Mening Panturkchiligim va shariatchiligim


Mening panturkchiligim va shariatchiligim

Mhhammad SOLIH: MENING PANTURKCHILIGIM VA SHARIATCHILIGIM

(Matnning originali Turkiya jamoatchiligiga qarata Turkiya turkchasida yozildi)

Sovet davrida o’zbek kommunistlari meni “milliyatchilik” va “panturkist”likda ayblagandilar.

“Solih O’zbekistonni Rus Og’amizdan ajratib jarga olib borayapti!”, deb nutq otardi bir kommunist lider. Bu kommunist lider bugun O’zbekistonning Prezidenti.

Ya’ni, o’n yil avval bu odam O’zbekiston mustaqilligining ochiqcha dushmani edi, bugun O’zbekistonning “milliy qahramoni” emish. O’n yil avval bu zot meni “panturkist” degan bo’lsa, bugun “dinchi, shariatchi” deb ayblamoqda. Chunki zamon o’zgardi. Bugun o’zlari “panturkist” bo’ldilar, bizga “shariatchilikni” berdilar. Chunki shariatchi bo’lish bugun xavfli. Ammo payt keladi, “shariatsizlik”ni ham o’zlari oladilar, siyosiy konyuktura o’zgarib, shariatchi bo’lish prestijli bo’lsa, bas.

O’zbekiston Prezidenti bir necha yildirki, menga qarshi haqorat va ayblovlarini Turkiya matbuotiga ham sizdira boshladi. Shu kunga qadar bu ayblovlarga qarshi turk matbuotida o’zimni himoya qilmadim, bu yozuv ham himoya matni emas. O’zbekiston Prezidentining kimligini u mintaqani tanigan kishi yaxshi biladi. Aksincha, Turkiyaga bir oz o’zimni tanishtirishim kerakka o’xshaydi, deb o’yladim.

Ha, men – Turkistonli bir turkman. Turkistonning ma’nosi turklar yashagan o’lka demakdir. Ruslar bu o’lkani ishg’ol etgandan so’ngra uning otini ham o’zgartirdilar, uni besh parchaga ayirib, besh ism berdilar. Bu kungi O’rta Os’yo cumhuriyatlari o’sha ruslar bergan isimlar bilan atalmoqda. Bulardan biri O’zbekistondir, men o’sha bo’lgadanman.

Ya’ni bugungi ibora ila aytsak, bir o’zbek turkiman.

Turkligindan hech qachon uyalmagan bir turk.

Turkligiga hamisha shukr etgan turk.

Ayni paytda, hechqachon Turkligidan g’ururlanmagan bir turk. Sizga bu uch tuyg’udan, UYAT, SHUKR va G’URUR derkan, nimani nazarda tutganimni tushuntiray avval. G’arbiy Turkiston xalqi 135 yil rus asoratida qoldi. Bu 135 yilning 30 yili goh olovlanib, goh so’nib turgan mustaqillik uchun janglar bilan kechdi. Isyonlar, qo’zg’olonlar doim qonli ravishda bostirildi. Faqat ruslar bu davr ichida bir soniya ham osoyishta uxlamay olmadi.

Turkistonlilar 135 yil intensiv bichimda madaniy va etnik assimilatsionga tobe tutildilar, manqurtlashtirilmoq istaldi, rus tilini bilmaganlar yaxshiroq ishga kirish haqqidan mahrum qilindi. Ruschani durust bilgan o’zbek – aqlli, talaffuz bilan gaplashgani – qoloq, o’zbekcha gaplashgani esa johil sanaldi. Faqat Turkiston turklari na ona tili turkchadan, na urf-odatlaridan, va na qadim madaniyatlaridan voz kechdilar. Bir hovuch manqurtni istisno qilganda, qoloq desalar ham, johil desalar ham ruschada talaffuz bilan gaplashmoqdan, to’g’rirog’i, o’zining turkligidan also uyalmadi bu qaysar qavm.

Kamina o’sha qavmdan kelganman.

Bu yuqorida “UYALMASLIK” deganda ham o’sha uyalmaslikni nazarda tutgandim.

Bizni uyaltirmagan Ollohga shukrlar qilaman.

Bu shukr tuyg’usi, millatimning yaqin ikki ming yillik tarixiga qaraganimda yanada ortadi.

Bu tarix sahifalarida ” – biz axmoq turklarni go’zal so’zlar bilan aldadik!”, deya yozishlari mumkin. “Turklarni birbiriga qayradik!”, “Turklarni yelkasidan xanjar urdik!” deb ham yozishlari mumkin, lekin hech bir muarrih “- Turklar bizni sotdi”, “- Turklar munofiq”, “Turklar so’zini tutmadi”, “Turklar iymonsiz qabila”, deya yoza olmaganlar.

Meni shu sharafli qavmga mansub yaratgani uchun Ollohga shukr etaman.

Yuqorida “shukr tuyg’usu” deganimda buni nazarda tutgandim.

G’URURga kelsak, men turklikdan g’urur tuymayman, g’ururlana olmayman, chunki turklik, turk bo’lib tug’ulmoq – mening xizmatim emas. Meni va qolgan turklarni ham yaratgan Ollohu taolodir. Uning yaratgani bir maxluq bilan g’ururlanmoqqa hech kimning haqqi yo’qdir. Agar bir rus yoki xitoyli, bir anglosaks va yoki bir habash (negr) o’z irqi bilan g’ururlansalar, bu ularning ishi. Ularga qarshi mening silohim (qurolim) ularniki kabi g’urur emas, balki yana o’sha Turk tilim bo’lajakdir, bundan ortig’ini ularga ravo ko’rmayman.

Mening tanlagan turkchilikning hududi, chegarasi budir. Mening olgan tarbiyam budir.

Ha, turklar begonalarga nisbatan doim ochiq ko’ngilli yondasha bilgan, o’zidan bo’lmaganni xo’r ko’rmagan. Uyiga kelgan mehmon oldiga bori yo’g’ini qo’ya olgan nodir, kamyob millatlardan biridir. Bundan g’ururlanayotganim yo’q, bunga shukr etayapman xolos.

Men o’z nafsini tanishga harakat qilayotgan, ammo hozircha taniy olmagan bir odamman. Bu aytganlarimni o’zini tanishga uringan har kim anglaydi. Agar o’z nafsimizni tanisak, bu bizni mo’jizalar asri bo’lajak 21 asr bo’sag’asida turarkan, uning texnologik jozibasiga asir tushmoqdan qutqarishi mumkin.

Ayni paytda, bu irqchilikka toyib ketmasdan milliy qadriyatlarimizni saqlashga, mutaassiblik qilmay turib diniy muqaddasotimizni asrashga ham yordam berishi mumkin.

Aytmoqchi bo’lganim, insoniyat 21 asrni yuksak texnologiya asridan ko’proq “Yuksak axloq asri”ga aylantirish niyati bilan bu asr bo’sag’asiga kelsa yaxshi bir boshlang’ich bo’lardi. Aytmoqchi bo’lganim, siyosatning tamalida ham avval axloq, har narsadan avval axloq bo’lmog’i kerak.

Davrimizning siyosatchilari o’z mag’lubiyatlari sabablarini har narsadan axtarishi mumkin, ammo hech qachon axloqsizlikdan axtarmaydilar. Chunki axloqsizlikni siyosiy hayotga zarar beradigan bir narsa o’laroq ko’rmaydilar, uni siyosatda normal hodisa sifatida baholaydilar. Bu qarash, afsuski, G’arb kabi Sharqda ham, sekulyar davlatlar kabi, teokratik rejimlar siyosatida ham qabul qilingan narsadir.

Aslida, biroz chuqurroq o’ylasak, davlatlarning inqirozi va jamiyatlarning cho’kishiga asos sababning UMUMIY AXLOQSIZLIK bo’lganini ko’ramiz. Muayyan bir davlatning inqirozi yoki yo’q bo’lishi sabablarini tarixchilar va ijtimoiyatchilar, qanchalik “ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy ta’sirlar” o’laroq sanasalar ham, bu ta’sirning ildizlari TOTAL AXLOQSIZLIKKA borib taqalganini ko’ramaydilar yoki ko’rishni istamaydilar.

Davlatlarni kemirib yo’q qilgan, ularning shafqatsiz kushandasi bo’lgan “zulm”, “adolatsizlik”, “korruptsiya va poraxo’rlik”, hammasi AXLOQSIZLIKdan kelib chiqqan oqibatlardir.

Rimni vayron etgan Nerondan tortib bugun O’rta Osiyoni safolat va fuqarolar urushiga sudrayotgan kommunist diktatorlarga qadar, hammasi AXLOQSIZLIKning zuryodlaridir. Buning teskarisiga, tarixda turklarning idorasidagi davlatlarning dunyoga rafoh ve tinchlik taratgan davrlarga boqib, bu davlatlarda siyosiy avtoritet va uning boshqargani jamiyatning yuksak axloqiy mezonlarga mutaasiblarcha amal qilganliklarini ko’ramiz.

Bu o’rnaklar, bu tarixiy darslar ko’zimizning oldida turar ekan, bizning siyosiy sistema va davlat modellari chorrahasida garangsib, sarosimaga tushib turishimizning o’zi g’alati. Albattaki, biz qurishni orzu etganimiz Davlat bir huquq davlati, bir demokratik davlatdir. Ammo uning tamaliga axloqiy qadriyatlarni qo’ymas ekanmiz, demokratiya anarxiyaga, huquq – safsataga aylanisji hech gap emas.

Bugun Turk dunyosi toza axloq sohibi bo’lgan siyosatchilarga va axloqli siyosatga juda, juda ham muhtojdir. Bu ehtiyojni qondirmoq moddiy va iqtisodiy ehtiyojlarga chora topmoqdan ham muhimroqdir. Bu ehtiyoj qondirilsagina “turk dunyosi birligi” kabi tushunchalarni jiddiy shaklda tortishmoq mumkin. Yo’qsa, o’z qavmiga zulm qilib turgan “o’zbekboshi” yoki “turkmanboshi” chiqib “marhamat qilingizlar, Turkiston butun turklarning uyi!”, desa, bunga hech kim inonmaydi. Yoki ismi poraxo’rlik va korruptsiyaga bulg’angan boshqa bir lider chiqib, “Adriatik dengizidan Chin saddi (Xitoy devori)ga qadar Turk dunyosi bor!” deya hayqirsa ham birovga ta’sir etmas.

Turk dunyosi integratsiyasi to’g’risida bugungacha qilingan gap, otilgan nutqlardan bir narsa chiqqani yo’q. Aksincha, liderimizning “vodka” yutumlab sarf etgan loflari va Turkiyaga kelib Turk xalqlarining Qurultoyida an’anaviy “bosqondagi temirga bolg’a urish marosimlari” TURKLAR BIRLIGI kabi qutlug’ g’oyani jo’nlashtirib (primitivlashtirib), qadrsiz qildi xolos. Endi Umumturk Alifbosi kabi oson amalga oshishi mumkin bo’lgan birtadbirni eplay olmagan bu “lider”lar bundan jiddiyroq masalalarni qanday idrok etabilsinlar? Bundan 10-15 yil avval “Asir Turklar” degan bir shior bor edi. Amerikadagi Turk jamiyatlari mustamlaka ostida yashayotgan Turkiston turklarining haqlarini talab qilib, N’yu-York ko’chalarini to’ldirib namoyishga chiqardilar, faqat Sovetlar Birligi tarqab, u yerdagi turklar (qozoq, qirg’iz, turkman, o’zbek) mustaqillikka erishganlaridan so’ng bu shior ham g’oyib bo’ldi. Vaholanki, asir bo’lgan faqat Sovet turklari emas, Urumchida, Sharqiy Turkistonda yashagan millionlarcha uyg’ur qardoshlarimiz ham asir edilar. Kerkukda, Shimoliy Iroqda yashagan turkman birodarlarimiz ham asir edilar; ular bugun ham asirdirlar. Agar biz bir-birimizni himoya qilmoqchi bo’lsak buni harqanday bir superquvvatning siyosiy konyukturasi chegarasida emas, haqiqiy milliy shuur bilan, nima qilayotganimizni bilib qilmog’imiz kerak. Rahbarlarimiz qardoshlarimizni ezayotgan zolimlar bilan ishbirligi qilmoqdalar, chunki o’zlari ham zolimdirlar. Men sivil qurilishlarga, jamiyatlarga, ularning ko’ngilli a’zolariga murojaat qilmoqdaman. Faqat sizlar bir ishni qilishlaringiz mumkin. Faqat turk jamoatchiligi Urumchidagi, Kerkukdagi turklarga qarshi boshlangan qatliomni to’xtatish mumkin. Tibetliklar o’zlariga uyg’ulangan Xitoy zulmini dunyoga eshittira oldi, jamoat tashkilotlarimiz ham Xitoy hukumatining Uyg’ur turklariga, Saddamning Iroq turklariga qarshi qilayotgan zo’ravonliklarni, vahshiyliklarni dunyoga eshittirishlari zarur.

Men panturkchi emasman, faqat Turk qavmlarining bir kuni o’zini anglayajagi, hatto bir kuni birlashajagiga ishongan bir idealistman. Bunday birlikdan dunyoga zarar kesa, nari borsa, Ovro’pa Birligidan kelgani qadar kelishi mumkin. Agar bu birlikdan dunyoga foyda kelsa ” OB “dan kelgan foydadan ko’proq keladi, deb umid qilaman. Bu birlik qurilsa, Ovro’pa Birligi o’lkalari joylashgan hududdan kengroq hududga tinchlik, faravonlik va istiqror hokim bo’lajakdir. Buni tasavvur etmak, buni orzu qilmoq na go’zal mashg’ulotdir, bilsangiz…

Man ba’zan turk gazetalari yozgandek, shariatchi emasman. Faqat Ollohga inonaman. Agar inonmoq shariatchilik bo’lsa, nafaqat men, o’zbeklarning deyarli hammasi shariatchidir. Ularni kommunist rejim ateist qila olmadi, endi Karimov ularni ateistga aylantirmoqchi, ammo bekorga ovora bo’ladi. U yerlarda bir-ikki o’zligini tanimagan, aldangan bechoralar chiqib “men vahhobiyman”, “men Hizbut tahrirchiman” deb, diktatorning tegirmoniga suv quydilar va diktatorning dindorlarga qilayotgan zulmining yanada shiddatlanishiga sabab bo’ldi. Ammo na bu diniy taassub, na da Karimovning (xudosizligi) ateizmi o’zbeklarni yo’ldan adashtira oladi. O’zbeklar – Turkiston turklari – muslimon o’laroq doim o’rta yo’lni tanlaganlar. Ulardan fundamentalist (tubdandinchi) chiqarmoq mumkin emas. Xuddi ateist chiqarmoq mumkin bo’lmaganday.

Aytmoqchimanki, Turkistonda “yurtboshilar” aytgan “tubdan dinchilar” yo’q. Bizda “tubdan dinsizler” bor. Ular ham kichik bir guruh, jamiyat uchun tahlikasiz deyish mumkin. Faqat bu “tubdan dinsizlar”dan ba’zilarining davlat tepasida bo’lishi keyingi yillarda o’lkamizning barqarorligini buzgani haqiqatdir. Ular ham “tubdan dinchilar” kabi o’z fanatizmining asarlaridir. “O’zlaridan” bo’lmagan har qanday odamni dushman sanab, uni yo’q etishga urinadi doim. Bugun O’zbekiston zindonlarida qiynoq va iskanja ko’rayotgan minglarcha inson bor, ularning yagona aybi u fanatiklarga o’xshamaganidir. Men ham ularga o’xshamaganim uchun yurtimni tark etishga majbur bo’ldim. Ya’ni men G’arbning nozu ne’matlaridan bahramand bo’lish uchun o’lkamni tark etganim yo’q. Yoki Turkiyadan boshpana so’rab, bu qardosh o’lkani noqulay ahvolga solmoq uchun ham emas.

Bizning Turkiyadan yordam kutganimiz to’g’ridir, ammo olgan hech bir yordamimiz yo’q, bundan xafa bo’layotganimiz ham yo’q. Bizning yagona istagimiz, Turkiya bizni, “Tashqi Turklarni” unitmasin. U yerdagi rejimlar bilan xalq o’rtasidagi nozik farqni vaqtida ilg’ab olsin va o’z strategiyasini shu farqqa ko’ra tuzsin. Albatta, “Tashqi turklarni”, ya’ni bizni, avval Olloh, keyin yana o’sha “tashqi turklar”ning o’zlari qutqarajakdir. Faqat yangi davlat qurilar ekan, yoningda qardoshlaring nafasini his etmak go’zal bir tuyg’udir. Mening butun panturkizmim shu nafasni eshitmak orzusidan boshqa narsa emasdir.

(07.10.2000. Oslo , Norvegiya)

2 Yanıt

  1. Assalamu alaykum Muhammadsolih aka Alloh taolo ishingizda tavfiq va madad berishini sorayman .biz ham yordamga shaymiz . hatlar ozbek yoki arab tilida kelsa yahshi bolardi yashasin turkiston u bilan aziz bolsin dini islom!!!

  2. Assalomu alaykum!

    Alloh sizni niyatlaringiz amalga oshishida ko’mak bersin. Iloyim biz ham shu kunlar etaylik. O’zbek halqim ozodlikka erishib, buyuk turk halqlarining eng namunali vakili bo’lsin. Dunyoga men O’zbekistondan bir turk qiziman deb faxralnib yuraylik!

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: