlatga ehtiyotkorlik va buyuk aql bilan munosabatda bo‘lish kerak, sababi, u axloqiy printsiplarga tayanadi va asrlar mobaynida shakllanib boradi. Har qanday davlatning kamolga yetganligi insonning chinakam tabiatini, erkini ro‘yobga chiqara bilishiga naqadar qodirligi bilan o‘lchanadi. Mabodo, biz hozirgi qiyin ahvolda endigina o‘zining haqiqiy qiyofasiga ega bo‘layotgan davlatga yuzaki va eski o‘lchovlar bilan yondoshsak, olg‘a borishimiz dargumon bo‘lib qoladi. Davlatning haqiqiy ruhiny anglashning yo‘qligi tashqi siyosatda muqarrar ravishda o‘z ifodasini topib, milliy taraqqiyotning asosiy tarozi bo‘lgan mustaqilligimizni boy berib qo‘yishimiz mumkin.

Jumhuriyatimiz bozor iqtisodiyotiga o‘tib borgani sari tashqi siyosatning ahamiyati ortib boradi. U millatning chinakam qadr-qimmatini ifodalovchi o‘ziga xos ko‘zgu singaridir. Tarix Turkiston xalqlari o‘zlarini butun mas’uliyat bilan aiglashlari, yorqin istiqbol yo‘llarini belgilab olishlari uchun juda oz vaqt ajratdi. Buning uchun bizga vaqt yetadimi? Avvalo uzoq yillar hukmron bo‘lgan kommunistik mafkura ta’sirida o‘zining chinakam mohiyatini— iroda va ruhiyat bo‘lishi lozimligiii unutgan jamoatchilik ongida, tafakkurida keskin burilish qilish kerak. Unga yetmish yil mobaynida Rossiya katta og‘amiz, homiyimiz va himoyachimiz, degan tushuncha zo‘r berib syngdirib kelingan. Biroq bu soxta niqob ekanligini qayta qurish yillari an-chagina kishilar tushunib yetdilar. Rossiyaning Turkistonga munosabatining heniqiy mohiyati o‘lkaning mo‘l xom ashyo boyliklaridan foydalanishga intilish bilan belgilanadi. Tafakkurni o‘zgartirish Rossiya to‘g‘risidagi xomxayoldan voz kechishdangina iborat emas, eng muhimi, dunyoqarashdagi eskicha tasavvurlardan voz kechishimiz kerak. Bu demak, shaxsiy hayotimizni oddiygina kun kechirish deb bilmay, o‘znmizni har tomonlama kamol toptirib borishimiz va jahon darajasiga muvofiq keladigan umummilliy taraqqiyotga erishish zarurligini anglab yetishimiz zarur.

Tashqi siyosat yopiq eshiklar orqasida ijod qilinadi, deb o‘ylash rasm bo‘lgan. Aslida tashqi siyosatning vaqtincha va o‘tkinchi masalalari shunday xal etiladi. Uning istiqbol masalalari, ya’ni milliy mustaqillik yo‘li esa oshkora, qat’iy, ikkilang masdan va har xil nayranglarsiz amalga oshirilishi kerak.

Tashqi siyosatimizning istiqbol yo‘llari to‘g‘risidagk mulohazalardan shunday xulosa chiqarish mumkin: 1. Turkistonning chinakam milliy taraqqiyoti uchun chnnakam mustaqillik kerak. 2. Turkiston o‘zining jo‘g‘rofiy-siyosiy holati jihatidan siyosiy muvozanat markazi sanaladi va aynan shuning uchun ham biron-bir ittifoqqa kirmagani ma’qul. Bu esa betaraflik demakdir.

Tarixan xalqaro munosabatlarda betaraflik qadim-qadim zamonlarda ham bo‘lgan, lekin undan faqat urush paytida foydalanilgan va davlatning urushayotgan har ikki tomonda ham ishtirok etmasligini anglatgan. Sekin-asta u tobora kengroq ahamiyatga ega bo‘lib borib, tinchlik davrlarida ham qo‘llanila boshlandi. XIX asrda, doimiy-betaraflik tushunchasi shakllandi. 1815 yilda Shveytsariya tarixda birinchi betaraf davlat bo‘ldi. Betaraf davlatning huquqi va burchlari rasman 1907 yildagi V Gaaga shartnomasida belgilandi. Xalqaro shartnoma yoki ichki qonunchilikka muvofiq ravishda siyosiy, harbiy ittifoqlarda va har qanday urushlarda (o‘zini mudofaa qilishi bundan mustasno) qatnashmaslik majburiyatini olgan davlatlar doimiy betaraf davlatlar sanaladi. Boshqacha aytganda, betaraflik xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlovchi xalqaro-huquqiy vositadir.

Avstriya tomonidan 1955 yilda doimiy betaraflik siyosatining ishlab chiqilishi va qabul qilinishida faol ishtirok etgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq bosh kotibi, Avstriya tashqi ishlar vaziri Kurt Valdxaym shunday deb yozgan edi: «u (betaraflik siyosati) harbiy bitimlar bilan bog‘langan davlatlarning siyosatidan birmuncha murakkabroqdir, chunki bunday davlatlar istalgan paytda o‘z ittifoqchilari bilan maslahatlasha oladi va ko‘pgina muhim masalalarni hal etganda o‘z sheriklari bilan birgalikda harakat qiladi. Buning evaeiga xavf tug‘iladigan bo‘lsa, u ittifoqdoshlari tomonidan himoya qilinadi. Betaraf davlatlarning ahvoli esa mutlaqo boshqacha. Uning ixtiyori o‘zidadir va o‘z qarorlarini mutlaqo mustaqil ravishda, mavjud vaziyatning barcha omillarini puxta o‘rgangandan keyin qabul qilishga majburdir»,

Doimiy betaraflikka shubha bilan qaraydiganlarga shunday e’tiroz bildirish mumkin: Bizning ijtimoiy ongimizda shunday bir xalqaro huquq to‘g‘risida tasavvur borki bunga binoan davlatlar o‘zaro munosabatlarga alohida iroda sifatida kirishadilar va binobarin qandaydir bir umumiy huquq yo‘q, deb qaraladi. Bu tasavvur va shunga muvofiq ravishda dunyoda yuzaga kelgan qarama-qarshilik Sovet Ittifoqi siyosati va uning turli xil ijtimoiy-siyosiy tuzumlarning murosasizligi to‘g‘risidagi mafkurasi natijasidir. Bunday ig‘vogarona tashviqot xalqlarni ittifoqda ushlab turish uchun qulay edi. Bu demak, xalqlar hali bu qo‘rquv holatidan ruhiy jihatdan butkul chiqib ulgurganlaricha yo‘q, hozirgi paytda dunyoda «zamonaviy xalqaro huquq» mavjud. XX asr boshida paydo bo‘lgan bu ibora xalqlarning taraqqiyot darajasidan qat’iy nazar davlatlar o‘rtasida yangi teng huquqli munosabatlarni qaror toptirdi va tinch-totuv yashash va hamkorlik qilish maqsadlariga xizmat qilayapti.

Zamonaviy xalqaro huquqda XX asr oxirida jadal sur’at o‘zgarishlari yuz berdi va ancha ishonchli bo‘lib qoldi. Undan avvalgi xalqaro huquq esa «taraqqiy etmagan» xalqlarni himoya qilmas va «taraqqiy etgan» xalqlar orasidagina ta’sir doirasiga ega edi. Bu demak, XX asr oxirida sobiq Ittifoq o‘rnida paydo bo‘lgan yangi mustaqil davlatlar sobiq «mushtumzo‘rlik xalqaro huquqi» sharoitida emas, balki zamonaviy xalqaro huquq sharoitida faoliyat ko‘rsatishlari bilan ham omadlidirlar.

Davlatlarning betarafligi siyosatchilar to‘qib chiqargan narsa bo‘lmay, balki butunjahon tarixiy jarayonida yuzaga kelgan zaruratdir. Bular dunyoning o‘ziga xos «qirolcha»lari bo‘lib, duch kelgan joyda emas, balki yer kurrasining ma’lum joylarida, odatda turli xil jahon madaniyatlari va tsivilizatsiyalari tutashgan yerlarda paydo bo‘ladi. Xalqlardagi ruhiy farq — ijtimoiy hayotdagi barcha farqlarning asosidir va shu boisdan, barqaror, g‘oyat o‘ziga xos va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu ruhiy farqlar, bir-birini o‘zaro tushunishda xalqlardan anchagina kuch-g‘ayratni talab etadi. Avstriyaning doimiy betarafligi shu bilan belgilangan ediki, u yirik tarixiy madaniyatlar: roman-german, slavyan va lotin madaniyati tutashgan yerda joylashgan. Turkiston ham uchta jahon tsivilizatsiyasi tutashgan yerda joylashgan, ulardagi farq ildizlari esa olis o‘tmishga borib taqaladi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Turkistonga betaraflik Avstriyaga nisbatan ham zarurroqdir.

Shu munosabat bilan betaraflik siyosatining o‘ziga xos muhim tomonini ta’kidlab o‘tish lozim bo‘ladi. Betaraf davlatlar mojarolarning ishtirok etmaydigan guvohlari bo‘lib qolmaydilar, aksincha tinchlik siyosatining faol vositachisiga aylanadilar, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojarolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish lozimligi haqida oldindan ogohlantiradilar. Turkiston Rossiya bilan bir davlatni tashkil etgan davr tarixi shuni ko‘rsatdiki, Rossiyaning, jumladan, islom dunyosiga nisbatan hukmronlik siyosatida Turkistonning hech qanday ta’siri bo‘lmadi.

Betaraflik ko‘pgina xalqlar xavfsizligining tabiiy zarurati bo‘lganligi sababli ham, u bir taraflama emas, balki barcha manfaatdor davlatlar tomonidan olg‘a suriladi va o‘shalar tomonidan doimiy betaraflikni qabul qilgan davlat xavfsizligi ta’minlanadi.

Jumladan, 1955 yil 26 oktyabrda Avstriya Milliy Kengashi (parlamenti) tomonidan doimiy betaraflik to‘g‘risida konstitutsiya qonuni qabul qilingunga qadar, Gitlerga qarshi koalitsiyaga kirgan davlatlar tomonidan Avstriya xavfsizligini kafolatlovchi Moskva Memorandumi tuzilgan edi.

Shveytsariya betarafligi 1815 yilda «Shveytsariya betarafligini va uning hududi dahlsizligini nisbatan tan olish va kafolatlash» akti bilan belgilangan va bir qator davlatlar, shu jumladan Rossiya tomonidan ham kafolatlangan.

Davlat xalqaro kafolatga ega bo‘lganidan keyin o‘ziga betaraflikning xalqaro huquq normalarida belgilangan majburiyatlarni oladi.

Hozirgi dunyo bundan 50 yil avvalgi dunyo emas. U paytda davlatlar tashqi dunyoda amalda yolg‘iz edilar va faqat o‘z kuch-imkoniyatlariga tayanib ish yuritardilar. Urushdan keyingi yillarda, ayniqsa, harbiy qurollanish sohasida misli ko‘rilmagan fan-texnika taraqqiyoti yuz berganligi natijasida xalqaro munosabatlar asosida sifat o‘zgarishlari yuz berdi. Endilikda davlatlarning xavfsizligini faqat kollektiv asosda ta’minlash mumkin.

Ikkinchi jahon urushidan keyin davlatlarning umumiy xavfsizligini ta’minlashga da’vat etilgan BMT paydo bo‘ldi, Agressiyani ta’qiqlash hamma davlatlar uchun BMT Ustavi asosidagi barcha tan olgan va barcha uchun majburiy bo‘lgan qoidaga aylandi. BMT Ustaviga binoan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash zamonaviy xalqaro huquqning barcha tan olgan qoidalari va normalari asosiga qurilishi va Bosh Assambleya hamda xavfsizlik Kengashi tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Turkiston mintaqasidagi mustaqil davlatlar tashqi siyosatida Turkistonni ekologik sistema sifatida saqlash eng muhim masalalardan sanaladi. Bu muqaddas vazifani jahon siyosatining tebranishlaridan holi va bu mintaqada an’anaviy tinchliksevarlik va totuvlik ruhini barqaror qila oladigan hamjihatlikdagi betaraflik siyosati sharoitidagina amalga oshirish mumkin. Mintaqadagi beshta davlatning o‘zaro kelishmasdan qilgan har qanday harakati, masalan, ulardan birontasining tashqi ittifoqqa qo‘shiluvi mintaqaning boy, lekin juda mo‘rt, barqaror bo‘lmagan tabiatining halokati bilan tugashi mumkin.

Faqat hamjihatlikdagi betaraflik siyosatini amalga oshirish yo‘li bilangina Orol fojiasini bartaraf etish mumkin.

Betaraflik siyosati tufayli Turkiston jahon iqtisodiy kengliklariga yo‘l ochadi. Yagona iqtisodiy hudud to‘g‘risida Moskvadan bo‘layotgan da’vatlar esa Turkiston uchun yaxshilab niqoblangan qopqondan boshqa narsa emas. Turkiston janub orqali dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, tabiiy yo‘sinda Rossiyaning iqtisodiy bandisiga aylanib qoladi. Albatta, iqtisodiy aloqalar zarur — bu tabiiy, lekin u bir yo‘na-lishda, biron-bir mamlakatning ustunligini ta’minlaydigan yo‘sinda bo‘lmasligi kerak. Bunday qilish siyosiy muvozanatni buzadi va mustaqilligimizga putur yetkazadi. Shu munosabat bilan ikkita misol keltiraman.

Yaponiyani olaylik. Sanoati yuksak darajada rivojlangan va o‘z xom ashyo manbalariga ega bo‘lmagan bu mamlakat tashqi siyosat mahkamalaridan mahorat bilan ish olib borish taqozo etiladi. Yaponiya amalga oshirayotgan qurollanishsiz betaraflik siyosati shu maqsadni amalga oshirishda ma’lum darajada qo‘l kelayapti. Mamlakat tashqi siyosat mahkamalarining qariyb birdan-bir yo‘li butun dunyodagi barcha mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan, yapon mollari uchun bozor axtarishdan va mamlakatni xom ashyo va yoqilg‘i bilan ta’minlashdan iboratki, bular uning jahon miqyosidagi xatti-harakatlariga sof iqtisodiy tus beradi. Mamlakat tashqi siyosat mahkamasi Yaponiyaning ishbilarmon doiralariga juda yaxshi xizmat qilyapti va bir paytning o‘zida tashqi siyosat vazifalarini hal etishda iqtisodiy rmillardan samarali foydalanyapti.

Yoki Avstriyani misol keltiraylik. 1955 yilda doimiy betaraflik siyosatini z’lon qilgan bu mamlakat Ovro‘pa iqtisodiy hamjamiyatining asoschilaridan bo‘ldi. K. Valdxaymning ta’kidlashicha, «bu birinchi navbatda iqtisodiy mulohazalar bilan qilindi, nainki Birinchi jumhuriyatga, uning iqtisodiy jipsligini ta’minlash uchun dengiz yo‘li yetishmay turgan edi» (Kurt Valdxaym, «Avstriya yo‘li», 116-bet).

To‘g‘ri, islom davlatining doimiy betarafligi islom olamida islom printsiplaridan chekinishday bo‘lib tuyulishi mumkin, sababi, islomning o‘ziga xos tomoni shundaki, u e’tiqod manfaatlarini davlatdan juda kam farqlay oladi. Lekin hozirgi davrda davlat tuzilishining dunyoviy shakllariga moslashishi zarurati munosabati bilan islomda yuz berayotgan o‘zgarishlar umumiy jarayonida Turkiston doimiy betaraflik tashqi siyosatida, aftidan, o‘ziga xos birinchi kashshof bo‘ladi.

Tarix shuni ko‘rsatyaptiki, boshqacha ruhdagi tsivilizatsiya bilan mustahkam ittifoq hech qachon oqilona ish bo‘lmagan, chunki bunda samimiy xayrixohlik bo‘lmaydi va pirovardida hamma narsa kuchli tomonga bo‘ysunib ketadi. Qayta qurish davrida ulkan davlatning boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usulidan bozor munosabatlariga o‘tkazish muammolarini muhokama. qilish jarayonida jumhuriyatlarning iqtisodiy shart-sharoitlari teng emasligi haqida ko‘p gap-so‘zlar bo‘lganligi ham tasodifiy emas. Bundan shuni anglash mumkinki, sobiq Ittifoqning asosiy tayanch sanoat korxokalari Rossiyada, Ukrainada joylashgan, Turkiston jumhuriyatlari esa o‘z iqtisodiy mustaqilliklarini oz-moz bo‘lsa-da ta’minlaydigan sanoatsiz qoldilar.

Turkistonning mustaqil davlatlari, islom jamiyatlari singari milliy ruh, madaniyatni qayta oyoqqa turg‘azish uchun, zamonaviy dunyoviy, huquqiy davlatni qaror toptirish uchun katta yo‘lni bosib o‘tishlari kerak. Lekin bu ishni o‘zlari, boshqalarni aralashtirmasdan amalga oshirishlari lozim. Milliy ruh erkin ekanligini his etishi lozim, faqat ana shundagina u o‘zini anglaydi va chinakamiga takomillashadi,

BMT Ustavida dunyoning xalqaro tuzilishi asoslarini belgilar ekan, ularga rioya etishda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlaridan tashqari, tinchlikni qo‘llab-quvvatlash uchun davlatlarning hamjihatlikda harakat qilish qoidasini ham ko‘zda tutadi, BMT Ustavining 52-moddasiga binoan mintaqalar doirasida xalqaro tinchlikni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari qayd etib o‘tiladi. Xavfsizlikning mintaqalararo sistemalari butun jahon xavfsizlik sistemasining tarkibiy qismi bo‘lishi kerak.

Turkiston mintaqasida yangi mustaqil davlatlarning Naydo bo‘lishi mintaqa xavfsizligini ta’minlash muammosiga darhol va jiddiy munosabatda bo‘lish vazifasini qo‘yadi. Shartli ravishda O’rta Sharq deb nomlangan bu region quyidagi mamlakatlarni qamrab oladi: Turkistondagi besh davlat, Xitoy, Rossiya, Eron, Hindiston, Afg‘oniston, Turkiya, Pokiston, Ozarbayjon. Kollektiv xavfsizlik dasturini amalga oshirish bu mintaqadagi barcha davlatlardan eng yuksak darajada diplomatiya ishlarini kuchaytirishni taqozo etadi. Bu dastur BMT rahbarligida amalga oshirilishi lozim.

Bu yerda biz olg‘a surayotgan tashqi siyosatga nazariy qarashlar jumhuriyatimiz rahbarligining yuqori Doiralarida ma’qullansa, mazkur mintaqadagi umumiy xavfsizlikning mumkin bo‘lgan variantlaridan biri sifatida BMTga ekspertizaga yuborilishi kerak. Ovro‘pada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha Xelsinki Shartnomasi bilan mustahkamlangan Ovro‘pada umumiy xavfsizlik tajribasi O’rta Sharqdagi umumiy xavfsizlik va hamkorlik ham tantana qiladi, deb umid qilishimizga asos beradi. Turkiston zimmasiga ruhiy va siyosiy muvozanat markazi bo‘lishdek buyuk sharaf tushyapti. U bu muvozanatni saqlash va tinchlik timsoli bo‘lishdek muqaddas burchini bajarishi kerak.

Islombek Tursunov,

«Sharq yulduzi» jurnali, 1992 yil 7-son.

Ziyouz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: