Barcha davr uchun zamondosh


Rustam Jabborov

G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning munavvar siymosi, qutlug‘ nomi, boy va serqirra ma’naviy merosi asrlar mobaynida insoniyatni ezgulikka, hamjihatlikka, ilmu irfonga chorlab, xalqimiz uchun cheksiz faxru iftixor timsoli bo‘lib kelayotir.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘zligimizni, tarixiy qadriyatlarimiz, milliy ma’naviyatimizni tiklash, ulug‘ ajdodlarimiz, jumladan, mutafakkir shoir Alisher Navoiyning o‘lmas merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, Navoiyni anglamoq, uni idrok etmoq ulkan baxt, sharafli ishdir.

Buyuk shoirning barhayot asarlarida ilgari surilgan insoniylik, xalqparvarlik, ezgulik g‘oyalarining bugungi kundagi ahamiyati, xususan yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni, ul zotning muborak siymosi va ijodining jahoniy e’tirofi xususida “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi, taniqli adabiyotshunos olima Suyima G‘aniyeva O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Alisher Navoiy nomi, uning bezavol merosi zamon va makon sarhadlari osha insoniyatni haqiqat, adolat, ezgulik sari da’vat etib kelmoqda. Ulug‘ alloma asrlar davomida xalq bilan hamnafas, zamon bilan hamqadam. Ul zotni har bir davr uchun zamondosh deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas.

XX asrda insoniyat ilm-fanning yuksak cho‘qqilarini zabt etib, beqiyos kashfiyotlar, ixtirolar yaratishi barobarida, qanchadan-qancha musibatlarni, fojialarni, urushlarni boshidan kechirdi.

Hazrat Navoiy tavalludining besh yuz yilligi ham aynan ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan. Og‘ir damlar bo‘lishiga qaramay, xalqimiz ulug‘ mutafakkirning qutlug‘ to‘yini nishonlashga harakat qilgan.

O‘sha paytlarda o‘tkazilgan yirik xalqaro anjumanda Navoiy she’rlarini rus tiliga tarjima qilgan shoir Nikolay Lebedevga so‘z beriladi. Tarjimon keksayib, xastalanib qolgan, o‘rnidan turolmasdi. Shunda u sheriklaridan ko‘maklashishni iltimos qiladi: “Men buyuk Navoiyning she’rini o‘tirib o‘qiyolmayman, bu ul zotga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi” deya, qiynalib bo‘lsa-da, she’rni o‘rnidan turib o‘qigan. Qarangki, Navoiyning o‘sha she’rida tasvirlangan qahraton sovuq, ochlik va qirg‘inbarot janglar ayni o‘sha paytdagi urush manzaralariga mos tushar edi.

Darhaqiqat, Navoiy besh asr muqaddam butun bani basharni hamjihatlikka, ahil va tinch-totuv yashashga da’vat etib, shunday misralarni bitganlar:

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-birinizg‘aki, erur yorlig‘ ish.

Navoiyning ona tilimizda yaratilgan “Xamsa”siga kirgan dostonlarida ham adolatli, xalqparvar, tinchliksevar jamiyat haqidagi orzulari aks etgan. “Saddi Iskandariy” dostonidagi bosh qahramon timsolida odil va oqil davlat rahbari siymosi, suvrati va siyrati ulkan muhabbat bilan tasvirlangan. Ana o‘sha dostondagi bir lavhaga e’tibor beraylik.

Iskandar Kashmirning zolim hukmdori Malluni yengib, uning o‘rniga adolatli shoh Feruzni tayinlaydi. Ya’juj va Ma’jujni mag‘lub etish uchun otlangan Iskandar Hindistonga qo‘nib o‘tishni ixtiyor qiladi. Iskandarning kuch-qudratini, unga qarshi chiqish aqlsizlik ekanini yaxshi anglagan Hind hukmdori Roy elchilar yo‘llab, izzat-hurmat ko‘rsatadi. Uni barcha sipohlari bilan poytaxtiga taklif qiladi. Shunda Iskandar o‘z askarlarini ancha olisdagi o‘rmonda qoldirib, shaharga bir o‘zi kirishini aytadi.

Dedi shahki: “Shahr ichra sig‘mas sipoh,
Kerak beshada elga oromgoh,

Vagar sig‘sa dog‘i, emas, dilpisand,
Ki yetgay, raoyoga eldin gazand…”

Ya’ni, “Mening sipohlarim shaharga sig‘maydi. Sig‘sa ham bu ko‘ngilga xush keladigan ish emas. Elga ulardan biror ozor yetmasligi uchun uni shahardan tashqaridagi o‘rmonda qoldirishim maqsadga muvofiqdir. Mening askarlarim tufayli xalqingizga aziyat yetmasin, raiyatning oromi buzilmasin”, deydi Iskandar.

Ne baxtki, Navoiy orzu qilgan tinch, erkin va farovon jamiyatda yashash ulug‘ donishmandning bugungi vorislariga, sizu bizga nasib etdi. Yurtboshimiz rahnamoligida o‘tmishda yashab o‘tgan, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab allomalarimizning qadamjolari obod etildi. Bugungi avlod ularning bebaho merosidan bahra olmoqda. Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini ko‘rib dilingiz yayraydi.

Navoiy ham o‘z davrida ana shunday bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘lib, mamlakatda juda ko‘plab madaniy-maishiy inshootlar, maktab va madrasalar, hammom va shifoxonalar, ariq va ko‘priklar barpo etgan. U kishining tashabbusi bilan Hirot, Astrobod, Mashhad, Nishopur, Marv singari shaharlarda bunyod etilgan va qayta ta’mirlangan me’moriy obidalar bugun ham salobat to‘kib turibdi. Ularning ba’zilarini o‘zim borib ko‘rganimda, qalbim cheksiz faxru iftixorga to‘lib toshgan edi.

Alisher Navoiy nainki o‘z asarlari, balki ezgu amallari bilan ham el-ulusga ibrat ko‘rsatganlari tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida tilga olingan, ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan bir voqeani eslaylik.

Amir Alisher tahorat olayotganlarida liboslariga ilashib qolgan bir chumolini, o‘z uyasidan yiroqda sarson bo‘lmasin deb, yo‘llaridan qaytganlari va mitti jonivorni o‘z makoniga eltib qo‘yganlari ul zotning nainki insoniyat, balki butun borliqqa muhabbati, rahm-shafqatidan dalolat emasmi?

Menga qilsa yuz jafo, bir qatla faryod aylamon,
Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram.

Ushbu baytda ham soflik, samimiyat va xalqparvarlik yaqqol ufurib turibdi.

Bugun biz ilm-fan, texnika, axborot texnologiyalari yuksak darajada rivojlangan bir davrda yashayapmiz. Bu zamon har birimizdan ma’naviyatimiz, milliy qiyofamiz, qadriyatlarimizni turli yot ta’sirlardan himoyalash, xususan yoshlarimizning ongini turli illatlardan asrash, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashni taqozo etadi.

Navoiy asarlarining yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning yorug‘ kelajagini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotir. Bu asarlarda ilgari surilgan sharqona odob-axloq, ibo va hayo, or-nomus, mardlik va jasorat, Vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat, mehru muhabbat g‘oyalari bizning zamonamizda ham dolzarbligicha qolmoqda.

E’tibor qilsak, “Xamsa” dostonining bosh qahramonlari ham asosan yoshlardan iborat. Farhod, Qays, Iskandar ham yoshlikdan ilm-ma’rifatga tashna bo‘lib ulg‘aygan. Bu bilan Navoiy o‘z davrining yoshlarini ham, keyingi avlodlarni ham ilm o‘rganishga, ma’rifat istashga undaganlar.

Buyuk shoirimiz nafaqat, ilm va hunar o‘rganish, balki undan o‘z o‘rnida foydalanishni ham targ‘ib qilganlar. Farhodning tilidan aytilgan “Hunarni asrabon netgumdur oxir, olib tufroqqamu ketgumdur oxir?” misralarida ham ana shu ezgu maqsad tajassumini topgan.

Bugun ayrim yoshlar yurtimizda yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ham o‘z yaqinlariga, ham Vataniga naf keltirish o‘rniga firibgar kimsalar qutqusiga uchib, yot o‘lkalarda sarson-sargardon bo‘layotgani kishini tashvishga soladi.

Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g‘urbat havas aylama,

deganda u kishi aynan o‘z yurtini tark etib, turli ko‘ngilsizliklarga duch kelayotgan yoshlarni avvaldan ogohlantirib ketgan emasmilar, degan xayolga boraman.

Alisher Navoiy o‘zining oltmish yillik umri davomida mangulikka tatigulik ishlarni amalga oshirdi. O‘lmas asarlar, dilbar she’rlar bitdi. Ona tilimizning shuhratini, beqiyos go‘zalligi va nafosatini yaqqol namoyon etdi. Umri davomida el-yurt g‘ami, quvonch va tashvishlari bilan yashadi. Butun insonlarni o‘zidan yaxshi nom qoldirishga da’vat etdi:

Bu olam ichraki, yo‘qdur baqo gulig‘a sabot,
Ajab saodat erur, qolsa yaxshilik bila ot.

Chindan ham shunday bo‘lib qoldi. Hazratning bezavol nomi hamon insoniyat bilan birga yashab kelmoqda.

Xorijiy davlatlarda, xalqaro anjumanlarda bo‘lganimda, o‘zga millat vakillarining buyuk bobomizga bo‘lgan cheksiz ehtiromini ko‘rib, faxrlanib ketaman. Bugun Navoiyning nodir qo‘lyozmalari dunyoning turli shaharlaridagi mashhur muzeylarda saqlanmoqda, yetuk mutaxassislaru olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. Uning ash’ori jahonning o‘nlab tillarida jarang sochayotir. Tokio, Moskva, Boku singari shaharlarda Alisher Navoiyga o‘rnatilgan haykallar ham ul zotga cheksiz hurmat va muhabbatdan dalolat beradi.

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”.

Chindan ham Alisher Navoiyning bebaho merosini o‘rganib, uning chuqur mazmun-mohiyatini tushunib yetganimiz sari allomaning buyukligini tobora teran anglab boraveramiz. Ulug‘ mutafakkirning nurli siymosi zamonlar osha o‘lmas asarlarida, insoniyatni ezgulik, bag‘rikenglik va mehr-muruvvatga da’vat etguvchi umumbashariy g‘oyalari timsolida yashayveradi.

Shunday ekan, ulug‘ Navoiyni faqat tavallud ayyomlari, muayyan sanalar munosabati bilan emas, har kuni, har lahza yodga olsak, uning asarlarini o‘qib-o‘rgansak, yoshlarimizni ham ana shu savobli ishga yanada kengroq jalb etsak, nur ustiga nur bo‘ladi.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: