Pirimqul Qodirov vafoti munosabati bilan


Pirimqul Qodirov vafoti munosabati bilan, O’zbekiston Respublikasi rahbariyati ta’ziya so’zlari

O’zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov

O‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib, taniqli jamoat arbobi Pirimqul Qodirov 82 yoshida vafot etdi.

P.Qodirov 1928 yilning 26 oktabrida tug‘ildi. 1951 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomladi.

Mehnat faoliyatini 1954 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi sifatida boshladi. Keyinchalik ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi lavozimida xizmat qildi. 1990-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Fan va madaniyat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, qo‘mita raisi kabi mas’ul vazifalarda ishlab, yurtimiz ilm-fani, adabiyoti va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi.

Yorqin iste’dod egasi bo‘lgan P.Qodirov o‘zining qariyb oltmish yillik serqirra ijodiy faoliyati davomida muhim axloqiy-ma’naviy mavzulardagi o‘nlab hikoya va qissalari, “Uch ildiz”, “Qora ko‘zlar”, “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, “Olmos kamar”, “Ona lochin vidosi” kabi romanlari, “Til va el”, “Amir Temur siymosi” singari tarixiy-ma’rifiy kitoblari bilan adabiyotimizda munosib va mustahkam o‘rin egalladi. Yozuvchining asarlari asosida qator videofilm va spektakllar sahnalashtirildi, uning yetuk ijod namunalari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilindi.

P.Qodirov ayniqsa istiqlol yillarida faol ijod qildi. Mahoratli adibning xalqimizning boy tarixi, buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyati, bebaho merosining mohiyati va ahamiyati haqidagi yorqin asarlari, bunyodkor zamondoshlarimizning fidokorona mehnati, yurtimizdagi tub yangilanish va o‘zgarishlar jarayoni haqidagi publitsistik maqolalari keng jamoatchilikning e’tiborini qozondi.

P.Qodirov bir necha bor Oliy Majlis deputatligiga saylanib, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etdi, ilm-fan va madaniyat, milliy ma’naviyatimizni yanada rivojlantirish borasida jonbozlik ko‘rsatdi.

Tajribali adib, jonkuyar tashkilotchi sifatida xalqimiz o‘rtasida milliy g‘oyamiz tamoyillarini keng targ‘ib etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda sidqidildan mehnat qildi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida proza kengashi raisi sifatida faoliyat yuritdi. U ko‘plab yosh iste’dod egalarining talabchan va mehribon ustozi edi.

Pirimqul Qodirovning o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” va “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, shuningdek, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Atoqli adib, mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Pirimqul Qodirovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, SH.Mirziyoyev, A.Aripov,

X.Sultonov, A.Oripov, B.Alimov, A.Rasulov .

O`zA

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: