Turkiston Birligi


Keyingi paytda Turkiston birligi haqida turli doiralarda gap so’z qo’zg’oldi. Uzoq davom etgan sukunat, qo’rquv va xijolatlikdan so’ng bu mavzuda yana bahslar boshlandi. Hozirgacha bu mavzuda gap ochganlar, hatto ishora qilib o’tganlar ham panturkchilik, fundamentalizmda ayblanar edi.

Xuddi shu ma’noda gap ochganlarning qanchalari, Turkiston dushmanlari tomonidan otib tashlandi, qamoqqa solindi va surgin qilindi. Turkiston birligi haqiqatiga dushman bo’lganlar, sotqinlar esa turli nishonlar va mansablar oldilar.

Ushbu nozik masalada so’z ochishdan avval aytib qo’ymoqchimanki, Alloh taolo inoyati ila Islom ta’limotlarini bir oz o’rgangan musulmon shaxs sifatida, men turli irqchilik fikr va g’oyalaridan holi odamman. Men uchun insonlarni birlashtiruvchi birdan bir to’g’ri yo’l Islom va iymon birligidir. Bunga tarix ham shohid, bugungi voqe’lik ham.

Jumladan, bizning yurtimiz Turkiston-Turon yoki Movarounnahr ham faqat Islom soyasida bir butun davlat sifatida dunyoga tanilgani hammaga ma’lum.

Bugun men, Turkiston birligi uchun harakat qilayotgan har bir shaxsni qo’llab-quvvatlash bilan birga, ba’zi bir fikr va mulohazalarni o’rtoqlashmoqchiman.

Har bir ishni boshlashdan oldin uni rejalashtirib, vaziyatni yaxshilab baholab olish, o’sha ishga kerak bo’ladigan omillarni o’rganib chiqish katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ushbu biz so’z yuritayotgan mavzuga o’xshash ishlarda ham.

Qadimda bizning o’lkamiz Turon, Movarounnahr va keyinroq Turkiston deb nomlangan hammaga ma’lum. Ammo hozir Turkiston Birligi haqida so’z ochilganida jug’rofiy nuqtai nazardan qaysi xududlar ko’zda tutilyapti? O’zbekiston, Qozog’iston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Tojikiston yerlarimi? Agar shunday bo’ladigan bo’lsa, bu yerlar g’arbiy Turkiston hisoblanadi. Sharqiy Turkiston esa Xitoy qaramog’idagi turkiy xalqlar yashaydigan yerlar hisoblanadi. U yerdagi qardoshlarimiz hozirgacha o’z yurtlarini “Sharqiy Turkiston”, deb atab kelmoqdalar. Faqat bizning jumhuriyatlarimiz o’z mustaqilliklarini turli nomlar bilan e’lon qilishgandan so’ng ularning orasida ham ixtilof chiqib “Uyg’uriston” haqida so’z ko’tarilmoqda. Ya’ni, bizdagi kabi ularda ham tafriqga yo’l ochilmoqda.

Bugungi kunda birlik haqida harakat qilar ekanmiz, xuddi ana shu tafriqa yo’limizdagi eng katta g’ovlardan biri ekanligini anglab yetmog’imiz lozim.

Mustamlaka asoratidan ozod bo’lgan har bir xalq bu to’siqqa uchrashi turgan gap. Hamma mustamlakachilar, tafriqaga solib hukm qilaver, shiori ostida ish olib borganliklari hammaga ma’lum. Mustamlakachining yaxshisi bo’lmaydi. Ammo yomonlik darajasida bir biridan farq qiladi.

Biz esa dunyo tarixidagi eng yomon, badxulq va yovuz mustamlakachi asoratida uzoq vaqt yashadik va boshqalar kabi qurolli kurash oqibatida emas, mustamlakachining o’zi zaiflashib eplay olmay qolgani oqibatida ozod bo’ldik.

Dunyo tarixidagi eng yolg’onchi, eng munofiq, eng shafqatsiz va eng oriyatsiz mustamlakachi bo’lmish kommunistik mustamlaka kishilarning qalbiga, oilasiga, qo’ni-qo’shni, mahalla-ko’y, qishloq, shahar, viloyat, jumhuriyatlar orasiga tafriqa soldi.

Bu ham yetmaganidek, Olmoniya, Koreya, Ve’tnam, Yaman kabi davlatlarni ham bo’lib tashladi. Nihoyat dunyoni ham tafriqaga soldi.

Xudosizlikni rasman mafkura qilib olgan kommunistlar Alloh yaratgan insonni yangitdan boshqacha qilib yaratishga, olamni o’zlariga mos qilib almashtirishga urindilar. Ular har bir odamga “Shu vaqtgacha ota-bobolaring, xalqing, millating va butun dunyo ishonib kelayotgan narsalar bidat xurofot, sen ularning hammasidan voz kechib yangicha inson-Sovet insoni bo’lishing kerak”, deb uqtirdilar. Dindan, iymondan, millatdan, xalqdan ayirdilar. Rasmiy mafkura bilan, asliy mafkura o’ti orasida qolgan shaxslardan na dinini, na millatini, na xalqini, na tarixini, na vatanini taniydigan manqurt shaxslar paydo bo’ldi. Bunday shaxslar aralashgan oilalarning ichiga ham tafriqa tushdi. Ishxonasida haligi manqurtga “Bittagina qari otangni dindan qaytara olmasang qandoq kommunistsan?! (Komsomolsan yoki pionersan?!!) deyishar edi. Uyda esa ota-onasi iymonidan voz kechmasdi. Dunyo tarixida otasi yoki onasining janozasidan qochganlar bo’lsa ham bizdan chiqdi. Ular oramizda ham bor. Dunyoda ota-onasi, aka-ukasi, eri yoki xotinini sotganlar bo’lsa, ulardan tonganlar topilsa ham shu tuzum solgan tafriqa orqali bo’ldi. Kommunistik ideallarga sodiq bo’lmaganlar sinfiy dushmanimiz, tamg’asi ostida hamma dushman bo’ldi. Shaxsning qalbidagi, oiladagi bu tafriqalar rivojlana borib asli bir, dinu-diyonati bir, irqi bir xalq parcha-parcha qilib bo’lib tashlandi.

Bu xalqni birlashtiruvchi har bir narsa yo’q qilindi. Sovet hukumatining “sharofati” bilan hozirgi jumhuriyatlar paydo bo’ldi. Hammaga bu sharofatni qayta-qayta singdirilar edi. “O’ylab ko’ring, der edi targ’ibotchilar, tarixda O’zbekiston degan davlat bo’lganmi? Bo’lmagan.

Faqat Ulug’ Oktyabr Sosialistik inqilobi tufayligina o’zbek xalqi o’z davlatiga ega bo’ldi”. Xuddi shu gap boshqalarga ham aytilar edi.

Oqibatda asli bir xalq turli parchalarga bo’linib olib, har biri o’zini maqtab, o’zgani so’kadigan bo’ldi. Ushbu siyosat samarasi o’laroq imperiyaning so’nggi davrida asli bir xalq, sen turksan, o’zbeksan, qirg’izsan deb o’z qonini to’kdi, molu mulkini, obro’sini payhon qildi. Bu ishlarning harakatlantiruvchisi ham mustamlakachi edi.

Allohning hikmatini qarangki, shunday sharoitda ham mazkur xalqni birlashtiruvchi asosiy omil-Islomning ramzi bo’lgan diniy idora bittaligicha qolgan edi. Ammo mustamlakachi oyog’i go’rga yetib qolganda, bu yagona ramzni ham parchalashga urinib ko’rdi. Qafqoz musulmonlarini birlashtirib turgan diniy idorani buzib tashlaganidan so’ng. O’rta Osiyo va Qozog’iston diniy idorasini parchalashga harakat boshladilar. Jumhuriyatlardagi qozilarni chaqirib, sizlar o’ziga xos bir xalqsizlar, diniy ishlarda o’zbeklarga qaram bo’lish sizga yarashmaydi, ajrab alohida diniy idora qilinglar, biz barcha yordamlarni beramiz, deyishdi. Mahalliy hukumatlar ham Moskov ta’siri ostida bu masalani ko’tardilar. Ammo ulamolarimiz bunga qarshi chiqdilar. Birlikda qolish uchun hamma choralarni ko’rdilar. Oradan sotqinlar ham chiqdi. Ularga choralar ko’rildi. Ulamolar, parchalanish gunoh, deb hisoblashar, bir kuni kelib diniy birlik xalqimizni yana birlashishiga asos bo’lishini orzu qilishar edilar.

Butun yurtimiz birligi haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo mazkur tafriqalar sun’iy tafriqa ekanini xalq ommasiga anglatmoq lozim. Har bir kishining qalbida birlik bo’lsin. Har bir inson chin qalbidan biz bir din, bir millat va bir vatan farzandlari ekanimizga ishonsin. Har bir oila ushbu haqiqatga ishonsin. Har bir mahalla, tuman, viloyat, jumhuriyat ishonsin. Ana shundagina Turkiston birligi haqida ishonch bilan gapirsa bo’ladi.

Biz orzu qilayotgan birlik yo’lidagi to’siqlardan biri, o’z ichimizdagi, birovning aralashuvisiz mavjud ayrimachilikdir. Bu ayrimachiliklar har jumhuriyatda o’ziga yarasha mavjud. Misol uchun Qozog’istonda juzga ajratish bor. Ulli juz, o’rta juz, kichik juz. Xuddi shunga o’xshash narsa qabilachilik asosida Qirg’iziston va Turkmanistonda ham bor. O’zbekiston va Tojikistonda esa mahalliychilik, ya’ni kishilarni yashash joyiga qarab ayirish kuchli. Xuddi shu ayrimachilik kishilarga yurtimizga katta zarar yetkazdi va yetkazmoqda.

Ayniqsa mansab masalasi noqulay tus olgan. Ma’lum mansabdagi kishilarning shaxsiga, yurtga, elga ixlos bilan xizmat qilishiga emas, kimdan, qayerdan ekanligiga qarab baho beriladi. O’z navbatida mansabdor ham o’z tomoniga og’adi. Natijada, elu-yurt zarar ko’radi.

Ushbu ayrimachiliklardan tamoman qutulmaguncha Turkiston birligi tursin, alohida joylarning birligiga ham erishish qiyin.

Bu masalani hal qilishda ham, boshqalari kabi, islomiy ta’limotlar yordam beradi. Buni hamma, jumladan, hukumdorlar ham yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham xalq orasida ayrimachilik chiqqanda Islom eslariga tushib qolib, ulamolarga yordam so’rab murojaat qilishadi. Ammo, bu qurolni o’t ketganda o’chirish uchun emas, uning oldini olish uchun ishlatish maqulroqdir.

Yana bir to’siq-tashqaridan bo’ladigan ig’vo-bo’htonlardan qo’rqish. Uzoq vaqt boshqalarga qaram bo’lish oqibatida, fikriy qaramligimiz ham o’sgan. Boshqalarning gap-so’zidan qo’rqadigan bo’lib qolganmiz. Biror narsani gapirish yoki qilishdan oldin o’sha, boshqalarni hisobga olamiz. Ular nima der ekan, degan xayolga boramiz. Bu ruhuyat esa doimo qo’l-oyog’imizni bog’lab keladi. O’zimiz musulmonmiz, deymizu Islom haqida gapirishdan qo’rqamiz. “Fundamentalist” deb qolishmasin yana, tinchroq yuraylik, deymiz. Boshqalar esa, hozir namoz o’qishni ham fundamentalizm deyishmoqda. Ularga qolsa umuman dinimizdan tonishimiz kerak. Shuningdek, “Turkiston” deganni panturkizda ayblashadi. Biz esa ularning ayblashlaridan qo’rqamiz.

Lekin boshqalarning o’zlariga ham bir boqaylik. Biz uchun eng yaqini Ruslarni olaylik. Hozir ularning eng baland ko’tarayotgan shiorlaridan biri- “Rossiya-pravoslavnaya”. Bu, “Rossiya-pravoslav yurt” ma’nosidagi shior barcha joylarda va saviyalarda baralla yangramoqda. Ammo, ularni hech kim pravoslav fundamentalizmida ayblamayapti ham.

O’tgan yili Islom Davlatlari Uyushmasi tashabbusi va Xalqaro Islom tashkilotlari ishtiroki ila Moskvada katta ilmiy anjuman bo’lib o’tdi. Hukumat tomonidan ajratilgan yerga Islom markazi qurish uchun asos toshi qo’yish marosimi ham bo’lib o’tdi. Ammo anjuman ishtirokchilari tarqalmay turib, asos toshini Rus millatchilari sindirdilar, ustidan qora bo’yoq quydilar va katta qilib “Qoralar yo’qolsin! Rossiya-pravoslav yeri”, deb yozib ilib qo’ydilar. Millatchi tashkilotlar namoyish o’tkazib, og’ziga kelganini bo’g’ziga yutmay baqirdilar. Ularga hech kim, hech narsa degani yo’q.

Biz shu ishni yuzdan birini qilaylik-chi, dunyoni oyoqqa turg’izar edilar. “Rossiya davlatida yashayotgan yigirma million musulmon va adadlari turlicha boshqa dindagi insonlar nima qilishlari kerak?” degan savolni hech kim bermaydi. Bu bechora qoralar qayerga boradilar?

Yoki Soljenisin va uning quvvatlovchilarning “Qozog’iston-slovyan yurti, uni o’zimizga olishimiz kerak”, degan chaqiriqlarini nima uchunhech kim panslvyanizm demayapti?

Ruslardan boshqalar ham shu qabilda. Demokratiya, inson huquqlari,ozodlik va boshqa shiorlarni eslatsang, milliy manfaatlardan kelib chiqyapmiz, deydilar. Boshqalarning milliy manfaati yo’qmi?

Bizda milliy manfaatlarni ko’zlash, adolat, haqiqat asosida umuminsoniy qadriyatlar hurmat qilingan holda bo’lishini boshqalarga zarar yetkazish niyatida emasligini hamma bilishi lozim.

Tashqaridan bo’ladigan ig’vo va bo’htonlardan qo’rqmaslik va ularga oqilona hamda mantiqiy javoblar berish lozim.

Bu masalada gapirilar ekan, Tojikiston masalasi alohida hassos masala ekanini albatta e’tiborga olmog’imiz lozim. Bu masalaga tojik birodarlarimizning o’zlari qanday qaraydilar. Qayta qurish yillarida salbiy ma’noda qaraganlari ma’lum. Hatto raddi fel’ ma’nosida ba’zi tarixiy shaxslar, yerlar haqida noqulay kelishmovchiliklar ham chiqqandi. Hatto tojik ziyolilari orasida zardo’shtiylikka ehtirom va aslimiz, deb qarovchilar ham topilgandi.

Menimcha bunday masalalarni dahanaki tortishuv yoki bayonotlar yo’li bilan emas, ilmiy bahslar, anjumanlar va o’zaro tushunish asosida hal qilish kerak.

Umuman, yurtimizdagi har bir kishi, kim bo’lishidan qatiy nazar, ushbu orzu qilinayotgan birlikning ahamiyatini to’liq anglab yetmog’i va bu ishni boshqa manfaatlardan ustun qo’ymog’i lozim. Ushbu ma’nodagi tushuntirish ishlarida islomiy ta’limotlardan to’la foydalanilsa, katta foyda bo’lishi turgan gap.

Yana kelib chiqishi mumkin bo’lgan muammolardan biri-diyorimizda yashayotgan boshqa xalqlar vakillari, hozirgi payt tili bilan qo’polroq qilib aytsak, “rus tilida so’zlashuvchilar” muammosi bo’lishi mumkin.

Ya’ni, biz orzu qilayotgan birlikka dushman bo’lgan tomonlar bu gapni qo’zib, ichimizda yashayotgan mazkur odamlarni qo’rqitish, ba’zilar esa tashqaridan turib harbiy kuch ishlatishga haqqi borligini aytib, do’q urishi mumkin.

Ammo bizning birligimiz tashqarida birovga qarshi bo’lmaganidek, ichkarida ham hech kimning zarari uchun bo’lmaydi. Biz musulmonlar sifatida irqchilikdan yiroq xalqmiz. Boshqa irqdagi, boshqa dindagi kishilarga ham bekordan bekorga yomonlik qilmaymiz.

Xuddi shu fikrlarni, sof islomiy ta’limotni qayta qurish yillari ulamolarimiz hammaga tushuntirganlar. Bu ma’noda yana ko’proq ishlash mumkin.

Mustaqillikka erishgan faqat biz emasmiz. Balki biz oxirgilardan bo’lib harakat qilmoqdamiz. Mustamlakachi tomonidan bo’lib tashlangan xalqlarning birlik uchun qilgan harakatlaridan dars va o’rnak olishimiz kerak.

Hozirgi kunimizda kommunizm deb atalgan qorason tarqalgan mintaqalarda birlashishdan ko’ra tarqalish ko’proq ko’zga chalinmoqda.

Yovuzlik imperiyasi Sovet Ittifoqi o’n beshga parchalandi. Yugoslaviya ham keragicha parchalandi. Chexoslovakiya, Chexiya va Slovakiyaga bo’lindi. Bularning hammasi majburiy birlashtirilgan bo’lgani uchun, ularni ezib turuvchi kuch zaiflashganda tarqalib ketishdi.

Bu jarayon bizni qiziqtirmaydi. Chunki, biz ajralishni emas, birlashishni orzu qilmoqdamiz.

Kommunizmning ta’siridan so’ng birlashganlar Olmoniya va Yamanlardir. Bu ikki o’lkada ham xalq irodasiga qarshi, majburiy bo’linish yuz bergan edi. Kommunistcha tashviqot “ozod” va “demokratik” Olmoniya va Yaman tezda yer yuzidagi jannatga aylanishini, bu ikki yurtning chirib borayotgan kapitalizm va eskilik sarqiti va xalqlarning afyuni bo’lgan dinga ishongan qismi esa inqirozga uchrab, xohlasayu xohlamasa kommunistik tuzumga o’tishini bashorat berar edi.

Aynan kommunistik Olmoniyadan maslahatchi jallodlar borib kommunistik Yamanning tajribasiz jallodlariga dindorlarni qanday azoblash va Qur’onni gulxanda kuydirishni o’rgatar edilar.

Ammo natija tamoman boshqacha bo’lib chiqdi. Kommunistik “jannat”da jonidan to’ygan olmonlar oradagi Berlin devorini buzib, “chirib borayotgan” kapitalistik Olmoniyaga oshiqdilar. Chunki ular oradagi farqni ko’rib turar edilar. Bu haqiqatni anglamaslik uchun yo aqldan ozgan, yo kommunist bo’lish kerak edi xolos.

Menimcha bizning bugungi voqe’ligimizda Olmoniyaning ikki tomonida bo’lganidek, bir-biridan tubdan farq qiladigan tuzum va iqtisod yo’q.

Yaman tajribasiga keladigan bo’lsak, u yerda birlikka erishishida, hisobga olinmagan omillar tufayli keyinroq kommunistlar yana ajralishga harakat qildilar, oqibatda qon to’kildi. Bundan o’rnak olish kerak. Vet’namning birlashishi esa oldinroq sof kommunistchasiga qurol kuchi bilan bo’lgan edi. Yillar o’tib u yerda ham g’olib kommunistlar, mag’lublarning yo’liga yurishga majbur bo’ldilar.

Dunyoda birlashish haqidagi gap-so’zlarning eng ko’pi arablarda bo’lsa kerak. Dunyoda bir xalqning davlatlarini birlashtirib turuvchi, yigirmadan ortiq davlatni azo qilgan-Arab davlatlari uyushmasi ham yagona bo’lsa kerak. Arablar asosan tarixga Islom dini tufayli kirgan. Islom ularni birlashtirgan va shu din orqasidan ular ko’zga ko’rinib peshqadam xalqqa aylangan edilar.

Ammo Islomdan uzoqlashganlaridan so’ng zaiflashdilar va tubanlikka yuz tutdilar. Oqibat kelib arablar yerlarini mustamlakachilar o’zaro bo’lib oldilar.

Mustamlakachilarga qarshi kurashda musulmonchilik asosiy kuch bo’lsa ham hukmga millatchilar keldilar. Ular millatchilik asosida yagona arab davlati barpo qilish uchun ko’p gapirdilar. Bir vaqtlar Misr va Suriya birlashib, Birlashgan Arab Jumhuriyati e’lon qilindi, ammo uzoqqa bormadi.

Shuningdek, Libiya ham ko’p urindi. Ammo hozirgacha biror natija yo’q. Mutaxassislar bu muvaffaqiyatsizlikning ko’plab sabablari borligini, jumladan, Islom olami ta’siri yetishmasligini eslatadilar.

Menimcha, bu chaqiriqlar quruq gap ekanligini ham unitmaslik kerak.

Bizda esa birlashish masalasida hech qachon arablarga o’xshamaslik kerak. Hozir Turkiston birligi haqidagi gaplarda, nimalar bir bo’lish keragu, nimalar alohida qolishi keragi haqida ham gapirilmoqda. Bu fikrlar albatta bugungi voqelikdan kelib chiqqan holda aytilmoqda. Vaqt o’tishi, ish boshlanishi bilan bu ishlar yanada oydinlashadi. Eng muhimi ish boshlash kerak. Har bir shaxs bu xayrli ishga qo’lidan kelgan hissasini qo’shishi kerak. Busiz katta yutuqlarga erishish qiyin ekanini anglab yetmoq shart. Agar birlik bo’lmay, ishlar hozirgidek rivojlanib ketaversa, nafaqat tashqi xavf, balki ichki xavf ham ortib boraveradi.

Hozir xalqni tashvishga solib turgan “bojxona” sharmandaligi hech narsa bo’lmay qoladi. Er-suv, chegara talashib urushlar chiqishi ham hech gap emas. Chegarlar yopilib, biryoqdan ikkinchisiga o’ta olmay qolish hollari ham bo’lishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizga murojaat qilmoqchiman: Aziz yurtdoshlar! Biz bir xalqmiz, aslimiz bir, dinimiz bir, tilimiz bir, vatanimiz bir! Bu vatanni birlashtiraylik. Vatanni seving! Vatanni ezozlang! Vatan uchun xizmat qiling!

Qaynoq: islom.uz

Türkiye Türkçesi: Türkistan Birliği

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: