Rauf Parfi O’zturk – Thakurning oxirgi she’ri


Rauf Parfi O’zturk – Thakurning oxirgi she’ri

(7.05.1941)

Ayroliq kunidir, tug’ilgan kunim.

Robindranath Thakur

Thakurning oxirgi she’ri

(7.05.1941)

1.Sohir Sarasvati! Nadir bu aqlim,

Nadir tanu, nadir dilu, nadir jon?

Bu qanday kahkashon? Bu qaysi iqlim?

Aldandimmi tug’ilib? Rostmi yolg’on?

Ey mening parishon, ey sho’rlik xalqim,

O’zing qachon tug’ilasan, sen, qachon?!

Qorayib tirkashar o’z muztar ko’lkam,

Izillar so’zimning mayus jaranggi.

Vizillar muzlarga burkangan ko’klam,

Ochiq poyonlarning poyonsiz ranggi.

Sovuq qorong’uning oppoq sadosi,

Bo’g’zimga bo’g’ilar musiqam, unim.

Ajr saharidir, hajr sahrosi,

Alvido kunimdir, tug’ilgan kunim.

2.Ay sen ona- xalqim! Loylarga botdim,

Tilla halovatning g’ilofidan chiq!

So’yilgan sag’rimga zahrolud qotdim,

Kamolot so’qmog’i naqadar achchiq.

Tiriklar! Yondirmang eski ma’voni,

Suvlarga botirmang. Sizsiz-da bitar.

Havoni qizg’onmang,ozod havoni,

Tuproqni bulg’atmang. O, Shiva, yetar!

Yerga qo’ying meni. Onamdir tuproq,

Tobinib o’payin onamning yuzin.

Onamning yuzini, oy yuzida dog’.

Yashin bering menga, chatnayin o’zim,

Menga dengiz bering, daryolar urfoq,

Nafas bering menga, beringgiz so’zim.

3. Izg’rdim sargardon men sizni izlab,

Tovonimni teshdi Srabon, yomg’ir.

O’zimni lanatlab, sizimni sizlab

O’lmay turib o’ldim, siz uchun axir.

Yonib aytdim, cheksizlikning cheki bor,

Cheksizlikning cheklariga yetarmen.

Mendan rozi bo’ling, tiriklar, do’st-yor,

Bir chimdim mehringiz olib ketarmen.

Mening sog’inganim qaylarga ketdi?

Tamom! Bor-yo’g’imni sovurib bo’ldim,

O’limim sog’ingan dodiga yetdi.

Agar men Koinot bo’lsam, Men- to’ldim.

Xayr! Xayr endi! Biz netdik? Ul netdi?

Men bukun tug’ildim. Men bukun o’ldim.

4.O’zimni topganda sizni qidirdim,

Unutdim o’zimni , quchdim yerimni.

Men sizga bir dunyo dunyo qoldirdim,

Men sizga qoldirdim qonli she’rimni.

Safarim oldidan yana o’yladim,

Nachora? Qarzlarim ko’p edi, esiz.

Yamaning ruhiga sokin so’yladim,

U yoqlarda qanday yashayman sizsiz.

O’g’ri tashlab ketgan bir tugin molim,

Men ortib ko’chmasman. Sizga, bu tugin.

Sizsiz uyoqlarda ne kechar holim.

Sizsiz bor narsa yo’q. Tomirda tugun.

Yuzingizga ko’rdim Alloh jamolin.

Oxirgi safarim. Men tug’ulgan kun.

————————————————

Hind asotirida; Sarasvati- fan va

san’at ilohasi, Shiva – bunyod va barbod

ma’budi, Srabon – tinimsiz yomg’ir yog’adigan

oy, Yama – u dunyo, o’lim ma’budi.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: