Qadim zamonlarda bir avliyo o’tgan ekan. Uning shogirdlari juda ko’p bo’lib, ulardan biri banogoh kashfi – karomatda ustozidan o’zib ketganini iddao qila boshlabdi. U ustozi va boshqa shogirdlar ishtirokida o’z ruhiy quvvatini namoish qilarak, o’zlari makon tutgan tog’ yonbag’iridagi bahaybat harsang toshga ko’rsatgich barmog’ini huddi hamirga suqqanday suqib uni teshib qo’yibdi.
Shogirdlar o’z safdoshlarining bu g’ayritabiiy mo’jizasidan hayratga tushib: “Subhanolloh!”, “Astag’furilloh!” deya yoqa ushlashibdi. Qoyil qolishibdi. Kamtarin ustoz bo’lsa, bu g’aroyib amaliyotga kulib qo’ya qolibdi. So’ng yaktagining engini shimarib “Bismillohir Rahmonir Rahiym!” deya qo’lini bukiladigan joyigacha haligi toshga suqibdi. Keyin qo’lini sug’iribdi. Shunda uning qo’li sug’irilgan kovakdan sharillaganicha zilol suv tusha boshlabdi. Avliyo o’sha tosh kovagidan tushayotgan zilol suvda indamaygina tahorat olarkan, takabbur shogirdiga: - Sen bu dunyoda nimaiki qilsang bandalarga nafi tegadigan foydali ishlarni qilgin – debdi. Takabbur shogird o’z qilmishidan mulzam bo’lib ustozidan uzr so’rabdi va ul buyk avliyoning etagini o’pib ko’zlariga surtgan ekan. Darhaqiqat, bizning zamonlarda kimdir pochta markasini yig’sa, yana kimdir sigaret qutisini, birovi esa o’lgan kapalaklarni yig’b kollektsiya qiladigan bo’ldi. Albatta bular g’oyat kulgili amallar. Ammo qalbida Dinu iymon, halq va Vatan qayg’usi bo’lgan shunday insonlar borki, ular umr bo’yi o’z halqiga, qavmiga nafi tegadigan foydali ishlar bilan shug’illanadilar. Shunday insonlardan biri O’zbek halqining ajo’yib farzandi, Ismoil Buhoriy ( Roziollohu Anhu)dir. Ul zot cho’lu biyobonlardagi Samum qumbo’ronlari guvillab, dahshatli quyunlar chirpiragan jazirama sahrolar aro poyu piyoda yurib Arabistonga bordilar. U yerda sevikli payg’ambarimiz Hazrati Muhammad Sollollohu A’layhi Vasallam aytgan muborak kalimalarni jamlab “Jome’ul sahih” nomi bilan kitobat qildilar. Ollohning inoyati va o’zlarining sa’i harakatlari ila Dinimizni, shariat ahkomlarini mustahkamladilar, sohta hadislarni tiqishtirib Dinimizni tubdan emirmoqchi bo’lgan pismiq zaharli ilonlarni, mehrobdan o’rmalab chiqquvchi chayonlarni yanchib tashladilar. Ul buyuk inson Din yo’lida g’ayrat qilgan bo’lsalar, Hazrati Mahmud Koshg’ariy ham yarim Osiyoni poyu piyoda kezib turkiy so’zlarni to’plab, ularni lahjalar bo’yicha lug’oviy ma’nolarini tasnifladilar. Turkiy so’zlarni “Devoni Lug’otit Turk” nomi ila tartiblab shu asnoda Turkiy halqlarni yakzabon va yakqalamligining saqlanib qolishiga hizmat qildilar. Yozaversak, bunday insonlar ro’yhati uzun. Bu an’ana bizning zamonlarda ham davom etayotgani kishiga quvonch bag’ishlaydi. Huddi shunday fidoiy insonlardan biri shubhasiz bizning zamondoshimiz va millatdoshimiz Afg’onistonning Anho’y qasabasida valodat topgan iste’dodli adib, shoir va jurnalist doktor Fayzulloh Aymoq janoblaridir. Fayzulloh Aymoq janoblari garchand Afg’onistonda o’sib ulg’aygan esalarda, u kishi O’zbekistonning poyi tahti Toshkentda uzoq yillar yashab davlat radiokompaniyasida jurnalist bo’lib ishladilar. Markaziy oliygohlarda talabalarga saboq berdilar. O’zbek halqining adabiyoti, san’ati va madaniyati haqida doimo qayg’urib yurguvchi bu tinib – tinchimagan inson ko’plab ilmiy – adabiy maqolalar, risolalar yozdi. Fayzulloh Aymoq ham Mahmud Koshg’ariyga o’hshab Afg’oniston O’zbeklaridan so’rab – surishtirib halq og’zaki ijodi namunalarini to’pladi, tartibga keltirib ularni “Halq durdonalari” nomli kitobga jamladilar. Doktor Fayzulla Aymoqning “Halq durdonalari” kitobini mutaola qilarkanman, bu kitobda Ozbek Halqining qadimiy suratlarini ko’rganday bo’ldim. Hayratlandim. Quyida halqimizning qadimiy og’ir ijtimoiy ahvoli aks etgan baytga e’tiboringizni tortmoqchiman:
Do’kon, uyga kirsam tanim qaqshaydi,
Sovuqlardan o’lmay qolsam yahshiydi.
Bu baytni o’qir ekansiz, qora qishning izg’irinli ayozida qaqshab, muzlagan yo’llarda yog’och poyafzalini, ya’ni hakar kovuahini taqillatib, choponiga burkanganicha qaltirab do’kondan chiqib chiroqsiz, sovuq uyiga kirib ketayotgan inson obrazi ko’z o’ngingizda namoyon bo’ladi.
Anho’yjon, yo’ling uzoq, suving sovuq,
Og’ajon yuborganing bir juft tovuq.
Birini so’yay desam mehri sovuq,
Og’ajon, kelib keting, Kobul yovuq.
Bu she’r otaravadan bo’lak transport bo’lmagan olis zamonlarda uyini, og’asini sog’ingan bir insonning dardi – hasrati, sog’inch – iztiroblarini o’zida mujassam etarkan, yolg’zlikni kuylaguvchi o’rta asr Yapon she’riyatidagi haykularni eslatdi menga. “Halq durdonalari” kitobidan o’rin olgan she’rlarda muhabbat mavzusi ham o’ziga hos.
Ariqning suvi ko’lmay,
Olib kelibdi bilmay,
Parizoddan ayrilib,
Hamon yuribman o’lmay.
Bu to’rtlik bir oshiq insonning ayriliq onlarida chekkan hijron azoblarini bulutlar orasidan mo’ralagan oy kabi yoritib kishiga mahzun va adoqsiz kayfiyat bahsh etadi.
Qo’y bogdim, qo’chqor boqdim,
Serkasiga zang taqdim.
Parizodni ahtarib,
Cho’llarga chiroq yoqdim.
Yuqoridagi misralarda uyqusiz kechalar yorini ahtargan, cho’llarga chiroq yoqqan oshiq cho’ponning hijronli onlari o’quvchi shuuriga romantik manzaralar olib kiradi.
Majmu’adagi halq og’zaki ijodi namunalarida yumor ham o’z aksini topgan.
Boqqa kirdim uzumga,
Kesak tegdi yuzimga.
Bu misralarda birovning bog’iga tushgan va kirishi bilanoq yuziga kesak tekkan o’g'ri obrazi yorqin bo’yoqlarda aks etdirilgan. Bir qarashda primitiv, ya’ni oddiy – odmi so’zlar yig’indisiday bo’lib ko’ringan bu misralarning didaktik ahamiyatini ham ko’zdan qochirmaslik lozim. Zakiy o’quvchi o’g'rilik hoh moddiy hoh sahvoniy bolsin inson bolasiga sharaf keltirmas ekan, aksincha, sharmsorlik, horlik keltirar ekan deya ibratlansa, yqorida gi misralar o’z vazifasini o’tagan bo’ladi.
Yuqoridan kelaman, otim Tursun,
Mis tovoqqa suv solay tinib tursin.
Zargarga yuborganim tilla halqa,
Ichiga mis qo’shibdi qo’li sinsin.
Bu to’rtlikni o’qib beihtiyor, odamlarni aldab laqqa tushirguvchi firibgarlar o’sha zamonlarda ham bo’lgan ekan, deya kulib qo’yasiz.
Ha, nazm va nasr qay turga mansubligidan qat’iy nazar dunyo halqlari terib to’plagan bebaho durdonalarni elkasiga ortmoqlab asrlardan asrlarga olib o’tguvchi zahmatkash hammollardir. Ularda zamonlar aksi, davrlar surati bor. Doktor Fayzulloh Aymoq to’plab tasnif etgan mazkur majmu’ada tildan tilga ko’chib bizgacha etib kelgan ikki ertak va bir doston ham mavjud. Ertaklar didaktik planda odamlarni halollikka, odillikka, rohi rostga chorlasa, “Yozi va Zebo” dostoni go’zal, pokiza muhabbatni tarannum etadi. Doktor Fayzulloh Aymoq bu kitobni “Halq durdonalari” deya to’g'ri nomlabdilar. Bu hazina Uzbek halqiga muborak bo’lsin! Istardimki, bu kitob Toshkentda, Istambulda va boshqa tyrkiy halqlar yashaydigan diyorlarda qayta – qayta nashr qilinsa. “Halq durdonalari” kitobi qadim asrlar qa’ridan mangulik sari yo’lga chiqqan, duru javohirlar yuklangan karvonga o’hshaydi.Odam kam uchraguvchi soksovulzor, byobonlar aro ilgarilayotgan bu karvonning yo’llari behatar bo’lsin!
Holdor Vulqon
Toronto shahri, Kanada. 2009 inchi yil, 9 may. Kunduz soat 10 dan 38 minut o’tdi.
(Doktor Fayzulloh Aymoqning “Halq durdonalari” nomli kitobini o’qib)
Kultur Sanat girildi
