Umumiy Turkiston hamon orzuligicha qolmoqda


Umumiy Turkiston hamon orzuligicha qolmoqda

 [insert caption here]

Turkiston xalqlarining birlashishi shoir, yozuvchilar, millat ziyoliarining azaliy orzusi bo`lib kelgan. 

O`tgan asr boshlarida Turkiston birligi uchun kurashgan millatning yuzlab fidoiylari qatl etildi. 

Biroq Turkiston birligi haqidagi orzu millat ziyolilarining keyingi avlodiga meros bolib o`tdi. Bu avlod hamon ana shu umumiy makonni qo’msab, umid bilan yashamoqda.

“Ajab mudhish qora tun, kafan tutar,

  Bir zamon tinmaydir izg`irar shamol.

  Daryo ko`piradir, odamni yutar,

  U go`zaldir, u irganchdir, u xayol.

  Riyozat qamchisi kabi savaydir,

  Alkan yom`gir buzg`un tanizorimni,

  Ulug` Turkistonni kimlar sevmaydi,

  Fur’avnlar sevmas sening boringni”.    

Rauf Parfining Abdurauf Fitratga bag`ishlangan bu she`ri bir qarashda o`tgan asrda Turkiston boshida turgan qora bulutlar haqida yozilgandek. Biroq Rauf Parfining o`zi ham Fitrat singari Turkiston haqidagi orzular bilan yashadi, shu xayol bilan hayotdan o`tdi, Turkiston birligini ko`rish unga nasib etmadi.

“Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, yerimiz bosildi, molimiz talandi, nomusimiz g`asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, to`zimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo`ysindik, butun borlig`imizni qo`ldan berdik, yolg`iz bir fikrni bermadik, yashirdik, emgaklarimizg`a  o`rab, saqladik – Turkiston muxtoriyati!”

Abdurauf Fitrat bu iztrobli satrlarni o`tgan asrning yigirmanchi yillarida mustamlaka ostida ezilgan Turkiston tuprog`ida muxtoriyat tiklash imkoniyati tug`ilgan bir paytda yozgan edi.

Oradan bir asrdan ko`proq vaqt o`tdi. Turkiston tuprog`ida besh mustaqil respublika paydo bo`ldi, biroq Turkiston birligi haqidagi orzu orzuligicha qolmoqda.

“Vatan – bu turkiy birlik” deydi shoir Yo`ldosh Eshbek:

“Yana Turkiston bo`lsa deyman. O`zbekiston, jonajon vatanimiz ozod va obod bo`lgani holda bizning uyimiz Turkiston bo`lganda men o`zimni baxtiyor his etgan bo`lardim”.

90-yillar o`rtalarida mintaqa xalqlari, ziyolilar umidli, quvonchli bir kayfiyatga berildi. Turkiston o`ylari xayoliy orzulardan reallikka yaqinlashayotgan edi.

Toshkent mintaqa davlatlari prezidentlari, siyosatchilari, ziyolilarini qabul qildi. Turkiston bayramiga aylangan bu uchrashuvda hatto o`sha paytlarda butun dunyo bilan aloqalarini to`xtatgan Turkmaniston vakillari ham hozir bo`ldi.

Biroq Turkiston haqidagi umidlar uzoqqa cho`zilmadi, qardosh xalqlar birlashish yo`lidan emas, tarqoqlashish tomon ketdi, Turkiston g`oyasi yana xayollarga ko`chdi.

Sovet davrida bosimga qaramasdan Turkiston g`oyasini o`z qo`shiqlari, she`rlarida kuylab, avlodlarga yetkazgan hofiz Dadaxon Hasan:

“Turkiston g`oyasining ravnaq topmayotgani sababi, bugun Turkistonning, turkchilikning dushmanlari ko`p. Tarix yana bekildi, qadimgi sovet davrida ham yoshlarimizga o`qitishmas edi. Kimligini bilib qolmasin, ko`zi ochilmasin, ota-bobolarini tanib qolmasin deb tarixni bekitishgan edi. Bugun ham shunday”.

Shoir Yo`ldosh Eshbek turk qavmlarining bugungi tarqoqligini faqat adabiyot bilan yengish mumkin deb hisoblaydi:

“Plakatlar, shiorlar bilan bo`ladigan narsa emas. Bu juda katta, ulug` tuyg`u. Ulug` odamlar hamdamligida, hamfikrligida yaxshi jarayonlar bo`lishi mumkin. Dangalini aytadigan bo`lsam, shoir, yozuvchilarning uchrashuvi kerak. Bu narsa bo`lmayapti, xabarim bo`lmasligi ham mumkin emas. Ilgari Aytmatovlar, O`ljaslar, Anorlar, qarindosh xalqlarning boshqa buyuk adiblari kelganida hamma bilar edi. Bu uchrashuvlar bayram bo`lib ketar edi. Bu yoshlarga, ayniqsa, Turkiston dardi bilan yonayotganlarga ko`tarinkilik baxsh etardi, bu narsalar qolib ketdi”.

Dunyo xaritasida Turkiston degan mamlakatni ko`rish istagida yashayotgan shoirlardan biri To`ra Mirzo:

“Borgan sari olislashib keatayapmiz. Agar muloqot bo`lmasa, Turkiston shunchaki nom bo`lib qoladi, xolos. Turkiston g`oyasi chetga chiqarib bo`lmaydigan, har bir millatni qon tomiridan joy olgan g`oya bo`lib qolishi kerak. Shundagina bu millatlar yuz yillardan keyin ham o`zligini saqlab qoladi. Bo`lmasa, mana 3-4 millionlik Qirg`izistonning oldida 1,5 milliard aholisi bor Xitoy turibdi. Yoki Tukmaniston, Tojikistonni oling. O`zim Namangan viloyatida tug`ilganman, Qir`giziston bilan chegara tortilishi shunga olib keldiki, aka-ukalar chegaraning ikki tomonida qolib ketdi, akasi ukasinikiga borish uchun qog`oz to`ldirib, ruxsat so`rashi kerak”.

Turkiston g`oyasi o`tgan asr boshida o`zbek xalqiga Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho`lpon kabi ma’rifatparvar farzandlarini berdi, turkchilik harakati o`laroq Turkiston o`z ozodligi uchun kurasha boshladi.

Qonli fojealar, qatliom bilan yakunlangan bu ozodlik kurashi sovet davrida qabriston sukutiga cho`mdi, millat o`z qahramonlarini unutib yashadi, turkchilikni anglash jinoyatga tenglashtirildi.

Qudratli qizil imperiya qulash alomatlarini bera boshlar ekan, imperiyaga bo`ysindirilgan xalqlarda erkka intilish kuchaydi, bu fursatda ham turkiy xalqlarga kuch bergan omil yana Turkiston g`oyasi bo`ldi.

Behbudiy, Fitrat Cho`lponlar sovet davrida o`zligini saqlab qolgan shoir- yozuvchilar orqali millatga qaytarildi.

“Fosiqalar ko`rinar sochlari olov,

 Ivirsir gumrohlar ko`zi, qo`li qon.

 Turkiston, Turkiston, mukarram yaylov,

 Rad etdimmi seni, qoldimmi bejon.

 Amalim shamlari so`ndimi ona,

 Tilagim yulduzi to`ndimi, ona.”

Turkiston go`yasi qancha sog`inilmasin, qanday timsollarda aks etmasin, u orzuligicha qolmoqda, orzuning asrlarga tenglashgan bu uzoq yo`li esa bugun o`z natijalarini bermoqda.

Shoir To`ra Mirzo:

“Ayrim yosh yozuvchilar, san`atkorlar yoki boshqa kasb egalariga Turkiston desangiz istehzoli kulib qo`yadi. Ular Turkiston birligi kerakligini anglab yetmagan. Biz nega 80-yillarda shu tuyg`u bilan yondik? Beshta respublika birlashib, bir musht bo`libgina ozodlikka chiqish mumkinligini tushundik. Bu har bir ziyolining burchi bo`lishi kerak, chunki millatning ertaga kim bo`lishi haqida gap ketmoqda. Cho`lpon, Fitrat, Rauf Parfini qiynagan narsa shu tuyg`u.”

Professor, tilshunos olim Qozoqboy Mahmudov shunday kuyunadi:

“12-asrdagi turkiy tavqimlarni tayyorlaganman. Shogirdlarim eplay olmayapti, o`qigan, filologiyani bitirganlar. Tariximizning ildizlari, zotimiz, tag-tugimiz, madaniyatimiz – bu O`zbekiston bo`yicha muammo qilib qoyadigan masala”.

O`zbeklar turkiy o`zlikdan tobora uzoqlashmoqda deydi tilshunos olim Baxtiyor Isabek:

“Bizda umumturkiylik tuyg`usi bo`lishi kerak. Hukumat agar bunga bosh qo`shsa, oson kechardi. Chunki bu tuyg`u O`zbekistonda “o`zbeklar turk emas” degan kurakda turmaydigan tushuncha bilan ham to`qnashadi”.

Bugun o`zbek adabiyoti ham tarix kabi uyquda deydi hofiz Dadaxon Hasan:

“Turkiy millatga mansub ekanligini bilganlar bor, lekin ular namoyon bo`lmayapti, chunki adabiyotning o`zi yo`q. Bir tarbiyaga, adabiy muhitga qaraydigan yozuvchilar uyushmasining o`zi yo`q. Ustozlar qayerda qoldi? Shogirdlar qayerda? Bilmaymiz hozir…”

Shoirlardan birining qiyosiga ko`ra, agar Behbudiy, Fitrat, Cho`lponlar bugun hayot bo’lgan taqdirda, ularning Turkiston haqidagi o`ylari yanada qayg`uli tus olgan bo`lardi.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: