Muhammad Solih Bilan Suhbat


Ozodlikda yangi loyiha – VIP suhbat deb nomlangan yangi rukn ochilishiga yana muxlislarimiz, aniqrog‘i K + telekanalining Muhammad Solih siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Qurolsiz kishining ozodligi” deb nomlangan hujjatli film chog‘ida hujumga uchragani xabari munosabati bilan Ozodlik saytiga kelayotgan sharhlar turtki bo‘ldi.
Mazkur xabardan so‘ng filmni tomosha qilgan ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘zlari uchun ilk bor muxolifatdagi Erk partiyasi lideri Muhammad Solihni siyosatchi o‘laroq kashf etdilar. Ozodlikda keyingi ikki haftaning eng ko‘p o‘qilgan va eng ko‘p o‘qilgan lavhasiga aylangan Muhammad Solih haqidagi film turtkisida yozilayotgan aksar sharhlarda ko‘plab savollar o‘rtaga qo‘yilmoqda va mushtariylarimiz bu savollarga janob Muhammad Solihdan javob olish istagini bildirmoqda.

Ana shu so‘rovlar asosida boshlayotganimiz yangi ruknimizning ilk soniga Muhammad Solih janoblarini taklif qildik va u kishidan Ozodlik saytiga kelgan savollarning ayrimlariga javob berishni so‘radik.

Birinchi savol muallifi o‘zini Murat deb tanishtirgan mushtariymiz.

– Mening o‘zim a’zo bo‘lgan Erk lideriga savolim bor edi. Nega G’arbda sizni nomingizdan ish ko‘rayotganlar pozitiv olishni istagan qochqinlarga istagancha spravka yozib bermoqda?  Sizni odam tanimaslikda – ortiqcha ishonuvchanlikda ayblashadi – har qanday SNB josusi sizni oldingizda nomoz o‘qisa unga 1000 foiz ishonib ketaverar ekansiz, bundan axir Erk partiyasi va oddiy a’zolar ham jabr ko‘rmoqda.

Muhammad Solih:
Albatta, bu savolda jon bor. Chunki haqiqatan ham keyingi yillarda, xususan 1999 yilgi portlashlardan keyin juda ko‘p muxolif fikrdagi insonlar O’zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldi va ular istab- istamay muxolif partiyasi o‘laroq bizga murojaat qilishdi. O’zlarining muxolif fikrlarini aytgani uchungina tazyiqqa uchragan insonlar tabiiy o‘laroq ko‘pchilik muxolif partiyasi sifatida bizga kelishdi. Biz ham ularning ko‘pchiligiga qo‘limizdan kelgancha yordam berdik. Hatto tavsiyanomalar yozib berdik. Ularning ko‘pchiligi siyosiy maqomni oldi. Bir tomondan adolatli ish qilish maqsadida bu ishni qildik. U yerda zulmdan jabr ko‘rgan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish uchun qildik. Ammo bizning ezgu maqsadimizdan o‘zlarining g‘arazli maqsadlari uchun qo‘llanganlar ham bo‘ldi. Bu odamlar, afsuski, keyingi yillarda ko‘paya boshladi. Chunki keyingi yillarda muxolif fikrli insonlar emas balki oilasiga non topa olmagan, iqtisodiy jihatdan qiynalgan oilalarning a’zolari ham O’zbekistondan qocha boshladi. Ularning ko‘pchiligi O’zbekistonga qaytib bormaslik uchun, chet elda siyosiy maqom olish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarga bosh ura boshladi. Shu jumladan bizning partiyaga ham shunday odamlar murojaat qildi. Bizda ularning hammasining haqiqatan muxolifatga aloqasi borligi yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rishga imkon yo‘q edi. Ko‘pchiligini tekshirib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo ba’zilari bizga hech qanday aloqasi bo‘lmagan holatda bizning ba’zi mamlakatlarda qurgan tashkilotlarimiz nomidan tavsiyanoma olganlar ham bo‘ldi. Biz buni yashirmaymiz. Keyingi yillarda, xususan keyingi ikki yil ichida bunday odamlardan partiyamizni tozaladik, juda ko‘pchiligini partiyamizdan chiqardik va bu xususda o‘sha mamlakatning hukumatiga bildirdik.

Meni ishonuvchanlikda ayblayotgan do‘stlarim, balki haqlidir. Haqiqatan ham mening xarakterimda shunday bir jihat bor. Men insonlarga, birinchi navbatda, ishonch bilan qarayman. Insonlarning birinchi navbatda aytayotgan gapida menga to‘g‘ri so‘zni aytayapti deb o‘ylayman. Bu mening qusurim bo‘lishi mumkin, lekin men bu do‘stlarimizga shuni ham xotirlatishim kerakki, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ishonuvchan odam bo‘lgan. Bitta inson kelib turib unga bitta gapni aytsa, unga ishongan. Shunday rivoyatlar yuradiki, bitta yolg‘onchi odam kelib “Meni mana shu yerda kut. Men kelaman” deb ketib qaytib kelmagan. Payg‘ambarimiz bir necha kun shu yerga borib kutib turgan. Shu qadar ishonuvchan bo‘lgan. Bizning zamonimizda payg‘ambarlarga nisbat qilinishi mumkin bo‘lgan insonlar yo‘q. Shuning uchun shunday yaxshi fazilat ham bizning zamonamizda qusurga aylandi.

Ozodlik: Navbatdagi savol mualliflaridan biri o‘zini asakalik Hojimurod deb tanishtirgan mushtariy:

– Maslahatlar yaxshi, ammo bir ISh qilish vaqti kelmadimikin? Erk firqasi va uning a’zolari faoliyati kinoda judayam yaxshi , asosli tasvirlangan ekan, bunday firqa ayni muddao emasmi biz uchun agar biz chinakam vatanparvar bo‘lsak? Birlashuv birlashuv deymiz, ezgu niyat qilamiz ammo qachon niyatdan amalga o‘tmoqchimiz?

Ayni paytda o‘zini Janubiy Koreyadan Temur deb tanishtirgan yana bir mushtariymiz yozayapti:

– Agar M.Solih janoblari jiddiy harakatlarni boshlab bersalar biz va bizning birodarlarimiz siz bilan birgamiz. Qachongacha chidash mumkin?

Muhammad Solih: Bu mushtariymiz juda to‘g‘ri gaplarni aytgan. Xolbuki o‘sha filmda ham shunga o‘xshagan gaplarni biz ham aytganmiz. Hatto 1993 yilda olingan bir lavhada aynan shu so‘zlarni boshqacharoq shaklda kamina ham aytgan.

“Yig‘lashni bas qilaylik. Shikoyatni bas qilaylik. Gapdan amalga o‘taylik. Bizga na Amerika, na Rossiya yordam bermaydi. Biz o‘zimizning xalqimiz bilan oldimizga qo‘yilgan to‘siqlarni yengib o‘tishimiz kerak” degan gapni o‘sha filmda aytganman. Bu 17 yil avval aytilgan gaplar. Afsuski, bu gaplar bugun ham dolzarb bo‘lib qolayapti. Ba’zi bir insonlar bu haqiqatga 1993 yilda yetgan bo‘lsa, ba’zi bir insonlar oradan 17 yil o‘tib yetayapti. Ammo yetayapti. Shu haqiqatga kelib to‘xtashayapti va bu narsa, albatta, quvonarli hol. Demak xalqimiz bizning yoki umuman vaqtning, u yerdagi iqtisodiy ahvolning, siyosiy ahvolning ta’siri oqibatida mana shu rejimning o‘zgarishi kerakligi haqidagi radikal bir fikrga kelib to‘xtayapti. Bu juda quvonarli hol. Xalqning uyg‘onish to‘lqinidan biz, albatta, foydalanishimiz kerak. Xalqning ozodlikka bo‘lgan mutavajjuhini to‘g‘ri yo‘lga solish uchun bizning siyosiy idrokimiz, siyosiy aqlimiz inshoolloh yetarli. Ollohning izni bilan biz bundan xalqimiz manfaati yo‘lida foydalanamiz.

Ozodlik: Erk in yurt dan Qalandar so‘rayapti:

– Bir gavdaning bir boshi bo‘ladi. Muhammad Solihni men boshchi deb bilaman. Shu o‘rinda bir savolim bor edi Muhammad Solihga – men Moskvadaman kimga murojaat qilay?

Muhammad Solih: Moskvada bizning a’zolarimiz juda ko‘p. Moskvaning atrofidagi viloyatlarda ham, provintsiyalarda ham juda ko‘p erkchilar bor. Biz ular bilan doimiy kontaktdamiz. Bu haqda Erk saytining administratoriga yozsangiz, u sizga konkret adres beradi. O’sha yerga borib partiya a’zoligi yoki tashkiliy masalalar haqida bemalol gaplashishingiz mumkin. Bizning tashkilotimiz Moskvada ishlayapti.

Ozodlik: O’zini Moliyaviy tavsiya deb tanishtirgan mushtariy Sizga murojaat qilmoqda:

– Bank hisob raqamini ochinglar erkchilar! Imkoni borlar ko‘proq, imkoni yo‘qlar 5-10 dollar yuborsa ham 10 000 odam yuborsa – 100 000 bo‘ladi (ba’zi bir ma’lumotlarga ko‘ra 5-7 million odam chetda yuribdi – agar 50 % pul yuborsa pul yig‘ilib qoladi).

Muhammad Solih: Juda yaxshi tavsiya. Biz bu xususda yillarcha gapirayapmiz. Afsuski, keyingi 10 yil ichida partiyaning hatto doimiy a’zolari beradigan vznosni mana shu parokandalikda, tazyiq, ta’qib ostida yashayotgan tashkilot o‘laroq olmadik. Chunki har qanday tashkilot, bilasiz, moddiy bazasi bo‘lmasa, faoliyati ham sust bo‘ladi. Shu jihatdan bizning faolligimizning sustlashuvida moliyaviy faktor ham juda katta rol o‘ynadi. Bir yildirki biz buni to‘g‘irlashga harakat qilayapmiz. Faollarimiz bu ma’noda, sog‘ bo‘lsinlar, bizga qo‘lidan kelgancha ancha yordam berishayapti. Partiya o‘laroq bizning boylarimiz, milliarderlarimiz yo‘q. Lekin oddiy xalq ham o‘zining ishlagan maoshidan yoki topgan pulidan imkoni boricha ajratib, faoliyatimizni yuritishda bizga yordamchi bo‘layapti. Bundan bir yil avval biz “13 may ittifoqi” degan ittifoq tuzdik. Bu ittifoqqa Erk partiyasi, “Andijon – Adolat va Tiklanish” tashkiloti hamda “Tanyach” tashkiloti kirdi. Yana ikkita tashkilot bilan biz muloqot olib borayapmiz. Balki bular ham ittifoqqa a’zo bo‘larlar. Bizning platformamiz ittifoq hisobiga ancha kengaydi va uchta tashkilot mana shu ittifoqning moddiy bazasini yaratish uchun birga ishlashayapti. Ancha-muncha muvaffaqiyatli ba’zi tadbirlarni boshladilar. Bu narsa, inshoolloh, butun ittifoqning faoliyatida, xususan mamlakat ichkarisida ancha foydali bo‘ladi deb o‘ylayapmiz, umid qilayapmiz.

Ozodlik: Erk partiyasiga az’o bo‘lmasa-da, sizlarga tarafdor bo‘lganlar partiya faoliyatini qo‘llash uchun pul yubormoqchi bo‘lsa, partiya bank hisob raqamini qaerdan topishlari mumkin?

Muhammad Solih: Hozir bizning bitta kontakt markazimiz bor. Dunyodagi butun jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan narsa bu Erk partiyasining sayti. Moddiy sabablarga ko‘ra bizning gazetamiz ikki yildan beri chiqmay qoldi. Hozirwww.uzbekistanerk.com sayti ochiq. Tashkiliy masalalar, moliyaviy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarini o‘sha yerga yuborishlari mumkin. Bu yerda bu masalalarda ishlaydigan do‘stlar bor. Ular kerakli javobni ularga, albatta, beradi. Do‘stlarimiz kerakli tavsiyalarni o‘sha yerdan olishlari mumkin.

Ozodlik: Saytimizning faol sharhlovchisi Dukchieshon so‘rayaptilar:

– Nima uchun biz elektron sim to‘r (internet nazarda tutilmoqda) dan foydalanib ERK partiyasi atrofida jipslanish imkoniyatlaridan ham unumli foydalanmayotibmiz?

Muhammad Solih: Bu jipslashish imkoni boricha qilinayapti. Ammo bilasiz Erk partiyasining sayti Karimov rejimi dushmanlarining ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi. O’zbekistonda 200 ga yaqin saytni yopilgan deyishayapti. Bizning saytimiz o‘sha ro‘yxatning birinchi o‘rnida turgan saytlardan biri. O’zbekiston ichkarisida proksi orqali yoki boshqa aylanma yo‘llar bilan kirayotgan bizning faollarimiz, a’zolarimiz bor. Ammo bular juda ozchilikni tashkil qiladi. Albatta, bu yetarli emas. Bizning hozirgi strategiyamiz butun harakatni faqat tashqarida – Yevropaning turli shaharlarida, Amerikada, Kanadada emas, balki O’zbekistonning ichida bu tadbirlarni ko‘paytirish, o‘sha yerda xalqqa partiyani tanitish. Bu ma’noda keyingi to‘rt-besh oy ichida ancha tashkiliy ishlarni tayyorladik va yaqinda bizning xalqimiz bizning bu propagandaning mevasini ko‘radi, sizlar ham eshitasizlar. Bizning chiqargan gazetalarimiz, CD larimiz keng miqyosda tarqalishi uchun butun imkonlarni yaratdik. Hozir hukumatning bizga qo‘ygan to‘siqlarini oshib o‘tish imkonlarini topdik. Xudo xohlasa, yaqinda xalqimiz bizdan ko‘p mujdalar oladi, deb umid qilayapmiz, inshoolloh.

Ozodlik: O’ziga Tavsiya deb nom qo‘ygan o‘zbekistonliklardan biri yozibdi:

– Internet bo‘yicha mutaxassislar bormi? Ma’lumotlarni keng tarqatish uchun Listserve tuzinglar. Harvard shunday listservega ega.Kirib qarab qo‘yinglar. Faqat xavfszilikni ta’minlay oladigan mutaxassislarni topish kerak.
Men press-relizlar yozishim mumkin.Qaerga yuborishni ayting – sample (namuna) yuboraman.

Muhammad Solih:
Juda yaxshi savol va bizga bugun kerakli savol. Bizning mutaxassislarimiz bor, ammo juda oz. Muxolifatdagi partiya katta bir hukumatning yuritayotgan siyosatini tanqid qilishga va xalqqa alternativa taqdim qilish uchun bel bog‘lagan bir partiya uchun bizning imkonlarimiz juda cheklangan va shu ma’noda internet sohasida ishlaydigan mutaxassislarimiz ham kam. Lekin mutaxassislarimiz bor. Bu do‘stimizga mening maslahatim shu: bizning saytimiz bilan bog‘lansa va o‘zining tavsiyalarini bizga o‘sha yerda taqdim qilsa, biz bundan minnatdor bo‘lamiz. Bizning safimizga yana bir shunday faol qo‘shilganidan xursandmiz.

Ozodlik: Shu o‘rinda, Ozodlik saytida sharh qoldirayotganlar Erk saytida forum imkoni qachon ochiladi, degan savol javobi bilan ham qiziqayotganlarini aytib o‘tish lozim. Bu borada biror harakat bormi?

Muhammad Solih: Forum masalasini biz mana shu kunlarda maslahatlashib o‘tirgan edik. Hozir o‘shani qilishga boshlashgan va qisqa fursat ichida bu forum ishlay boshlaydi. Bu forumda bugun Ozodlikda qatnashayotgan do‘stlarimiz, birodarlarimiz bemalol qatnashishlari mumkin. Forum mutlaqo bizga zarur. Ayniqsa, so‘nggi yil ichida muxolifatga bo‘lgan tavajjuh, intilish juda kuchaydi. Forum yaqinda bo‘ladi, inshoolloh.

Ozodlik: Ozodlik forumidagi sharhlovchilar “Qurolsiz kishining ozodligi” filmida mustaqil O’zbekistonning keyingi 20 yillik siyosiy tarixi, xususan Islom Karimov siyosatiga oid bor haqiqat aks etgan. Agar keng xalq shu filmni ko‘rsa, u o‘z haqlari uchun kurashga bel bog‘laydi, degan fikrlarni yozmoqda. Ammo o‘zini Anonim deb tanishtirgan mushtariy “O’zbek xalqi hech qachon o‘z haqlari uchun o‘rnidan qo‘zg‘almaydi. Hatto bu film butun xalqqa ko‘rsatilganda ham, ko‘tarilmaydi“ deb yozibdi. O’zbek xalqining ojizligi, uning siyosiy sustligi haqidagi bunday tanqidlarga nima deysiz?

Muhammad Solih: Kuchli bo‘lmaganda edi, 20 yildan beri davom etayotgan, tashqaridan qaraganda samarasizdek ko‘ringan kurash safida men bo‘lmagan bo‘lardim. Avval Olloh, keyin mening xalqim. Unga bo‘lgan ishonchim turibdi va bu kurashni Ollohning izni bilan so‘nggigacha, butun xalqimiz kutayotgan muvaffaqiyatgacha davom ettirishga men hozirman. Mening safdoshlarim ham bu borada hech qanday taraddudsiz. Balki biz bugun ozchilikmiz, ammo potentsial o‘laroq bizga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan xalqni ko‘z oldimizga keltirsak, keltira olsak, biz bu kabi umidsiz kinoyalardan qochgan bo‘lardik. Bunday umidsiz qarashlar bizning xalqqa bo‘lgan ishonchimizni hech bir shaklda zaiflata olmaydi.

Albatta, zohiran Karimov rejimi hali ham kuchda. Hatto G’arb ham Karimovga bo‘lgan siyosatini yumshatdi. Go‘yo Karimovning butun ishlari yaxshi va uning atrofidagi mulozimlari Karimovga sodiq. Butun voqealar go‘yo Karimovning foydasiga bo‘layotganday ko‘rinayapti.

Ammo boshqa bir botiniy reallik ham bor. Bu makonning botiniy reallikda o‘zining boshqa programmasi bor. Bu makondagi bo‘layotgan programmani bitta Olloh biladi. Xalqining ozodligini ichidan his qilgan fidoyi kurashchilarimiznning tuyg‘ulari bizning hech bir shaklda kurashdan chekinishimizga yo‘l bermaydi.

Biz bilamizki, bu tuzum mutlaqo yiqiladi. Hokimiyatdan sharmandalarcha ketadi. Bizning bunga hech bir shubhamiz yo‘q. Bizning qadimgi bobolarimiz “Bu yo‘lda ikkita yo‘l bor. Yo g‘oziy, yo shahid” deyishadi. Boshqa uchinchi yo‘l yo‘q. Biz muxolifatni faqat hokimiyatga intilish uchun, Karimovning o‘rnini olish uchun emas, balki xalqimizni avvalambor shu zulmdan ozod qilish uchun yo‘lga chiqdik. Buning uchun biz jonimizni ham ayamaymiz. Biz buni qilgan haratlarimiz, so‘zlarimiz bilan bugungacha isbotlab keldik va bundan keyin ham shu ishni amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelgan butun ishni qilamiz, inshoolloh.

Ozodlik: O’zini Londondan Jon deb tanishtirgan tanqidchingiz yozayapti:

– Namuncha mana shu Solihni osmonlarga olib chiqib qo‘yasizlar, kim qaerga sudrasa o‘sha yerga kevavermaylik, ozgina o‘ylaylik. Bu odam bitta shoir bo‘lsa, keyin Buyam haqiqiy SSSRning odami. Karimov ko‘rgan tarbiyani buyam ko‘rgan. Keyin bu odam juda Amalni yaxshi ko‘radiganga o‘xshaydi, 19 yildan beri chiranadi prezident bo‘lishga… yana bu prezident bo‘lsa buniyam qarg‘ab yuramizmi o‘lsin deb… Birorta yoshroq, rivojlangan davlatlarda malaka oshirgan odam kelishini chin dildan xohlardim….

Muhammad Solih: Amalni sevish masalasiga kelsak, savolning insonlarda gumon uyg‘otishi mumkin shu qismiga keladigan bo‘lsak, men avvalgi munosabatimni, hozirgi munosabatimni, umuman xalqimizga bo‘lgan munosabatimni 20 yil davomida doim namoyish qilib keldim. Eng so‘nggi, ko‘zga ko‘ringan, hamma bilgan va eshitgan bu xususdagi harakatim 1992 yilda Karimov bilan Karimovning saroyida uchrashganimizda, Karimov menga taklif qilgan lavozimlarga bo‘lgan munosabatim edi. Buni balki 1993 yildan keyingi yoshlar bilmas. 1993 yilda O’zbekistondagi siyosiy vaziyatni kuzatib borgan va O’zbekistondagi ahvolni bilgan insonlarning hammasi Karimovning bu taklifiga qanday javob berganimni biladi. Karimov 1992 yilda menga hukumatga kirishni va o‘zidan keyingi ikkita katta lavozimdan bittasini menga berishni taklif qilgan. Men buni rad qilganman. Nega? Chunki men bu siyosat maydoniga lavozim uchun emas, balki xalqimga xizmat qilish uchun, yangi bir demokratik va hur davlat qurish uchun, xalqimning ozodligini ta’minlaydigan tuzum yaratish uchun, butun millatlar qatorida o‘z xalqimni ozod ko‘rish uchun siyosat maydoniga kirdim. Men o‘z maqsadimni, o‘z g‘oyamni bitta lavozimga, Bosh vazirlik, vitse-prezidentlik lavozimiga almashtiradigan darajada kaltabin odam emas edim va bugun ham shunday odam emasman. Buni meni tanigan butun do‘stlarim biladi. Buni meni tanigan butun dushmanlarim ham biladi. Buni bugun taxtda o‘tirgan Karimov ham yaxshi biladi. Shuning uchun ham Karimov va uning atrofidagilar Erk partiyasidan qo‘rqishadi. Chunki bizni na lavozim bilan, na pul bilan, na-da boshqa bir moddiy qiymat bilan sotib olish mumkin. Bizni sotib olish mumkin emas. Biz faqat xalqimizning manfaatini ko‘zlab, xalqimiz uchun xizmat qilishimiz mumkin. Xalqimiz uchun yashashimiz mumkin va kerak bo‘lsa, xalqimiz uchun o‘lishimiz mumkin.

Ozodlik: Janubiy Koreyadan Muslim deb tanishtirgan mushtariy so‘rayapti:

– Internet orqali tarqatish kerak bu videoni (“Qurolsiz kishining ozodligi” hujjatli filmi nazarda tutilmoqda). Lekin ming afsuslar bo‘lsinkim, respublikamizning ko‘pchilik aholisida internetdan foydalanish imkoni yo‘q! Shuning uchun o‘zimiz bir yo‘lini topaylik.

K+ telekanali efir paytida hujumga uchragani bois keng xalqqa yetib bormagan bu filmni boshqa kanallar orqali ko‘rsatish imkonlari ko‘rilayaptimi?

Muhammad Solih: Men shu xushxabarni berishim mumkin. O’zbekistondan olayotgan xabarlarimga ko‘ra, insonlarning o‘zlari internetdan parcha-parcha qilib olib, hatto erkchi bo‘lmagan insonlar bu filmni xalqning orasida tarqata boshladi. Men yuzlarcha bunday xabar oldim. Bu filmning hammasini bo‘lmasa ham parcha-parcha ko‘rgan odamlar xursand bo‘lib, bizni tabriklab xatlar yozishayapti. Bu film hozir O’zbekistonda tarqala boshladi. Bu filmga Karimov rejimi to‘siq qo‘ya olmaydi. Inshoolloh shu yaqin orada bu filmni butun xalqimiz ko‘radi.


Ozodlik:
Bugungi suhbat so‘nggida “Qurolsiz kishining ozodligi” hujjatli filmini ko‘rish orqali o‘zlari uchun muxolifatdagi Erk partiyasi va uning lideri Muhammad Solihni kashf etgan yangi tarafdorlaringizga aytar gapingiz bo‘lsa, marhamat.

Muhammad Solih: Har bir narsaning umri bo‘ladi. Insonning umri bo‘ladi, davlatning ham umri bo‘ladi, siyosiy rejimlarning ham umri bo‘ladi. Karimov rejimining ham umri bor. Bu umr Olloh tomonidan bichilgan. Menimcha, shu umrning so‘nggi kelayapti. Bu so‘ng Karimovning so‘nggi, uning hamtovoqlarining so‘nggi, inshoolloh, xalqqa o‘tkazilayotgan katta bir zulmning so‘nggi bo‘ladi. O’zbek xalqi shu zulmning so‘nggiga tayyorlanishi kerak. Bu zulm, inshoolloh, xalqning yelkasidan tushadi va xalq mutlaqo o‘z ozodligiga erishadi. Men shuni istardimki, xalqimiz shu ozodlikka erishgan paytida bugun uning o‘sha ozodligi uchun kurashgan, yo‘qlikda, yo‘qsillikda, mashaqqatlar ichida, quvg‘inda, ta’qibda yurgan bizning safdoshlarimizga o‘xshagan insonlarni, xalqi uchun o‘zining jonini ayamay kurashgan fidoyi o‘g‘illarini xalqimiz unutmasin. Bugun muxolifatchi bo‘lish u qadar sharafli ish bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin. Ammo shunday bir kun keladiki, “Men ham muxolifatchi edim” deyish uchun insonlar bahona axtaradi. “Men ham falon xo‘rlangan insonning yonida edim. Men ham o‘sha inson uchun o‘zimni riskka qo‘yib, oilamni riskka qo‘yib falon ishni qildim” deyishni orzu qiladigan insonlar paydo bo‘ladi. Bu kunlar, inshoolloh, yaqin.

Bugun haqoratga, kinoyaga chidab hali ham o‘zining maqsadidan voz kechmagan muxolifatchi do‘stlarim, yangi tarafdorlarimga men shuni aytmoqchimanki, ozgina sabr qilinglar. Faqat sabr emas, ozgina ishlaylik. Tongga oz qoldi. Tong yaqin. Biz bu tongga yuzimiz oq- oydin, qalbimizdagi pok niyatlar bilan go‘zal bir shaklda chiqaylik.

Ozodlik.org / Zebuniso

http://www.ozodlik.org/content/transcript/1988370.html?page=5&x=1#relatedInfoContainer

Qaynoq: Qulnoma

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: