Chengiz Xonning Oq Buluti


«Chengiz Xonning Oq Buluti»  Chengiz Aytmatog’lining «Asrga tatigulik kun» romaniga ilova qilingan qissa. Yozuvchi kitobxonlarni romanda taqdiri noma’lum bo‘lib qolgan Abutalip Quttiboev bilan qaytadan uchrashtiradi.

«Chengiz xonning oq buluti» qissasida ikki yo‘nalish – bir tomondan pok qalbli Abutalip bilan beshafqat Tansiqboev o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuv, ikkinchi tarafdan esa, dunyoni larzaga keltirgan Chengizxonning fojiasi bir-biri bilan botiniy bog‘lanib ketgan.

Chekist Tansiqboev begunoh Abutalipni Yugoslaviyada partizanlar harakatida ishtirok etganlikda, eski xalq adabiy meroslarini yig‘ib yurganlikda ayblaydi. Biroq Abutalip hayoti har qancha xavf ostida bo‘lsa ham bosh egmaydi. Chin inson or-nomusini Tansiqboev kabi hayvontabiat manqurtlarning oyoq-osti qilishiga imkon berish — insoniyat oldida gunohi kabira ekanligini yaxshi tushunib yetadi.

Chengiz xon – tarixiy shaxs, o‘z davrining farzandi.

Chengiz Aytmatog’li o‘z qahramonining tabiati, xarakteri bolaligidanoq shakllana boshlaganiga urg‘u beradi. Chengizxon hali Temuchin deb atalgan bolalik chog‘idayoq, boshqalardan o‘ch olishni, hammani og‘ziga qaratishni xush ko‘rardi. U suvdan tutilgan baliqni talashib, o‘zining ukasi Bekterni o‘q-yoy bilan otib o‘ldirib qo‘yadi. Yozuvchi qonxo‘r jahongir tabiatining ildizlarini ochib berishni maqsad qilib qo‘ygan. Bolaligidanoq toshbag‘ir bo‘lib o‘sgan, hech kimga yaxshilik ravo ko‘rmaydigan kishidan ezgulik kutib bo‘larmidi?

Chengiz xon ulkan jahongirlik janglariga ikki yil tayyorgarlik ko‘rdi. Oilaviy qo‘shinlarga «jangu jadallar nihoyasiga yetmaguncha ayollar tug‘masin» degan qahrli farmon berildi.

Yangi qissaning badiiy ahamiyatini ko‘targan voqealardan e’tiborlisi — lashkarboshilardan biri, yuzboshi Erdene bilan qo‘shin tug‘lariga gul tikadigan kashtado‘z Do‘g‘ulangning ayanchli fojiasidir. Hokimiyatning kuch-qudrati, zabtidan ikki yosh oshkora oila qurishga muyassar bo‘la olmaydi. Lekin baribir Chingizxonning farmoni, buyrug‘i ikki qaynoq qalbning muhabbati qarshisida ojiz edi.

Chengiz xon ikki olov orasida qoldi — bir ayol tug‘ib qo‘yibdi, deb yurishni to‘xtatish kerakmi yoki farmoni oliyni oyoqosti qilganlarga o‘zining qahrini ko‘rsatib, beandishalarni qattiq jazolash lozimmi, degan savol qiynar edi uni! Osmonda esa oq bulut hamon falak kezmoqda. Uni hech kim payqamaydi, payqasa ham e’tibor bermaydi unga, bu — Chingizxonning shaxsiy buluti ekanligini kim biladi deysiz. Bu — xudoning qudrati, sevgan bandasiga ravo ko‘radi buni.

Erdene bilan Do‘g‘ulangning qochish to‘g‘risidagi rejasi barbod bo‘ladi. Do‘g‘ulang chaqalog‘i bilan qo‘lga tushadi. Endi Erdene nima qilishi kerak?

Do‘g‘ulang chaqaloqni oxirgi marta emizishga ulgurdi. U har qanday yo‘l bilan, hatto o‘zini ajal tig‘iga urib bo‘lsa ham, Erdenening jonini saqlab qolsa bas. Keyinchalik ota-bola bir iloj qilib topishib ketar!

Lekin Do‘g‘ulangning aytgani bo‘lmadi. Hammaning ko‘z o‘ngida, otasiz haromzoda tug‘ib olganiga iqror bo‘lib butun jinoyatni o‘z gardaniga olgan sevgilisining jon azobida qiynalayotganini ko‘rgan

mard zobit: «Mana men! Chaqaloq mening o‘g‘lim! Hg‘limning oti G’unon! Onasining ismi Do‘g‘ulang! Men lashkar yuzboshisi Erdene bo‘laman!» deb o‘rtaga chiqadi. Erdene bilan Do‘g‘ulangning qo‘llarini orqasiga mahkam bog‘lab, cho‘kib yotgan tuyaning ikki yoniga olib borishdi-da, o‘rkach orqali osilgan arqonning ikki uchidagi ilmoqni ikkalasining bo‘yniga solib, tuyani urib-zo‘rlab turg‘azishdi. Shunday qilib, ikki yosh inson tirik dorning ustida xurjun kabi osilib jon taslim qildi.

Yeru ko‘kni larzaga solgan qo‘shinlar hech narsani bilmaganday, cho‘lu biyobonlarni ortda qoldirib, olg‘a tomon yurib, bosqin yo‘lini davom ettirdilar. Falokat ro‘y bergan joyda Do‘g‘ulangning dugonasi Oltun norastani quchoqlaganicha qolaverdi. Qorni ochiqqan go‘dak dala-dashtni buzib dod solib yig‘layveradi. O’shanda mo‘‘jiza ro‘y beradi — ularning tepasiga oq bulut kelib soya soladi, umrida bola emizmagan, turmushga chiqmagan qari qizning ko‘kragidan sut kela boshlaydi. Bu — xudoning o‘z sevgan bandalariga mehribonligi emasmi?

Abutalipning taqdiri ham fojiali tugadi — qiynoq, azob-uqubat, tahqir-xo‘rliklarga bardosh bera olmay o‘zini poezd tagiga tashladi. Abutalip o‘z joniga qasd qilib, ko‘plab begunoh kishilarning hayotini saqlab qoldi.

Chengiz Aytmatog’li, butun borlig‘i boshdan-oyoq fojialardan iborat bo‘lib qolgan onlarda odam o‘zini qanday tutishi kerak — degan murakkab masalaga yana bir bor murojaat qildi.

«Chengiz xonning oq buluti» qissasi «Asrga tatigulik kun» romaniga o‘rish-arqoq bo‘lib qo‘shilib ketdi. Abutalipning keyingi taqdiri ne kechdi ekan degan savolga javob bo‘lib tushdi. Ayni vaqtda, uni mazmun-mundarijasi, tuzilishi, yaxlitligi, qahramonlarining tabiatiga ko‘ra mustaqil badiiy asar deyish ham mumkin.

“O’tar qush nolasi” hikoyasi tirik mavjudotlardan eng vahshiysi bo‘lmish inson zotiga noinsoniy qilmishlari uchun tilga kirgan turnaning (lisonut-tayr) mudhish aybnomasi, muallifning yurakdan chiqqan faryodidir – unda qirg‘izlarning bosqinchi jung‘orlarga qarshi olib borgan hayot-mamot janglaridan biri haqida so‘z boradi.

Turnalar  galasi  har  yili  uzoq  safarga  otlanganda  qo‘nib,  dam  oladigan  joyini  tanimay  qoladi:  “…

qayoqqa qaramang odamlarning jasadlari-yu otlarning o‘liklari tog‘-tog‘ uyulib yotar, suv keng yoyilib oqqan joylarda son-sanoqsiz murdalar daryo suvini to‘sib qo‘ygan edi. Qip-qizil qon aralash suv hamma yoqqa yoyilib, otlarning tuyoqlari ostida qon halqoblarini hosil qilgan edi…

Jang  tugagandan  keyin  u  yerda  quzg‘unlar  bazmi  boshlandi,  o‘limtikxo‘r  qushlar  odam  go‘shtiga to‘yishdi,  uchish  u  yoqda  tursin  qanotlarini  ham  qoqolmay  qolishdi.  Jangdan  keyin  shaqollar  ziyofati boshlandi – chiyabo‘rilar odam go‘shtiga shu qadar to‘ygan ediki gavdalarini sudrab zo‘rg‘a ketishdi…” Turna  sheriklariga  murojaat  qiladi:  “Kechiringlar,  o‘tar  qushlar!  Bo‘lib  o‘tgan  vahshiyliklar  uchun kechiringlar, bo‘lajak vahshiyliklar uchun kechiringlar. Bani odam hayoti nima uchun shunday ekanini, nega   zaminda   shuncha   ko‘p   o‘ldirilganlar   va   o‘ldirilayotganlar   bo‘lishini   men   tushuntirib   bera

olmayman, sizlar tushuna olmaysizlar…

Qushlar keting bu yerdan, bu mudhish joydan uzoq-uzoqlarga uchib keting”.

Nega olamda odamlar bir-birlarini shu qadar ko‘p o‘ldirganlar va o‘ldirmoqdalar degan qadimiy savol hamon javobsiz qolmoqda.

Odil Yoqub, O’zbekiston xalq yozuvchisi

Chengiz Xonning Oq Buluti (qissa). Chengiz Aytmatog’li

Suyun Qora tarjimasi

Davomini O’qi>>>

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: