Qadimgi Turklar va Yunon Adabiyoti


«Iliada» va «Odissey» dostonlari yunon adabiyotining nodir namunalaridir. Bu asarlarda yunon va troya urushlari tasvirlangan. Troya Kichik Osiyoda joylashgan shahar. Arxeologlar uning o’rnini hozirgi Turkiyaning Xisorlik qishlog’ida ekanligini aniqlashgan. Bu shaharni Il qurdirgan va otasining sharafiga Troya nomini qo’ygan. Shahar ba’zan ikkinchi nomda – Il nomi bilan Ilion deb yuritilgan. «Iliada» – «Ilnoma», «Il qissasi» degan ma’noni beradi. Il qadimgi turkiylar tilida muomalada bo’lganligi uchun ham bu so’zga yangicha talqinda qarashga to’g’ri keladi.

Turkiylar bir qancha davlat va qavmlarni o’z kuchlari bilan itoat ettirib, ulkan davlatga asos solishgan. Bunday davlat turkiylarning atamasida «Il» yoki «El»dir. Boshqacha aytganda, «Il» yoki «El» imperatorlik mavqyeiga ega bo’lgan davlat ma’nosini ifodalagan.

Gomer shaxsiyati va uning dostonlari tahlili bilan jahondagi yuzlab olimlar qiziqishgan. Jumladan, gruzin olimi R.V.Gordeziani troya urushlarini taxminan miloddan avvalgi 1265 yillar atrofida bo’lgan, deb hisoblab, Troya TRSh (Teresh yoki Tursha) mamlakati ekanligini ko’rsatadi. Albatta, tur – miloddan avvalgi asrlarda yashagan turkiy qabilalarning umumlashgan nomidir. Dostonda troyaning ko’plab pahlavonlari ishtirok etadi. Ularning eng bahodiri Hyektordir. Hyektor o’z xalqini qahramonlikka chaqirar ekan, «ko’kdagi tangrilar», «samoviy tangrilar»ga sig’inadi, ulardan madad so’raydi. Troya pahlavonlari sher va qoplonga, yunon qahramonlari esa ho’kizga o’xshatiladi. «Iliada»ning o’n uchinchi qo’shig’ida shunday satrlar keltirgan:

Zevs Hyektorning lashkarini exeylarning qarorgohiga

Boshlab kelib, ul mardlarga ravo ko’rdi mudhish azobda,

Zahmat chekib olishuvi, kemalarning ro’baro’sida.

O’zi chashmi tobonini olislarga –botirlar eli

Мiziyaga, suvoriylar hur diyori Frakiyaga

Hamda faqat sut bilan kun kechirguvchi eng adolatli,

Ammo qashshoq hippomolglar zaminiga qaratdi shu choq.

Tadqiqotchilar hippomolglar – biya sog’uvchilarni skiflar qabilasidan, deb hisoblaydilar. «Odessey»da kemmerlar mamlakati tasviri ham berilgan:

Biz tezda Okean suvi chuqur oqadigan joylarga yetdik,

Bu yer kimmereylar o’lkasi, doim namli tumanlar,

Qalin bulutlar bilan qoplangan; odamlari

Geliosning nurlarini ko’rmaydi sira…

«Iliada» dostonida Zevs Ko’k tangrining timsoli darajasiga ko’tariladi. U yunonlarning emas, aksincha urushda troyaliklarga madadkor bo’ladi. Urush shu qadar qiziydiki, ma’budlar ham tarafkashlik yo’liga o’tib oladilar. Axillning onasi Fetida Zevsga o’g’lining nomini yomon qilganlarning jazosini berishni so’raydi. Zevs urushda troyaliklar yengib chiqishini va’da beradi. U Axillning jangga kirishidan Troya lashkarlari va ularning shahari xarob bo’ladi, deb qo’rqib ketadi. Zevs Axill Hyektordan ustunlik qilib, uni quvib borayotganligini ko’rib, bag’ri ezilganidan oh chekib yuboradi.

Zevs Ilion mamlakati va uning xalqiga mehr bilan qaraydi. Dostonda uning kechinmasi shunday ifodalangan:

Zero porloq quyoshu oy va yulduzlar ostidagi bu

Barakatli yer sahnida bandalarim shahri qancha ko’p

Bo’lsa, men-chun ular aro eng azizi shu Iliondir,

Uning shohi mard Priam va ul shohning fuqarosidir.

Qahramon Hyektorning o’limi yaqinlashar ekan, asar ijodkori yunonlarga g’azab bilan qaraydi:

Zaqqum giyoh yeb, vujudi g’azab ila ajdaho

Tog’dagi bir g’or og’zida gajak bo’lib to’lg’onar ekan.

Ko’zidan o’t sochib har yon alangalaydi. Ov axtaradi-

Hyektor ham do’ng qalqonini tirab qo’yib devor poyiga

Xuddi shunday mardanovor turar edi raqibni kutib.

Bu parchada yunon pahlavoni ajdahoga, Hyektor uni yengish uchun shay turgan bahodirga tenglashtirilgan.

Alpomish

Skif-turkiylarning kuchli hayvonlarni ona deb sig’inishi odatlari «Iliada» qahramonlari hayotida ham o’z ifodasini topgan. Doston tasvirigacha bo’lgan syujetlarda Troya shohi Priamning o’g’li Parisni bir ona ayiq o’z suti bilan boqqanligi haqidagi rivoyat keltirilgan. Voqyea bunday bo’lgan edi:

Parisning onasi Hyekuba homilador edi. Oy-kuni yaqinlashganda tush ko’radi. Tushida cho’g’ tug’adi, natijada troya dahshatli yong’in ichida qoladi. Hyekuba tushini eriga aytadi. Ta’birchi kohinlar Hyekuba o’g’il tug’adi, lekin bu farzand Troyaning halokatiga sababchi bo’ladi, deb aytishadi. Priam chaqaloq dunyoga kelgach o’z quli Ageleyga uni baland Ida tog’ining o’rmoniga tashlab kelishini buyuradi. Bola o’lmaydi. Bir ona ayiq o’z suti bilan boqadi. Oradan yillar o’tgach Ageley toqqa kelib, tasodifiy holatda bolani topadi. Unga Paris deb nom qo’yadi va tarbiyalay boshlaydi. U cho’ponlar orasida ulg’ayib, go’zal va jasur yigitga aylanadi. Skif-kimmerlar hukmdori Мadining forsiy adabiyotdagi muqobili Afrosiyob haqidagi adabiy syujetlarda ham Priam, Paris, Ageley va cho’ponlar obraziga yaqin voqyealar mavjud. «Shohnoma»da tush va uning hayotiy rivoji Afrosiyob kechinmasi orqali berilgan:

Afrosiyob qo’rqinchli tush ko’radi va vahimali qichqirish bilan o’rnidan turadi. Saroy xizmatkorlari uning ukasi Gersevazga xabar beradilar. Afrosiyob ukasiga tushida bir biyobon ko’rganligi, unda g’ij-g’ij ilonlar, kalxatlar borligini aytadi. Atrof qoyalar bilan o’ralgan, butun borliq qovog’ini solgandek vahimali. Afrosiyobning chodiri bir chetda turardi. Shu paytda shiddatli bo’ron ko’tarilib, mamlakat bayrog’ini yulib ketadi. Atrofda daryo-daryo bo’lib qonlar oqadi. Eron lashkarining qo’llarida nayza, ularga boshlar osilgan, qo’ltig’ida ham bosh qisilgan. eroniy suvoriylardan biri Afrosiyobning taxtiga hujum qiladi. Uni asir tushirib, qo’lini bog’lab sudrab ketishadi. U atrofga zor-zor tikiladi, hyech kim madad bermaydi. Afrosiyobni Kaykovus huzuriga olib keladilar. Uning yonida 14 yoshli chamasidagi bola o’tirardi. U avval Afrosiyobning bog’liqligini ko’rib hayron bo’ladi, so’ngra devdek na’ra tortadi, tig’ bilan uning jasadini ikki bo’lak qiladi.

Ta’birchilar Afrosiyobning tushini shunday sharhlaydilar: Ey podshoh, o’ngingda Erondan boshlig’i ajdardek ko’p lashkar ko’rasan. Uning boshlig’i yosh shahzoda bo’ladi. Yonida keksalar rahnomolik ko’rsatishadi. Uning yulduzi porloq. U yurtingni chaqmoqdek kuydiradi. Turklardan bir kishi ham qolmaydi, jahonni qip-qizil qon qoplaydi. Shohimiz ularning qo’lida halok bo’ladi, turoniylar dili chok-chok bo’ladi. Bu janglarning sababi Siyovush bo’ladi.

Afrosiyob tush ko’rganida o’gay onasining tuhmatiga uchragan Siyovush otasi Kaykovus topshirig’i bilan Turon mamlakatiga qarshi jang qilayotgan edi. Afrosiyob o’z arboblari bilan maslahat qilib, Siyovush bilan yarashishga kelishadi. Lekin tushdagi voqyelarda Afrosiyobning o’limi ko’ringan edi. Tushning hayotiy rivoji shunday kechadi: Siyovush Afrosiyob bilan sulh tuzishga norozilik bildiradi. Siyovush Eronga qaytib ketmaydi. Turonda qoladi va Afrosiyobning qiziga uylanadi. Afrosiyob fitnachi odamlarning so’ziga ishonib va o’z taxtining ketishidan cho’chib, Siyovushni o’ldiradi. Bu paytda qizi homilador edi. Afrosiyob qizi va tug’iladigan chaqaloq taqdirini vaziri Payronga topshiradi. Payron shohning ko’rsatmasi bilan bolani cho’ponlar o’rtasiga tashlab ketadi.

Troya shohi Priam mamlakat boshiga keladigan g’am-anduhdan qutulish uchun o’g’lini yo’qotishga urinmasin, Afrosiyob Siyovushni o’ldirib, nevarasi Kayxisravni cho’ponlar o’rtasiga tashlab keltirmasin baribir tushdagi voqyealar hayotiy ifodasini topadi. Afrosiyobni tushda ko’rgan shahzoda Kaykovus va o’zining nevarasi Kayxisrav o’ldiradi. Turon mamlakati boshiga balo-ofatlar yog’iladi. Paris yunon malikasi Yelenani olib qochib kelishi Troyani o’t ichida yoqadi.

«Iliada»da Hyektorni dafn etish marosimi tasvirlari «Devonu lug’otit-turk»da keltirilgan «Alp Er To’nga» marsiyasini yodga soladi. Hyektor o’limi uchun shoh saroyida yig’ichilar chaqirilishi, jasad boshida avval xotini, so’ngra onasi, turli kishilar o’z dardini aytib yig’lashida yaqin o’xshashlik bor.

Yunon va Troya urushi o’n yil davom etadi. «Iliada»da o’ninchi yil janglari tasvirlangan. Hyektorning o’limi bilan urush tugamaydi. Yunonlar va troyaliklar o’rtasidagi urushning so’nggi voqyealari antik adabiyotda ushbu voqyeaga bag’ishlangan bir necha dostonlarda aks etgan. O’z qahramonlaridan ajralgan troyaliklar yunonlar bilan jangga tushishdan cho’chib qoladilar. Shunday paytda Penfesilin boshchiligidagi suvoriy ayollar – amazonkalar yordamga kelishadi. Troya shahrida amazonkalar paydo bo’lishi bejiz emas. Amazonkalarning yordamga kelishi troyaliklar turkiy qavmlar ekanligiga yana bir bor ishonch uyg’otadi. Chunki amazonkalar – skiflar qabilasidandir. Ehtimol, ular o’z qavmlari jangda talafotga uchrayotganligi uchun yordamga kelgan edilar. Penfesilin o’z qizlari bilan yunonlarni kemalari turgan qirg’oqqacha quvadi.

Antik yunon mifologiyasi va tarixiy kitoblarda amazonkalar to’g’risida boy ma’lumotlar berilgan. Eramizdan oldingi XIII asrda amazonkalar shohi Penfesiliya, undan avvalgisi Antiopa bo’lgan. Мiloddan avvalgi IV asrlarda esa jasur ayol Felestris shoh hisoblangan. Amazonkalar skif, ba’zan massaget qabilalariga nisbat beriladi. Tarixchilarning guvohlik berishicha, amazonkalarning chap siynasi kesib tashlangan. Buning sababi kamondan o’q otishda qulay bo’lishi e’tiborga olingan. Amazonkalarga xos bu odat tasviriy san’at asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Tarixchi Strabon Tomir (To’maris)ni Qofqaz amazonkalari malikasi deb ko’rsatgan. Aleksandr Мakedonskiy Sirdaryo atrofida amazonka malikasi bilan uchrashganligi haqida ma’lumotlar bor. Yoki o’tmishda Qoraqalpog’iston hududida Samiram (Tamiram) nomli amazonkalar shahri bo’lgan. Xullas, amazonkalar qadimiy turkiylar qavmiga mansub suvoriy ayollardir.

Gerodotning «Tarix» kitobida ham amazonkalar hayotiga keng o’rin berilgan va ular skif qavmiga mansubligi ko’rsatilgan. Amazonkalar bilan bog’langan rivoyatlarda qadimgi turkiy ayollarning alp yigitlardan qolishmas darajadagi bohodirligi, mardligi, sevgisiga vafodorligi, aqlli va donologi ulug’lanadi.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: