Boymirza Hayit:“Vatan sizlarniki bo’lgani kabi meniki hamdir”


Boymirza Hayit Turk dunyosi qurultoyida, Turkiya, 1995 yil. Jahongir Muhammadning shaxsiy arxividan

Muhtaram Boymirza Hayit! Eng avvalo, o’zingiz haqingizda batafsil gapirib bersangiz. Zero, siz tug’ilgan yurtda bu haqda to’la ma’lumotga ega emasmiz. Qolaversa, bu borada turli xil fikrlar yuradi…

– Shaxsim haqida batafsil so’zlab bermoq uchun, avvalo, hayot xotiralarimni eslashim kerak bo’ladi. Ammo, bungacha savollaringizga qisqa bo’lsa-da javob berishim lozim. Chunki yozganingizdek, vatanda men haqimda turli xabarlar tarqatilgandir. Men 1917-yilda, Oktabr inqilobidan bir oy keyin Qo’qon muxtoriyati kunlarida dehqon oilasida tug’ilgan ekanman. Bir ona (Robiya) va bir ota (Hayitmirza)ning 15 farzandidan 9-siman. Boshlang’ich maktabni Namangan dahasining (Keyin Uychi dahasi) Yorqo’rg’on qishlog’ida, o’rta maktabni Namangan shahrida, oliy ta’limni Toshkentda ko’ra oldim.

Mamlakatda “xalq dushmanlarini va millatchilarni” yo’q etish davridagi “qamashlarning sotsialistik musobaqalari” paytida ko’pchilik o’qituvchilarning qismati qamoqxonalarga borib taqalardi. Shu bois ko’p yerda o’qituvchilar yetishmasdan qolgandi. Shuning uchun meni ham 1938-yilning boshida bo’lsa kerak, o’qituvchilikka safarbar etishdi. Toshkentning Beshyog’och mahallada joylashgan pedagogika institutida qisqa vaqt ichida “o’qituvchilikni” o’rgatdilar. Dastlab To’raqo’rg’onda muallim bo’lib ishladim. So’ngra Uychi rayoniga yubordilar. U yerda ham o’qituvchilik qildim.  Keyin rayon maorif bo’limining mudiri lavozimiga tayin etdilar. Shu bilan birga Toshkentdagi pedagogika institutining tarix fakultetiga sirtdan o’qishga imkon berdilar. Kunduzi vazifam bilan, kechasi dars tayyorlash bilan shug’ullandim. Davlat imtihonlarini yoz oylari (1939-yilda) topshirdim. Shu yil “namunali o’qituvchi” egan nom berdilar va menga “Hurmat belgisi” nishonini ham taqdim etdilar. 1939-yilning yoz oylarida revmatizm kasaliga uchradim. Shol bo’lib qoldim. Avval, tabiblarning harakati, Ollohning marhamati va Jaloloboddagi shifo suvning ta’siri bois noyabr oyida ikki qo’ltiq tayoq bilan zo’rg’a oyoqqa turadigan darajaga yetishdim. Shu yilning noyabrida Uychi rayon ichki ishlar sho’basining boshlig’i Mong’ishev chaqirib: “bizga sizni qamash haqida buyruq keldi”, dedi. Men: “endi nima uchun bunday buyruq? Oktabrning bolasi Oktabrga qarshi bo’ladimi? Tuhmat bormi?”, dedim. Ertasiga prokuror Bolakeyev yo’qladi . U “seni qamoqqa olishimiz kerak. Ammo seni qamoqxonaga yubormoqqa qarshiman. Buning uchun Qizil Armiyaga ket”, dedi. Men  “xo’p” dedim. Oradan uch to’rt kun o’tgach, rayon harbiy komissariatining safarbarlik komissiyasidan da’vat keldi. U erga bordim. Doktorlar: ”bu odam bunday kasal ekan, uni askarlikka qabul etishmaydi”, deb qaror berdilar. Bir do’stim, Marg’ilonli O’ktam Ahmad: “qamoqxonaga ketguncha, Qizil Armiyaga ketish yaxshidir. Buning uchun marshal Voroshilovga bir telegramma yuborib, men kasal bo’lganligim uchun harbiy xizmatga olmadilar. Vatanga xizmat qilmoqni istayman. Buning uchun meni armiyaga qabul etishingizga ruxsat so’rayman”, deb yoz dedi. Shunday qildim. Marshaldan buyruq keldi. Qo’ltiq tayoq bilan safarbar etilganlar safiga kiritdilar.

1939- yilning 24-dekabrida Namangan shahridagi otasharava (poyezd) stansiyasidan yuk vagonlari ichiga kiritishdi. Xudo rahmatli onam: “o’g’lim, mendan ayrilmasdan avval qarindosh-urug’larimiz va do’stlarimiz qarshisida kalimayi shahodatni o’qi”, dedilar. Men orzularini ijro etdim. Ota-onam va vatanimdan ajralgan holda yo’lga chiqdim. Yo’lda dardim og’irlashdi. Vatandoshlarimning himmatlari bilan ulardan yordam ko’rdim. Olloh ularga ko’rsatgan marhamati uchun qutlug’ yo’llasin. Bir oydan keyin (1940-yilda) Polshaning Chijov degan joyiga keldik. Bizni qabul etgan ofitser: “nima uchun bu kasal odamni bizga yuborishgan”, dedi. Biz bilan boruvchi: “o’rtoq kapitan, bu odam yo’lda kasal bo’ldi. Bunga qo’ltiq tayoq topdik va bu yerga  keltira bordik, chunki xizmat etmoqni istaydi”, dedi. Kapitan doktorning ixtiyoriga havola etdi. Bahorga qadar tuzaldim. Tank qismiga tayin etdilar…

Iyul oyining boshida (1941-yil) bomba parchalaridan bo’lagi o’ng oyog’imga kelib tekkan edi. Bunday bir zaif,yarador, och va suvsiz qolg’an bir vaqtda olmonlarga asir tushdim. Asirlik bizni Zilitsk shahri yaqinidagi asirlar lageriga kiritdilar. Bu lagerda olmonlar asirlar orasidan yahudiylarni izlasha boshladilar. Qandaydir bir odamga o’xshagan Ollohning bir hayvoni, “bular (bizni ko’rsatib) yahuduylar” deb ma’lumot beribdi. Olmon ofitseri odamni sochiga, burniga va sunnat yeriga qarab, “yahudiy” deb qaror chiqargach, bularni otib o’ldirishardi. Navbat menga keldi. “Otishga ol”, deb u buyruq berdi. Men yalingan holda tarjimonga (tarjimon bir lazgin edi, olmoncha-ruschani yaxshi bilgan kavkazli yahudiy ekan) aytdim: “o’ldirmasdan avval, ikki rakat namoz o’qishga ruxsat so’rayman”. Ofitser o’qisin, debdi. Namoz o’qidim. Duo o’qiganimdan keyin, “amr etingiz, men o’limga hozirman”, dedim. Olmon ofitseri hayron bo’ldi. “Yahudiy emasmisan”, dedi. Men, “yo’q, yahudiy emasman, musulmon va turk-o’zbekman”, dedim. U ikki qamchi urdi va ket, dedi. Asirlar orasiga qaytib kirish nasib bo’ldi. Asirlikning jabri-jafolarini bayon etmoq uchun tuyg’u va iroda yetishmaydi. Bu inson hayotidagi fojialar to’plamidir. Polshaning Chnestaxov shahrida asirlik kunlarini boshimdan kechirdim. Bu lagerda, avvalon, yordamchi ishchi, ishchi, oshpaz, so’ngra birinchi oshxona boshlig’i, gurjistonlik Gogo Udigindan keyin asirlar lagerining ushbu oshxonasiga mudir bo’ldim.

1942-yilning qishi. Asirlarni ikki olmon cho’pon iti bilan nazorat etuvchi bir olmon askari oshxonaga kirib: “sen itlarimga ovqat tayyorlay olasanmi?” deb so’radi. Men, albatta, bilaman, dedim. Faqat itlaringiz nimalarni yaxshi yeydi, deb so’radim. Bular har kuni lahm go’sht yeydi, dedi. Mening hunarim oshpaz bo’lmagani bois endi nima qilaman, deb hayron bo’ldim. Olmonga “go’sht, sabzi, guruch va toza yog’ keltiring, avval buni pishiraman, yesalar, unga qarab harakat qilaman”, dedim. Xo’p, dedi. Aytganlarimni keltirdi. Palov pishirdim: uning itlari ovqatni yaxshi yeyishdi. Har kuni palov qilardim: avval o’zim yeyishim kerak edi, chunki itlarining zaharlanishidan qo’rqar edi.

Asirlar lagerlarida dunyo tarixida ko’rilmagan xo’rliklarni ko’rdik. Biz ishongan davlat va Stalin ochiqdan-ochiq baynalmilal qizil oy jamiyatiga: “biz asirlarni tanimaymiz va buning uchun ularga yordam bera olmaymiz”, deyishgan ekan. Buning ustiga “dono va dohiy Stalin” o’zining 270-sonli buyrug’i bilan “sovet asirlari qayerda tutilsa, shu yerda yo’q etilsin”, degan “dohiyona”, aslida vahshiyona amrini bildirgan. Bizning ahvolimizga yig’laydigan “maymunlar” ham yo’q, degan taassurot ostida edik. Ovrupoda ikki turkistonlik – Mustafo Cho’qay bilan Vali Qayumxon – bizning fojiali qismatimizni o’rganganlar va bizlarni qutqarish uchun yo’llar qidirishgan. Shuni ham bayon etayinki, Chnestaxov shahridagi lagerda 260 mingga yaqin turkistonli asirlar to’plangandi. 1942-yilning bahoriga kelib faqat 300 ga yaqin yurtdoshlarimiz tirik qolishdi. Sovuq, ochlik, kasallik ko’pchilikning umriga zomin bo’ldi.

Olmonlar rus bo’lmagan Qizil Armiyadan kelgan asirlarni ko’ngilli o’laroq askarlikka qabul qilishga qaror qilishgandi. Shu asosda 1942-yilning mart oyi o’rtalarida Turkiston legioniga kirdim. “Askar bo’lib, Turkiston uchun kurashamiz, Moskvaning zulmidan o’zimizni, ya’ni xalqimizni qutqaramiz”, degan yoshlar Turkistonning nima ekanligini bilmas edilar. Legionning bir qism holida, Turkiston fidoyilari kompaniyasini tashkil etishgan ekan. Fidoyilarda Turkiston tarixi hamda jug’rofiyasini o’rgatadirgan odamlarni izlaganlar va ularning qatorida meni ham bunga qobiliyatli ko’rishgan. 1942-yilning 6-oktabrida bu yerda Turkiston tarixini o’rgatish bilan mashg’ul bo’ldim. Maktablarda ta’lim olgan vaqtida hech bir ustozim Turkiston tarixi haqida ta’limot bermagan edi. Turkiston tarixini vatanda, talabalik vaqtida va legionda, Bartoldning “Turkiston tarixi” (ruscha), “Turkiston mo’g’ul istilosi zamonida”, “Turkiston madaniy hayoti tarixi” (rus tilida) asarlarini yaxshigina o’zlashtirgan edim.

Urush tugadi. Urushning sabab-uqubatlarini ko’rgandan keyin yana bir hayajonli hayot ichiga kirgandek bo’ldik. Bularni orasida men ham bor edim. Ko’p yurtdoshlarimiz Sovet Ittifoqiga qaytmaslikni istadilar. Lekin ularni majburiy ravishda Sovet Ittifoqiga yo’lladilar. Ba’zilardan, 800 ga yaqin kishilar bu taraflarda qolib ketishga muvaffaq bo’ldilar. Ular orasida men ham bor edim.

1956-yildan e’tiboran, Sovet Ittifoqida va Turkistonda menga qarshi, ya’ni fikrlarimga qarshi jiddiy tashviqot boshladilar. Meni “vatan xoini”, sotqin, gitlerchi, qotil, imperialistlarning ayg’oqchi-xizmatchisi, O’rta Osiyo tarixini va lenincha milliy siyosatni soxtalashtiruvchi, panturkist, panislomist, josus, millatchi” kabi shiorlar bilan tasvir etishga kirishildi. Menga qarshi hisobsiz maqolalar, risolalar, kitoblar va radioeshittirishlar uyushtirildi. Bunday tuhmatlar bilan xalqimizning ko’zini bo’yadilar, afkor umumiyaning fikrlarini buzdilar va hatto chet mamlakatdagi do’stlari va laganbardorlari vositasi bilan mening fikr-faoliyatimga zarba bermoq yo’lidan ketdilar. Bu shuning uchundirki, kozi ochilib, boshqa erkinlik hayotini ko’rmagan yosh avlod, sovetlarning tuhmatchi tashviqoti ta’siri ostida qolgan bo’lishlari ham mumkindir. Eng yaxshisi, mening hayot yo’lim haqida boshqa bir vaqtda va boshqa sharoit ichida mufassal yozish kerak bo’ladi.

– Urushdan keyingi faoliyatingiz nimalar bilan bog’liq bo’lgan? Sizda o’tgan yillar mobaynida vatanga qaytish hissi tug’ilganmi?

–   Urushdan keyingi faoliyatlarim ham o’ziga xos bir tarixga egadir. Ammo bularni qisqa ravishda ifoda etishga harakat qilaman. Urushdan keyin Olmoniya dorulfununlaridan birida tahsil olmoq orzusida edim. Bunga muvaffaq bo’ldim. Myunxen dorulfununining (1946–1950-yillar) falsafa fakultetida, Islom ilmlari (arab, eron, turk tillari va islom tarixi), ya’ni yangi zamon tarixi va slavyanshunoslik (rus, ukrain, polyak, chex, slovak, serb tillari) bo’limida o’qidim. Imtihonlarni topshirgandan keyin “Qo’qon va Olash O’rda hukumatlari” mavzusida yozgan dissertatsiya asosida falsafa doktori unvonini oldim. 1951-yildan e’tiboran ilmiy tadqiqotlar bilan mashg’ulman. Ovro’pada to’g’ridan to’g’ri Turkiston tarixi va madaniyati bilan shug’ullanuvchi ilm odamlari bo’lmaganligi sababli mening olmon professorlarim menga Turkiston tadqiqotlari bilan mashg’ul bo’lib, bu sohadagi bo’shliqni to’ldirishga xizmat etishimni tavsiya qilishdi. Men bir tarafdan bularni tavsiyasi va asosan o’zimning vatan tuyg’ularimni ifodasi o’laroq shu yo’ldan borishni niyat etdim. 1987-yilga qadar 9 kitob, 11 risola, 260 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalar yozib nashr ettirdim. Bularning yonida ilmiy anjumanlarda Turkiston tarixi va bu bilan bog’liq bo’lgan masalalari mavzuida ma’ruzalar o’qidim. Dunyoning qaysi mamlakatida, chet yurtlarda turkistonliklar bo’lishsalar, u yerlarda Turkiston milliy masalalari bilan mashg’ul bo’ldim. Uning natijasida ko’p sonli do’stlar ham topdim. Hozir 1974-yilda tashkil etilgan Turkiston Tadqiqotlari institutining boshlig’i bo’lib, tadqiqotlarga da’vat etmoqdaman. Bizning vatandagi yurtdoshlarimiz fikrlarini ochiq bildirishga, Gorbachev janoblarining oshkoralik siyosati ko’lankasida imkon topa oldilar. Men esa muhojirlik hayotining achchiq-chuchuk sharoitlari ichida avvalroq fikrlarimni manbalar asosida ilmiy jihatdan ishonganimdan keyin, bildirish imkoniyatiga ega bo’la oldim.

Ikkinchi savolingizning keyingi qismida “sizda o’tgan yillar mobaynida vatanga qaytish hissi tug’ilmadimi” degan jumla bor. Menda vatanga qaytish tuyg’usi 1940-yil 6-yanvardan beri mavjuddir, chunki 1939-yil 24-dekabrda otash aravaga chiqqanimdan keyin o’sha kuni Turkiston diyoridan ayrildim. Shundan beri vatanga qaytish tuyg’usidan hech bir ajralgan emasman. Vatanga qaytishning ham o’ziga xos bir savoli bor. Qaysi shakldagi vatanga qaytishim kerak? Insonlari ingragan, ko’z yoshlaridan oqqan qonli daryosi xususiyatini bildirgan vatanga kelgindilargina emas, uzluksiz ravishda chet hokimiyat ostida yashashga majbur bo’lgan vatanga boraymi yoki mustaqil va ozod vatanga boraymi? Qanoatimcha, men mustaqil va ozod vatanimga qaytib borishni istayman. Bu qarorim mening vijdonimning bo’linmas bir parchasidir. Qafasdan qutilgan qush yana qafas ichiga kirishni havas qiladimi? Yo’q, bunday qila olmayman. Men vatan deb 51 yildan beri ulug’lamoqdaman. Olloh umr bersa yana bir necha yillar hayratlarda bo’larman. Lekin titragan, haqsiz, ezilgan mazlumlikka o’rgatilib, bizni “zag’chalar” holiga keltirganlarga rahmatnomalar bildirish uchun vatanga bora olmayman.

–  O’tgan vaqtda vataningiz bilan aloqa bog’lashga harakat qildingizmi?

–   Vatan bilan o’tgan vaqtda aloqalar o’rnatish uchun harakatlarda bo’ldim. Natija a’lo bo’lmadi. Balki tuzumning byurokratiyasi va mening haqimda u taraflarda yuritilmoqda bo’lingan tuhmatlar natijasida bo’lsa kerakki, vatan bilan bog’lana olmadim. Oradan 51 yil o’tgandan keyin mening hayot bo’lgan bir singlimning bor ekanligini va hatto bir o’g’lim ham bor ekanligini bildirishdi. Bularning qanchalik to’g’riligini to’liq o’rgana olmadim. Gorbachev davridan ilgari chet mamlakatlarga ilmiy majlislarga kelgan ilm odamlari bilan aloqalarni faqat majlis paytida bog’ladim. 1939-yil 24-dekabrdan beri Vatandan xabar kelmadi.

–  Hozirgi kunda biz sizni o’zbek adabiyotining chet eldagi bilimdonlaridan biri sifatida bilamiz. Aytingchi, sizning ijodiy faoliyatingiz adabiyotning qaysi davrlarini ko’proq qamrab olgan? 20-30-yillar o’zbek adabiyoti haqida sizning fikringiz qanday?

–  Savolingizda mening o’zbek adabiyotining chet ellardagi bilimdoni sifatida tanilganimni bayon etgan ekansiz. Men adabiyot tarixchisi emasman. Tarixchiman. Tarix ichiga adabiyot ruhiy hayotning muhim bir qismi shaklida ham kiradi. Buning uchun tarix tadqiqotlarida adabiyotimizning yaqin o’tmishimizdagi ko’rinishlariga ham biroz diqqat bergan edim. Bir tarixchi sifatida aytishim mumkinki, 20-30-yillar adabiyoti bir tomondan, ya’ni yangi davrda qorong’i kechalardan yorug’likka chiqish nurlarini ko’rmoqqa boshlangan bir davrda va bir tarafdan “proletar adabiyoti”, keyinroq esa “sotsialistik ta’lim” degan oqimning adabiy hayotimizga kiritilishining boshlanishidir.

–  Adabiyotimizning bosib o’tgan yo’lini qanday baholaysiz? Bugungi o’zbek ijodkorlaridan kimlarning asarlari sizga ma’lum?

–  Adabiyotimizning bosib o’tgan yo’li fojialar yo’lidir. Jadid adabiyoti ochiq tuyg’ularni tashviq etgan bir davrda unga zarba berildi. “Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat” yaratish deb madaniyatsizlar orasiga yoki qatoriga kiritib yuborgan edilar. Tabiiyki, Oybek, Abdulla Qahhor kabi adiblarning ta’sirlari va ijodiy jozibalari o’tkirdir. Ammo bularning soni ozdir.

–      Jumhuriyatimizning mustaqillik yo’lidagi dastlabki qadamlari sizni qiziqtiradimi?

–      Vatanning mustaqilligi faqat menigina emas, balki hamma muhojirlarning, bulardan koproq va jiddiyroq xalqimizning istagidir. Bunga qiziqmagan kishini oramizdan topa olsak, u vaqtda buyuk ustozimiz Mir Alisher Navoiyning “Odamiy ersang demagil odamiy, oniki yo’q xalq g’amidin g’ami” degan hikmati bilan javob berishimiz mumkin. Bugungi vatanda mustaqillik haqida so’zlashlar ko’p, lekin bu sohada hatto mustaqillikning chegarasiga kela olmadik. “Holva” deganimiz bilan og’zimiz shirin bo’lmaydi”, degan xalq maqoliga nazar solaylik. Bizning ilm odamlarimiz, ayniqsa, tashviqotchilarimiz Stalin va undan keyingi hukumatlar davrida ham “suveren jumhuriyatmiz”, deb aytar edilar. Vatanda boshlangan mustaqillik harakati sevinchli va umidli hamda milliy irodaning yaqqol ko’rinishidir. Biz chet ellarda vatanga mustaqillik berilsin, degan fikr bilan harakatda bo’lib kelmoqdamiz. Milliy mustaqil bo’lmasdan avval bizlar baynalmilalchi bo’lolmaymiz. “Pichoqni o’zingga ur, og’rimasa birovga” deganlar. Biz o’zimizni tanimasdan, qanday qilib boshqalarni yaxshi taniy olamiz? Vatanda boshlanadigan mustaqillik talablari orzularimning tabiiy ko’rinishidir. Bu bizga so’zsiz va shartsiz kerak. Agar bunga erisha olmasak, u vaqtda bizni asrlardan keyin yo’q qilib yuboradilar. Milliy mustaqillik millatlar orasida hamkorlikni va ularning birini boshqasiga nisbatan hurmatini oshiradi. Mustaqillik so’zlari boshlandi. Bu istakni amalga oshirish uchun tashabbuslarning bor ekanligini, hatto jiddiy ekanligini o’rganmoqdamiz. Niyatga yetmoq uchun qiladirgan ko’pgina yumushlarimiz bor. Bulardan bir qismi bilan bandmiz, uni dekabr oyining boshlarida (1990-yil, Istanbul) to’plangan ikkinchi baynalmilal Turkiston qurultoyida bayon etgan edim. Ma’ruzamni tahrir qilmagan holda yozuv orqali bildirgan edim. Bu yozuvni Toshkentdan kelgan kuzatuvchi yurtdoshlarga ham berdik. Mustaqillik masalasida mening fikrlarimni o’rganishni istagan yurtdoshlarimiz topilsa xursand bo’lardim. Shu bois uni “Muloqot”ga yuborib, balki uni tanqidiy nuqtai nazar yuzasidan e’lon etilishi mumkin.

–      Olmoniyada yashayotgan o’zbeklar bilan aloqangiz qanday? Ular nima bilan shug’ullanishadi? Qaysi mamlakatlardagi vatandoshlaringiz bilan aloqa o’rnatgansiz?

–      Mening Olmoniyada yashayotgan o’zbeklar bilangina emas, balki barcha turkistonliklar (o’zbek, qozoq, qirg’iz, tojik, turkman, qoraqalpoq, uyg’urlar) bilan ham yaqindan aloqalarim bor. Shuning bilan birga dunyoning qaysi mamlakatlarida (chet ellarda) turkistonliklar bo’lsalar, ularning ko’pchiligi bilan aloqalarim va do’stlik-vatandoshlik hamda g’oya birligimiz mavjud. Vatandoshlar o’z imkoniyatlariga ko’ra turli sohalarda ishlashadi. Ularning hayot sharoiti yomon emas. Oralarida boylar ham ko’p (boy so’zini yozar ekanman, yuragim biroz titradi, chunki Turkistondagi qatliomning jirkanch ko’rinishlaridan biri boylar masalasi edi).

–  Agar sizni Toshkentga taklif qilishsa, kelarmidingiz? Vatandoshlaringizga aytadigan birinchi so’zingiz nimalardan iborat bo’lardi?

–  Toshkentga da’vat qilishsa, kelarmidingiz, degan savolingizning hazilkashlikmi yoki jiddiy ekanligini bilmadim. Meni nega Toshkentga taklif qilishmoqchi? Vatan sizlarniki bo’lgani kabi meniki hamdir. Vatanimga men da’vatsiz borishim kerak. Buning uchun esa shart-sharoitlar yetarli emas. Har bir shaxsda shon-sharaf va izzat-oriyat tuyg’usi bor. Meni 35 yildan ko’proq vaqt ichida “Vatan xoini”, “qotil” deb kelgan mamlakatga borib: “sizlar vatanparvarsizlar!”, “sizlar adolatlisizlar” desam qanday bo’larkin? Mana endi zamon naqadar buzildiki, bir “vatan xoini” sovet vatanparvarlari bilan birga o’ltirib choy ichaylik yoki muammolarni baravar muhokama etaylik!(?)

Vatanga boradigan bo’lsam, aytadigan so’zlarim juda ham ko’p. Avvalo, milliy mustaqillik uchun kurash masalalarini bayon etar edim. So’ngra ruslar bilan turkistonliklar orasida o’tmishdagi va kelajakdagi munosabatlar, milliy madaniyatimizni qurmoq, Islom dini hayotini tiklamoq, o’zimizni o’zimiz tanishimiz, hozirgi iqtisodiy bo’hrondan qutulmoq, xalqning hayoti va to’q yashashi yo’llari kabi masalalar, tariximizning soxtalashtirilishiga qarshi kurashning zarurligi, dunyo xalqlari orasidagi mavqeimiz, Turkiston tashqarisida Turkiston masalalaridagi tadqiqotlarning ko’rinishlari, eng oxirgi muhim masalalar sifatida O’rta Osiyo va Qozog’iston atamasi o’rniga Turkiston atamasining tiklanishi kabi masalalar haqida fikrlar bildirar edim.

–  Oilangiz, farzandlaringiz haqida so’zlab bera olasizmi? Ular o’zbek tilini bilishadimi? Ro’zg’or tutish tartibingiz qanday?

–  Oilaviy hayotim haqida ma’lumot berishim mumkin. Xotinim – olmon, tibbiya doktoridir. Uch farzandimiz va olti nabiramiz bor. Ular dorulfunun ta’limini olishgan. Ikki o’g’il – nashriyotchi. Qizimiz sportchi, ya’ni sport muallimasi. Cho’loq, ko’r, jinni, yuragi og’ir xastalarni va qariyalarni sport yo’li bilan sog’lom tutish sohasida ishlaydi. O’zbek turkchasini o’rgana olmadilar. Turkistonga bog’liqdirlar. Oila hayotimiz samimiydir. Farzandlar, kelinlar va kuyov, nabiralar har haftada bir daf’a uyimizga kelib, Farg’ona palovini yeb, oilaviy maslahatlashib ketadilar.

So’zlarimni sizlarga rahmat bildirish bilan bitirmoqchiman. Chunki yuragimda to’plangan zardoblarimni chiqarishga imkon bergan bo’ldilaringiz. Salomat qolingizlar. Mening fikrlarimni o’qiyotganlarga ham chandon rahmatlar bildiraman.

Islom USMONOV suhbatlashdi.

“Muloqot” jurnali, 1991-yil, May (Kundalik).

http://turonzamin.org/2011/02/27/boymirza-hayit-2/

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: