Siyosatning tugashi yoki Temurning suyak pullari


Islom Karimov “avgust” va’dasini berganida kamzulidan hali SSSR nishoni tushmagan edi.

Amir Temur olis yurtlarda urush qilayotgan paytda qo‘li qisqa bo‘lib, askarlarga to‘lashga puli qolmadi. Darhol pul keltiring, deb Samarqandga chopar yubordi. Sal o‘tib chopar pul o‘rniga xat bilan qaytib keldi. Xat Bibixonimdan edi.

Pulingiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimi, degan qisqa va achchiq jumla bor edi maktubda.

Amir Temur bu maktubni mushohada qilib, qo‘shinlar kapa tikkan adirni aylandi. Ko‘pming kishilik qo‘shin tanovvul qilgan qo‘yu yilqilarning suyaklari tog‘ bo‘lib yotar edi.

Amir Temir bu suyaklardan tanga shaklida kesdirib, ustiga sikka urdirib, pul zarb qildirdi.

Qo‘shin oldida chiqish qilib, xazina Samarqandda bo‘lgani bois maosh suyak pul bilan to‘lanishini bildirdi.

Birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan bu suyak pullarni darhol oltinga almashtirib beraman, dedi sohibqiron.

Askarlar Amir Temur va’dasiga ishondi.

Oradan sal o‘tib yirik jangda Amir Temur g‘olib chiqib, katta o‘ljayu g‘animatlarni qo‘lga kiritdi. Askarlar qo‘lidagi suyak pullar oltinga almashtirib berildi.

Amir Temur bir siyosatchi kabi va’da berdi hamda va’dani bajardi.

Siyosatchining gapi bilan ishi bir bo‘lishi mumkinligiga tarixdan bir o‘rnak edi bu.

Bugun Temur zarb qilgan muvaqqat suyak pullar uning oltin tangalaridan ko‘ra ko‘proq qadrlanadi.

Numizmatlar bu suyak pullarni siyosatchiga kredit olib kelgan dunyodagi ilk kredit kartalari deb bilishadi.

Keyingi bir oy Evropa va AQSh siyosatchilarining “ahdga vafo” deb ataladigan eski qadriyatdan allaqachon mosuvo bo‘lganini fosh qildi.

Arab ko‘chalarida xalq “Muborak ketsin” deb turganida, AQSh prezidenti Barak Obamaning kalovlanib chaynalgani unga sharaf keltirmadi.

Bundan sal oldin inson haqlari va hurriyati bosh shiorimiz deb ahd bergan Evropa Ittifoqi mulozimlari Bryusselda O‘zbekistonning qarib qolgan mustabidini qabul qilishi sharmandali manzara edi.

O‘zbekiston konstitutsiyasiga ko‘ra ham qonunsiz bo‘lgan uzurpator Karimovning Andijonda namoyishchilar qonini to‘kkani Evropa mulozimlari xotirasidan faromush bo‘ldi shekilli.

Ammo sal o‘tmay Tunis va Misr mustabidlariga sichqon ini ming tanga bo‘lgani Evropa mulozimlari esini joyiga keltirdi.

Kechagina Muborak tovog‘idan osh eb, yaltiroq to‘n kiygan frantsuz mulozimlari tipirchilab qolishdi.

“Biz sening saylovoldi va’dalaringga qarab ovoz bergan edik. Tunis prezidenti chorbog‘ida tekin quyoshga toblanish yoki Muborak tovog‘idan tekin osh eyish uchun emas” deyishdi farang saylovchilari o‘z Tashqi ishlar vaziriga.

Shu o‘rinda Barak Obamaning saylov arafasida mustabidlar bilan muloqot olib boraman degan ajabtavur va’dai muboragini eslasak.

Bu va’daning Tunis va Misr masalasida misi chiqqani bugunning haqiqati.

AQSh prezidentligiga respublikachilardan nomzod Jon MakKeyn mustabidlar chetlab qo‘yilishi, mazlumlar kurashiga ko‘mak lozimligini aytgan edi.

Arab ko‘chalaridagi bugungi manzara fonida MakKeyn gaplari naqadar o‘rinli ekani ayon bo‘ldi.

Quturgan itlar bilan muloqot qilinmasligini har bir mol duxturi biladi.

Oq uy vakili Bleykning Oqsaroyga borib, o‘zbek mustabidini achomlashiga har qanday geosiyosiy jubba kiygizilsa-da, baribir chiroyli ko‘rinmadi.

Siyosatning tugashi emasmi bu?

Siyosat Oq uyu, Oqsaroylarda emas balki maydonlarda tahrir bo‘lishini yana arab ko‘chalarida ko‘rdik va ko‘ryapmiz.

Har qanday isyon orqasida Amerika va Isroilni ko‘radigan mutaassiblar ham bu gal gapirishga gap topishmadi.

Bundan 40 yilcha oldin, 1969 yil yanvarida podshohga qarshi isyon qilib uni engan polkovnik Muammar Qaddafiy Liviya xalqiga farovonlik, erk va saodat va’da qilgan edi.

Qirq yil o‘tib, va’daga vafo qani? deb so‘rashmoqda liviyaliklar Qaddafiydan.

Suyak pullarni oltinga almashtiring polkovnik, deyishmoqda maydonlarga to‘kilgan liviyaliklar.

Har bir xalq o‘z hukmdoridan buni so‘rash haqiga ega, faqat buning uchun bir oz jasorat lozim.

Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga o‘tgan hafta Abdulla Tojiboy o‘g‘li chiqib “Karimov ket. Sening davring bitdi. Va’dalarni bajara olmading. Erk so‘raganlarni qamading” deb aytdi.

30 million odamdan bir kishi chiqdi, shunga ham shukr.

Ikki kishi chiqsa yana yaxshi bo‘larmidi? Bitta o‘tin pechkada ham yonmaydi, ikki o‘tin esa dalada ham gurillab yonaveradi, degan rus maqoli bor.

Karimov 1992 yilda parlamentda chiqish qilib, avgustda mana bunday yashaymiz deb bosh barmog‘ini ko‘rsatgan edi.

Bu va’daga vafo qani, bosh barmog‘imiz osmonga qarab qachon “vo” bo‘lib yashaymiz deb har yili avgustda so‘radik, jami 20 marta so‘radik.

Javob o‘rniga mirshabning o‘rta barmog‘ini ko‘ryapmiz xolos.

Siyosat tugagan joyda urush boshlanadi degan edi birinchi jahon urushi arafasida nemis generali Klauzevits.

Nahotki siyosatning tugashi g‘alayonlar va isyonlar boshlanishiga sabab bo‘lsa?

Agar buni istamasak, siyosat tugashiga yo‘l qo‘ymaylik, suyak pullar oltinga almashtirilishini, berilgan va’daga vafo qilinishini talab qilaylik.

Shuhrat Bobojon / ozodlik.org

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: