“Saddi Iskandariy”ning bosh qahramoni kim?


 Hazrat Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni prototipi aslida bizning ajdodlarimizdan biri emasmikan, degan fikr ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Negaki, har bir asarida milliylik ufurib turgan, turkiylar sha’nini yuksaltirishdek oliyjanob maqsad yo‘lida butun umrini sarflagan buyuk shoir “Xamsa”dek yirik asarida o‘z maslagini yanada kengroq amalga oshirishga intilgan bo‘lishi tabiiy.

Asar bosh qahramoni kimligini aniqlash uchun, bizningcha, asarga oddiy kitobxon, badiiy adabiyot shaydosi sifatida yondashishning o‘zi kamlik qiladi. Dostonni uyg‘oq qalbli inson nigohi bilan Navoiy yashagan davr tarixini teran tahlil qilgan holda mutolaa qilmoq kerak. Ma’lumki, Alisher Navoiy yashagan davrda ilmiy adabiyotlar asosan arab tilida, badiiy adabiyot esa fors tilida bitilar edi. Bu bir necha yildan beri davom etib kelayotgan an’analigi bois, mazkur tillarning nufuzi baland edi. Boz ustiga forsiylar “Shohnomaxonlik”, “Xamsaxonlik” qilishar va forsiyda shunday mumtoz asarlar bitilgani bilan faxrlanishar edi. Ayrim saroy shoirlari esa ochiqdan-ochiq turkiy tilni kamsitardi ham. Shunday vaqtda Navoiydek shoir jim turishi mumkinmi edi?

Hazrat Navoiy millat sha’ni uchun ma’rifat bilan kurashdi. To‘rt devondan iborat g‘azallarini yozib turk tilining nihoyatda boy va jozibador til ekanini isbotlagach, bu ishiga ham qanoatlanmay, “Muhokamat-ul lug‘atayn” asarida turk va fors tillarini o‘zaro qiyoslab, turkiydagi har bir so‘zning o‘nlab sinonimlari borligi, fors tilida esa bu imkoniyat cheklanganini isbotladi. O’zi aytganidek, bu mamlakatni “yakqalam” aylagan shoir yoshi ulg‘ayib, yetarlicha bilim va tajriba to‘plagach, eng yirik asari – “Xamsa”ni yozishga kirishdi.

Biz shu o‘rinda “Xamsa”ning boshqa dostonlariga to‘xtalib o‘tirmaymiz-da, “Saddi Iskandariy” va uning bosh qahramoni kimligi haqidagi mulohazalarimizni davom ettiramiz.

Xullas, taassurotlarning dastlabkisi shu bo‘ldiki, asar bosh qahramoni Iskandar bizga tarixdan ma’lum Aleksandr Makedonskiyga aslo o‘xshamaydi. Mutaxassislarning aytishicha, Qur’oni karimda zikr etilgan Zulqarnayn Akbar bilan Aleksandr Makedonskiy boshqa-boshqa odamlar. Makedoniyalik Iskandar Ollohning yagonaligiga imon keltirgan mo‘min emas. Ya’juj va Ma’jujdan himoya devorini qurgan Zulqarnayn esa mo‘min odamdir. “Himoya devori”ni makedoniyalik Aleksandr qurgan bo‘lganida uni qadimshunos olimlar allaqachon topgan bo‘lar edi.

Ammo, olimlarni qiynab kelayotgan muammo shundaki, Aleksandr Makedonskiy bilan Qur’oni karimda zikr etilgan Zulqarnayn obrazi qaysi davrda birlashib ketgan? Aniqrog‘i, Zulqarnaynga Iskandar yoki Iskandarga Zulqarnayn oti qachon, qaysi xalqqa mansub olim yoki shoir tomonidan qo‘shib yuborilgan?..

Ba’zi olimlarning fikricha, dostondagi obrazlar haqiqiy tarixiy shaxslardir. Jumladan, Arastu – Aristotel, Iskandar – Aleksandr. Shoir asarida ularni ulug‘lamagan, o‘zidan oldingi xamsanavislar kabi ular vositasida ideal shoh obrazini yaratgan.

Bizning fikrimizcha, Navoiy o‘z salaflaridan farqli o‘laroq, dostondagi ideal shoh obrazini orzu-umidlari, samoviy xayollaridan yaratmagan. Uni haqiqiy hayotdan topgan. Bu esa o‘z navbatida doston voqealarini reallashtirishga xizmat qilgan.

Keling, yaxshisi bunday fikr uyg‘onishiga turtki bo‘lgan misollarga murojaat qilaylik, asarning XIX bobi quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi “Iskandarning saltanat tojidin sarkashliq qilib, xilofat taxtidin ayoq tortqoni va Rum ahli boshlarin oyog‘iga qo‘yub, aning maqdamidin taxt poyasin baland qilib, toj qadrin arjumand qilg‘onlari va aning adli aynining quyoshi bila zulm shomining xuffoshin ko‘r etib jahonni yorutqoni va zulm ahlining zulmatdek olam yuzidin qiroq tutqoni”.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Filipp Ikkinchi (Faylaqus) dostonda tasvirlanganidek, Eron shohiga boj to‘lab turuvchi vassal davlat rahbari emas, aksincha, buyuk imperiyachilik vasvasasiga uchragan tajovuzkor hukmdor bo‘lgan. U miloddan oldingi 359 yildan 338 yilgacha Bolqon yarim oroli atrofidagi Fokida, Fessaliya, Xalkidika, Frakiya va boshqa davlatlarni bosqinchilik yo‘li bilan Makedoniyaga qo‘shib olgan. 338 yili Xeroniya yaqinida yunon polislarining birlashgan qo‘shinlarini tor-mor keltirib, butun Yunonistonni Makedoniyaga bo‘ysundirgan. U Eronga hujum boshlash arafasida turganda qizining to‘yi kuni o‘ldirilgan.

Shu birgina misoldan ayon bo‘ladiki, “Saddi Iskandariy”dagi Faylaqus bilan tarixiy shaxs Filipp Ikkinchi o‘rtasida mutlaqo o‘xshashlik yo‘q. Aksincha, bu ikkisi tamoman boshqa toifa odamlar. Shuningdek, ayni masalaga tarixiylik yuzasidan baho berilsa, otasi dushmanlari tomonidan o‘ldirilib, vaziyat toju taxtni kuch bilan o‘z qo‘lida ushlab turishni taqozo qilib qolgan tig‘iz bir paytda Aleksandrning taxtga chiqishdan bosh tortib tamanno qilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Zero, bir lahzalik xotirjamlik uning ham boshini olib ketishi hech gap emasligiga har qanday siyosatdan yiroq odamning ham aqli yetadi. Demak, kamtarlik, xokisorlik, adolatparvarlik xususidagi bu bob Aleksandr Makedonskiy haqida emas.

U holda muzkur bobda kimning taxtni qabul qilishdan voz kechmoqchi bo‘lgani haqida hikoya qilingan? Asarda tasvirlangan voqea Navoiydan u qadar uzoq bo‘lmagan davrda yuz bergan. Qaynog‘asi Amir Husaynning makru hiylalaridan to‘ygan Sohibqiron 1370 yili andisha yuzasidan o‘zini emas, Suyurg‘atmish O’g‘lonni xon ko‘tarib, lashkariga tartib berib, Husaynga qarshi yurish qiladi. Bunday yo‘l tutishining sababi, Amir Temurning ulug‘ (katta) bobosi Qochuvli bahodir va Suyurg‘atmishxonning ulug‘ (katta) bobosi Qobulxonlar o‘zaro ahdnoma tuzgan edi. Ahdnomaga ko‘ra xonlik Qobulxon avlodiga, sipohsolorlik Qochuvli bahodir avlodiga tayin etiladi. Sohibqiron saltanat ishiga o‘zini to‘liq munosib sezsa-da, ajodolari ruhiga hurmat yuzasidan Suyurg‘atmishxonni xon ko‘taradi. Ammo Husayn ustidan zafar qozonganlaridan so‘ng barcha beklar ittifoq qilib, Amir Temurni shohlikka munosib ko‘radi va unga bay’at qilishadi. Yig‘inda Sohibqironning piri Sayyid Baraka ham qatnashadi. Amir Temur piri murshidi va o‘ziga ishongan beklarning iltimosiga ko‘ra saltanat yumushini zimmasiga oladi.

Ko‘rinyaptiki, Amir Temur davlat boshqaruvini o‘zining taxtparastligidan emas, dostonda tasvirlanganidek, raiyatning iltimosi bilan qabul qilgan.

Dostonning XXVII bobida yosh, tajribasiz, ammo jasoratli hukmdor Iskandar va hisobsiz qo‘shin, cheksiz mamolik sohibi, shavkatli Doroning qo‘shini to‘qnashgani tasvirlanadi. Urushda Eron shohining ikki nafar sarkardasi xiyonatga yuz tutadi. Ular jangning borishini kuzatayotgan Doroning ikki yonidan kelib unga tig‘ sanchishadi. Shu bilan jang nihoyasiga yetadi. Doroning vasiyatlarini tinglagan Iskandar vafotidan so‘ng uni izzat-ikrom bilan dafn etib, o‘z hukmdorini sotgan xoinlarni quyidagicha jazolaydi:

Topib chunki Doro ishidan farog‘,
Tutub iki qotilni aylab so‘rog‘.
Ko‘mub dor uchun iki sutun,
Ul ikkini osturdi andin nigun.

O’tmishda esa voqea boshqacha bo‘lgani ko‘pchilikka ayon. Ya’ni oldinroq aytib o‘tilganidek, Yunon hukmdori Filipp Ikkinchi Eronga yurish qilishga hozirlik ko‘rayotganda o‘z saltanatidagi dushmanlari tarafidan o‘ldirilgan. Otasining bu ishini tajovuzkor o‘g‘li davom ettirgan. Natijada Eron va Makedon qo‘shinlari miloddan avvalgi 333 va 331 yillarda ikki marta to‘qnashgan. Oldingi jangda qo‘shinlari parokandalikka yuz tutib, mamlakat ichkarisiga chekingan Doro ikkinchi to‘qnashuvda rostakamiga yengilgan va qolgan-qutgan bir necha navkari bilan Baqtriyaga qarab qochgan, yo‘lda u Baqtriya noibi Bess tomonidan o‘ldirilgan.

Mazkur bobda fikrimizni tasdiqlaydigan ikkita detal bor. Birinchisi, Doroning qo‘shini Iskandarnikidan bir necha barobar ko‘pligi. Tarixiy asarlardan ayonki, Amir Husayn Qarshi qal’asini qo‘riqlash uchun qo‘rg‘onbegi amir Musoga o‘n ikki ming otliq askar tayinlaydi. Amir Temur ikki yuz qirq uch nafar navkari bilan ana shu o‘n ikki ming askardan qal’ani tortib oladi va ularni olti-etti chaqirim masofaga quvib boradi. Ikkinchisi, yaqin kishilarning o‘z hukmdoriga xiyonati masalasi. Sohibqiron xiyonatkor kishilarni o‘ziga eng yomon dushman bilgan. Chunonchi, To‘xtamishxon bilan bo‘lgan urushda To‘xtamishxonning ayrim amirlari o‘z hukmdoriga xoinlik qilib, uning huzuriga panoh istab kelganlari uchun ulardan yuz o‘girgan. “Bular o‘z sohibiga vafodorlik qilmagach, menga vafo qilarmidi?” deb yozadi o‘z “Tuzuk”larida.

Yana bir voqea. Dostonning XXXV bobida jahondorlik iddaosi bilan chiqqan Iskandar qishni Qorabog‘da o‘tkazadi. Bu yerda u ilmu hikmat ahllari, harbiy sarkardalar bilan majlislar tuzadi, yaqinlariga mehribonliklar ko‘rsatib, ularga Tangridan madad so‘raydi. Bu ishlardan forig‘ bo‘lgan chog‘larda ot minib, Aras daryosi bo‘yiga shikorga chiqib, daryo bo‘yidagi o‘rmonlarni sayr qilib hordiq chiqaradi.

Ki chun qildi qishloq azmiga shoh,
Qarobog‘i Arronni oromgoh…
Farog‘at chog‘i sayr o‘lub peshasi,
Matofi Aras ro‘dining beshasi.

Arron – Ozarboyjonning qadimiy nomi

Tarixiy manbalarga ko‘ra, bahorda Dashti Qipchoqqa yurishni rejalashtirib Qorabog‘da qishlayotgan Sohibqironga Samarqanddan yo‘lga chiqqan amirzoda Muhammad Sulton lashkari bilan kelayotgani xabari yetadi. Barcha shahzoda, amirzoda va beklar Aras ko‘prigidan o‘tib, mehmonni kutib oladi, so‘ng barchasi Sohibqiron huzuriga keladi. Sohibqiron unga va boshqa shahzodalarga ko‘p mehribonchiliklar ko‘rsatadi. Qish fasli suhbat va ayshu farog‘at bilan o‘tadi.

Sharafuddin Ali Yazdiy va Nizomuddin Shomiy asarlarida yozilishicha, bir zamonlar Aras daryosidan ekinzorlarga suv olish maqsadida katta ariq qazilgan. Vaqt o‘tishi bilan bu ariqda suv yurmaydigan bo‘lib to‘lib qolgan. Dostonda tasvirlanganidek, daryo bo‘yida ov qilib yurgan Sohibqiron shu ariqni ko‘rib qoladi va uni qayiq yursa bo‘ladigan darajada kengaytirib tozalattiradi. U suvdan ko‘p bog‘lar, kentlar va ziroatlar ma’mur bo‘ladi.

“Saddi Iskandariy”da dostonning bosh qahramoni Ko‘hak (Zarafshon) daryosi bo‘yida bir go‘zal shahar bino ettirgani va uni Samarqand atagani haqida gap boradi.

Skandar otodi Samarqand ani,
Samarqandi firdavsmonand ani.

Bobur Mirzo ham shu fikrni aytgan: “Samarqandni Iskandar bino qilg‘ondur. Mug‘ul va turk ulusi Semirqand derlar. Temurbek poytaxt qilib edi” (Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T., “Sharq“, 2002, 59-bet).

Tarixda Samarqand dostonda bitilgani kabi Iskandar tomonidan bino etilmagan, aksincha, miloddan oldingi 329 yil Aleksandr Makedonskiy qo‘shinlar tomonidan vayronaga aylantirilgan.

Bobur Mirzo yozganidek, Amir Temur uni o‘z saltanati poytaxti qilib, jahonning eng zo‘r me’morlarini olib kelib bu yerda ulkan binolar barpo etgan, shaharning qiyofasi uning davrida butunlay o‘zgarib ketgan. Akademik V.Bartold ta’kidlaganidek, Amir Temur Samarqand jahonning eng go‘zal shahri bo‘lishini orzu qilgan. Asarda Samarqanddan tashqari Sipohon, Ray, Hirot shaharlarini ham Iskandar bino qildi deb yozilgan. Demak, bu shaharlarni Iskandar yoki Amir Temur bino qilmagan, Sohibqiron ularni obod shaharlarga aylantirishga hissa qo‘shgan.

Asarda bitilishicha, Iskandar Kashmir va Hind viloyatlariga yurish qilganda Kashmir sultoni Mallu ibn Mabok unga qarshi urush olib boradi. Iskandar uni mag‘lub etadi va uning vasiyatiga ko‘ra qizi – Mehrnozni xotinlikka oladi, o‘g‘li – Feruzshohga otasining taxtini topshiradi.

Jang maydonidan shahar ichkarisiga chekingan Malluxon yarim tunda shahardan ham qochib chiqib tog‘dagi qal’aga bekinadi. Shunda uning a’yonlari Iskandarga quyidagi mazmunda xat yuboradi:

Ki: “Malluda bo‘lg‘on zamon bu diyor,
Yo‘q erdi bu qullarga hech ixtiyor,
Ki qilg‘ay eduk xizmat izhorini,
Ayon aylabon qulluq asorini.
Bu damkim ani shavkating qildi past,
Firor ixtiyor etti, topib shikast.
Necha bandalig‘ ichra sharmandabiz,
Nekim bizga hukm aylasang bandabiz.
Yorug‘ aylasang mulki vayronimiz,
Fidodur sanga mol ila jonimiz.
Vag ar bizni istarga farmon erur,
Boriga yuzing ko‘rmak armon erur.
Erurbiz ne-hukm aylasang muftaxir,
Bu noma javobiga biz muntazir“.

Aslida miloddan avvalgi 327 yilda Makedon qo‘shinlari Hindiston tog‘laridan oshib Panjob-Hind vohasiga kirib boradi. Bu voha podshohlaridan biri Por bosqinchilarga juda qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Panjobni katta qiyinchilik bilan qo‘lga kiritgan Makedonskiy Gang vohasi va butun Hindistonni bosib olmoqchi edi. Ammo Gang vohasida kuchli Nand saltanati qo‘shinlari turardi. Boz ustiga, shu vaqtlarda askarlar ichida bezgak kasalligi tarqaydi. Aleksandr o‘z qo‘shinining qarshiligiga uchrab, ortga qaytishga majbur bo‘ladi. U Bobilda navbatdagi yurishga tayyorgarlik ko‘rayotganda bezgak kasalligidan vafot etadi. Aleksandrning o‘limidan so‘ng saltanat parchalanib ketadi.

Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma”sida esa Malluxon bilan jang qilayotgan Sohibqironning oldiga kelgan Feruzshoh o‘zini Sulton Mahmudning o‘g‘li deb tanishtirib, undan otasining taxtini Malluxondan olib berishni so‘raydi.

Aslida Dehlida 1351-1388 yillarda hukmronlik qilgan Tug‘luqlar sulolasi vakili Feruzshoh qazo qilganidan so‘ng Multon viloyatining hokimi Sorang va uning ukasi Mallu Feruzshohning nabirasi Sulton Mahmudni podshoh ko‘tarib, Hindiston hukumatini o‘zlari boshqarar edi. Sohibqiron bilan yuzlashganda, xuddi dostonda bayon etilganidek, Sulton Mahmudxon va Malluxon avval shahar ichiga qochib kiradi, so‘ngra yarim tunda ikkalasi shaharning ikki darvozasidan: Sulton Mahmudxon – Havdoron, Malluxon – Baraka darvozasidan chiqib qochadi. Tongda esa Malluxonning noibi Fazlulloh Balxiy boshchiligidagi devonbegilar va shahar ulug‘lari chiqib Sohibqironga Malluxonning zulmidan to‘yganini izhor qiladi.

“Saddi Iskandariy” bosh qahramonining zafarli yurishlarida unga dunyo sirlaridan boxabar donishmandlar hamroh bo‘lgan. Turli joylarda uchragan kutilmagan to‘siqlar olimlar ilmi bilan bataraf etilgan.

Dostoning LXXXI bobida Iskandarning vafotidan so‘ng dilbandining qabrini makon etib tunu kun farzand dog‘ida o‘rtanayotgan onaga tasalli berish maqsadida yetti donishmand tashrif buyuradi. Ular – Filotun, Suqrot, Balinos, Buqrot, Hurmus, Farfinyus, Arastulardir. Aslida bu donishmandlar bir-biridan juda uzoq davrlardan yashamagan bo‘lsa-da, ulardan faqat Arastu Makedonskiyga zamondosh va faqat u Aleksandrga doimiy hamrohlik qilgan. Shu jihatdan, bu olimlarning birgalikda ta’ziya izhor etgani kelishi tarixiy haqiqatdan yiroq. Bu o‘rinda shoir aql-idrok, ilmu mahrifat bilan boshqarilgan saltanat qudratli bo‘lishi, Iskandarning kuch-qudrati manbai ana shu donishmandlar ekaniga ishora qilmoqda. Shuning bilan birga bu yerda pir-muridlik munosabatlari ham ko‘zda tutilgan. Dostonda Arastu – piri komil, Iskandar esa komillikka intilgan murid timsolidir. Iskandar asar rivojida bot-bot Arastuga o‘zi yechimini topolmayotgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat etadi va ustozidan olgan javoblari bilan bilimini boyitib boradi.

Moziyda Sohibqiron atrofida doim Olloh taoloning do‘stlari hisoblangan karomatguy avliyolar bo‘lgan. Boisi, Amir Temur har doim piri murshidlarga ixlos bilan xizmat qilgan va ularning duosi sharofati ila ulug‘ martabaga erishgan. Uning pirlari – Xoja Shamsuddin Kulol, Sayyid Amir Kulol, Mavlono Zaynuddin, Abubakr Tayyobodiy, Mir Sayyid Baraka, Xoja Bahovuddin Naqshband, hazratlari edi. Bulardan tashqari ham Sohibqironga ko‘plab yetishgan zotlar hamrohlik qilgan. Jumladan, Sohibqiron Dehli voliysi Sulton Mahmud bilan jang qilganda hindistonliklar yaxshi qurollangan hisobsiz askarlari bilan birga yuz yigirmata filni jangga olib kiradi. Fillarning haybatini ko‘rgan lashkarning ko‘ngliga vahima tushadi, otlar hurkib qochib, fillarga yaqinlasha olmaydi.

Dushman bilan yuzma-yuz turganda qo‘shinning sarosimaga tushishi mag‘lubiyatdan o‘zga narsa emas. Bunday paytda g‘oyibdan bir kuch kelib kishini quvvatlantirmasa, boshqa hech qanday chora yo‘q. Har doim Ollohga tavakkal qilgan Sohibqiron “Shu soatda oliy dargoh bandalaridan (payg‘ambar avlodlari nazarda tutilmoqda – D.J.) mavlono Nosiriddin Umarga ishorat qildi, u darhol joynamozni tufroq ustiga soldi. Janob hazrat otdan tushib, ikki rakaat namozni ming tazarru va niyozmandlik bilan ado etdi, oliy va ulug‘ baxshoyanda (Olloh) dargohidan fathu zafar atosini so‘radi. Shu holatda mang‘loyda (qism) turgan amir Shayx Nuriddin, amir Shoh Malik, amir Allohdod kabi amirlar: “Hazrat Amir Sohibqiron davlat egasidirlar, Xudo xohlasa, Haq taolo u zotning muborak xotiriga solib, qul (lashkarning markaziy qismi) qismdagi askarlardan bir to‘dasini biz bandalarining yordamiga yuborsalar (ajab emas)”, deb ko‘ngillaridan o‘tkazgan edilar, a’lohazrat namoz o‘qib, salom berib, dargohi ilohiyga hojatlarini arz etgach, “Davlat egalari ilhomli bo‘ladilar” degan mazmun ijobicha (binoan) qo‘shinlardan o‘ng qo‘l tomonga, mang‘loyga yordam bersinlar, deb hukm qildi. Shunga binoan u (amir)larning dillariyu bilaklari quvvatlanib, to‘la umid bilan jangga yuz tutdilar…”(Nizomuddin Shomiy. Zafarnoma. T., “O’zbekiston“, 1996, 249-250 betlar).

Sohibqiron har bir ishga qo‘l urishdan oldin piru murshidlaridan maslahat so‘ragani, hech qachon ularning ra’yiga qarshi bormagani uchun ham shunday katta saltanat hukmdori bo‘lish nasib etganini o‘z “Tuzuklar”ida bir necha bor qayd etgan.

Millatimiz quyoshi – hazrat Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonidan olgan xulosamiz shu. Ehtimol, bitganlarimiz kimlargadir ma’qul bo‘lar, ba’zilar o‘tganlarni zamonaviy mafkuraga moslashtirishdan xalos bo‘lgan Edik-ku, bu nimasi yana, dya kinoya qilar. Ammo biz fikrimizni havodan olmaganimizni isbotlash uchun bir necha ilmiy manbalardan misol keltirdik. Yechimini topa olmagan masalalarga ham xolis yondashgan holda taxminlardan o‘zimizga yoqqanini zo‘rakilik bilan tiqishtirib, o‘shaning haqligiga siz ham ishonning, deb o‘quvchi ongiga tazyiq o‘tkazishga urinmadik.

“Saddi Iskandariy” dostonining bosh qahramoni prototipi Amir Temur emasmikin, degan fikr uyg‘onishiga tarixiy faktlar va Navoiy yashagan muhit hamda uning turkiy millatga mansubligi sabab bo‘ldi. Mantiqan olib qaraganda, Navoiyga bir zamonlar yurtini g‘orat qilib, ajdodlarining qonini to‘kkan makedoniyalik bosqinchining vahshati ilhom bag‘ishlaydimi yoki yurtini ozodlikka olib chiqish barobarida turkiylarning hukmi ostiga yarim dunyoni birlashtirgan Sohibqiron shavkatimi?

Albatta, Iskandar ramziy obraz, xolos. Shoir asarida tarixiylik emas, badiiylik asosiy o‘rin tutadi. Shu jihatdan Iskandar timsolida adolatli shoh haqidagi fikrlar ilgari surilgan. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, asardagi ijobiy obraz prototipini topish ijodkorning ixlosiga bog‘liq hodisa. Navoiy dahosi ana shu hodisaga katta mafkuraviy vazifa yuklab yuborgan. Bundan tashqari, shoir asarni yozishda juda ko‘plab tarixiy adabiyotlardan foydalanganini ham ta’kidlab o‘tgan.

“Saddi Iskandariy”ning bosh qahramoni din himoyachisi. U turli yurtlarga Tangriga taoloning dini olib boradi, xurofotchilik, bid’at kuchaygan joylarda tartib o‘rnatadi.

Ayonki, o‘ttiz uch yillik qisqa umrini jangi jadallar ichida o‘tkazib yuborgan Aleksandr Makedonskiy na din himoyachisi bo‘lgan va na shaharsozlik, yaratuvchilik ishlariga vaqt ajrata bilgan.

Mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng o‘lkada iqtisodiy va ma’naviy inqiroz hukm sura boshlagan edi. Shu davrda xalqning ruhini ko‘taradigan, muqaddas dinimizni yanada kengroq yoyishga xizmat qiladigan, ommani yagona mafkura atrofiga birlashtira oladigan Amir Temurday jasoratli va tashkilotchi inson jamiyatga zarur edi. Olloh taolo ana shunday zotni yaratib qo‘liga kuch, yuragiga quvvat, qalbiga ilhom baxsh etdi. “Islom dinini yoyib, unga ravnaq berganim haqidagi ovoza kattayu kichik ahli mo‘minning qulog‘iga yetgandan keyin, islom olimlari: “Tangri taolo har yuz yilda Muhammad unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin diniga rivoj berish uchun bir kishini Islom dinining yoyuvchisi va rivoj berguvchisi sifatida ixtiyor etadi. Bu sakkizinchi yuz yillikda Amir Sohibqiron Islom dinini jahon ahliga tarqatdi. Shuning uchun bu yuz yillikda Muhammad diniga rivoj berguvchi zot shu kishi bo‘lg‘ay”, deb fatvo berdilar” (Temur tuzuklari. T., “Sharq”, 2005, 68-bet), deya ko‘ksi g‘ururga to‘lgan Sohibqiron bu gapdan so‘ng o‘zidan oldin Islomni quvvatlantirgan yetti zot haqida aniq hujjatlar asosida hikoya qiladi. Ular Umar ibn Abdulaziz (712-720), Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid (813-883), Muqtadir billoh Abbosiy (908-932), Izzuddavla Daylamiy (967-978), Sulton Sanjar ibn sulton Malikshoh (1118-1157), G’ozonxon ibn Arg‘unxon ibn Halokuxon (1295-1304), Uljoytu Sulton ibn Arg‘unon – Sulton Muhammad Xudobandalardir (1304-1317).

Dostondagi voqealarni Sohibqiron bobomiz tarixi bilan birma-bir qiyoslasangiz, faqat xamsachilik an’anasiga rioya etilgan holda saqlanib qolgan ismlarda farq ko‘rinadi, xolos. Qolgan har bir bob, har bir sahifa, har bir bayt Sohibqiron shavkatidan so‘zlaydi. Navoiy “Xamsa”ni tugatib Husayn Boyqaroga taqdim etgan damdagi voqeani eslang, nega hukmdor o‘z vaziri yoki ijodkor shoirga jilovdorlik qilib yuribdi?

Bizning anglashimizcha, bu jilovdorlik yarim dunyoni turkiylar bayrog‘i ostiga birlashtirgan Sohibqiron ruhi pokiga hamda millatimiz faxri, ulkan so‘z ustasi – ulug‘ Navoiy ijodiga hurmat-ehtirom ramzidir. Ehtimol, Husayn Boyqaro Navoiydan turkiylarning ulug‘ ajdodlaridan biri, xususan, o‘z bobosining zafarli yurishlarini insoniyat tarixiga kiritgani va bu asar asrlar davomida sevib o‘qilishini bilgani uchun ham minnatdor bo‘lgandir…

Damin Jumaqul

Ziyouz

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: