O’zbegim


Tarixingdir ming asrlar

Ichra pinhon o’zbegim,

Senga tengdosh Pomiru

Oqsoch Tiyonshon, o’zbegim.



O’zbegim

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon o’zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o’zbegim.

So’ylasin Afrosiyobu
So’ylasin O’rxun xati,
Ko’hna tarix shodasida
Bitta marjon, o’zbegim.

Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Farob avlodidan,
Asli nasli balki O’zluq,
Balki Tarxon, o’zbegim.

O’tdilar sho’rlik boshingdan
O’ynatib shamshirlarin
Necha qon, necha sulton,
Necha ming xon, o’zbegim.

Tog’laring tegrangda go’yo
Bo’g’ma ajdar bo’ldi-yu,
Ikki daryo – ikki chashming,
Chashmi giryon, o’zbegim.

Qaysari Rum nayzasidan
Bag’rida dog’ uzra dog’,
Chingizu Botu tig’iga
Ko’ksi qalqon, o’zbegim.

Yog’di to’rt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o’zbegim.

Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen – Muqanna, sarbador – sen,
Erksevar qon, o’zbegim.

Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o’zbegim.

Ma’rifatning shulasiga
Tolpinib zulmat aro,
Ko’zlaringdan oqdi tunlar
Kavkabiston, o’zbegim.

Tuzdiyu Mirzo Ulug’bek
Ko’ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk –
Qo’ydi Narvon, o’zbegim.

Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo’ldi
Shohu sulton, o’zbegim.

Ilmu she’rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O’z elida chekdi g’urbat,
Zoru nolon, o’zbegim.

Mirzo Bobur – sen, fig’oning
Soldi olam uzra o’t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug’yon, o’zbegim.

She’riyatning gulshanida
So’ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko’z yosh,
Ko’mdi armon, o’zbegim.

Yig’ladi furqatda Furqat
Ham muqimlikda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg’on
Qildi afg’on, o’zbegim.

Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o’zbegim.

Ortda qoldi qo’hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o’zbegim.

Bo’ldi osmoning charog’on
Tole xurshidi bilan,
Bo’ldi asriy tiyra shoming
Shu’laafshon, o’zbegim.

Men Vatanni bog’ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko’z deb aytsam,
Bitta mujgon o’zbegim.

Faxr etarman, ona xalqim,
Ko’kragimni tog’ qilib,
Ko’kragida tog’ ko’targan
Tanti dehqon, o’zbegim.

O’zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O’zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o’zbegim.

Men buyuk yurt o’g’lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo’lsam
Sodiq o’g’lon, o’zbegim.

Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko’ksim osmon, o’zbegim.

Qayga bormay, boshda do’ppim,
Shuhratim, qadrim buyuk,
Olam uzra nomi ketgan
O’zbekiston, o’zbegim.

Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,

Erkin o’g’lingman, qabul e
t,
O’zbegim, jon o’zbegim.

Erkin Vahid

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: