Alisher Navoiy hikmatlari


 Hilm inson vujudining xushmanzara bog’idir va odamiylik olamining javohirga boy tog’idir. Yumshoq ko’ngillik hodisalar to’la dengizdagi kishilik kemasining langari desa bo’ladi va insoniyat qadrini o’lchaydigan tarozining toshiga tenglashtirsa ham bo’ladi. Hilm axloqi odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir. U yomon nafsni daydi shamol uchirishidan asraguvchi va ikkiyuzlama munofiqlarning behuda harakatidan himoya qiluvchi.

Hilm natijasida odam xaloyiqning izzat-hurmatiga sazovor bo’ladi; hilm tufayli kattalardan kichiklarga iltifot va marhamat yetishadi.
Katta kishilar yoshlarni masxara va kulgi qilsa, ular qoshida o’zi shuncha obro’siz va bachkana tuyuladi; yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qoshida uyatsiz va e’tiborsiz bo’ladi.
Bu davr bog’ining xasxashak singari odamlari shamoldek betayin, yengiltak kishilari oldida hilm ahli go’yo og’ir tabiatli va yomon fe’lli, deb kamsitiladi. Ularning o’zlari esa, quyundek tuproqni havoga to’zitadilar va yengiltabiatlilari bilan boshlarini go’yo ko’kka yetkazadilar. Tog’ jussasini oyoq osti qilmoq — odatlari; dala-dashtlardagi zarralarni havoga sovurmoq — bularning salobatlari. Bunday odamlar yeldek har eshikdan kirishga or qilmaydi; o’tdek otashdonni qizdirishdan o’zga ishni bilmaydi. Yel — garchi lolaning tojini uchiradi, ammo tog’ qoyalari kamariga qanday ta’sir qila oladi? o’t tog’ etagidagi xas-xashaklarni kuydirishi mumkin, lekin quyosh uchquniga qanday tenglasha oladi?..
Yel, agar ko’kka yetsa ham, baribir yengil va qadrsiz; tog’ agar tuproqqa botsa ham salobatlidir. Yelning orasida o’tga yoqiladigan xas-xashaklar bor; hilm mazmunida esa, shoh tojiga qadalgudek cho’g’ kabi qizil la’l bor.

Kimki ko’ngilni qattiq so’z bilan jarohatlar ekan, unga achchiq til zaharli nayzadek sanchiladi. Ko’ngiida til nayzasining jarohati bitmas; u jarohatga hech narsa malhamlik qilmas.
Agar bir ko’ngilda til nayzasining jarohati bordir, faqat yaxshi so’z va shirin til unga malham va rohatdir. Muloyim so’z — vahshiylarni ulfatga aylantiradi; sehrgar — ohang bilan afsun o’qib, ilonni inidan chiqaradi.
Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz. Ko’p, bemaza so’zlaydigan ezma — kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o’xshaydi. Tili yomon odam — xalq ko’nglini jarohatlaydi, o’z boshiga ham ofat yetkazadi. Nodonning vahshiylarcha baqirmog’i — eshakning bemahal hangramog’i. Xushsuxan odam yumshoqlik bilan do’stona so’z aytadi; ko’ngilga tushishi mumkin bo’lgan yuz g’am — uning so’zi bilan daf bo’ladi. So’zda har qanday yaxshilikning imkoni bor, shuning uchun ham aytadilarki; «nafasning joni bor…»
O’zi xunuk, gapi bema’ni, ovozi yoqimsiz odam qurbaqaga o’xshaydi. Baxt bag’ishlovchi toza ruh manbayi ham til; yomonliklar keltiruvchi nahs yulduzining chiqar joyi ham til. Tilini tiyolgan odam — donishmand oqil; so’zga erk bergan odam — beandisha va pastkash. Til shirin va yoqimli bo’lsa yaxshi; til bilan dil bir bo’lsa yana yaxshi. Til bilan dil — insondagi eng yaxshi a’zolardir. Bo’stonda — gulsafsar, gulg’uncha va rayhonlar eng yoqimli gullardir.
Odam — tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Til — shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo’lib chiqsa — tilning ofatidir.

Til shirinligi — ko’ngilga yoqimlidir; muloyimligi esa — foydali. Chuchuk til achchiqqa aylansa ko’pchilikka zarari tegadi; qanddan may tayyorlansa harom bo’ladi. Shirin so’z sof ko’ngillar uchun asal kabi totlidir; bolalar uchun muloyim tabiatli odam — halvofurush kabi sevimlidir.

Har kimningki so’zi — yolg’on, yolg’onligi bilingach, uyatga qolg’on; yolg’onni chindek gapiruvchi so’z ustamoni — kumushga oltin qoplab sotuvchi zargar. Yolg’on-afsonalar bilan uyqu keltiruvchi yolg’onchi — uyquda alahlovchi. Yolg’on gapiruvchi g’aflatdadir; so’zning bir-biridan farqi ko’pdir, ammo yolg’ondan yomonroq turi yo’qdir.

Yolg’on gapirish bilan o’z vaqtini o’tkazuvchi odam, bu qilig’i yomon tuyulish o’rniga, kishilami aldagani bilan faxrlanadi ham. Yolg’onchi o’z gapiga go’llik bilan quloq soluvchini topsa, ularga yolg’onni chinga o’tkazsa, murodiga yetgan bo’ladi. Yolg’onchi — haq qoshida gunohkor; xalq oldida sharmanda. Bunday nahsning beor yuzi yomonlikka o’girilgan bo’ladi; bunday nahsga botgan odam qutlug’ uydan nari bo’lg’ay.

Kimki, yolg’on so’zni birovga to’nkagay, o’z qora yuzini yog’ga bulaydi. Ozgina yolg’on ham ulug’ gunohdir; ozgina zahar ham halok qiluvchidir.

U yerdan bu yerga gap tashuvchilar elning gunohini o’z bo’yniga oluvchilardir. Chaqimchilik hatto chin gap bo’lsa ham ko’ngilsizdir, yolg’on bo’lsa yanada nafratlidir. So’z yetkazuvchining xoh kattasi, xoh kichigi — do’zax o’tining tutanturug’i bil.

Yolg’onchi odam — unutuvchi; u andisha va ehtiyotdan chetda turuvchi. Har kimning so’zi chin bo’lmasa, rostgo’ylar ko’ngliga u so’z qabul bo’lmas. Yolg’onchi o’zining yolg’on so’ziga bir-ikki marta ishontiradi, keyin nima qiladi? Yolg’onchiligi ma’lum bo’lgach, u rasvo bo’ladi, uning so’ziga xalq ishonchi yo’qoladi. Ko’ngil xazinasining qulfi — til; u xazinaning kalitini — so’z bil.

Chin so’z — mo’tabar; yaxshi so’z qisqa — muxtasar. Ko’p so’zlovchi — zeriktiruvchi; qayta-qayta gapiruvchi — aqldan ozgan. Ayb izlovchi — aybli; kishi aybini gapiruvchi — o’ziga yomonlik sog’inuvchi. To’g’rilik bilan qarovchi — pokiza nazarli; kishilarning yaxshi tomonlarini ko’ruvchi — to’g’ri nazarli. Kimning miyasida illat bo’lsa — so’zida mantiq bo’lmaydi. Miyasi sog’lom bo’lsa, gap-so’zi yoqimli va xatosiz bo’ladi. So’zi hisobsiz — o’zi hisobsiz. So’zida parishonlik — o’zida pushaymonlik. Agar so’z go’zallik ziynati bilan bezalmagan bo’lsa — unga chinlik bezagi yetarlidir! Yolg’onchining gapi qanchalik chiroyli bo’lsa, shunchalik qabihdir. Chin so’z qanchalik betakalluf bo’lmasin, so’zlovchi uchun taassuf yo’qdir. Gul libosi yirtiq bo’lsa ham ziyonsiz; sadaf xunuk bo’lsa ham inju, uchun nuqsonsiz.
Yolg’on so’z she’rdan boshqa yerda nomaqbul va yolg’onni aytuvchi aqlsizdir.
Yomon qiliqli odam — badfe’l; achchig’i tez — bir baloga giriftor, bir ofatga mubtalo badbasharadir. Bular qayon borsa — balodan qutilmas; har yerga qochsa ham ofatdan xalos bo’lmas. Yomon qiliq g’olib dushmandir va qahrli yovdir, yomon qiliqli kishi esa doim unga mag’lub va vujudi undan majruh.

Ochiq chehrali odam — ikkiyuzlamachilikdek nuqsondan yiroq bo’ladi… Ochiq yuzidan xaloyiqqa xursandlik; chuchuk so’zidan el-yurtga xurramlik. Odamiylik bilan ko’ngillarga sevimli; insoniylik bilan jonlarga yoqimli. Undan do’st-dushman xotirjam. Bunday kishi umridan baraka topgay.

Dushman aldoviga uchma; maddoh xushomadini chin dema. Dushmanning g’arazi o’z yomon niyatiga yetmoqdir; maqtovchining maqsadi — xorlik bilan sendan in’om olmoqdir. Agar ikkalasiga iltifot qilmasang va qabul qilishni lozim bilmasang, biri o’z maqsadining ijrosidan to’xtaydi va tadbiri mujmal bo’ladi va ikkinchisining maqtovi hajvga aylanadi.

Noxush xabarni chin bo’lsa ham do’stingga yetkazma; birovdan ayb ko’rsang yuziga solma. Qo’yaver, o’sha chin xabarni dushman yetkazsin va sen sabr qil, u ayb mojarosini dushmani qilsin.
Aqlli odam yolg’on gapirmas; ammo, barcha rost gapni aytaverish ham to’g’ri emas. Birovning ko’zi g’ilay — nogirondir; ammo, bunga u aybdor emasdir… Birovni nohaq hijolatga solmoq — o’z nodonligini izhor qilmoq va bir ko’ngilni og’ritmoqdir. Bu kabi kishini xafa qiladigan chin so’zdan ko’ra zarurat yuzasidan — o’rni bilan gapirilgan yolg’on yaxshiroqdir.

«Mahbub ul-qulub»dan
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur.
* * *
Ilmni kim vositayi joh etar,
O‘ziniyu xalqni gumroh etar.
* * *
O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zungdin istagil.
* * *
Xaloyiqqa ko‘rma qilib benavo,
O‘zingga ravo ko‘rmaganni ravo.
* * *
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
* * *
Menga ne ishqu, ne  oshiq havasdur,
Agar men odam o‘lsam,  ushbu basdur.
* * *
Yuz jafo qilsa manga bir
qatla faryod aylamon,
Elga qilsa bir jafo, yuz
qatla faryod aylaram.
* * *
Kimki kishi  o‘lmakidan shod erur,
Go‘rkanu g‘osilu jallod erur.
* * *
Bordur inson zotida oncha sharaf, –
Kim yamon axloqin  etsa bartaraf.
* * *
Xush durur bog‘u koinot guli,
Barchadin yaxshiroq hayot guli.
* * *
Bu gulshan ichraki, yo‘qdur
baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur, chiqsa
yaxshilik bila ot.
* * *
So‘zda, Navoiy, ne desang chin degil,
Rost navo nag‘maga  tahsin degil.
* * *
Kimniki inson desang, inson emas —
Shaklda — bir, fe’lda —  yakson emas.
* * *
Ko‘p demak birla bo‘lmag‘il nodon,
Ko‘p yemak birla bo‘lmag‘il hayvon.
* * *
Kimki jahon ahlida inson erur,
Bilki, nishona anga iymon erur.
* * *
Gar oshiq esang, zebu takallufni unut,
Yaxshiyu yamon ishda taxallufni unut.
O‘tgan gar erur yamon — taassufni unut,
Kelgan gar erur yaxshi — tasarrufni unut.
* * *
El qochsa birovdin,  el yamoni bil oni,
Ahvolida idbor nishoni bil oni.
Fe’l ichra ulus baloyi  joni bil oni,
Olam elining yamon-yamoni bil oni.
* * *
Kamol et kasbkim,  olam uyidin
Sango farz o‘lmag‘ay  g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamom  o‘tmak biayni,
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
* * *
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon  bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar  qizil gul butsa,
Bulbulg‘a tikondek oshyon bo‘lmas emish.
* * *
Onalar oyog‘i ostidadur
Ravzayi jannatu jinon bog‘i.
Ravza bog‘i visolin istar esang,
Bo‘l onaning oyog‘in tuprog‘i.

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: