Rauf Parfining tesha tegmagan gaplari


Vafotiga 6 yil to‘lgan buyuk shoir Rauf Parfidan nafaqat huzun bir she’riyat, balki kulguga to‘la g‘aroyib gaplar ham qoldi.

29 mart kuni o‘zbek xalqining isyonkor shoiri,  na bir urfga kirgan mafkura va na hokimiyat tepasiga kelgan shaxslarga qulluq qilmasdan, millat va she’rga sadoqatda yashab o‘tgan Rauf Parfi vafot etganiga 6 yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan Ozodlik shoirning og‘riq va hazinlikka yo‘g‘rilgan ijodi emas, balki uning betakror hayot yo‘lidagi hazil-mutoyibaga tutash damlarga nazar tashlashga urindi.

“Qurollanib keling”

Shoirning sevimli rafiqasi bo‘lgan shoira Dilorom Ishoqovaning aytishicha, Rauf Parfi “qurollangan odam” iborasini ko‘p ishlatardi:

– Rauf aka gaplarga juda usta edi. Bir gapirgan gapini ba’zida tushunmasdan birmuncha o‘tgandan keyin odam anglab qolardi. Ba’zida ko‘ngli ranjib qolardi, ba’zida qotib-qotib kulishardi. Rauf aka juda usta edi bunaqa gaplarga Xudo rahmat qilgur. Rauf Parfining atrofida yurgan odamlarning juda ko‘pchiligi biladi buni, Tashavtomashda kvartiraning eshigiga “Qurollangan holda keling!” yoki “Qurollanmagan odam kiritilmaydi!” deb yozib qo‘yardi. YOzib yopishtirib qo‘yardilar eshikka. Keyin hamma bilardi bu vino yoki boshqa bir ichimlik bo‘lishi kerakligini. Qurol deb shuni aytardilar. Keyin eshikdan kirgan odamga “Qurollanib keldingizmi, ey yaxshi odam” deyilardi, deydi Parfi rafiqalaridan biri, shoira Dilorom Ishoqova.


“G‘ing-g‘ing…”

Rauf Parfi bilan uzoq yillar yashagan Dilorom opa turmush chorrahalarida esida qolgan yana bir voqeani so‘zlab beradi:

– G‘unchada yashardik kvartirada. Birovnikida yashardik endi u paytda. Nimadir bo‘ldi o‘sha erda ro‘zg‘orda. G‘idi-bidi gap bo‘ldi-da endi. Men oshxonada ovqat qilayapman. Rauf aka tanbeh berdimi, urishdimi bir narsa bo‘ldi-da. Ishdan charchab kelgan edim. Men “Parfi, hozir yana g‘ing desangiz, o‘zimni uchinchi etajdan otib yuboraman. To‘ydim” dedim. Shu builan unutdim bu narsani. Ovqat qilayapman qozonning tepasida turib. Bir paytda Parfi u yoqdan bu yoqqa yuribdilar “g‘ing-g‘ing, g‘ing-g‘ing”. G‘ing-g‘ing qiladi juda bir berilib. E’tibor bermadim-da. Hayron bo‘lib qarasam, “g‘ing” deydi yana. Yana tushunmay tursam, “Men seni gapida turadigan, mard xotin deb o‘ylagan edim. O‘zing aytding “g‘ing” desang o‘zimni tashlayman deb. Boyadan beri aytayapman “g‘ing, g‘ing” deb” deydi. Mana shunaqa qiziq-qiziq gaplari bo‘lardi, Xudo rahmat qilgurning, deydi Dilorom Ishoqova.

“Lombard”im Farg‘onaga ketib qolgan ekan”

“Rauf Parfining tesha tegmagan gaplari juda ko‘p edi” deb, eslaydi yozuvchi Yoqubjon Xo‘jamberdiev:

– Rauf akam juda ajoyib inson edi. Biror marta u kishining xo‘mrayib, haligi qilib nolib yurganini hech eshitmaganman. 80-yillarda biz bir guruh ijodkorlar o‘zaro gap erdik. O‘sha gaplardan biri Rauf akanikida bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Biz bordik kechki payt. Borsak, Rauf akamning bitta shogirdi o‘tiribdi. Boshqa hech kim yo‘q. Rauf akamning o‘zi ham yo‘q. O‘tirib guring qilib choy-poy qilib o‘tirdik. Keyin soat 11larda Rauf akam kirib keldi Dadaxon aka bilan. Kirib “O‘rtoqlar, endi uzr. Shu Lombardim Farg‘onaga ketgan ekan. Mana o‘zini etaklab kelayapman”, deb Dadaxon akani ko‘rsatdi. Bir kulgi ko‘tarildi. Hamma narsa esdan chiqib, yana davom ettirdik o‘tirishni, deydi yozuvchi Yoqubjon Xo‘jamberdiev.

“Eng sodda darvesh”

Doim soch-soqoli o‘sib yuradigan, ko‘p vaqtini jurnalistlar va shoiru yozuvchilar ishlaydigan binolar yaqinidagi kafelarda o‘tkazadigan Rauf Parfini aksar ijod ahli, “darvesh” deb atardi. Xo‘sh, nega endi darvesh? Shoir Shukrulloga berdik bu savolni:

– Unda na yaxshi yashashga orzu-havas bo‘lgan, na bola-chaqa orttirib avlod qoldirishni hattoki xayoliga keltirgan emas, xalq dardini o‘ylab. Bundan ortiq shoirga yana qanday yaxshi sifat topish mumkin? Odamlar unvonni o‘ylaydi, boylikni o‘ylaydi, nom chiqarishni o‘ylaydi. Bu nuqsonlardan xolilikning o‘zi Raufning ijobiy tomoni emasmi? Rauf haqida yana bundan ortiq nimani aytish mumkin? Rauf o‘zini xalq dardiga bag‘ishlagan shoir edi. Undan boshqa narsani o‘ylagan emas. Turkiyada bir festival bo‘lgan vaqtda 1000 dollar mukofot olibdi Rauf. Bir xotin bunga “Men senga xotinlik qilaman, xizmatingni qilaman. Shunga bir uy olsak, yaxshi bo‘lardi. Sen ham joyli bo‘lib qolarding, men ham” deb tanish ayol bor ekan, shuning aytganini qilib shuning nomiga bir xonali uy olib berdi. Yil o‘tmasdan u xotin vafo qilmadi. Raufga indamasdan ketdi qoldi, Rauf yana ko‘chada qoldi. Rassom do‘stlari bo‘lardi. O‘shalarning podvallarida ham yotib kun ko‘raverardi, deydi Shoir Shukrullo.

“Bu dunyoda o‘lish qiyin ekan”

Adabiyotshunos olim, professor Ibrohim Haqqulga ko‘ra, Rauf Parfi aytgan “tesha tegmagan” gaplar hozir ham adabiyot ahli orasida aytib yuriladi:

– Eng yaxshi gaplari shu zerikkanda “O‘lish qiyin ekan” derdi-da. Men “Nimaga shoshasiz. Yashayvering” desam, “Jonga tegdi hammasi” derdi. “Men o‘lgandan keyin baribir men haqimda bir narsa yozasiz” derdi. “Mana tirigingizda ham yozaman” desam, “Yo‘q o‘lgandan keyin yozasiz. Sarlavhasini “Avtobusdagi odam” deb qo‘ying” degan edi. Bu odam hayotning ustidan kulib ketgan odam aslida. Bittasiga telefon qilibdi. Bu erda aytib bo‘lmaydi endi nimasini. YOzuvchilardan bittasiga “Faloncha Turon bormi? Evril Turon” debdi. U yoqda xotin “Kim so‘rayapti?” desa, “Chevril Turon so‘rayapti” debdi. Mana shunaqa qiziq, kutilmagan gaplari bo‘lardi-da, deydi professor Ibrohim Haqqul.

Mustaqillik yillarida bir qator o‘zbek shoirlari va yozuvchilari Prezident devoniga ishga o‘tib ketdilar. Rauf Parfi o‘sha shoir yoki yozuvchilaridan birortasini ko‘chada ko‘rib qolsa, “Do‘stim, somonxonada nima gaplar?” deb, hazillashar ekan.

O‘z ismini oshkor etmagan bir shoirning aytishicha, mustaqillikning ilk yillarida kommunistik partiyani kuylagan bir shoir chet elga borib kelgandan so‘ng bir yig‘ilishda, “meni asarlarimni u erda rosa o‘qishar ekan, siz o‘zbek millatining otasiz, deyishdi”, deb gapirganda, shu yig‘ilishda tasodifan ishtirok etayotgan yonida o‘tirgan shoirni qulog‘iga pichirlabdi: “Agar millatni otasi shu bo‘ladigan bo‘lsa, onasidan men voz kechdim!”

Shoir Bahrom Ro‘zimuhammadning eslashicha, agar Rauf Parfi kimlargadir telefon qilsa, narigi yoqda “Kimsiz?” so‘rog‘i yangrasa “Rauf Parfi degan devonaman”  deb qo‘yarkan. Haqiqatdan u devona – she’r va ishq yo‘lidagi savdoyi inson edi.

“U hamma narsasini oz-ozdan yo‘qota boshladi: uyini, ayollarini, pulini, do‘stlarini, shogirdlarini. Oxir-oqibat o‘zi ham bizdan uzoq-uzoqlarga yo‘qolib ketdi. Lekin uning siymosini o‘ylasang ich-iching yorishgandek tuyuladi. U ajoyib va g‘aroyib, go‘zal, nihoyatda go‘zal, gunohlarini tutdek to‘kkan inson edi”, deb yozadi Rauf Parfining yaqin shogirdlaridan biri, shoir Bahrom Ro‘zimuhammad.

Sadriddin Ashur

http://www.ozodlik.org/content/rauf_parfiy/3540804.html

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: