BXSR va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar


Birinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng Sharq dunyosida milliy ozodlik va mustaqillik uchun kurashlar avj oldi. Ma’lumki, Turkiya (Usmoniylar saltanati) Germaniya tomonidan urush harakatlariga kirib, Uchlar ittifoqi engilganidan so‘ng o‘z milliy birligini yo‘qotish xavfi ostida qoldi. Hatto mamlakat poytaxti Istambulni Angliya egallab oldi. 1918 yil oxiridan Turkiyadagi ozodlik kurashiga turkiy xalqlarning buyuk farzandi Mustafo Kamol Posho boshchilik qilib, 1920-1923 yillarda u tuzgan «Anqara muvaqqat hukumati» mustamlakachilarni (asosan Angliya va Italiya harbiy kuchlari) ona-Vatan tuprog‘idan haydab chiqardi.

Turkiyada siyosiy voqealar keskin kechayotgan bir davrda BXSR (1920-1924) o‘zining faol ichki va tashqi siyosatini yuritayotgan edi. Buxoro Respublikasining istiqbolli rejasida xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona diplomatik, iqtisodiy, madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Avvalo, asriy-an’anaviy aloqalarda bo‘lgan  Turkiya bilan hamkorlik munosabatlariga kirishildi. Umuman XX asr boshlarida Turkiya «yosh turklari» bilan Buxoro jadidlari o‘rtasida do‘stona, ma’rifiy-madaniy aloqalar o‘rnatilgandi. Buxorolik jadidlar Turkiyada nashr qilingan «Siratul mustaqim» («To‘g‘ri yo‘l») jurnalini o‘qib borgan. Undagi maqolalarda ko‘tarilgan masalalar omma orasida keng targ‘ib qilingan. Buyuk adib Sadriddin Ayniy (1878-1954 yillar) ushbu jurnalni o‘qib «parlament» atamasining mohiyatini anglagani haqida fikr bildirgandi. Uzoq vaqt Evropa mamlakatlari va Turkiyada yashagan asli buxorolik keyinchalik sibirlik o‘zbek bo‘lib qolgan Abdurashid Abdurahim jadidchilik harakatida birinchi marta milliy, madaniy, siyosiy mustaqillik masalasini kun tartibiga qo‘ygandi.

Buxoro jadidlaridan Abdurauf Fitrat, Abdulvohid Munzim, Hamidxo‘ja Mehri, U. Po‘latxo‘jaevlar 1908-1910 yillarda Turkiyaga tahsil olish uchun borishgan edi.

1910 yilda Turkiyada A. Fitratning (1886-1938 yillar) «Sayha» she’riy to‘plami, «Munozara» va «Hind sayyohi» kabi falsafiy asarlari yozilgandi. «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi») kitobi ham ushbu mamlakatda dunyo yuzini ko‘rgandi. A.Fitrat asarlarining asosiy g‘oyasi-Turkiston hozir turg‘unlikda, Ovro‘paga ergashib iqtisodiy islohotlar o‘tkazishi kerak, undan namuna olishi kerak.

«Turkistonliklar birinchi jahon urushi yillari arafasida va urush davrida Turkiyaga qardoshlik yordamini ko‘rsatish maqsadida mablag‘ ham to‘plaganlar.. 1913 yil 13 aprelda 28000 so‘m miqdorida Turkiya uchun «Xayriya» to‘planadi»-deb yoziladi manbalardan birida.

Yangi tarixiy vaziyatda, haqiqatdan ham BXSR tashkil topgan 1920 yilda Turkiya siyosiy hayotida  istiqlol uchun  kurash avj olgandi. Turkiy xalqlarning asl vatani bo‘lgan Turkistonda Turkiyadagi tarixiy jarayonlarni e’tibor bilan kuzatib borish, turklarni imkon qadar ma’naviy-moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yo‘lini tanlanishi tabiiy hol edi. Yuqorida qayd qilinganidek, birinchi jahon urushidan mag‘lub bo‘lib chiqqan Turkiya 1920 yil 10 avgustda Parij yaqinidagi Sevr shaharchasida Antanta davlatlari bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra, amalda yarim mustamlakaga  aylantirildi. Frantsiya va Angliya o‘rtasida taqsimlangan Usmoniylar saltanati faqatgina Kichik Osiyo yarim oroli hamda Istambul bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Istambul ingliz istilochilari tomonidan egallanib, progressiv kuchlar Anqarada Mustafo Kamol raisligida «Yangi Anqara muvaqqat hukumati»ni tuzib ozodlik va mustaqillik uchun kurash maydoniga kiradilar. Antanta davlatlari, ayniqsa, Angliyaning qo‘llab-quvvatlashi bilan yunonlar «Buyuk Gretsiya» davlatini tuzish bayrog‘i ostida turklar shahri Izmirni istilo qiladilar.

Hayot – mamot jangiga kirgan «Anqara xukumati» va uning yulboshchisi Mustafo Kamol haqida «Buxoro axbori»: «1921 yil 16 iyulda turklar Mustafo Kamol posho boshchiligida butun front buyicha yunonlarga qarshi qat’iy va umumiy harakatlar boshlag‘onlar. Shul vaqtda turklar dushmonning 3-4 barobar ko‘p bo‘lg‘on kuchlariga qarshi qat’iyat bilan kurashib, ular hujumini to‘xtaturlar. Yashasin o‘zlarining qahramonlik va g‘ayratlari orqasinda Evropa tahlikasiga (Yunoniston va Angliyaga) qarshi turib g‘arb maydonida umumiy g‘alaba qozonib, o‘z vatanlarini mudofaa qilg‘on turk askarlari!»  deb yozgandi.

Turkiya va yunon urushlari ikki yil (1920-1922) davom etib, 1922 yil 9 sentyabrь Muddaniya jangida turklar hal qiluvchi g‘alabaga erishdi va Izmirdan yunonlarni haydab chiqardi. «Anqara hukumati» qo‘shinlari Mustafo Kamol posho rahbarligida turk shaharlari hisoblangan Bursa, Ardaxon, Ig‘dir, Eskishaharlarni ham egalladilar.

Turklarning adolatli urushdagi muvaffaqiyati haqida: «Nihoyat turklar o‘z ozodliklari yo‘lida harakat qilib, zarba berdilar. O‘zlarining ozodligi uchun butun islom dunyosi Angliya va uning mamlakatlari bilan muqaddas urushga kirishdilar. Turklar ozodlik bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘z istiqlollarini qo‘lga kiritmishlar»  – deb yoziladi ma’lumotlardan birida.

«Anqara hukumati»ning ozodlik uchun kurashi Buxoroda muhim diqqat markazda bo‘lgan. Turkiya hukumati 1921 yil 16 martida RSFSR bilan diplomatik va hamkorlik shartnomasini imzolaydi. Sovet hukumatining mutassadilari V. I. Lenin, Chicherin, Karaxanlardan Mustafo Kamol poshoning Moskvadagi vakili Bekir Samibey moliyaviy yordam so‘raydi. Sovet davri tarixiy adabiyotlarida 1920 yil sentyabrdan 1922 yil may oyiga qadar Sovet hukumati uchun og‘ir va mashaqqatli yillar bo‘lib, Mustafo Kamol hukumatiga BXSR hukumatida avval moliya noziri, keyin esa Markaziy Ijroiya Qo‘mita Raisi lavozimida ishlagan Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev (1878-1986 yillar) shaxsiy jamg‘armasidan 100 mln. oltin mablag‘ bilan moddiy yordam ko‘rsatgan. Ushbu mablag‘ning asosiy qismi Moskvada saqlab qolinib, 10|1 ulushigina Onato‘li (Turkiyaga) yuborilgan. Turk tarixchi olimlardan Mehmet Saroy 1990 yilda Istambulda chop ettirgan «Otaturkning sovet siyosati» nomli kitobida: «Sovetlarning Turkiyaga yordami to‘liq bo‘lmasada, ammo o‘sha paytda milliy ozodlik harakati g‘alabasida muhim rolь o‘ynagan»-deb yozadi. Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev muhojirlikka ketganidan so‘ng 1922-1923 yillarda Mustafo Kamol posho bilan muloqotda bo‘lgan. Turkiyaning bo‘lajak prezidenti unga o‘z hukumati organlarida ishlashni taklif etgan.

U. Po‘latxo‘jaev unga Turkiston tarixi, madaniyati qo‘lyozma asarlarini tadqiq qilish masalalari bilan shug‘ullanishini aytgan. Shundan keyin Turkiya hukumati tomonidan vatandoshimizga Mustafo Kamol bo‘yrug‘i bilan umrining oxirigacha katta miqdorda nafaqa tayinlanadi. U. Po‘latxo‘jaev vafotidan keyin bu nafaqa turmush o‘rtog‘iga berib turilgan.

Buxoro xalqi turk-yunon urushi maydonida turklar qo‘li baland kelganligi munosabatila shodlik va xursandchilik bilan 1922 yil 12 oktyabrda miting va namoyishlar o‘tkazgan. Ularda davlat rahbarlari, islom peshvolari, oddiy mehnatkash aholi, maktab o‘quvchilari va madrasa talabalari ishtirok qilishgan. Turk shahidlarining ruhiga xatmi Qur’on qilinib, motamona kuylar chalingan. Bu tadbirlarda BXSR Xalk Nozirlar Sho‘rosi muvaqqat raisi Ato Xo‘ja, BXSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisining birinchi muovini Aminov, maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov, hatto, Rossiyaning Buxorodagi vakili Fonshteyn ham nutq so‘zlagan. O‘sha kuni kechga yaqin mitingda ishtirok qilganlar. Buxoro xalqidan Turkiya hukumati nomiga tabrik telegrammasi tayyorlab yuborishadi. Telegrammadan: «Dushmonni tor-mor qilib buyuk maydon muhorabadagi Turkiyaning matlubini hal etib, ushbu porloq tarixiy g‘alabangizni, uch million nufuzinda bo‘lg‘on va ikki yildan buyon sizni jahongir sarmoyadorlarni engishingizni tilog‘on Buxoro xalqi nomidan samimiylikdan tabrik etadur, olqishlarla ushbu shodligingizga sherik bo‘lamiz. Sizning g‘alabangiz munosabati bilan butun Buxoro aholisi va inqilobiy sho‘rolar hukumati 12 oktyabrda o‘zining ma’murlari, ziyolilari, talabalari  bilan buyuk bir miting tartibila o‘tkazdi. Aholimizning ruhli shodligi maksadi ila Buxoroning «Masjidi Kaloni»da xatmi Qur’on o‘qilib, shahidlarning ruhiga hadya etdi.

BXShJ turklarning porloq natijalarini, Istambul hukumati qat’iyatingizni butun hayajon va intizor etmakdadur.

Yashasin turklarning g‘alabasi!

Qahr o‘lsun, mag‘lub o‘lsun, g‘arbning sarvatdor jahongirlari!»  kabi satrlarni o‘qiymiz.

Ikki hukumat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar esa ancha oldinroq, 1920 yilning qishidayoq boshlangan edi. Bu yo‘nalishda tashabbus «Anqara muvaqqat hukumati» tomonidan boshlanib, 1920 yil BXSR hukumati tashkil topganidan 4 oy o‘tar-o‘tmas M. Kamolning hukumati BXSRga birinchi bo‘lib o‘zining elchilarini yuboradi. Buxoroda birinchi bo‘lib xorijiy mamlakatlardan Turkiya elchixonasi ish boshlaydi. Mustafo Kamol yuborgan Turkiya elchilari guruhiga G‘olib posho boshchilik qilgan. Anqara hukumatining Buxoro Respublikasidagi elchixonasi birinchi kotibi, taniqli turk yozuvchisi Rushen Ashraf bo‘lgandi

1922 yilning mart oyida Buxoro Respublikasidan Mustafo Kamol posho hukumatini rasmiy suratda tanish va o‘zaro munosabatlar o‘rnatish uchun Mahmud Nazar xamda Mahmud Rajab afandilar boshchiligida buxorolik vakillar Anqaraga tashrif buyurishadi. Buxoro hay’atini rasmiy suratda «Muvakkat Ankara hukumati» tashqi ishlar vazirining muovini Ziyodbek hamda xorijiy ishlar vakili Yusuf Kamolbeklar kutib oladilar. Turk tarixchisi Mehmet Saroyning ma’lumoticha, Mahmud Nazar xamda Mahmud Rajablar bir paytlar Istambulda tahsil olishgan. Mehmet Saroyning yozishicha, ular elchilik vazifasini uddalab, ortga qaytganlarida rus ayg‘oqchilari (bolьsheviklar) tomonidan xoinona o‘ldirilganlar.

BXSRning favqulotda siyosiy vakillari sharafiga ziyofat uyushtirilib,  unda Mustafo Kamol posho ham shaxsan ishtirok etgan. «Buxoro axbori» gazetasida Turkiya hukumati boshlig‘i Mustafo Kamol hamda Buxoro vakili Maxmud Nazar afandi nutqlari to‘la holda keltirilgan. Mustafo Kamol nutqida: «Dindosh va qondosh Buxoro xalqining orzusini yuzaga chiqarishi uchun bu qardosh millatga o‘zimning fotihamni beraman» ,-degan fikri bayon qilingan.

Buxoro hay’ati vakillari Mustafo Kamol poshoga hurmat va ehtirom ramzi sifatida yurtimizdan olib borilgan oltin dastali qilich,  Amir Temur zamonida ko‘chirilgan Qur’oni Karimning nodir nusxalaridan birini, hamda Turkiya xalk askarlari uchun Buxoro tasviri tushirilgan nishonlar takdim etadi.

Hozir ushbu buyumlar Turkiya Buyuk millat majlisi (parlamenti) binosidagi muzeyning asori-atiqalari qatoridan joy olgan.

Turkiyada ozodlik yo‘lida  turk zobit va askarlarigina emas, xotin-qizlar, bolalar ham kahramonona kurash olib borayotganligi, istiqlol oliy ne’mat ekanligi Buxoro xalqi tomonidan chuqur idrok qilingan. Muhimi shuki, o‘z mustaqilligi yo‘lida kurash olib borayotgan Buxoro Respublikasi harbiy va moddiy jihatdan Turkiyaga yordam berolmasa ham, uning ozodligini butun vujudi bilan qo‘llab-quvvatlayotganligi aniq edi.

Turkiyaga olib borilgan sovg‘alar orasida yuqorida qayd qilingan, shaxsan Mustafo Kamol poshoga atalgan oltin dastali qilich bilan birga bir sira ko‘rk (buxorocha sarupo) va yana ikki qilichning topshirilishi yuqoridagi fikrimiz to‘g‘riligini to‘la isbotlaydi. Mustafo Kamolga va uning shonli g‘oziy (g‘olib) armiyasiga atalgan qilichlar jasoratga chorlab, porloq g‘alabaga qadar ruhan tetik bo‘lishga da’vat qilishi o‘z-o‘zidan ayon edi. Ikki qilichdan biri qahramon Ismat poshoga hadya etilgan. Yunonlar istilo qilgan Izmirni ozod qilishda alohida jasorat ko‘rsatgan va shaharga dushman mudofaasini birinchi bo‘lib yorib kirgan otliq qo‘shin zobiti Sherifbeyga Buxorodan yuborilgan uchinchi qilich nasib etadi. Uni Mustafo Kamolning o‘zi Sherifbey beliga taqib qo‘ygan . Mustafo Kamol ushbu sovg‘alarni Buxoro vakillaridan qabul qilib olar ekan, ajdodlari yurti Turkistonga e’tiqodi yuksakligini o‘z nutqida oshkor etib minnatdorchilik tuyg‘ularini bayon qiladi. Ehtimolki, o‘sha og‘ir damlarda besh millionli buxoroliklarning ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi Mustafo Kamolni Turkiya ozodligi kurashidagi qat’iyatiga bir qadar madad bergandir. Zeroki, u ajdodlar yurti Turkistonga, ya’ni ildizga umid ko‘zlari bilan qaragan. Chunki ildiz ko‘kartuvchi, yashnatuvchi va yuksaklikka eltuvchi, ilhom beruvchi omildir. Bejiz bu ulug‘ inson «biz ham Turkistonning jujuqlarimiz (bolalarimiz)» demagandir.

«Buxoro axbori» gazetasi «Shark dunyosi» rukni ostida Turkiyaning istiqlol yo‘lidagi g‘alabalaridan ilhomlanganligi bilan bog‘liq bo‘lgan maqolalar e’lon qiladi. Maqolalardan birida: «Evropa jahongirlarining harakatiga mahkum etilganligi uchun Eron, Afg‘oniston, Usmonli(Turkiya), Arabiston, Turkiston, Buxoro, Xorazm va islom o‘lkalari bir-birlari bilan hamsoya bo‘lg‘onlari holda mustaqil bir ittihod (ittifoq) vujudga keltirib, o‘zlarining istiqloliyatlarini muhofaza qilib biladurlar. Agarda bu hukumatlar orasinda ittifoq vujudga kelsa, ul vaqtda faqat islom olamining emas, balki butun Sharq millatining G‘arbiy Evropa zanjiri asoratidan xalos bo‘lishi muqarrar» ,-kabi satrlarni o‘qiymiz.

Turkiyaning Angliya singari qudratli  davlatlarga qarshi Vatan mustaqilligi va himoyasi uchun kurashi gazetada jasorat barobar baholanib, unga ma’naviy va moddiy yordam berishga da’vat qiluvchi talaygina maqolalar bor. 1921-1922 yillarda Buxoro hukumati kamolchilar inqilobi g‘alabasi uchun ham moddiy, ham ma’naviy yordam berganligi bilan bog‘liq ma’lumotlar mavjud.

Muhojir o‘zbeklar bilan shaxsiy muloqotlardan Istambul inglizlar qo‘liga o‘tgan bir davrda (1920 yil) yurtdoshlarimiz Anqaraga, ya’ni  Mustafo Kamol hukumati va harbiy qismlari uchun bu shahar orqali yashirin ravishda moddiy va harbiy madad sifatida oziq-ovqat va qurol-yarog‘ yuborib, Turkiya istiqloliga munosib hissa qo‘shganliklari ham bizga ma’lum.

«Buxoro axbori»da «Inqilobiy Turkiyaga yordam kerak» maqolasi bosilib: «Biz Turkiyani ozodlik yo‘lida kurash maydoniga kirib, 200-300 kishilik askariy firqalarda qo‘mondonlik qilgan turk xotinlarini ham muhorabada ko‘rdik… Turkiya xalqining bizdan boshqa do‘stlari va xayrihohlari yo‘qdur, Turkiyaga yordam ko‘rsatmak va shuning bilan turk xalqiga ruh bermak bizning qarzimizdur» , deb yoziladi.

Gazetada Turkiya milliy mustaqilligini to‘la ta’minlash yo‘lida har qanday qurbonlar berishga tayyor ekanligi, xalqaro anjumanlarda o‘z izzat-nafsini himoya qilayotganligi bilan bog‘liq fikr-mulohazalarga boy maqolalar e’lon qilingan. Turkiyaning siyosiy, iktisodiy, madaniy hayoti bilan bog‘liq xabarlarga salmoqli o‘rin ajratilgan. Jumladan, «Sharq dunyosida Turkiya: Millat Majlisiga kimlar saylandi?», «Turkiya-Polьsha shartnomasi», «Turkiyada Albaniya hay’ati», «Turkiyada yangi Amerika shirkati», «Turkiyada Milliy Majlis ochildi», «Turkiya hukumatining Shimoliy Amerika Jumhuriyatiga murojaati», «Turkiya-Armaniston munosabatlari», «Istambul bo‘shatildi», «Turkiyaga mutaxassislarni jalb qilish», «Turkiya urushga qaror bergan» , kabi o‘nlab xabar va maqolalar mavjud.

«Buxoro axbori»da Turkiya Respublikasinning birinchi prezidenti, kamolchilar inqilobining tashkilotchisi va rahbari, yirik davlat arbobi, XX asr buyuk shaxslari qatoridan munosib o‘rin olgan Mustafo Kamol posho (1881-1938, 1923-1938) shaxsiyati hamda faoliyatiga bog‘liq bir qator maqolalar chop etilgan. Hatto «Ozod Buxoro» gazetasining 11(224)-sonida Mustafo Kamolning kiyofasi aks ettirilgan. Gazeta bilan tanishar ekanmiz, «Inqilobiy turk askarlarining boshlig‘i qahramon – Kamol posho», «Mustafo Kamol-Millat Majlisi raisi», «Mustafo Kamol posho- Jumhurrais», «Mustafo Kamol posho va sovet rahbarlari» , kabi yirik maqolalarda bu shaxsning hayot yo‘li, siyosiy faoliyati, harbiy qo‘mondonlik mahorati, Turkistonga munosabati atroflicha bayon qilinadi. Bu esa Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning Buxoro Respublikasi matbuoti orqali batafsil yoritilishi bilan bog‘liq.

«Hozirda,-deyiladi gazetada,- Kamol posho turk xalqi tarafidan e’tirof etilgan boshliq va Turkiya xalqining qimmatli rahbaridur… Shuni ham aytmoq kerakdurkim, asrlar bo‘yicha bir-biriga katta dushmon bulib yashag‘on Rusiya va Turkiya munosabatlari hozirda Kamol posho siyosati soyasinda ijobiydur».

Bu o‘rinda Rossiya va Turkiyaning XVII-XIX asrlarda o‘zaro dushmanlik kayfiyatidagi munosabatlaridagi asriy qarama-qarshiliklar, hududiy mojarolarni bartaraf qila olgan, o‘z mamlakati manfaati yo‘lida raqib bilan ham til topisha oladigan diplomat, davlat arbobi sifatida Mustafo Kamolga yuqori baho berilganligini idrok qilish qiyin emas.

Gazeta maqolalaridan birida: «Mustafo Kamol posho nasl jihatidan bir mayda hunarmandning bolasi bo‘lib, yoshi 52 tegrasindadur (atrofidadir)» ,deb yozilgan ma’lumotni o‘qiymiz. Aslida bu haqiqatdan yiroqroq bo‘lib, Mustafo Kamol 1881 yil 10 noyabrda Yunonistonning Salonika shahrida tavallud topgan. Otasi Ali Rizo Afandi o‘rmon mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullangan, keyinchalik bojxona chinovnigi lavozimida ishlagan. Onasi Zubaydaxonim Fayzulloh Oqa kizi ham badavlat oilaning farzandi bo‘lgan. Mustafo Kamolning asl ismi Mustafo bo‘lib, Kamol degan nomni o‘ta qobiliyatli bo‘lganligi uchun unga 14 yoshida maktabdagi matematika o‘qituvchisi bergan.  Demak, Mustafo Kamol birinchidan, hunarmand oilasida dunyoga kelgan emas, ikkinchidan esa, gazetada ta’kidlanganidek, 1922 yilda 52 yoshda emas, balki 41 yoshda bo‘lgan. Xolbuki, Mustafo Kamol Otaturk vafot etganida, ya’ni 1938 yilda 57 yoshida bo‘lgan.

Mustafo Kamol Otaturk jasur va boshlagan ishini oxiriga etkazadigan shaxs edi. U Turkiya istiqlolini yarim yo‘lda qolishini istamagan, harbiylarga xos qat’iyatli kishi bo‘lganligi ham manbalarda qayta-qayta ta’kidlanadi. «Biz ortiq qurbonlar bera olmaymiz, imtiyozli muzokaralarning davom etishi bizning milliy sha’nimizga nuqson keltiradur. Turkiya asoratga qaraganda urushni ortiq ko‘radur hamda shuni davom ettirmoq uchun Turkiya so‘nggi qoniga qadar urushga qaror qildi», deb yoziladi «Mustafo Kamolning bayonoti»da.  Bu o‘rinda tokim Lozanna konferentsiyasi (Shveytsariya, 1923 yil 24 iyul)ga qadar Turkiya mustaqilligini to‘la tan olmaslik uchun harakat qilayotgan Angliya, Frantsiya vakillariga vatanparvar rahbarning munosib javobining guvohi bo‘lamiz.

Tarix guvohligicha, faqatgina Lozanna konferentsiyasida Antanta davlatlari Turkiyaning mustaqilligini tan olib, noteng shartnomalarni bekor qilishga majbur bo‘lishgan edi.

Turkiyaning munosib yo‘lboshchisi va davlat rahbari Mustafo Kamol Otaturk shaxsiyati «Buxoro axbori»da faoliyat olib borgan ijodkor muxbirlarning ham diqqatini tortgan. Gazetaning 1922 yil 19 oktyabridagi 103-sonida Mustafo Kamol poshoni olqishlab «Minglar yasha!» g‘azali bosilgan. Mazkur g‘azalning muallifi X.Olmosh bo‘lib, uning g‘azalidan:

«Ey, fidoiy Kamol posho

Rahbarisan mazlumlarning

Najotkori sharqlilarning

Askaringla minglar yasha-minglar yasha!»  kabi satrlarni o‘qiymiz.

«Buxoro axbori» gazetasi Turkiya va Buxoro hamkorlik, qardoshlik aloqalari XX asr 20-yillarida rivojlanganligi, yangi pog‘onaga ko‘tarilganligi haqida ma’lumot beruvchi qimmatli manbalardan biridir. U haqiqatdan ham «Sharq dunyosi va Buxoro Respublikasi» tarixiy tadqiqot muammosini kelajakda hal qilish manbalaridan biri bo‘la oladi. Kamol posho shaxsiyati masalasiga kelsak, ayni uning hayotligida turkiy xalqlar orasidagi hurmat-ehtiromi qanday bo‘lsa, hozirda ham undan balanddir.

Mustafo Kamol boshchiligida turk xalqi g‘alabaga erishdi. Shark dunyosida birinchi bo‘lib Turkiyada respublika tartibi o‘rnatildi. Kamolchilar ta’limoti o‘zini oqladi va haqli suratda 1934 yildan e’tiboran turk xalqi o‘z yo‘lboshchisiga Otaturk (Turklar otasi) unvonini berdi.

XX asr buyuk shaxslari qatoridan Mustafo Kamol nomi mustahkam o‘rin oldi. Mustafo Kamol Otaturk bilan Buxoro Respublikasi vakillari uchrashgan tarixiy sanadan ham yuz yillikning 4-choragi o‘tib bormoqda. Turkiya xalqi Otaturk nomini abadiylashtirish uchun uning jasadi qo‘yilgan poytaxt Anqarada etnografiya muzeyini tashkil qilishgan. Muzeyda Mustafo Kamol Otaturk hayot yo‘li va faoliyati bilan bog‘lik yuzlab asori-atiqalar, buyumlar, kitob va nashrlar, harbiy kiyim, qurol-yarog‘ kabilar qo‘yilgan. Ular orasida buxoroliklar tomonidan Turkiya rahbariga hadya qilingan nishonlar va buyumlar ham bor. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi sinovdan o‘tgan mustahkam qavm-qarindoshchilik, oltin singari zanglamas do‘stona aloqalarning umrboqiyligidan dalolatdir.

Respublikamiz istiqlolga erishgan dastlabki kunlarda Mustafo Kamol vasiyatiga sodiq bo‘lgan kamolchilikning 6-bosqichida rivojlanish yo‘lidan ketayotgan Turkiya va uning marhum prezidenti Turg‘ut Ozal yurtimiz kelajagiga ishonch bilan qaradi va bizni 1991 yil 16 dekabrda rasmiy jihatdan birinchi bo‘lib tan olgan davlat ham Turkiya Respublikasi bo‘ldi.

Turkiya Respublikasi shakllanmagan, «Anqara hukumati» mavjud bo‘lgan yillarda bu yurt mustaqil bo‘lishiga ishonch bilan qaragan Buxoro hukumati ko‘rsatgan qat’iyat va ishonchni salkam bir asrcha vaqt o‘tganidan so‘ng Turkiya ham O‘zbekiston kelajagi oldida mas’ulligini anglashi tabiiy edi.

Hozirda xalqaro munosabatlar ziddiyatli, murakkabliklarga to‘la, xullas, qanday bo‘lishidan qat’iy nazar O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z o‘rni, mavqei va salohiyatiga ega bo‘lgan mamlakatdir.

Turklar yo‘lboshchisi va rahnamosi shaxsi bilan bog‘liq masalaga baho berganda esa prezidentimiz I.Karimovning «Mustafo Kamol Otaturk nafaqat qardosh turk xalqining, balki barcha turkiy xalqlarning buyuk farzandi va iftixoridir»,-degan fikrlari ayni haqiqatdir.

e-tarix.uz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: