Buyuk tariximiz va ma’naviy qudratimiz ko‘zgusi


Toshkentda 1996 yil 18 oktabr kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi

“O‘zbekistonning butun dunyoga mashhur ochiq osmon ostidagi muzey-shaharlari bor. Shu bilan birga, mamlakatingizda mustaqillik yillarida shunday muhtasham binolar qurilibdiki, ular nafaqat betakror qiyofasi, balki yurtingiz tarixi, ajdodlaringiz boy merosini o‘zida yorqin aks ettirishi bilan har qanday kishini hayratga soladi. Go‘zal poytaxtingizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi menda ana shunday taassurot qoldirdi”.

Bu – fransiyalik Jozefina Bernar xonimning so‘zlari.

Vatanimizning boy tarixi, ajdodlarimizning ulkan ma’naviy, ilmiy-ma’rifiy merosi, xalqimizning betakror qadriyat va an’analari necha asrlardan buyon butun dunyo ahlini hayratga solib keladi. Diyorimizdan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk shaxslarning dunyo tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi tarix zarvaraqlaridan o‘rin olgan. Sohibqiron Amir Temur xalqimiz dahosining ana shunday yorqin timsolidir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tariximizni asl holicha o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Milliy davlatchiligimiz tarixini chuqur o‘rganish va xolisona tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida bobokalonimiz Amir Temur shaxsi, uning jahon tarixidagi o‘rni, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi xizmatlari qadr topdi. Amir Temur Vatanimiz va millatimizning yorqin timsoliga aylandi.

Poytaxtimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Sohibqiron bobomiz va uning shavkatli avlodlariga bag‘ishlab bunyod etilgan muhtasham koshona – Temuriylar tarixi davlat muzeyining barpo etilishi Amir Temur nomini tiklash, bobomizga nisbatan tarixiy adolatni qaror toptirish borasidagi ulkan qadamlardan biri bo‘ldi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘zining salobati va betakror me’moriy yechimi bilan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlar e’tiborini ham o‘ziga tortib kelmoqda. Bu muhtasham binoning har bir qismi tarix va bugungi kunni ifoda etib, o‘zaro uyg‘un tarzda Sohibqiron bobomiz kuch-qudratidan, xalqimizning buyuk tarixi va kelajagidan dalolat beradi. Muzeyning salobatli moviy gumbazi ulug‘ ajdodimiz xoki yotgan Go‘ri Amir maqbarasini namoyon etsa, baquvvat ustunlari, milliy me’morchiligimiz an’analariga monand ishlangan toq va ravoqlar, oltin suvi berib ziynatlangan bezaklar o‘rta asr me’morligi an’analarini o‘zida mujassam etgan. Binoning tashqi devoriga ishlangan naqsh har qanday kishini hayratga soladi. Bu naqshlarda “adolat”, “ma’rifat”, “diyonat”, “oqibat” kabi ezgulikka undovchi, Amir Temur yuritgan to‘g‘ri va odilona siyosatni aks ettiruvchi so‘zlar bitilgan.

Bu maskan nafaqat o‘zining betakror qiyofasi va salobati, balki rang-barang ekspozitsiyasi, noyob osori-atiqalarga boy fondi, keng qamrovli ilmiy-ma’rifiy, yuksak ma’naviy salohiyati bilan ham shuhrat qozonmoqda. Ayni paytda bu Amir Temur barpo etgan qudratli davlat, Sohibqiron bobomizning buyuk bunyodkorlik ishlari, ulkan ma’naviy merosini haqqoniy o‘rganishga, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, ulug‘ ajdodlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Zotan, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, bu muzeyda bizning o‘tmishimiz ham, bugungi kunimiz va buyuk istiqbolimiz ham bamisoli ko‘zguda aks etgandek namoyon bo‘ladi.

Dastlab muzey fondidan 600 eksponat joy olgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni uch mingdan oshadi. Eksponatlar orasida Amir Temur va temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar, yozishmalar, kumush va mis tangalar, sopol va mis buyumlar, me’moriy qoplamalar, qurol-yarog‘, cholg‘u asboblari, etnografik buyumlar alohida ahamiyatlidir. Mamlakatimiz hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar paytida topilgan ashyolar, shuningdek, ko‘plab yurtdoshlarimiz tomonidan taqdim etilgan tarixiy, madaniy ahamiyatga ega buyumlar, chet ellarga olib ketilgan madaniy yodgorliklarni qaytarish borasidagi ishlar tufayli muzey fondi yildan-yil boyib borayotir. Amir Temur tashqi savdo va pul munosabatlariga alohida e’tibor qaratgan, izchil pul islohotlarini o‘tkazgan. Bu o‘z navbatida ulkan saltanatning taraqqiy etishiga, Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasida savdo aloqalari har tomonlama kengayishiga xizmat qilgan. Muzeyda saqlanayotgan temuriylar davrida zarb qilingan tangalar ham shundan guvohlik beradi. Shahrisabz va Samarqandan topilgan binolar qoplamalari namunalari tomoshabinda katta taassurot qoldiradi. Turli me’moriy ashyolar, ulardagi bezaklar va ranglar olti yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tsa-da o‘z holatini o‘zgartirmagani har qanday kishini hayratga soladi. Muzeyda saqlanayotgan Temuriylar davri hunarmandlari to‘qigan qimmatbaho matolar, oltin, kumush va bronzadan yasalgan xilma-xil idishlar, uy-ro‘zg‘or va zargarlik anjomlari, sopol buyumlar Amir Temur nafaqat buyuk davlat arbobi, balki ilm-fan, hunarmandlik, ma’naviyat va ma’rifat homiysi bo‘lganidan yana bir dalolatdir.

Parijda 1996 yil Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazmada namoyish etilgan eksponatlar ham alohida qimmatga ega. Tasviriy san’at namunalarida, jumladan, ko‘rgazma zali devorlarida aks ettirilgan “Buyuk Sohibqiron – buyuk bunyodkor” mavzuidagi uch qismdan iborat asarda bobomizning turli davrlardagi hayoti tasvirlangan. Prezidentimiz Islom Karimovning Amir Temurga bo‘lgan hurmatini ifodalovchi dil so‘zlari va “Temur tuzuklari”dan keltirilgan iboralar eksponatlarni mazmunan boyitgan.

Tarixiy, madaniy, ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, buyuk Sohibqiron va temuriylarning jahon ilm-fani va madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etadigan turli ko‘rgazma va anjumanlar o‘tkazish muzey faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridandir. O‘tgan davrda muzeyda turli mavzularda o‘nlab ko‘rgazmalar tashkil etildi. Shuningdek, Fransiya, AQSH, Germaniya, Avstraliya kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilgan muzey eksponatlari xorijliklarda katta taassurot qoldirdi.

Turli mamlakatlarning yirik ilmiy markazlarida Amir Temur merosiga bag‘ishlab olib borilayotgan tadqiqotlarni chuqur o‘rganish, temurshunoslikning eng muhim qirralarini teran tahlil etish va xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazishda mezeydagi tarixiy, madaniy, ma’rifiy fanlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar alohida ahamiyatga ega. Xususan, “Temuriylar davri renessansi” mavzuidagi tadqiqot natijalari asosida “Temuriylar davri madaniy yodgorliklari”, “Amir Temur va temuriylar davri: yangi tadqiqotlar” to‘plamlari nashr etildi. “Temuriylar davri madaniy yozma yodgorliklarining O‘zbekistonda va xorijda o‘rganilishi”, “O‘rta Osiyoda kitobat san’ati tarixidan (temuriylar davrida yaratilgan asarlarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari)” kabi mavzularda muhim tadqiqotlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizga tashrif buyurgan ko‘plab yuqori martabali mehmonlar, rasmiy delegatsiyalar vakillari yurtimizning boshqa diqqatga sazovor joylari qatori Temuriylar tarixi davlat muzeyini ham ko‘radilar. Muzey yoshlarning, poytaxtimiz mehmonlari va xorijlik sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan. Har yili 100 mindan ziyod tomoshabin ushbu maskanga tashrif buyuradi. Yaqinda muzey o‘zining bir million 500 minginchi tomoshabinini kutib oldi. Bu baxtli tomoshabin – yosh kelin-kuyov mezeyning maxsus sovg‘asi bilan taqdirlandi.

– Muzeyimiz faoliyat ko‘rsata boshlagan vaqtdan beri 530 dan ortiq rasmiy delegatsiya bu yerga tashrif buyurdi, – deydi ekskursiyalar bo‘limi mudiri Surayyo O‘ljaboyeva. – Yaqinda mehmonlarning dil so‘zlari, taassurotlari aks etgan “Dastxatlar” ko‘rgazmasini tashkil etdik. Ularning orasida BMT, YUNESKO, SHHT, MDH, YEXHT, NATO singari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, YETTB, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya tuzilmalarining vakillari, oltmishga yaqin davlat rahbarlari, hukumat boshliqlari, parlament delegatsiyalari, diplomatlar, ishbilarmonlar, mashhur madaniyat va san’at namoyandalari borligi boy madaniyatimiz va tariximizga qiziqish va ehtirom yuksakligidan dalolatdir.

Muzeyda turli ilmiy anjumanlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazish an’anaga aylangan. Maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab o‘quvchilari, talabalar uchun tashkil etilayotgan turli mavzulardagi ekskursiyalar, darslar yoshlar uchun har tomonlama foydali bo‘lmoqda.

– Ushbu muzey Amir Temur davridagi va eng yangi zamonaviy me’morlik an’analarini o‘zida mujassam etgan, – deydi ispaniyalik sayyoh Ambrosio de Rosario. – Unga tutash Amir Temur xiyoboni hamda yaqinda bunyod etilgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bir-birini to‘ldirib, yanada ulug‘vorlik kasb etibdi. Bu xalqingizning yuksak bunyodkorlik salohiyatidan yorqin dalolatdir.

Husniddin Berdi

O‘zA

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: