O‘zbekistonda adabiy harakatlar


O‘zbek adabiyoti tarixida (saroylar atrofidagi adabiy muhitni istisno qilganda) qalam ahlini o‘zaro uyushtirib, adabiy harakatga yo‘nalish berib turgan tashkilotlar bo‘lmagan. Shuning uchun ham o‘zbek adabiyoti XX asrning birinchi choragiga qadar “Qo‘qon adabiy muhiti”, “Xorazm adabiy muhiti”, “Toshkent adabiy muhiti” singari turli jo‘g‘rofiy-adabiy hududlarga bo‘lingan holda yashab keldi.

“Chig‘atoy gurungi” esa O‘zbekistonda tashkil topgan dastlabki adabiy uyushmadir.

“Chig‘atoy gurungi”. O‘zbekiston yozuvchilari 1934 yili Sovet hokimiyati tomonidan tashkil qilingan Yozuvchilar uyushmasiga birlashtirilgunlariga qadar o‘zlarining bir necha kichik-kichik jamiyatlariga ega bo‘lganlar. Shulardan biri 1919 yili tashkil etilgan “Chig‘atoy gurungi”dir.

Sovet davri o‘zbek adabiyoti tarixiga bag‘ishlangan barcha kitob va maqolalarda “Chig‘atoy gurungi” millatchilik va panturkizm g‘oyalarini olg‘a surgan, o‘ta reaktsion adabiy uyushma sifatida tilga olinib kelingan. Shuning uchun ham biror adabiyot tarixchisi bu dastlabki uyushma faoliyati bilan qiziqmay, uning vujudga kelishi va tugatilish tarixini o‘rganmay kelgan.

Chig‘atoy Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, Amudaryo bo‘ylaridan G‘uljaga qadar yoyilgan erlar — Movarounnahr, Ettisuv va Qashqar uning tasarrufida bo‘lgan. Chig‘atoy 1242 yili vafot etganidan keyin uning ajdodlariga meros sifatida o‘tgan bu jug‘rofiy kenglik “Chig‘atoy ulusi” deb atalgan. Shu kenglikda yashagan xalqlar tili “chig‘atoy tili”, ular yaratgan adabiyot esa “chig‘atoy adabiyoti” deb yuritilgan.

Sovet hokimiyati o‘rnatilgandan keyin, 1919 yili Fitrat boshliq bir guruh shoir va olimlar birinchi adabiy uyushmani tuzganlarida, unga “Chig‘atoy gurungi” deb nom berishgan. Fitrat va uning maslakdoshlari mo‘g‘ul istilosidan o‘zlariga qadar turkiy tilda yaratilgan adabiyotni o‘zbek xalqining ma’naviy-madaniy boyligi sifatida saqlab qolish va xalqning tom ma’nodagi mulkiga aylantirish maqsadida bu boy adabiy merosni to‘plash, o‘rganish va nashr etishni o‘z oldilariga vazifa qilib qo‘ydilar. Buning uchun esa ular avvalo savodsizlikni tugatish, murakkab arab imlosini isloh qilish va o‘zbek tilining sofligini ta’minlash lozim, deb topdilar.

“Gurung”ning ilmiy va ijodiy dasturini amalga oshirishga kirishgan Fitrat o‘zbek mumtoz adabiyotini uning qadimgi davrlaridan boshlab o‘rganishga kirishdi; Elbek xalq ijodi namunalarini to‘plash va o‘rganishni o‘z zimmasiga oldi; Qayum Ramazon o‘zbek tilining tarixi va nazariyasini o‘rgana boshladi; Cho‘lpon ham o‘zining serqirra ijodiy faoliyati bilan bu xayrli ishga hissa qo‘shishga urindi.

Oktyabr’ to‘ntarishidan keyin sobiq chor mustamlakalari, shu jumladan, O‘zbekistonda sun’iy ravishda proletar adabiyoti yaratilayotgani va bu adabiyotning nafis san’atdan uzoq, g‘arib bir adabiyot bo‘lishi mumkinligini ko‘rgan bir guruh yozuvchilar ana shu “chig‘atoy adabiyoti” an’analarini saqlab qolish niyatida “Chig‘atoy gurungi”ga asos solganlar. Bu dastlabki adabiy uyushmaning asoschisi XX asr o‘zbek adabiyotining buyuk siymolaridan biri Fitrat bo‘lib, u Sovet davlati tongidayoq o‘zbek xalqi endi “qizil” kishanlar bilan zanjirband etilishi mumkinligini sezgan va bu xavfdan qutulishning birdan-bir yo‘lini Turkistonda istiqomat qilgan xalqlarning bir bayroq ostida birlashishida va ular madaniyatini yuksaltirishda ko‘rgan. “Chig‘atoy gurungi”ning asosiy maqsad-vazifasi ham yolg‘iz o‘zbek adabiyoti va o‘zbek tilining sofligini saklab qolish, o‘zbek adabiyoti erishgan badiiy yutuqlarni mustahkamlash edi. “Milliy-madaniy muxtoriyat” so‘zlarini o‘ziga shior qilib olgan “Chig‘atoy gurungi” bir yil muqaddam qizil qo‘shin tomonidan tor-mor etilgan “Turkiston muxtoriyati” g‘oyasini adabiy-madaniy jabhada davom ettirishni o‘zining burchi deb bildi.

“Chig‘atoy gurungi”, chindan ham, siyosatga aralashmaslik va’dasi bilan maydonga chikdi. Lekin uning milliy til va milliy adabiyotning sofligi yo‘lida olib borgan faoliyati Oktyabrdan keyingi o‘zbek adabiyotining proletarlashish jarayoniga, ruslashish va sovetlashish jarayoniga qarshi qaratildi. U o‘zbek tilini arabiy va forsiy so‘zlardan xalos etish uchun kurash olib borar ekan, bu kurashning asosiy yo‘nalishini ruslashishga qarshi, o‘zbek tiliga ruscha-baynalmilal so‘zlarning oqib kirishiga qarshi qaratdi. Xuddi shu narsa sovet hokimiyati va uning mafkura sohasidagi posbonlari tomonidan aksilinqilobiy va millatchilik harakati deb baholandi.

Sovet hokimiyatining shirin va’dalariga ishongan va 1918 yili Turkiston uchun rus tili bilan birga umumturkiy tilning davlat tili deb e’lon qilinganini ko‘rgan “gurung” qatnashchilari “Chig‘atoy tili” yoki umumturkiy tilning sofligi uchun kurashib, arabiy va forsiy so‘zlarni turkiy so‘zlar bilan almashtirish, arab yozuvini isloh qilish, atamashunoslik mezonlarini ishlab chiqishga kirishdilar. Fitrat va uning maslakdoshlari o‘z dasturlarini amalga oshirishda, bir tomondan, panislomistlar, ikkinchi tomondan, panturkistlarning qarshiligiga duch keldilar. Panislomistlar “chig‘atoy tili”dan arab so‘zlarini quvib chiqarish bu tilning adabiy til sifatida nufuzini yo‘qotadi, degan da’vo bilan “gurung”ga qarshi harakat boshladilar.

“Deydilarkim, – deb yozgan edi Fitrat ularga javoban, – turkchadan adabiy so‘zlarni chiqarmasg‘a teyish. Buni biz ham qabul qilamiz. Adabiy so‘zlarni turkchadan chiqoringiz, demaymiz. Bizning tilagimiz – adabiy so‘zlarni emas, arabiy so‘zlarni chiqarmoq. Anglashiladirkim, bizga qarshi bo‘lg‘on og‘olar arabiy bilan adabiyni ayirmasdan gapiradilar “.

Fitratning “chig‘atoy tili”ni isloh qilishga qaratilgan faoliyatini to‘g‘ri tushunish uchun uning yana quyidagi so‘zlariga e’tibor berish lozim: “Shul choqda tilimizdagi arab, fors so‘zlarining turkchasi topilmaydi, demoqchi esangiz, o‘rganing! Hozirgi so‘zlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydi, desangiz, so‘zlaringiz to‘g‘ridir. Biz ham unlarni chiqarmoqchi emasmiz, unlarni olurmiz, lekin o‘zimizniki qilarmiz, turkchalashdururmiz. Aytaylikkim, “qoida “ning turkchasi yo‘qdir.

“Harf “ning-da turkchasin topolmadik, ikkisin dahi olurmiz. Lekin sizlar kabi “qavoyidi hurfiya ” demasdan, “harf qoidalari “, dermiz “.

Fitratdan tashqari, “gurung”da Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Shorasul Zunnun, Cho‘lpon, Elbek, Botu, Saidahmad Nazirov ham a’zo bo‘lganlar. Ular Xadrada umumturk tili adabiyotini o‘rganish bo‘yicha pulsiz kurslar tashkil etib, shahar maktablaridagi ko‘plab muallimlarni o‘z darslaridan bahramand etganlar. Bu darslardan oldin, 1918 yilda Fitrat sakkiz oylik kurslarda ham umumturk tili va adabiyotidan saboq bergan.

“Bir kecha, – deb yozadi Fitrat, – “Chig‘atoy gurungi”ning majlisi bo‘lg‘on edi. Gurung a’zolari tomonidan yozilg‘on asarlarni o‘qib, muhokama qilmoqda edik. Toshkentning eng katta tashkilotining birida turg‘on bir o‘rtoq vintovka ko‘tarib kelib, majlisimizga birdan kirdi. “Muhammad payg‘ambarning me’rojini inkor qilar ekansiz “, deb taftishga kirishdi va bizni munaqa yo‘lsiz harakatlardan man qilib ketdi. Mana bularning hammasi panturkistlarning ig‘vosi bilan bo‘lar edi “.

Fitrat bu so‘zlarni yozganda, panturkizmga qarshi kurash avj olgan, uning o‘zi ham panturkist sifatida qoralanayotgan edi. Shuning uchun u panturkistlarni o‘ta qora bo‘yoqlar bilan tasvir etgan bo‘lishi mumkin. Lekin shu narsa haqiqatki, u kelajakda o‘zbek davlatchiligining Rossiyadan ham, Turkiyadan ham mustaqil yashashini orzu qilgan va “Chig‘atoy gurungi”ning siyosatga aralashmagan holda shu g‘oyaga xizmat qilishini ko‘zlagan edi.

Fitratning yosh maslakdoshlaridan biri Botudir. U keyinchalik, turli omillar ta’sirida, Fitrat va Cho‘lpondan uzoqlashgan, hatto ularga qarshi kurashgan. Lekin u 1931 yil 16 fevral’ sanali ko‘rgazmasida “Chig‘atoy gurungi” va uning rahbari Fitrat to‘g‘risida haqqoniy ma’lumot bergan va, jumladan, bunday yozgan:

“Men Fitratni birinchi marta 1918 yilning o‘rtalarida, 8 oylik kurslarda ko‘rdim… Fitrat o‘sha vaktda chig‘atoy tili va chig‘atoy adabiyotini targ‘ib qilar edi. Men o‘sha vaqtda Fitratni bilmas va mutlaqo tushunmas edim. Agar yanglishmasam, meni Fitrat bilan 1919 yili Ikromov tanishtirgan. Fitrat bu davrda hokimiyat tepasida bo‘lgan Munavvar qori guruhining ta’qibidan yashirinib yashardi. Uni, menga ma’lum bo‘lishicha, dahriylik va g‘ayripanturkizmda ayblashgan edi…

Ikromovning “Izchi to‘da” guruhi Said Ahroriy gruppasi va turk zobitlari bilan urishib qolgach, biz Fitrat tomoniga o‘ta boshladik. Men ba’zan Shorasul Zunnun, ba’zan Ikromov bilan Fitratning oldiga o‘z she’rlarimni olib boradigan bo‘ldim. Shorasul Zunnun tez orada Said Ahroriy tomoniga o‘tib ketdi va biz u bilan birodarlik munosabatlarini uzdik.

1919 yili Said Ahroriy guruhi bilan “Izchi to‘da” o‘rtasidagi kurash bizning qattiq mag‘lubiyatimiz bilan tugab, Ikromov Namanganga ish safari bilan ketdi, men Toshkentda osmon bilan er o‘rtasida muallaq bo‘lib qoldim. Shu vaqtda men “Chig‘atoy gurungi “ning kotibi Elbek bilan tanishdim. Uning taklifi bilan 1920 yilning boshlarida “Chig‘atoy gurungi “ga a’zo bo‘lib kirdim va texnik kotib vazifasini o‘z zimmamga oldim. “Chig‘atoy gurungi ” bizdan sal narida, Balandmachitda joylashgan ekan, men u erda bir oy mobaynida yolg‘iz o‘zim ishlay boshladim “.

Fitrat, yuqorida aytib o‘tilganidek, bu vaqtda raqiblar ta’qibidan qochib yurgani uchun hatto “Chig‘atoy gurungi”ning majlislarida ham ishtirok eta olmagan.

Botu “gurung” qatnashchilari tashkil etgan majlislar to‘g‘risida ham ozmi-ko‘pmi mufassal ma’lumotlar beradi:

“Men bir marta “Chig‘atoy gurungi “binosida bo‘lib o‘tgan majlisda qatnashdim, unda yangi imloni o‘rganish kurslarini ochish, chamasi, Q.Ramazon tomonidan tuzilgan o‘zbek tilining imlosini o‘rganish, o‘zbek xalq qo‘shiqlarini to‘plash, hukumat idoralari oldiga o‘zbeklarni o‘zbek deb atash masalasini qo‘yish kabi muammolar muhokama qilindi. So‘nggi masala qanday muhokama etilganligi yodimda yo‘q. Men qatnashgan ikkinchi majlis Ramziyning uyida bo‘lib o‘tdi. U erda Ramziy va Fitrat o‘z she’rlarini o‘qidilar. Men tez orada ketib qolganim uchun keyin nima bo‘lganini bilmayman. Uchinchi majlis amakivachchamning uyida bo‘lib, unda musiqa chalindi. Darvoqe, bu majlislarning hammasida musiqa chalinar edi. Fitrat suhbat paytida har doim o‘zbek milliy madaniyatini barpo etish, aniqrog‘i, tiriltirish va mustaqil o‘zbek millatini yaratish masalasini ko‘tarib chiqardi. U o‘sha paytda bosmachilik harakatiga shubha bilan qarardi. U derdi: avval — madaniyat, keyin — mustaqillik; bosmachilar Rusiyaga qarshi hech narsa qila olmaydilar; bizning hozirgi vazifamiz millatni madaniy jihatdan tarbiyalashdir. Men o‘sha paytda aytilgan gaplarning aksariga tushunmaganman. Bilishimcha, o‘sha paytda madaniy o‘zbek millatini yaratish (qaysi yo‘l bilan ekanligini hali ham tasavvur etmayman), dinga qarshi kurash, yangi alifbo uchun kurash zarurligi qayta-qayta aytilgan.

1919 yil oxirida bo‘lsa kerak, turklar “chig‘atoy gurungchilar ” bilan kelishib olish uchun Haydar afandi va uning tarafdorlarini yubordilar. Ularning Fitrat va “Chig‘atoy gurungi “ning boshqa rahbarlari bilan nima haqda so‘zlashganlari menga qorong‘i, ammo bu muzokaradan hech narsa chiqmagan; natijada barcha panturkistlar o‘zaro birlashib, bizlarga qarshi shiddatli hujum boshlaganlar. Ular yangi imloni o‘rganish bo‘yicha Toshkentda ochgan kurslarimizni yopib, aholi o‘rtasida go‘yo dinga qarshi ish olib borayotganimiz haqida ovoza tarqatdilar. Bu so‘nggi tadbir ahvoli-mizni o‘sha zahoti yomonlashtirib yubordi va “Chig‘atoy gurungi ” chok-chokidan so‘kilib ketdi “.

Fitrat garchand Turkiyada ta’lim olgan va yosh turklar ta’sirida jadidchilik harakatiga kirib kelgan bo‘lsada, ikki daryo oralig‘ida yashagan xalkdarning turk tilidan mustaqil o‘zbek tilini, turk adabiyotidan mustaqil o‘zbek adabiyotini yangi tarixiy-madaniy sharoitda rivojlantirish lozimligini tushundi. Bu g‘oya o‘sha vaqtda Eski shahardagi sovet hokimiyatini o‘z ta’sir doirasiga olgan Munavvar qori va uning behisob maslakdoshlari uchun mutlaqo yot edi. Bunday qudratli kishilar bilan kurashda Fitratning va “Chig‘atoy gurungi”ning mag‘lubiyatga uchrashi tayin edi. Zeroki, bu ikki guruhni o‘zaro urishtirib qo‘yishdan manfaatdor bo‘lgan uchinchi bir kuch ham bor ediki, u o‘z mavqeini mustahkamlash uchun hech narsadan, hatto munofiqona harakatlardan ham toymas edi.

Fitratning “Chig‘atoy gurungi” rahbari sifatidagi so‘nggi ishi 1921 yil yanvarida o‘zbek tili va uning imlosini o‘rganish bo‘yicha birinchi o‘zbek o‘lka qurultoyini o‘tkazish va 1922 yilda “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamini chop etish bo‘ldi.

Fitrat qurultoyda yangi o‘zbek imlosi to‘g‘risida “Chig‘atoy gurungi” nomidan ma’ruza o‘qidi. Ashurali Zohiriy va sekin-asta sovetlar tomoniga o‘ta boshlagan Botu Fitratga qarshi so‘zga chiqdilar. Botu 20-yillarning avvalidayoq lotin yozuviga o‘tishni taklif qildi, lekin uning o‘sha davr uchun g‘o‘r taklifi hatto muhokama uchun qabul ham qilinmadi. Panislomizmning 20-yillardagi yirik arbobi Musa Begievning qurultoy ishida qatnashganligidan ruhlangan Toshkent ziyolilarining ruhoniy qismi “Chig‘atoy gurungi” taklif qilgan yangi imlo loyihasining qabul qilinishiga qattiq qarshilik ko‘rsatdi.

Munavvar qori guruhi bilan “Chig‘atoy gurungi” o‘rtasidagi kelishmovchilikning tub mohiyatini tushunish uchun yana Fitratning o‘ziga murojaat etaylik. U Boybo‘latovga yozgan ochiq xatida 1917—1918 yillarda Toshkentda ayniqsa kuchaygan turkparastlik kayfiyati to‘g‘risida so‘zlab, bunday degan: “…Turk tillarini, turk adabiyotini birlashtirish shiori ostida “Chig‘atoy gurungi “tashkil etildi. “Chig‘atoy gurungi “… o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida panturkist to‘dalarga va ularga berilgan o‘ng jadidlarga qarshi kurashdi “.

Demak, “Chig‘atoy gurungi”ni tuzishdan maqsad Toshkentdagi turkparast ziyolilar va asir turk zobitlari tufayli kuchayib borayotgan panturkizm g‘oyalariga zarba berish, o‘zbek tili va adabiyotining turk tili va adabiyotiga singib ketishiga qarshi kurashish edi. O‘zbek jadidlarining so‘l qanotidan tashkil topgan “Chig‘atoy gurungi” ana shu xayrli vazifani o‘z elkasiga olib, o‘zbek tilining sofligi uchun, yangi o‘zbek imlosini yaratish, xalqning ma’naviy va madaniy o‘sishiga yordam bera oluvchi yozuvchilarni etishtirish uchun fidokorona kurash olib bordi. Bu, nihoyatda qisqa umr ko‘rgan dastlabki adabiy uyushmaning katta tarixiy xizmati edi.

Botuning aytishicha, qurultoyning ruhoniy qismida Fitratni jismoniy jihatdan mahv etish fikri ham tug‘ildi. Buni sezgan Fitrat o‘z muxoliflariga qarshi diplomatlarcha munosabatda bo‘lib, “Avval — mustaqillik, so‘ng — birlashish”, degan shior bilan chiqishga majbur bo‘ldi.

Turkiy xalqlar adabiyotining ulkan bilimdoni bo‘lgan Fitrat o‘zbek tili va o‘zbek adabiyoti erishgan yutuqlar bilan haqli ravishda faxrlangan. U qurultoyda qilgan ma’ruzasida “Chig‘atoy adabiyoti turlicha shevali turk adabiyoti orasida eng yuksak, eng muhim o‘rinni tutgandir. Boshqa shevadagi turk adabiyoti orasida yuksak, yuqori, oliy bo‘lg‘onidan keyin chig‘atoy tilining ham turk tillari orasida yuksak, yuqori, oliy bo‘lg‘onlig‘in qabul etmak mutlaqo lozimdir ” degan fikrni bejiz olg‘a surmagan.

XX asr she’riyatida fikrning aniq, ifodaning xalqchil va lo‘nda bo‘lishligi lozimligini sezgan “Chig‘atoy gurungi” o‘zining dastlabki she’riy tajribalari bilan yangi o‘zbek she’riyatining tug‘ilishiga unumdor zamin yaratdi. “Gurung”ning til va adabiyot bobidagi izlanishlari ma’lum qusurlardan xoli bo‘lmasa-da, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Usmon Nosir she’riyatining maydonga kelishi uchun qutlug‘ zamin bo‘lib xizmat etdi.

Afsuski, 20-yillar avvalida avj olgan adabiy kurash yosh sovetlar mamlakatida joriy etila boshlagan adabiy siyosat natijasida “Chig‘atoy gurungi” 1922 yili o‘z faoliyatiga nuqta qo‘yishga majbur bo‘ldi. Lekin bugun, oradan 85 yil kechganiga va turli mafkuraviy shamollar esib o‘tganiga qaramay, Fitrat asos solgan “Chig‘atoy gurungi”ning to‘g‘ri yo‘lni tanlab, o‘zbek tili va adabiyotini, demak, o‘zbek xalqini mustaqillik xiyobonidan olib borishga intilgani bizda mamnuniyat hislarini uyg‘otadi.

“Gurung” qatnashchilari o‘zbek tili va adabiyotining faqat umumiy masalalari bilangina cheklanib qolmay, adabiy jarayonni ham sinchkovlik bilan kuzatdilar. Shu ma’noda ularning “Farg‘ona fojialari” asariga munosabati bir muncha ibratli. “Farg‘ona fojialari” Hamzaning bizga etib kelmagan ko‘p qismli p’esasi bo‘lib, “gurung”ning unga munosabati salbiy bo‘lgan. Cho‘lponning aytishicha, 1919—1920 yillarda Farg‘onada to‘kilgan qonlar nafaqat Toshkent va Samarqand, balki Moskva va Leningradga qadar etib borgan. Ammo bu voqealar nihoyatda murakkab bo‘lganiga qaramay, Hamza o‘z asarini shoshma-shosharlik bilan yozgan va uning mohiyatini to‘g‘ri ocha bilmagan. “Chig‘atoy gurungi” esa o‘z majlislarida bunday asarlarni muhokama qilib, yangi adabiyotning shakllanish yo‘lidagi qusurlarni bartaraf etishga harakat qilgan.

“Gurung” a’zolari 1922 yili “O‘zbek yosh shoirlari” degan she’riy to‘plamni chop etdilar. To‘plamdan Fitrat, Cho‘lpon, Botuning she’rlari joy olgan edi. Bu she’rlar orasida Fitratning “Mirrix yulduziga”, “Shoir”, “Sharq”, Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” singari asarlari ham bo‘lib, ularda mazkur shoirlarning Farg‘ona vodiysidagi voqealardan junbishga kelgan qalblari hamon fig‘on qilib turardi.

Mazkur to‘plam e’lon qilingandan keyin Farg‘ona ahlining tinchini buzgan qo‘llar 1922 yili “Chig‘atoy gurungi”ning faoliyatiga ham chek qo‘ydilar va “gurung” mustaqillik oftobi chiqquniga qadar qoralanib kelindi. Tarixdan bexabar kishilar “gurung”ni “panturkizm” g‘oyalarini targ‘ib qilishda, o‘zbek madaniyati bayrog‘ini turklar qo‘liga berib qo‘yishda aybladilar. Holbuki, Fitrat va uning maslakdoshlari bu masalada mutlaqo boshqa fikrda edilar.

Sovet hokimiyati “Chig‘atoy gurungi”ning tashkil topishiga ruxsat berganida, siyosatga aralashmaslik shartini qo‘ygan edi. Fitrat va uning birodarlari shu shartga qanchalik amal qilmasinlar, ularning o‘zbek tilini chet ta’sirdan muhofaza qilish, mumtoz adabiyot va xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plash va o‘rganish, yangi o‘zbek adabiyotining estetik go‘zalligini sakdash hamda hayotni to‘g‘ri aks ettirishga qaratilgan ishlari kundan-kunga noto‘g‘ri baholana boshladi. Shuning uchun ham “Chig‘atoy gurungi” nomatlub adabiy uyushma sifatida tarqatilib yuborildi.

“Nashri maorif”. Dunyoqarashi 1917 yilga qadar shakllangan va shu davrda ma’rifat sohasida jonbozlik ko‘rsatgan ziyolilar “Chig‘atoy gurungi” tarqatilganidan keyin ham xalqni maorif va madaniyat mevalaridan bahramand etib borishni vijdoniy burchlari, deb bildilar. 1922 yilning so‘nggi kunlarida navbatdagi norasmiy yig‘inlariga to‘plangan toshkentlik ziyolilar “Nashri maorif” nomli yangi jamiyatni tashkil etishga qaror qildilar. Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan tuzilgan bu jamiyatning ta’sischilari esa quyidagilar edi: Umarxon Akramxonov, Mannon Ramziy, Saidnosir Mirjalilov, Tolibjon Musaboev, Shokirjon Rahimiy, Muhammad Usmonov, Xolmuhammad Oxunov, Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon) va Hamidullaxon Orifxonov. 1923 yil 1 yanvarida “Turkiston” gazetasida ana shu ta’sischilardan tarkib topgan ijroiya guruhining Turkiston respublikasidagi maorif xodimlariga murojaati e’lon qilinadi. Bu murojaatda ta’sischilar jamiyatning maqsad va vazifalarini tushuntiribgina qolmay, unga a’zo bo‘lib kirishni ham maorif va madaniyat xodimlaridan iltimos qilgan edilar.

Agar shu murojaatni “Nashri maorif” jamiyatining ilk qadami sifatida qabul qilsak, uning vujudga kelish sanasi 1922 yil dekabrining so‘nggi kunlari bo‘ladi. Toshkentdagi Eski shahar xalq maorif sho‘’basi qoshida qad ko‘targan jamiyat tez orada qanot yozib, respublikamizning boshqa qator viloyatlarida ham o‘z bo‘limlarini tashkil etdi. Jamiyatning Toshkent shahridagi bo‘limi hay’ati esa quyidagi maorif va madaniyat fidoyilaridan tarkib topdi: Shokirjon Rahimiy (rais), Munavvar qori Abdurashidxonov (rais o‘rinbosari), Mirkomil Aliev (kotib), Saidnosir Mirjalilov (xazinachi), Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon), Xolmuhammad Oxunov, Tolibjon Musaboev, Zufar Nosiriy, Abdulla Avloniy, Salimxon Tillaxonov va boshqalar. Bu tilga olingan ziyolilardan tashqari, jamiyatning Toshkent bo‘limi faoliyatida Mannon Ramziy, Elbek, Shohid Eson kabi siymolar ham yaqindan ishtirok etdilar.

XX asrning 10 — 20-yillarida Toshkentdagi ma’rifatparvarlik harakatining boshida xalqimizning ulug‘ farzandlaridan biri Munavvar qori Abdurashidxonov turgan. Bu davrda qanday ijtimoiy-siyosiy va madaniy tadbir amalga oshirilgan bo‘lmasin, ularning aksari Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan maydonga kelgan. “Nashri maorif” jamiyati ham dastavval uning xayolida tug‘ilgan. Ammo Toshkent aholisi o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan bu siymo dastlab “oq”, keyin “qizil” ta’qib ostida yashagani uchun, jamiyat manfaatidan kelib chiqib, rasmiy raislik qilish huquqini boshqalarga bergan. Shunga qaramay, u “Nashri maorif”ning faoliyatida asosiy rollardan birini o‘ynagan. Munavvar qori bilan kelishuvga muvofiq, Shokirjon Rahimiy “To‘rkiston” gazetasining 13 fevral sonida “Nashri maorif” nima?, Munavvar qorining o‘zi esa shu gazetaning 4 mart sonida “”Nashri maorif” uyushmasining ahamiyati”” degan maqolalarini e’lon qilishgan. Jamiyat faollaridan yana biri Usmonxon Eshonxo‘jaev ham bu “bahs”dan chetda qolmay, shu gazetaning 28 aprel’ sonida “Yana “Nashri maorif” to‘g‘risida” degan maqola bilan chiqib, uyushmaning maorif xodimlari o‘rtasida mashhur bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Jamiyat raisi Sh.Rahimiy va kotibi M.Aliev imzolari bilan, shuningdek, muhr bilan tasdikdangan nizomga ko‘ra, jamiyatning asosiy maqsadi: a) o‘zbek adabiy tili, atama-shunosligi va imlosi masalalarini ishlash; b) milliy san’at to‘g‘risidagi bilimni o‘rganish va tarqatish; v) o‘zbek xalqining tarixi va maishiy hayotini o‘rganish; g) o‘zbek maktablaridagi ta’lim va tarbiya masalalarini yo‘lga qo‘yish; d) o‘zbek xalq ta’limi xodimlari va san’at arboblariga yordam ko‘rsatish; e) Turkiston, Rossiya va xorijdagi oliy hamda quyi maktablardagi o‘zbek o‘quvchilari sonini oshirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish; j) aholi o‘rtasida mavjud bo‘lgan o‘tmish sarqitlari va fanatizmga qarshi kurash yo‘li bilan o‘zbek xalqini madaniy jihatdan o‘stirish edi.

Jamiyat ana shu vazifalarni hal qilish uchun:

a) munozaralar, suhbatlar va ma’ruzalarni tashkil etish;

b) ekspeditsiya va ekskursiyalarni uyushtirish;

v) ko‘rgazmalar ochish;

g)    muvaqqat va nomuvaqqat nashrlarni bosmadan chiqarish;

d)    kitoblar, qo‘lyozmalar, osori atiqa va san’at asarlarini to‘plash hamda tarqatish;

e) tanlovlar o‘tkazish hamda ilmiy ishlar va san’at asarlari uchun mukofotlar belgilash;

j) o‘zbek maktablari uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kurslar ochish;

z) muvaqqat va nomuvaqqat nashrlar uchun o‘zbek tarjimonlari, musahhihlari va xodimlaridan iborat byuroni tashkil etish;

i) o‘zbek stenografiyasini yaratish hamda hukumat idoralari hamda jamoat tashkilotlaridan madad so‘rash huquqiga ega edi.

Turkiston muxtoriyati tutatilgandan so‘ng o‘lkada avj olgan siyosiy ta’qib shu davrda bir oz yumshagan, Moskvada esa Leninning xastaligi tufayli proletariat inqilobining kemasi xiyla qalqib-qalqib ketayotgan edi. Buni sezgan ziyolilar yaqin orada mamlakatning siyosiy hayotida jiddiy o‘zgarish ro‘y berishi mumkinligini va hozirgi nomo’tadil vaziyatdan foydalanish lozimligini tushundilar.

Ularning yana bir maqsadi xalq o‘rtasidagi boshboshdoqlikka, lastavval, ziyolilar o‘rtasidagi guruhbozlikka chek qo‘yish, u yoki bu guruhga yopishtirilgan “qadim”, yo “jadid”, yo “ulamo” yorliqlarini olib tashlash edi. Ular Fevral’ inqilobidan keyin boy berilgan imkoniyatlarni qayta chamalab ko‘rib, asosiy xato ziyolilar va umuman xalqning noittifoqligida ekanligini e’tirof etdilar. Shuning uchun ham ular, modomiki, xalqimiz islom dinining kuchli ta’sirida ekan, demak, biz Mahkamai shar’iya bilan hamkorlikda ish olib borishimiz, xalqimiz musulmon xalqi ekanligini doimo yodda tutishimiz lozim, degan qarorga keldilar.

Chor oxrankasi ham, har qanday yangilikdan cho‘chigan amaldorlaru ruhoniylar ham jadidchilik harakatining kamol topishiga to‘g‘anoq bo‘ldilar. Shuning natijasida jadidlar ma’lum darajada xalkdan uzilgan edilar. Ta’sischilar jadidchilik harakatining ana shu nuqsonini inobatga olib, “Nashri maorif”ni tobora xalq ichiga yaqinlashtirish choralarini axtardilar. Shu maqsadda ular, masalan, Eski shahardagi musulmonlar o‘rtasida maorif va madaniyat ishlarini olib borar ekanlar, qariyb barcha mahallalarda “gap”lar tashkil etdilar va bu “gap”larda maorif ishlari bilangina cheklanib qolmay, kishilarning siyosiy ongi va milliy g‘ururini oshiruvchi fikrlarni ham o‘rtaga tashladilar.

Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) e’lon qilingach, Toshkent-da 1-Turkiston shirkati tuzildi. Ma’rifatparvar Saidnosir Mirjalilov tashabbusi bilan maydonga kelgan bu shirkat garchand savdo-sanoat jamiyati deb hisoblangan bo‘lsa-da, u amalda toshkentlik ilg‘or yoshlarning uchrashishi va fikrlashishi mumkin bo‘lgan markaz ham edi. “Nashri maorif” tashkil etgan “gap”larning aksar qatnashchilari ham shu yoshlar bo‘ldi. Jamiyat rahbarlari o‘z g‘oya va maslaklarini ana shu yoshlar orqali tarqatish, ularni uyushma hisobiga xorijga o‘qishga yuborish yo‘li bilan yangi ma’rifatli avlodni tarbiyalash vazifasini o‘z oldilariga qo‘ydilar. Ular baxtiga, shu davrda shirkat qoshida xuddi shu masala bilan shug‘ullanuvchi “Ko‘mak” jamiyati ham faoliyat ko‘rsata boshlagan edi.

Shu tarzda jamiyat, birinchidan, “Nashri maorif” nomida Toshkent, Buxoro va boshqa shaharlarda chop etilgan muvaqqat nashrlari, ikkinchidan, “gap”lari orqali, ayniqsa, musulmon o‘qituvchilari va o‘quvchi yoshlari o‘rtasida katta tarbiyaviy-ma’rifiy ishlarni olib bordi; uchinchidan, “Ko‘mak”ni o‘z ixtiyoriga jalb etib, Rossiya, Turkiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarga o‘qishga yuborilajak yoshlar bilan bog‘liq muammolarni ham o‘z zimmasiga oldi.

Jamiyatning barcha a’zolari uchun (faxriy a’zolardan tashqari) kirish badali yarim pud bug‘doy bo‘lgan. Jamiyat mablag‘i a’zolik badallari, ionalari, davlat va jamoat muassasalaridan olinadigan yordam, nashrlar, pulli ma’ruzalar, spektakllar, sayillar va boshqa tadbirlardan tushgan daromad asosida to‘plangan. Bu mablag‘, o‘z navbatida, muvaqqat nashrlar, maktablarning o‘quv-metodik ehtiyojlari, xorijga o‘qishga yuborilayotgan yo yuborilgan talabalar o‘rtasida taqsimlangan.

Jamiyatning 1923 yildagi faoliyati, ayniqsa, samarali bo‘ldi. Jamiyat bir yil ichida oyoqqa turibgina qolmay, turli nashrlarni amalga oshirdi. Jamiyatning viloyat bo‘limlari ham orqada qolmadi. Afsuski, biz turli kutubxonalarda saqlanib qolgan jamiyatning jurnal va nashrlarini hali to‘plab o‘rganib chiqqanimizcha yo‘q. Bu — kelajakning ishi. Ammo hozirning o‘zidayoq shu narsa aniqki, “Nashri maorif” qisqa faoliyati mobaynida xalq maorif va madaniyatini ko‘tarish bo‘yicha ko‘pgina xayrli ishlarni amalga oshirdi. U olib borgan xayrli ishlarning asosiy nishabi esa istiqlol sari — elu yurtimizni milliy mustaqillikka olib chiqishga qaratilgan edi.

Jamiyat faollaridan biri Salimxon Tillaxonov o‘z maslakdoshlari bilan suhbatda bunday degan ekan: “Biz shu paytga qadar burchak-burchaklarda yashirinib ishlab kelgan edik, endilikda oshkora ishlash payti keldi. Shuning uchun ham g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shishimiz kerak”. Shokirjon Rahimiy esa Munavvar qori bilan suhbatlashar ekan, bunday so‘zlarni aytgan: “Agar jamiyatimiz biz xohlagan yo‘nalishda yaxshi ishlarni olib borsa, xudo xohlasa, tez orada ajnabiy xalqlarning ta’siridan qutulib qolamiz “.

Bunday nekbin kayfiyatga berilgan jamiyat a’zolari 1924 yilning yanvarida uyushma faoliyatini yanada jonlantirish istagida hay’at tarkibini qayta sayladilar. Munavvar qori jamiyatga rais, G‘ozi Olim Yunusov esa kotib etib saylandi.

30 yanvar’ kuni “Nashri maorif” va “Ko‘mak” jamiyatlari rahbarlari kengashi bo‘lib o‘tdi va unda har ikkala jamiyatni birlashtirish masalasi o‘rtaga tashlandi. Ammo shu payt, kutilmaganda, Shokir Rahimiy “Nashri maorif” jamiyatini tarqatib yuborish haqidagi taklifni o‘rtaga tashladi. Va uning taklifi ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi.

Sovetlar mamlakati shu vaqtda o‘z hayotining og‘ir bir davriga qadam qo‘ygan edi. Leninizm “tugab”, stalinizm boshlanganini ko‘rgan maorifchilar shu davrning xosiyatsiz bo‘lishini Stalinning maqbara oldidagi qasamlaridan aniq sezgan edilar.

“Qizil qalam”. 1923 yilda “Adabiy-badiiy to‘garak” degan Yo‘qsil (proletar) yozuvchilar uyushmasi tuzildi. Bu uyushma hozir San’at muzeyi joylashgan va o‘sha yillarda Kafanov nomidagi Ishchilar klubiga qarashli binoda o‘z faoliyatini boshladi. O‘sha yillarda o‘zbek adabiyotiga kirib kelgan yo‘qsil shoir va yozuvchilar shu to‘garakning a’zosi bo‘lganlar. Lekin bu to‘garak o‘z atrofiga yo‘qsil adabiyot vakillarini to‘plash va tarbiyalashga qaratilgan vazifasini, ijodiy nochorligi orqasida, bajara olmadi va biror amaliy natijaga erishmadi. Shu sababdan uning a’zolari tez orada parokanda bo‘lib ketdilar.

1926 yili esa Samarqandda “Qizil qalam” jamiyatiga asos solindi. Shokir Sulaymon rahbarlik qilgan bu jamiyatda Otajon Hoshim, Botu, Ziyo Said, Sotti Husayn, Anqaboy, Oltoy bilan birga yangi etishib kelayotgan Uyg‘un, Hamid Olimjon, Mirtemir, Oydin singari yosh qalamkashlar ham bor edi. O‘sha yilning oxirlarida jamiyatning Farg‘ona va Namangan viloyat bo‘limlari ham tashkil etildi. Jamiyatning asosiy maqsadi O‘zbekistonda barpo etilayotgan sotsialistik tuzumga xayrixoh yozuvchilarni to‘plash va tarbiya qilish edi. Lekin “Qizil qalam” a’zolari orasida, bir tomondan, katta avlod vakillari, ikkinchi tomondan, yoshlar bo‘lgani va ular, dunyoqarashlariga ko‘ra, farqlangani uchun jamiyat yig‘ilishlarida o‘zaro qizg‘in bahs va munozaralar tez-tez bo‘lib turdi. Bu munozaralar 1928 yilda, “Qizil qalam” majmuasining birinchi kitobi chop etilganidan keyin, ayniqsa, avj olib, keksa va yosh a’zolar o‘rtasida jiddiy ixtilof yuzaga keldi. Bu ixtilof hatto ja¬miyatning ma’lum muddatga tarqalib ketishiga ham sabab bo‘ldi.

Ixtilof tufayli paydo bo‘lgan qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng “Qizil qalam” 1928 yili yana o‘z faoliyatini davom ettirdi. 1929 yilda esa jamiyatning boshqaruv organi qayta ko‘rilib, Ziyo Said uning rahbari etib saylandi. Shu yili jamiyatning ikkinchi majmuasi nashrdan chikdi.

Sovet hokimiyati “Qizil qalam” orqali yozuvchilarni O‘zbekistondagi sotsialistik qurilish mavzuiga bag‘ishlangan, shuningdek, SSSRning paxta mustaqilligiga erishishi uchun qishloq ahlini “qahramonona mehnat”ga safarbar etuvchi asarlar yozishga rag‘batlantirdi. Bunday asarlar paydo bo‘lishi bilanoq ular yangi o‘zbek adabiyotining ajoyib namunalari sifatida baholandi. Shu tarzda yalang‘och g‘oyalar ifodalangan dolzarb mavzulardagi asarlar oqimi vujudga kela boshladi.

“Qizil qalam” O‘zbekistonning bir necha viloyatlarida o‘z bo‘limlarini ochish va ular hayotini jonlantirish ustida qayg‘uribgina qolmay, Ozarbayjon va Tataristondagi adabiy tashkilotlar bilan ham yaqin aloqa o‘rnatdi.

“Yosh leninchi” gazetasi qoshidagi to‘garak. Shu yillarda “Qizil qalam” jamiyati bilan birga ba’zi gazetalar va oliy o‘quv yurtlari qoshida ham adabiy to‘taraklar tashkil etilib, ular yosh qalam ahlini tarbiyalash ishlari bilan shug‘ullandi. Shunday to‘garaklardan biri Toshkentda, “Yosh leninchi” gazetasi qoshida tuzildi. “Yosh proletar adibshoirlari” deb nomlangan bu to‘garak gazetaning yangi muharriri Sotti Husayn tashabbusi bilan 1927 yilda tashkil topdi.

Sotti Husayn gazetada o‘z she’rlari, hikoya va ocherklari bilan qatnashgan yosh ijodkorlarni to‘plab, ularning dastlabki asarlarini to‘garak muhokamasiga qo‘ydi, epaqali asarlar ustida mualliflar bilan birga ishlab, so‘ng gazetada e’lon qilib bordi. Bundan ilhomlangan yoshlar to‘garak atrofida yanada jipslashib, dastlabki adabiy saboqlarni shu erda oldilar.

To‘tarak qatnashchilaridan biri – Mirtemirning “Shu’lalar qo‘inida” (1928) deb nomlangan dastlabki to‘plami o‘sha davrda katta voqea bo‘ldi. Bu to‘plamdan joy olgan aksar she’rlar shu to‘garakda muhokama qilinib, sayqallangan edi. Mazkur to‘plamga kirish so‘zi yozgan Sotti Husayn iste’dodli yosh shoir tug‘ilganidan g‘oyat mamnun bo‘lib, uning adabiy kelajagiga katta umid bildirgan edi. Bu, o‘sha paytda Mirtemirga nisbatan uch-to‘rt ko‘ylakni ortiq kiygan ayrim qalamkashlarning g‘ashini keltiradi. Ular Mirtemirga qarshi maqolalar bilan chiqib, siyosiy idoralar e’tiborini uning kelib chiqishiga jalb etmoqchi bo‘ladilar. Bunday oshkora g‘arazgo‘ylik va hasad yosh shoirni mayib qilishi mumkinligini sezgan murabbiy uni o‘z panohiga oladi. U faqat Mirtemirni emas, boshqa yoshlarning adabiy kelajagi haqida ham qayg‘urib, 1929 yidda to‘garak a’zolarining asarlaridan tarkib topgan “Ko‘rmana” to‘plamini bostirib chiqaradi. Bu to‘plamdan Mirtemir, Yashin, Sobir Abdulla, Ergash, Hasan Po‘lat, Yunus Latif va boshqa shoirlarning she’rlari o‘rin olgan edi.

Mirtemir Sotti Husayn to‘g‘risidagi xotiralarida o‘sha davrni eslab, bunday yozgan: “Sotti Husayn tashabbusi bilan qalamkashlarning “Ko‘rmana ” sarlavhali to‘plami yorug‘lik ko‘rgani ham katta hodisa bo‘lgani yodimda. “Hozirgi voqelik badiiy asar uchun ilhom berishdan ojiz!” deb ayyuhannos solganga bu to‘plam: “Ko‘r, mana!” ma’nosida bo‘lganligini Sotti Husayn faxr bilan adabiy yig‘inlarda takrorlagani esimda “.

Sotti Husayn markschi munaqqid bo‘lgani uchun to‘garak a’zolarida marksizm-leninizm ta’limotiga nisbatan hurmat tuyg‘usini singdirish, ularni sovet davri mavzularida asarlar yozishga rag‘batlantirishga urindi. O‘zining markscha-lenincha qarashlariga haddan ziyod ishongan munaqqid hatto bir turkum maqolalar yozib, o‘zbek adabiyotining “O‘tgan kunlar”dek buyuk asarini chilparchin qilib tashlamoqchi ham bo‘ldi. Ammo u to‘tarak rahbari sifatida shu yillarda ko‘plab shoirlarning shakllanishida muayyan rolni o‘ynadi.

Proletar yozuvchilari uyushmalari. 1923 yil martida bo‘lib o‘tgan Moskva proletar yozuvchilarining 1-qurultoyida Moskva proletar yozuvchilari uyushmasi — MAPPga asos solinadi. Va o‘sha yilning may oyida MAPP tashkilotchilari Butunittifoq proletar yozuvchilari uyushmasi (VAPP) ni tashkil etishga qaror qiladilar. Bu har ikkala uyushmani tuzishdan maqsad adabiyotga rahbarlik qilish huquqini partiyaga berish va shu yo‘l bilan proletar adabiyotini yaratishda ishtirok etmagan yozuvchilarni partiya yordamida chetlashtirish edi. Ularning asosiy shiorlari esa adabiy merosni o‘rganishga chek qo‘yish, yo‘qsil yozuvchilar qarshisida keng ijodiy maydon va sharoitni yaratish, “yo‘lovchi” yozuvchilarni adabiyotdan chetlashtirish orqali “burjua mafkurasi”ning jonlanishiga imkon bermaslik edi.

Afsuski, bunday qarashlar O‘zbekistonda tug‘ilib kelayotgan yo‘qsil yozuvchilarga ham begona emas edi. Ular 1924 yil iyunida yuqorida zikr etilgan Kafanov nomidagi Ishchilar klubida ta’sis yig‘ilishini o‘tkazib, VAPPning Toshkent bo‘limi (TAPP) ni ochishga qaror qildilar. Shundan keyin TAPP mutasaddilari MAPP va LAPP bilan aloqa o‘rnatib, proletar adabiyotining ahvoli va vazifalariga bag‘ishlangan kechalar o‘tkazdilar, ma’ruzalar qildilar.

1928 yil aprelida TAPP zamirida O‘rta Osiyo proletar yozuvchilari uyushmasi (SAPP) tashkil etildi. O‘z navbatida bu uyushmaning O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘limlari tuzilib, ular bu o‘lkalarda proletar adabiyotining keng qanot yozishi uchun turli-tuman tadbirlarni amalga oshirdilar. Uyushma qoshida rus tilida “O‘rta Osiyo adabiyoti” gazetasi va “O‘rta Osiyo xalqlarining sovet adabiyoti” jurnali nashr etila boshladi.

1928 yilning aprel’-may oylarida Moskvada Proletar yozuvchilarining 1-Butunittifoq qurultoyi o‘tkazilib, unda VAPPni Proletar yozuvchilari uyushmasining butunittifoq birlashmasi (VOAPP)ga aylantirish hamda Rossiya proletar yozuvchilar uyushmasi (RAPP)ni tuzish haqidagi qarorga kelindi. Shu vaqtdan e’tiboran VAPP o‘z mavqeini yo‘qotib, proletar adabiyotiga rahbarlik jilovi RAPP qo‘liga o‘tdi. RAPPchilar o‘z qarorlarini qabul qilmagan barcha yozuvchilarga qarshi kurashib, ularga “yo‘lovchi” yorlig‘ini yopishtira boshladilar. Ular hatto M.Gor’kiy va V.Mayakovskiyni ham “yo‘lovchi yozuvchilar”, deb e’lon qildilar.

RAPPning butunittifoq proletar adabiyotidagi kundankunga oshib borayotgan mavqeini ko‘rgan respublika rahbariyati 1930 yilda “Qizil qalam” jamiyatini tugatib, O‘zbekiston proletar yozuvchilar uyushmasi (O‘zAPP) ga poydevor qo‘ydi. Umarjon Ismoilov bu yangi tashkilotning rahbari etib tayinlandi. Shu vaqtdan boshlab RAPPning O‘zbekistondagi izdoshlari rus og‘alarining har bir harakatidan ibrat olib, zavod va fabrikalardagi “ijodiy kuchlar”dan proletar yozuvchilarni etishtirishga kirishdilar. “Sel’mash” singari zavod va fabrikalar qoshida ishchilar uchun adabiy to‘garaklar tashkil etildi. O‘zAPP o‘z saflaridagi ayrim yoshlarni “hayot maktabi”ni o‘tash uchun bu zavod va fabrikalarga ishga yubordi. “Qizil qalam”ning g‘oyaviy xatolarini tuzatish bahonasi bilan adabiy merosni o‘rga-nishga qarshi kurash boshlandi. Proletar yozuvchilari 1-butunittifoq qurultoyining delegati bo‘lgan o‘zbek yozuvchi va tanqidchilari o‘z hamkasblarini turli guruhlarga ajratib, “yo‘lovchilar”ni har tomonlama siquv va ta’qib ostiga ola boshladilar.

Shu yillarda O‘zAPPning mafkuraviy rahbarlaridan biri bo‘lgan Sotti Husayn dastur ahamiyatiga ega bo‘lgan bir maqolasida qalamkash birodarlarini guruh-guruhlarga ajratib, bunday yozgan edi:

“…Endi yo‘lovchilarning kimligini bilib qo‘yaylik.

Yo‘lovchini belgilaganda, uning tabaqalarga bo‘linishini ko‘zda tutishimiz lozim. Yo‘lovchilarni ajratishda hozircha faqat mafkuraviy yoqdan qaraymiz, hozirgi adabiyotimizda o‘ng burilishdagi yo‘lovchi Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpondir. Abdulla Qodiriy o‘ngchilikdan bir muncha qaytib kelmakdadir.

Fitrat, Cho‘lponlar inqilob boshida o‘ta o‘ng edilar. Keyin-keyin milliy boylar tomoni engilishi bilan so‘nib qoldilar. So‘nishlari tabiiy edi. Ularga bir chora inqilob bilan birga borib, yozuvchilikda kuchlanish bo‘lsa, ikkinchi chora butunlay so‘nishdir…

Shokir Sulaymon, Elbek, Oybek, N.Rahimiy so‘llashmakda bo‘lgan yozuvchilardir. Bular ichidan Shokir Sulaymon mafkuraviy yoqdan o‘sib, so‘llashib kelmoqda “.

RAPP bilan O‘zAPPning shu yillardagi faoliyatini o‘zaro qiyoslasak, ajabtovur bir manzarani ko‘ramiz. Agar RAPPchilar nafaqat M.Gor’kiy va V.Mayakovskiy, balki A.Tolstoy, S.Esenin, S.Sergeev-Tsenskiy, I.Erenburg, L.Leonov, K.Fedin va boshqa rus yozuvchilariga ham shubha bilan qaragan bo‘lsalar, O‘zAPPchilar ham shu davrdagi barcha eng iste’dodli yozuvchilarni badnom etmoqchi bo‘ldilar. Fitrat va Cho‘lponlarga qarshi 20-yillarning o‘rtalarida matbuotda boshlangan kurash ularni adabiyotdan siqib chiqarish bilan tugadi. O‘zAPPchilar ular qarshisida matbuot va nashriyot eshiklarini yopib qo‘ydilar. Nafaqat bu ulug‘ yozuvchilar, balki adabiyotda o‘ziga endigina o‘rin hozirlayotgan yoshlar sha’niga ham bo‘lmag‘ur gaplarni aytdilar. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1928 yil 5 iyul’ sonida bosilgan maqola muallifi Oybekka murojaat etib: “…asarlaringizdagi mafkurani leninchi komsomol nomiga javob beradigan vaziyatga keltirsangiz, sizga – najot, bo‘lmasa – halokat ” — deb yozdi. Elbek esa “yo‘ldan ozgan murtad ” deb ataldi. Oddiy insoniy madaniyatni unutgan O‘zAPPchilarning “fikr afkori” – “Qurilish” jurnali esa Navoiy, Mashrab, Turdi, Muqimiy va boshqa mumtoz adabiyotimiz namoyandalarini “hozirgi zamon kemasi”dan uloqtirib tashlashga chaqirdi.

O‘zAPPning shu yillarda olib borgan amaliy faoliyati haqida quyidagi faktlar ham aniq tasavvur berishi mumkin: “Qurilish” jurnalining 1931 yil 3-sonida berilgan ma’lumotda aytilishicha, Husayn Shams O‘zAPP topshirig‘iga ko‘ra “Ishchilar kutubxonasi” uchun 12 ta asar yozib bergan; hozir esa “Kolxoz kutubxonasi” uchun 3 ta asar yozmoqda. Agar bunday xabarlarning shu yillarda Cho‘lpon va Oybeklarga qarshi olib borilgan harakat bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, O‘zAPP faoliyatidagi g‘ayrimadaniy holat ko‘zga yanada yaqqolroq tashlanishi mumkin.

Shu narsa ajablanarliki, agar biz 30-yillar adabiyotiga nazar tashlasak, uning eng yaxshi namunalarini na Husayn Shams singari O‘zAPP ishonchini qozongan yozuvchilar, na zavod va fabrikalardan adabiyotga “kirib kelgan” G‘iyos Soatiy, Fatxulla G‘ulom, Solih Sobiriy, Hoshim Zohidov singari qalamkashlar, balki “o‘ng va so‘l yo‘lovchilar” yozganini ko‘ramiz. Qizig‘i shundaki, rus adabiyotida ham peshonasiga “yo‘lovchi” tamg‘asi bosilgan yozuvchilargina shu davrdagi eng mashhur asarlarni yaratganlar.

Shu tarzda proletar adabiyotini yaratishga qaratilgan urinish pirovardida sarob bo‘lib chikdi; proletar yozuvchilari uyushmalarining faoliyati esa adabiyotga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi.

Yozuvchilar uyushmasi. 30-yillarning boshlariga kelib, sobiq ittifoq, respublika va hatto viloyat miqyosidagi proletar yozuvchilari uyushmalarining adabiy harakatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani kundek ravshan bo‘ldi. Partiya, bir tomondan, o‘z maqsadiga erishdi: yaxshimi-yomonmi, talaygina proletar yozuvchilari etishib chiqdi; zavod va fabrikalarning dudini ozmi-ko‘pmi simirgan qalamkashlar ham paydo bo‘ldilar; partiya bu ikki kuchning yordami bilan “burjua kayfiyati”dagi iste’dodli adiblarni jilovlab oldi. Lekin, ikkinchi tomondan, turli mavqedagi uyushmalar hatto bir-birlari bilan ham raqobatlashadigan, bir-birlarining burunlarini qonatadigan guruhlarga aylanib qoldilar. Shuning uchun ham VKP(b) Markazkomi 1932 yil 23 aprelda “Adabiy-badiiy tashkilotlarni qayta qurish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bu qarorga muvofiq proletar yozuvchilari uyushmalari tarqatilib, sovet hokimiyatini qo‘llab-quvvatlovchi barcha qalam ahlini sovet yozuvchilarining yagona uyushmasiga birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

9 may kuni VKP(b) MKning O‘rta Osiyo byurosi mazkur qarorga asoslanib, “O‘rta Osiyoda adabiy-badiiy tashkilotlarni qayta tuzish haqida” qaror qabul qildi. 16 iyunda Toshkent shahar sovet yozuvchilarining Samarqand shahar yozuvchilari vakillari bilan birgalikdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosining mazkur qarorini muhokama qilishga bag‘ishlandi. “O‘rta Osiyo sovet adabiyoti” jurnali muharriri Alekseevning kirish so‘zidan keyin Sadriddin Ayniyning yig‘ilish nomiga yozgan “adabiy kombinatlar”ni yoqlagan xati o‘qib eshittirildi: munaqqid Rahmat Majidiy VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi qarori munosabati bilan sovet yozuvchilari tashkiloti oldida turgan vazifalar to‘g‘risida ma’ruza qildi. Ushbu ma’ruza yuzasidan bo‘lib o‘tgan muhokamada so‘zga chiqqan notiqlar byuro qarorini qo‘llab-quvvatladilar. Yig‘ilish so‘ngida Sovet yozuvchilari ittifoqining Rahmat Majidiy raisligidagi tashkiliy komiteti saylandi. Komitetga Oydin (kotib), Ziyo Said, Golodovich, Hamid Olimjon, M.Usmonov, M.Alekseev, Elbek, Anqaboy, G‘afur G‘ulom va Z.Fatxullin a’zo qilib saylandilar

Shundan keyin yangi adabiy uyushma ta’sis etilgunga qadar O‘zAPP muassisligida nashr etib kelingan “Qurilish” jurnali to‘xtatilib, uning o‘rniga iyun’-iyul’ oylaridan boshlab “O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti” jurnali (muharriri R. Majidiy) chiqarila boshladi.

Shu yilning avgust oyida Moskvada Sovet yozuvchilari uyushmasining M.Gor’kiy raisligida butunittifoq tashkiliy komiteti tuzildi. 50 kishidan iborat bu komitetga O‘zbekistondan M.Alekseev, R.Majidiy, U.Ismoilov, G‘afur G‘ulom, Oydin va Sadriddin Ayniylar kiritildi.

1933 yil 22 fevralda VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi kotibiyati O‘rta Osiyo yozuvchilar uyushmasining tashkiliy komitetini tuzish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu qarorga binoan komitetga M.Alekseev — rais, Qosim Lohutiy — rais o‘rinbosari, R.Majidiy, S.Tregub, Toshnazarov va A.Toqomboevlar rayosat a’zolari qilib saylandilar.

Sovet yozuvchilari uyushmasining butunittifoq, O‘rta Osiyo va O‘zbekiston tashkiliy komitetlari tinimsiz ravishda turli plenum, yig‘ilish va munozaralar o‘tkazib turdi. Ammo SSSR Yozuvchilar uyushmasining nizomi va tuzilmasi ustida olib borilgan ishlar o‘z vaqtida tutallanmaganligi sababli bu tashkiliy komitetlarning faoliyati uzoq davom etdi.

Nihoyat, 1934 yilning 7 mart kuni O‘zbekiston sovet yozuvchilarining I qurultoyi o‘z ishini boshladi. Tashkiliy komitet raisi R.Majidiy O‘zbekistondagi adabiy harakatni qaytadan qurish yakunlari va galdagi vazifalar haqida ma’ruza qildi. Ziyo Said dramaturgiya, Anqaboy yosh yozuvchilar bilan ishlash, N.Safarov Yozuvchilar uyushmasining tashkiliy masalalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’ruzalar bilan chiqdilar. Qurultoy 37 kishidan iborat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkiliy komitetini sayladi. 12 mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining plenumi bo‘lib, unda R.Majidiy rayosat raisi etib tasdiqlandi.

Shu tarzda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vujudga keldi.

O‘sha yilning 17 avgustida sovet yozuvchilari I Butunittifoq qurultoyi Moskvada o‘z ishini boshladi. Qurultoy SSSR Sovet yozuvchilar utoshmasining nizomini ham qabul qildi. Unda, jumladan, sovet adabiyotining ijodiy metodiga oid bunday so‘zlar bitilgan edi: “Sotsialistik realizm sovet badiiy adabiyoti va adabiy tanqidining asosiy metodi bo‘lib, san’atkordan voqelikni inqilobiy taraqqiyotda haqqoniy, tarixan aniq tasvirlashni talab etadi. Ayni paytda voqelikni haqqoniy va tarixan aniq badiiy taspirlash mehnatkashlarni sotsializm ruhida g‘oyaviy qayta qurish va tarbiyalash vazifasi bilan birlashishi lozim “.

Sovet adabiyotining bu so‘zlarda o‘z ifodasini topgan metodi adabiyotimizni o‘ta siyosatlashtirib, partiyaviylashtirib yubordi. Lekin shunga qaramay, 1934 yildan keyingi adabiyotimizning taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, katta va chinakam iste’dodning, yuqori adabiy mahoratning mahsuli bo‘lgan ko‘pgina asarlarning ham yaratilganini ko‘ramiz. Ana shu asarlarning maydonga kelishi, necha-necha iste’dodli yozuvchilar avlodining etishib chiqishi, adabiyotimizning yangi adabiy tur va janrlar, rus va jahon yozuvchilarining badiiy tajribalari bilan boyishi, adabiy harakatning esa mislsiz darajada o‘sib, xalq hayotiga yaqinlashishida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ham xizmati kattadir.

Naim Karimov

e-adabiyot.uz

3 Yanıt

  1. I absolutely love your blog and find almost all of your post’s to be exactly what I’m looking for.
    Would you offer guest writers to write content for you personally?

    I wouldn’t mind composing a post or elaborating on a number of the subjects you write in relation to here. Again, awesome website!

  2. I tend not to create a bunch of responses, but i did some searching and wound up
    here O‘zbekistonda adabiy harakatlar Jenubi Turkiston.
    And I do have a couple of questions for you if it’s allright. Could it be just me or does it look as if like a few of these comments come across as if they are coming from brain dead visitors?😛 And, if you are posting on other social sites, I’d like to keep up with anything new you have
    to post. Would you make a list of all of all your
    social sites like your twitter feed, Facebook page or linkedin profile?

  3. Hi, Neat post. There’s an issue together with your site in web explorer, would check this? IE nonetheless is the marketplace chief and a huge portion of other folks will pass over your magnificent writing because of this problem.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: